Pasport qancha muddatga beriladi?
O‘zbekistonda faqat biometrik xorijga chiqish pasportlari beriladi. Uning ichida egasi haqidagi ma’lumotlar va shaxsni aniqlash uchun kerak bo‘lgan biometrik ma’lumotlarga ega chip bo‘ladi. 16 yoshdan oshganlar uchun esa barmoq izlari ham tushiriladi.
Hujjat amal qilish muddatlari:
- Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga — 2 yil.
- Bir yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — 5 yil.
- 25 yoshdan oshganlarga — 10 yil.
Pasportning amal qilish muddati tugagach, uni Davlat xizmatlari markaziga (DXM) yoki Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (oldingi OVIR) topshirish kerak. Hujjatni rasmiylashtirish uchun ariza ham shu yerda qabul qilinadi.

Qanday rasmiylashtiriladi?
Hujjatni ikki xil usulda olish mumkin.
Onlayn. Buning uchun my.gov.uz orqali ariza yuborish, keyin ma’lumotlarni yig‘ish punktlarida (DXM yoki pasport stoli) biometrik ma’lumotlarni topshirish kerak. Suratga ko‘zoynaksiz va bosh kiyimsiz tushish kerak.
my.gov.uz saytida anketani to‘ldirish kerak. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ota-onalar topshiradi. Shaxsiy ma’lumotlar qisman avtomatik yuklanadi, qolganini esa o‘zingiz kiritasiz.
Ma’lumotlarni kiritgach, istalgan qulay DXM yoki migratsiya bo‘limini tanlash mumkin — doimiy yashash joyi bo‘lishi shart emas. Biometrik ma’lumotlarni topshirishga o‘sha yerga borasiz. Tayyor hujjat ham o‘sha yerda beriladi. Ayrim punktlarda tashrif buyurish sanasi va vaqti belgilanadi, boshqalariga esa ish vaqtida borib, jonli navbatda turish mumkin.
Keyin anketada qarindoshlar va oxirgi besh yildagi ish joyi haqida savollar bor. Arizani rasmiylashtirish uchun davlat boji to‘lanishi kerak.

Oflayn. Istalgan DXM yoki migratsiya bo‘limiga shaxsan borib ariza, biometrik ma’lumotlarni topshirish va davlat bojini to‘lash mumkin. Toshkentda migratsiya bo‘limlari uchun onlayn navbatga tursa bo‘ladi. sprav.uz saytida yoki 1148 call-markazida sizga eng yaqin DXM haqida ma’lumotlar bor.

Qaysi hujjatlar kerak?
Kattalar uchun. Ariza topshirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki ichki pasporting o‘zi yetadi. Lekin qo‘shimcha hujjatlar ham talab qilinishi mumkin. Masalan, xorijga chiqish pasportini muddatidan oldin almashtirmoqchi bo‘lsangiz, eski pasportning asl nusxasini topshirish kerak. Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar uchun harbiy guvohnoma yoki mudofaa ishlari bo‘limidan ma’lumotnoma talab etiladi.
Bolalar uchun. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma kerak bo‘ladi. Voyaga yetmagan bola uchun oflayn tarzda ariza topshirayotgan bo‘lsangiz, ota-onaning ikkalasi ham ishtirok etishi shart. Bo‘lmasam, ishtirok etmagan tarafdan chet elga chiqish uchun notarial tasdiqlangan rozilik kerak. Onlayn ariza uchun bunday rozilik kerak emas, elektron raqamli imzoning o‘zi yetarli. Uni qanday olish haqida “ERI o‘zi nima va u qanday ochiladi” maqolamizda yozganmiz.
Qonunda nazarda tutilgan bir qator holatlarda ikkinchi ota-onaning roziligi talab qilinmaydi. Masalan, u bedarak yo‘qolgan, chet el fuqarosi yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa.
Pasportni qanday va qayerdan olib ketish mumkin?
Odatda, xorijga chiqish pasporti 10 kun ichida tayyor bo‘ladi. Lekin, 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha tekshiruvlar sababli bu muddat bir oygacha cho‘zilishi mumkin.
Xorijga chiqish pasportini shoshilinch rasmiylashtirish xizmati yo‘q. Lekin, favqulodda holatlarda, masalan, chet elga zudlik bilan davolanishga yoki yaqin qarindoshning vafoti munosabati bilan borish kerak bo‘lsa, arizalar tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu bo‘yicha qarorni xodimlar qabul qiladilar.
Pasport tayyor bo‘lgach, arizada ko‘rsatilgan raqamga SMS-xabar keladi yoki qo‘ng‘iroq qilishadi.Onlayn topshirilgan bo‘lsa, uning holatini my.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetda tekshirasiz.
Tayyor pasportni biometrik ma’lumotlarni topshirgan joyingizdan, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan olib ketish kerak.
Qancha turadi?
To‘lov uchun hisob anketani to‘ldirgandan keyin beriladi. Onlayn ariza topshirilganda esa my.gov.uz saytida avtomatik shakllanadi. Bir oy ichida to‘lov qilinmasa ariza ko‘rib chiqilmaydi.
16 yoshdan oshgan shaxslar uchun davlat boji — BHM’ning 1 baravari, ya’ni 412 000 so‘m. Arizani onlayn topshirib, sayt orqali to‘lov qilinganda 10% chegirma bilan to‘lov summasi 370 800 so‘m bo‘ladi. Bolalar uchun oflayn to‘lov uchun davlat boji — 0,8 BHM yoki 329 600 so‘m.
Ayrim fuqarolar uchun imtiyozlar bor. Masalan, 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki kam ta’minlangan oilalar vakillari davlat bojining faqat 50 foizini to‘lashadi. Qonunchilik bo‘yicha yaqin qarindoshlar dafn etilgan joylarni ziyorat qilish yoki xorijiy sudga chaqiruv holatlarida to‘lov olinmasligi ham mumkin.
Davlat bojini istalgan karta yoki to‘lov xizmatlari, masalan, payme orqali to‘lash mumkin. Oflayn esa kassa orqali karta yoki naqd pulda to‘lanadi. 2026-yil 1-apreldan esa davlat xizmatlari uchun to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi.
Qachon rad etilishi mumkin?
Qonunchilikda xorijga chiqish pasportini berish rad etilishi mumkin bo‘lgan holatlar bor:
- Agar shaxs barcha kerakli hujjatlarni taqdim etmagan bo‘lsa yoki arizada yolg‘on ma’lumotlarni ko‘rsatsa.
- Agar shaxs barmoq izlarini topshirishdan bosh tortsa yoki noto‘g‘ri (masalan, bosh kiyimda) suratga tushsa.
- Agar sud yoki boshqa organlarning chet elga chiqishni cheklovchi qarorlari bo‘lsa, masalan, jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borilayotganda.
- Agar sud bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlar, masalan, to‘lanmagan aliment yoki jarimalar bo‘lsa.
Qarzdorlik va chiqishga cheklov bor-yo‘qligini oldindan tekshirish mumkin:
1. my.gov.uz saytida “Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish” xizmati orqali.
2. mib.uz saytida yoki
3. payme ilovasida — “Xizmatlar” bo‘limi → “MIB jarimalari”.
O‘z vaqtida to‘lab borilayotgan kreditlar xorijga chiqish pasportini olishga halaqit bermaydi.
Pasportni qachon almashtirish kerak?
Muddati tugayotgan bo‘lsa. Ko‘p davlatlar mamlakatga kirish yoki chiqish vaqtida xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati kamida 3 yoki 6 oy bo‘lishini talab qiladi. Agar amal qilish muddati tugayotgan bo‘lsa, viza berish rad etilishi, reysga qo‘yilmaslik yoki chegaradan qaytarilishi mumkin. Vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning pasportga nisbatan talablari haqida “2026-yilda o‘zbekistonliklar vizasiz qayerlarga borishi mumkin?” maqolamizda yozdik.
Ushbu ma’lumotlarni boradigan davlatning rasmiy sayti, masalan, elektron viza rasmiylashtiriladigan portallardan, elchixona saytlaridan yoki siz uchayotgan aviakompaniyadan bilib olishingiz ham mumkin.
Ma’lumotlar o‘zgarganda. Masalan, nikohdan so‘ng familiya o‘zgarganda. Bunday holatda xorijga chiqish pasporti ID-karta almashtirilgandan so‘ng yangilanishi kerak.
Sahifalar tugaganda. Agar kirish va chiqish shtamplari uchun bo‘sh sahifalar qolmagan bo‘lsa, hujjatni almashtirish kerak.
Hujjat yo‘qolganda yoki shikastlanganda. Agar pasport yo‘qolsa yoki shikastlansa, bu haqda ariza bilan IIVga murojaat qilish, keyin yangi pasport uchun ariza yuborish kerak.
Xorijga chiqish pasporti chet elda yo‘qolgan bo‘lsa, o‘sha davlat politsiyasiga, keyin O‘zbekiston konsulligiga murojaat qilish lozim. U yerda sizga vatanga qaytish guvohnomasi beriladi. Kelgandan keyin yangi pasportni odatdagi tartibda olish mumkin.
Ma’lumotlarda xatolik bo‘lsa. Agar xato siz tomondan qilingan bo‘lsa, pasport qaytadan rasmiylashtiriladi va davlat boji takroran to‘lanadi. Bordi-yu xato xodimning aybi bilan bo‘lsa, hujjat bepul almashtirib beriladi. Hujjatni olayotgan paytda ma’lumotlarni tekshirib oling.
Ikkita pasport olish mumkinmi?
Yo‘q, xorijga chiqish pasportini faqat almashtirish mumkin. Eski pasport olib qo‘yiladi va yo‘q qilinadi.
Agar xorijga chiqish pasportida biror davlatning amaldagi vizasi bo‘lsa, hujjat bekor qilinganligi haqida belgi qo‘yilib, o‘zingizga qaytariladi. Viza esa o‘z kuchida qoladi. Ko‘p davlatlar bunday holatlarda viza muhri bosilgan eski va yangi pasport bilan kirishga ruxsat beradi.
Hujjat topshirishdan oldin nimalarga e’tibor berish lozim?
- ID-karta yoki ichki pasportning amal qilish muddatini tekshiring. Hujjat ariza topshirilayotgan sanada amalda bo‘lishi shart.
- Agar bola uchun pasport rasmiylashtirilayotgan bo‘lsa va ariza oflayn tarzda faqat bir ota-ona tomonidan topshirilsa, ikkinchisining notarial roziligini tayyorlab qo‘ying.
- Qarzdorlik va chiqishga cheklovlar yo‘qligini tekshiring.
- Xorijga chiqish pasporti biometrik ma’lumotlar topshirilgandan so‘ng taxminan 10 kun ichida tayyor bo‘ladi — sayohatni rejalashtirishda ushbu muddatni inobatga oling.
- Arizani onlayn yuborishdan yoki xodimga topshirishdan oldin barcha ma’lumotlarni tekshiring. Xatolik yuz bersa, davlat bojini takroran to‘lashga to‘g‘ri keladi.

.webp)