ChatGPT
OpenAI kompaniyasi yaratgan eng mashhur neyrotarmoqlardan biri. Muloqotlar tarixini uchun servisda ro‘yxatdan o‘tish kerak.
ChatGPT har xil vazifalarda yordam beradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar uchun postlar, motivatsion xatlar yoki rezyume yozishi mumkin. Kontekstga qarab boshqa tillardan tarjima qiladi, murakkab masalalarni soddalashtiradi, hujjatlarni tahlil qiladi va internetdan ma’lumotlarni topa oladi.
Bepul tarifda oddiy matnli suhbatlarda limitlarsiz foydalanish mumkin. Limitlar serverlardagi yuklamaga qarab o‘zgaradi. Fayl yuklash, ma’lumotlarni tahlil qilish va rasm yaratish funksiyalarida esa cheklovlar bor. Limit tugasa, servis bu haqda ogohlantiradi va funksiyadan qachon yana foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi.

Yuklab olish: App Store и Google Play.
Gemini
Google kompaniyasi yaratgan chat-bot. Asosiy imkoniyatlari ChatGPT bilan deyarli bir xil. Ustunligi Docs, Gmail va Drive’ga o‘xshash Google servislari bilan ishlay olishida. Katta hujjatlarni ham yaxshi tahlil qiladi. Funksiyalar tarif va akkaunt sozlamalariga qarab belgilanadi.
Bepul tarifda limitlar faqat xabarlar soniga qaramaydi. Vazifa uchun qancha hisoblash kerakligini ham hisobga oladi. Oddiy savol uchun kamroq, katta hujjatni tahlil qilish uchun esa ko‘proq limit ketadi.
Masalan, “Navoiy qachon tug‘ilgan?” degan savolga oson javob beradi. Katta hisobotni o‘qib chiqish, uni boshqa hujjatlar bilan solishtirish uchun ko‘proq resurs kerak. Limitning necha foizi sarflanishini oldindan hisoblab bo‘lmaydi. Google bunday formulani ochiqlamaydi. Limit tugasa, Gemini uni qachon yangilashini ko‘rsatadi.

Pullik tarif narxi. Uchta tarif bor. Plus oyiga 4,99 dollar, Pro 19,99 dollar, Ultra 99,99 dollar turadi. Pullik tariflarda so‘rovlar uchun limitlar yuqoriroq bo‘ladi. Gemini’ning eng yangi modellari Gmail, Docs, Drive va boshqa Google servislari bilan ishlaydi. Video, rasm va taqdimotlarni ham yaxshiroq qiladi. Modellarga Visa yoki Mastercard bilan to‘lash mumkin.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
Claude
Anthropic kompaniyasining neyrotarmog‘i. Aniq javoblar beradi va belgilangan ko‘rsatmalardan chiqib ketmaydi. Katta hajmdagi matnlar, masalan, kitoblar va uzun hisobotlar bilan yaxshi ishlaydi. Suhbatda mantiq va kontekstni yo‘qotib qo‘ymaydi. Dasturchilar orasida ham ancha mashhur.
Bepul tarifda bitta seans uchun xabarlar uzunligi va serverlar yuklanishiga qarab limitlar belgilangan. Limitlar har 5 soatda yangilanadi.

Pullik tarif narxi. Ikkita asosiy tariflar bor. Pro oyiga 20 $, Max 100 $ dan boshlanadi. Pullik tarifda xabarlar limiti oshadi. Serverlar band bo‘lgan paytda navbatsiz kirish, yangi va eksperimental funksiyalardan foydalansa bo‘ladi. Visa va Mastercard orqali to‘lasa bo‘ladi.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
Copilot
Microsoft neyrotarmog‘i. Asosan OpenAI modellaridan foydalanadi. Har kungi topshiriqlarni bajarish va internetdan ma’lumot qidirish uchun qulay. Katta hujjatlardan asosiy mazmunni ajratib beradi va savollarga javob topadi. Microsoft 365 Personal, Family va Premium obunasi bo‘lsa, Word, Excel, PowerPoint va boshqa asosiy ilovalarga avtomatik ulanadi.
Bepul tarifda Copilot bilan suhbatlashish, rasm yaratish va fayl yuklash mumkin. Lekin ayrim funksiyalar uchun limitlar bor. Limit tugasa, servis bu haqda xabar beradi. Shundan keyin biroz kutish yoki pullik tarifga o‘tish mumkin.

Pullik tarif narxi. Copilot’ning alohida bepul tarifi bor. Undan Microsoft’ning boshqa servislari bilan birga foydalanish uchun Microsoft 365 obunasini sotib olish mumkin. Tariflar oyiga 100 000 so‘mdan boshlanadi. Visa yoki Mastercard bilan to‘lasa bo‘ladi.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
Qwen
Xitoyning Alibaba kompaniyasi yaratgan neyrotarmoq. U uzun xabar va chuqur masalalar bilan yaxshi ishlaydi. Matn yozish va tarjima qilish, murakkab mavzularni tushuntirish, rasm va video yaratish, kod bilan ishlash hamda ma’lumot izlash uchun qulay. Savollarga ham yaxshi javob beradi.
Bepul tarifda aniq limitlar ko‘rsatilmagan. Lekin bir kunda o‘nlab vazifalarni bajarish uchun limit yetarli. Ko‘p so‘rov yuborilganda yoki ketma-ket qiyin vazifalar berilganda, javoblar sekinlashishi mumkin. Ba’zan esa tizim biroz kutishni so‘rashi mumkin.

Pullik tarif narxi. Oddiy foydalanuvchilar uchun faqat bepul tarif bor. Pullik tariflar faqat biznes loyihalar uchun ishlatiladi. Qwen’ni boshqa ilovalar yoki servislarga ulash mumkin.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
Perplexity
Ma’lumot izlashga mo‘ljallangan neyrotarmoq. Bir nechta manbadagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Foydalangan manbalarini ham doim ko‘rsatib boradi. Buning uchun alohida oynada ma’lumot olingan saytlar va havolalar ro‘yxati chiqadi. Perplexity tadqiqot qilish va ma’lumotlarni tekshirish uchun qulay.
Bepul tarifda tarifda qidiruvlar soni cheklangan. Oddiy qidiruvlar uchun cheklov yo‘q. Chuqurroq tadqiqotlar uchun kuniga uchtagacha imkoniyat beriladi. Fayl yuklash ham cheklangan. Rasm yaratish imkoni yo‘q.

Pullik tarif narxi. Ikki xil tarif bor. Pro oyiga 17 dollardan, Max esa oyiga 167 dollardan boshlanadi. Talaba yoki o‘qituvchilarga 50% chegirma beriladi. Pullik tariflarda kuchliroq modellarga yuboriladigan so‘rovlar soni ko‘payadi. Fayl yuklash va rasm yaratish uchun ko‘proq limit beriladi. To‘lov uchun Visa yoki Mastercard kartasi kerak.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
DeepSeek
Javoblari sifati va cheklovlar kamligi bilan mashhur bo‘lgan Xitoy neyrotarmog‘i. U mantiqiy masalalarni yechishi, matnlar bilan ishlashi va ma’lumotlarni chuqur tahlil qilishi mumkin. DeepSeek oddiy dasturlash va texnik vazifalar uchun ham mos keladi.
Bepul tarifda sayt va ilovadagi chatdan foydalanish mumkin. Lekin serverlarga yuklama oshib ketganda javoblar sekinlashadi yoki xatolik chiqadi. Shunda biroz kutib, keyinroq qayta urinib ko‘rgan ma’qul. Servis holatini ko‘rsatadigan sahifani ham tekshirsa bo‘ladi.

Pullik tarif narxi. Shaxsiy foydalanish uchun DeepSeek bepul. Pullik xizmatlar dasturchilar uchun API ko‘rinishida beriladi. Neyrotarmoqni boshqa ilovalar yoki servislar bilan ulash uchun API’ni olish mumkin.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
Alisa AI
“Yandex” kompaniyasi neyrotarmog’i. Matnlarni yaxshi yozadi, internetdan ma’lumot qidiradi, tarjima qiladi, rasmlar yaratadi va turli formatdagi fayllar, masalan, PDF, TXT, DOC, DOCX bilan ishlay oladi. Rus tilidagi topshiriqlarni yaxshi tushunadi.
Bepul tarifda matnli javoblar olish, fayllar bilan ishlash va rasm yaratish mumkin. Ayrim funksiyalar uchun cheklovlar bor. Serverlarga yuklama oshgan paytlarda fikrlovchi model, rasm yaratish va fayllarni tahlil qilish funksiyalari vaqtincha ishlamaydi. Bu cheklovlar “Alisa Plus” obunasi bo‘lmagan foydalanuvchilarga taalluqli. Afsuski, bu obuna hozircha O‘zbekistonda mavjud emas.

Pullik tarif narxi. Yandex’ning Alisa Plus pullik obunasi O‘zbekistonda ishlamaydi.
Yuklab olish: App Store va Google Play.
