O‘zini o‘zi band qilgan shaxs kim?
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs — o‘zi uchun ishlaydigan odam. Masalan, u sabzavot yoki qo‘ziqorin yetishtirib sotishi, kiyim-kechak tikishi, milliy bezaklar tayyorlashi yoki asalarichilik bilan shug‘ullanishi mumkin. O‘zini o‘zi band qilganlar to‘g‘risidagi qarorda jami 72 ta faoliyat turi nazarda tutilgan.
O‘zini o‘zi band qilishni faqat Soliq ilovasidagi ro‘yxatda ko‘rsatilgan faoliyat turlari bo‘yicha rasmiylashtirish mumkin. Sizga mos faoliyat turi ro‘yxatda bo‘lmasa, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmaydi va boshqa faoliyat turini tanlashingizga to‘g‘ri keladi.
Qonun bir vaqtning o‘zida bir necha ishni tanlashga yoki mavsumga qarab faoliyat turini o‘zgartirishga ruxsat beradi. Misol uchun, siz bir vaqtning o‘zida uy xo‘jaligini yuritish va bolalarga qarash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishingiz mumkin. Qishda esa do‘ppi tikish yoki munchoqlardan to‘g‘nag‘ichlar tayyorlash bilan shug‘ullansangiz bo‘ladi.
Voyaga yetgan har qanday O‘zbekiston fuqarosi o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. Boshqa kompaniya shtatida ishlasa ham. Davlat xizmatchilari bundan mustasno.
Asosiy ishdan tashqari o‘zini o‘zi band qilishni ham ochish mumkin. Lekin, faoliyat turlari bir-biridan farq qilishi kerak. Masalan, salonda sartarosh bo‘lib ishlasangiz, xuddi shunday xizmatlar uchun o‘zini o‘zi band qilishni rasmiylashtirib bo‘lmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs ishchilarni yollash huquqiga ega emas. Biznes o‘sib, xodimlarga ehtiyoj tug‘ilsa, boshqa soliq maqomiga o‘tish — YATT rasmiylashtirish kerak. Bir vaqtning o‘zida ikkita maqomga ega bo‘lishning iloji yo‘q.
O‘zini o‘zi band qilishning afzalliklari
Qonuniy daromad. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi bilan daromad rasmiy bo‘ladi. Siz, qonuniy o‘zingiz uchun ishlaysiz va kerak bo‘lganda daromadni bank yoki davlat idoralariga tasdiqlashingiz mumkin.
Soliq stavkasining pastligi. 2026-yildan boshlab o‘zini o‘zi band qilganlar, agar yillik daromadi 1 mlrd so‘mdan oshmasa, 1 foizlik stavkada aylanma solig‘ini to‘laydi. Masalan, 2026-yilda 980 mln so‘m daromad topsangiz, soliq 9,8 mln so‘m bo‘ladi.
Daromad 1 mlrd so‘mdan oshsa, shartlar o‘zgaradi. Boshqa soliq rejimiga o‘tib, hisobot topshirish kerak. Yangi talablar va shakllar Soliq saytining shaxsiy kabinetida paydo bo‘ladi. O‘z vaqtida boshqa soliq rejimiga o‘tib, jarima olmaslik uchun limitni oldindan nazorat qilib turish kerak.
Agar kompaniyada shartnoma asosida ishlasangiz, hammasi oddiy. Kompaniyaning o‘zi soliq agenti vazifasini bajarib, soliqni byudjetga yuboradi, sizga esa ushbu soliqni ayirgan holda pul o‘tkazadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sug‘urta va ijtimoiy badallarni to‘lashi shart emas. Bu, xohishga ko‘ra qilinadi. Daromad 1 mlrd so‘mdan oshganda QQS va foyda solig‘i to‘lanadi.
Mehnat staji va pensiya. O‘zini o‘zi band qilganlar ijtimoiy soliq to‘lashga majbur emas. Lekin, mehnat staji hisobga olinishi uchun uni ixtiyoriy to‘lash mumkin. Buning uchun yiliga bir marta BHMning bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lash kerak. 2026-yilda bu, 412 000 so‘m. Agar staj kerak bo‘lmasa, badal ham shart emas.
Yoshga doir pensiya olish uchun staj muhim. Pensiya miqdori esa pensiya tizimiga ko‘ra individual hisoblanadi. Agar staj yetarli bo‘lmasa, pensiya o‘rniga yoshga doir nafaqa tayinlanadi. 2026-yil fevral holatiga ko‘ra oyiga 820 000 so‘mni tashkil etadi.
Kreditlar. Rasmiy daromadni bankka tasdiqlash osonroq, shuning uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi bilan kredit olish yengilroq bo‘lishi mumkin. Lekin, qaror baribir bank shartlari va sizning moliyaviy tarixingizga bog‘liq.
Ayollarni qo‘llab-quvvatlash
O‘zini o‘zi band qilgan ayollar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha yordam olishadi.
Bepul konsultatsiya va ta’lim. “Ishga marhamat” monomarkazlarida ayollar biznes ochish va rivojlantirish bo‘yicha bepul maslahatlar olishi, turli mutaxassislik kurslarida qatnashishi, chet tillarini o‘rganishi va sertifikat olishi mumkin. Ta’lim grantlari bo‘yicha dasturlar ham bor. Shartlar dasturga bog‘liq, mahalla orqali ariza topshirish mumkin.
Imtiyozli kreditlar. Tadbirkor ayollar biznes ochish uchun 33 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlarni rasmiylashtira oladi
Qanday rasmiylashtiriladi?
O‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatga olish bepul. Onlayn yoki ofisga borib rasmiylashtiriladi.
Onlayn, Yagona davlat xizmatlari portali yoki soliq qo‘mitasi saytlarida ro‘yxatdan o‘tsa bo‘ladi. Buni Soliq ilovasida ham qilish mumkin. Ilova Google Play yoki App Store’da bor. Jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami yoki elektron raqamli imzo-ERI kerak.
Ofisda. Eng yaqin davlat xizmatlari markaziga yoki tuman soliq bo‘limiga boring. O‘zingiz bilan pasport va JSHSHIR bo‘lishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin sizga QR-kod bilan ro‘yxatdan o‘tganingiz haqida qog‘oz ma’lumotnoma beriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish muddatsiz — o‘zingiz bekor qilmasangiz maqom amal qilaveradi. O‘zini o‘zi band qilish maqomidan istalgan vaqtda voz kechish mumkin. Buning uchun Soliq ilovasida yoki soliq qo‘mitasi saytining shaxsiy kabinetida ariza yuborish kerak. Bir necha kun ichida sizni hisobdan chiqarishadi. Shuningdek, rasmiy yashash manzilingiz bo‘yicha soliq bo‘limiga pasport bilan borsangiz inspektor maqomingizni bekor qilib beradi. Faoliyatni tugatishdan oldin soliq qarzingiz yo‘qligini tekshiring. Qarzingiz bo‘lsa o‘zini o‘zi band qilish maqomini bekor qila olmaysiz.
Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin to‘lovni qanday qabul qilish va chek berishni o‘ylab ko‘ring. 2026-yil 1-yanvardan boshlab savdoda to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kod bor. Chek berish majburiy, bermaganlik uchun 5 mln so‘mgacha jarima solinishi mumkin. To‘lovni har qanday usulda — naqd pul yoki karta orqali qabul qilsangiz ham chek berishingiz shart.
Qisqacha: o‘zini o‘zi band qilish nima uchun kerak
Bu maqom bilan qoidalar bo‘yicha o‘zingiz uchun ishlab, moliyaviy masalalarni hal qilish osonlashadi.
Rasmiy daromad. Qonuniy o‘zingiz uchun ishlaysiz va kerak bo‘lganda daromadingizni bank yoki davlat idoralariga tasdiqlashingiz mumkin.
Minimal soliq. Yillik daromad 1 mlrd so‘mdan oshmasa, 1 foizlik stavkada aylanma solig‘i to‘lanadi.
Tezkor start. Ro‘yxatdan o‘tish bepul. Soliq.uz yoki My.gov.uz orqali bir necha daqiqada qilish mumkin.
Biznesni rivojlantirish mumkin. Agar kelajakda faoliyatingizni kengaytirib, odamlarni yollash kerak bo‘lsa, siz YaTT (yakka tartibdagi tadbirkor) maqomiga o‘tishingiz mumkin.

