Shartnoma nega kerak va u sizni qanday himoya qiladi
Mehnat shartnomasi, siz bilan ish beruvchi o‘rtasidagi yozma kelishuv. Siz ishlaysiz, ish beruvchi esa ish haqini to‘laydi va ishlash uchun kerakli sharoitlarni yaratadi. Unga imzo qo‘yganingizdan keyin kompaniya xodimiga aylanasiz va sizda Mehnat kodeksi kafolatlari bo‘ladi. Ya’ni, ish haqini o‘z vaqtida olish, belgilangan ish jadvali bo‘yicha ishlash, mehnat ta’tili, kasallik ta’tiliga chiqish, sizni asossiz ishdan bo‘shatilmaslik huquqlari.
Shartnoma kamida ikki nusxada bo‘ladi. Bittasi sizda qoladi, bittasi ish beruvchida. Ikkala nusxa ham bir xil yuridik kuchga ega. Nizo chiqsa, har biridan foydalanish mumkin. Shartnoma elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Lekin, ish beruvchi imzolagan nusxasini sizga berishi shart.
Shartnomada ayrim narsa yozilmagan bo‘lsa ham, bu huquqlaringiz yo‘q degani emas. O‘zbekistonda mehnat munosabatlari Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi. Mehnat shartnomasi esa kodeksdagi qoidalarga zid bo‘lishi mumkin emas. Hujjatda ish beruvchi bilan kelishuvingiz, masalan, ish haqi yoki qanday ishlarni bajarishingiz yoziladi. Hujjat ishga rasman qabul qilinganingizni ham tasdiqlaydi.
Shartnomasiz ishlashni yoki uni keyinroq tuzishni taklif qilishsa, ish beruvchining noqonuniy harakatlari oldida himoyasiz qolasiz. Keyin, bu kompaniyada rostdan ham ishlaganingizni isbotlashga majbur bo‘lasiz. “Konvertda” beriladigan ish haqi ham shunga tegishli.Shartnomaning nusxasini berishmasa, yuborishmasa yoki bo‘sh hujjatga imzo qo‘yishni so‘rashsa, ehtiyot bo‘ling. Bunday hollarda bu ishga rozi bo‘lmang.
Shartnomada nimalar bo‘lishi kerak
Mehnat shartnomasida ishning asosiy shartlari yoziladi. Ish beruvchi ham, xodim ham ularga amal qilishi shart.
Ish joyi. Shartnomada kompaniya nomi, shahar, qaysi bo‘limda ishlashingiz va ish joyingiz, masalan, ofis yoziladi. Bu roziligingizsiz boshqa shahar yoki bo‘linmaga o‘tkazish holatlaridan sizni himoya qiladi.
Masofadan turib ishlasangiz, bu ham alohida ko‘rsatiladi. Masalan, ish uchun kerakli texnikani kim berishi yoki u ishlamay qolsa, masala qanday hal qilinishi yoziladi.
Lavozim vazifalari. Ish beruvchi vazifalaringizni aniq yozishi kerak. Vazifalar aniq yozilgan bo‘lsa, sizga qo‘shimcha ish berishmaydi.
Ish vaqti. Qonun bo‘yicha ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Besh yoki olti kun ishlasangiz ham. Shartnomada ish qachon boshlanishi, necha soat bo‘lishi va qachon dam olishingiz yoziladi. Bu sizni haq to‘lanmaydigan ortiqcha ishlardan himoya qiladi.
Ish haqi. Shartnomada ish haqi, bonuslar va ustamalar yoziladi. Aniq yozilmagan narsani keyin isbotlab bo‘lmaydi.
Ish sharoiti og‘ir yoki sog‘liq uchun zararli bo‘lsa, shartnomada kompensatsiya va qo‘shimcha to‘lovlar ham yoziladi.
Ishni boshlash sanasi. Shartnomada yozilgan shu sanadan boshlab mehnat staji hisoblanadi.
Ba’zan ish qachon tugashi ham yoziladi. Bunday shartnoma muddatli mehnat shartnomasi deyiladi. U ko‘pi bilan uch yilga tuziladi. Buning uchun ish beruvchida asosli sabab bo‘lishi kerak. Masalan, ish mavsumiy, yozgi kafega yoki hosil yig‘im-terimiga vaqtinchalik xodim kerak bo‘lganda. Muddatli shartnoma sayt yaratish yoki uy qurilishiga o'xshagan loyiha uchun ham tuzilishi mumkin.
Sinov muddati shartlari. Xodim sinov muddati bilan ishga olinayotgan bo‘lsa, bu shartnomada ko‘rsatilishi kerak. Sinov muddati uch oydan oshmaydi. Rahbarlik lavozimlari uchun ko‘pi bilan olti oy bo‘lishi mumkin. Shartnomada sinov muddati haqida yozilmagan bo‘lsa, demak, xodim sinovsiz ishga qabul qilingan.
Tijorat sirini oshkor qilmaslikka o‘xshagan qo‘shimcha shartlar alohida kelishuvda yoziladi. Ish haqi, mehnat shartlari yoki to‘lov rekvizitlari o‘zgarsa, bu mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv orqali rasmiylashtiriladi.
Mehnat shartnomasi bilan FHSHning farqi nimada
Fuqarolik-huquqiy shartnoma (FHSH) yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomaning (FHTSH) mehnat shartnomasiga qaraganda kafolatlari kamroq.
Bu shartnoma bo‘yicha siz kompaniyada xodim bo‘lmaysiz. Vazifani bajarasiz va pulni olasiz. Odatda ijrochi qachon va qanday ishlashni o‘zi hal qiladi. Buyurtmachiga esa faqat ishning natijasi kerak. Buyurtmachi ish joyi bermaydi, ish vaqtini ham belgilamaydi. Shartnoma bo‘yicha sizga pullik ta’til, kasallik varaqasi, premiya va qo‘shimcha to‘lovlar ham berilmaydi.
Hujjatlar bo‘yicha siz bilan FHSH tuzilgan bo‘lsa-yu, amalda oddiy xodim bo'lib ishlayotgan bo‘lsangiz, bu mehnat munosabatlari deb tan olinishi kerak. Mehnat kodeksi bo‘yicha, bunday hollarda fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzish taqiqlanadi. Ish beruvchi siz bilan mehnat shartnomasini tuzishi shart.
Mehnat shartnomasi qanday bekor qilinadi
Shartnomada muddat yozilmagan bo‘lsa, uni istalgan paytda ikki tomon kelishuvi bilan yoki arizangiz bilan bekor qilish mumkin. Ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizani oldindan, ishni tugatmoqchi bo‘lgan sanadan kamida 14 kalendar kun oldin topshirasiz.
Ish beruvchi sizni ishdan bo‘shatishi uchun qonuniy sabab bo‘lishi kerak. Masalan, kompaniya yopilishi, shtat qisqarishi yoki ishni yaxshi bajarmagan bo‘lishingiz mumkin. Ishdan bo‘shatish sababi sizga bog‘liq bo‘lmasa, bu haqda sizni kamida ikki oy oldin ogohlantirishlari kerak.
Muddatli mehnat shartnomasi uning muddati tugagach yakunlanadi. Ba’zan shartnomada uni muddatidan oldin bekor qilgan tomon jarima to‘lashi kerakligi ham yoziladi. Shartnomada bunday shart bo‘lmasa, jarima ham to‘lanmaydi.
Huquqlaringiz buzilsa, nima qilish kerak
Xodimlarning huquqlari buzilishi mumkin. Bunga ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik, rasmiy shartnomasiz ishlashga majburlash, ortiqcha ishlatib haq to‘lamaslik, ish haqidan pul ushlash yoki sababini tushuntirmasdan ishdan bo‘shatish kiradi. Rahbarning bosim o‘tkazishi, tahdid qilishi yoki kamsitishi ham mehnat huquqlarining buzilishidir. Bunday vaziyatda nima qilish kerakligini ko‘rib chiqamiz.
Dalillar yig‘ing. Haq ekaningizni isbotlaydigan hamma narsani saqlab qo‘ying. Bunga yozishmalar, ish joyidagi foto va videolar, to‘lov hujjatlari, ichki buyruqlar va hamkasblarning ko‘rsatmalari kiradi. Ishlaganingizni tasdiqlovchi dalillar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘z huquqlaringizni himoya qilish shuncha oson bo‘ladi.
Qonunbuzarlik haqida ish beruvchiga ayting. Ba’zan masalani shikoyat va sudgabormasdan hal qilish mumkin. Ish beruvchiga yozma murojaat qilib, siz uchun nima huquqbuzarlik ekanini ayting va muammoni hal qilishga harakat qiling. Masalan, kechiktirilgan ish haqini to‘lash yoki qo‘shimcha ish uchun haq to‘lashni so‘rang. Murojaatni pochta orqali yuboring. Yozishmalar saqlanib qolishi uchun messenjer yoki elektron pochta orqali ham yozish mumkin.
Mehnat inspeksiyasiga murojaat qiling. Ish beruvchi murojaatingizga javob bermasa yoki muammoni hal qilishdan bosh tortsa, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qiling.
Shikoyatni saytda va 1176 ishonch telefoni orqali qoldirish yoki inspektor@mehnat.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkin. Murojaatda nima bo‘lganini qisqacha yozib, dalillarni ilova qiling. Odatda shikoyatni 15 kungacha ko‘rib chiqishadi. Ish beruvchini tekshirish kerak bo‘lsa, jarayon bir oygacha davom etishi mumkin.
Sudga boring. Sudga murojaat qilishdan qo‘rqmang. Ko‘p mehnat nizolari aynan sudda hal bo‘ladi. Da’voni umumiy yurisdiksiya sudiga berish kerak. Qiyinchilik bo‘lsa yoki ish beruvchi sud qarorini bajarmasa, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga murojaat qiling.
Qonun bo‘yicha shikoyat qilganingiz uchun sizni ishdan bo‘shata olishmaydi. Shunday bo‘lsa, bu alohida huquqbuzarlik. Siz haq deb topilgan sud qaroriga ko‘ra, ish beruvchi ishlay olmagan davringiz uchun pul to‘lashi, advokat xarajatlarini qoplashi va kamida o‘rtacha oylik maoshingiz miqdorida ma’naviy zarar uchun kompensatsiya berishi mumkin.

.webp)