Orzungizdagi ishni emas, yo‘nalishni tanlang
Boshida “qayerda bo‘lsa ham ishga olishsa bo‘ldi” deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin aniq bir kasbiy yo‘nalishsiz ish topish qiyin. Vakansiyalar ko‘p, talablar esa har xil. Har bir vakansiya uchun o‘zingiz haqingizda umuman boshqacha ma’lumot berishingizga to‘g‘ri keladi.
O‘zingizni sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan sohani qidiring. Masalan, savdo-sotiq, hujjatlar bilan ishlash, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, ma’muriy ishlar, ovqatlanish, yetkazib berish, dizayn yoki matn yozishni tanlang. Shunda vakansiyalarni izlash va ularga rezyume yuborish osonlashadi.
O‘zini savdo-sotiq sohasida sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan nomzod sotuvchi-maslahatchi, savdo menejeri yoki aloqa markazi operatori vakansiyalarini ko‘rib chiqadi. Hujjatlar bilan ishlash qiziqroq bo‘lsa, buxgalter yordamchisi, ofis menejeri yoki assistent lavozimlarini qidirish mumkin.
Ish topishni osonlashtirish uchun, sizga qaysi soha qiziqligi, qanday ish grafigi to‘g‘ri kelishi va nimalarni o‘rganmoqchiligingizni aniq bilib oling. Masalan saytlarda “Vazifalari tushunarli bo‘lgan va boshida ish o‘rgatiladigan ofisdan birinchi ishimni topishni xohlayman” yoki “Savdo-sotiq sohasida smenali grafik asosidagi ish qidiryapman” deb yozish mumkin.
Yo‘nalishni tanlashda qiynalayotgan bo‘lsangiz, vakansiyalar yarmarkasiga boring. U yerda kompaniyalar kimni qidirayotganlari, shart-sharoitlari va tajribasiz nomzodlarni ishga olish-olmasliklari haqida ma’lumot topasiz. OTMlar yarmarkalarni asosan kuz faslida o‘tkazishadi.
.webp)
Nimani ko‘rsatish mumkinligini o‘ylang
Ish tajribangiz bo‘lmasa, bu ish beruvchiga ko‘rsatadigan narsangiz yo‘q degani emas. Chunki tajriba faqat mehnat daftarchasi bo‘lmaydi.
Ish beruvchi siz shunga o‘xshash vazifalar bilan shug‘ullanganmisiz, yangi narsalarni tez o‘rganasizmi va ishga qanchalik mas’uliyat bilan yondashishingizni bilishni xohlaydi. Tajriba o‘rniga o‘qish, kurslar, amaliyot, stajirovka, volontyorlik, qo‘shimcha ish yoki o‘quv loyihalarini ko‘rsatish mumkin.
Ofis-menejer yoki buxgalter yordamchisi ishini tanlasangiz, Excel dasturidan foydalana olishingizni, amaliyot davomida hujjatlar bilan ishlaganingizni yoki buxgalteriya hisobi bo‘yicha kursni o‘taganingizni ko‘rsating. Savdo-sotiq sohasida bo‘lsa, mijozlar bilan ishlash, oilaviy biznesdagi yordam yoki odamlar bilan muloqot qilish tajribasi haqida yozing. Kreativ soha uchun o‘quv ishlari, matnlar, maketlar, foto yoki videolar kerak.
Kichik loyihalar sizga yordam beradi. Ish beruvchi bu sohadagi vazifalarni tushunishingizni va o‘sishga tayyor ekaningizni ko‘radi.
Yo‘q tajribani o‘ylab topmang. Bilimingiz va qiziqishingizni ko‘rsatadigan ma’lumotlarni yig‘ishga harakat qiling. Tajribasiz xodimlar ko‘p kompaniyalarga kerak. Lekin ular o‘rganishga tayyor, ishga mas’uliyat bilan yondashadigan va vazifalarni asta-sekin o‘zlashtira oladigan nomzodlarni tanlashadi.
Oddiy rezyume tayyorlang
Rezyume birinchi ish uchun ham kerak. U ish beruvchiga kimligingiz, nimalarni bilishingiz va qanday bog‘lanish mumkinligini tez tushunishga yordam beradi. Oddiy va tartibli rezyume tayyorlang. Uni erkin shaklda tuzing.
Quyidagilarni albatta ko‘rsating:
- ism va familiya,
- shahar va ta’lim darajasi,
- ko‘nikmalar va tajriba o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan barcha narsalar: kurslar, amaliyot, o‘quv loyihalari, volontyorlik, qo‘shimcha ish,
- kontaktlar: telefon, elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqdagi akkaunt.
Tajribani o‘ylab topish yoki hamma narsani ketma-ket qo‘shib tashlash kerak emas. Suhbatda ish beruvchi rezyumedagi yozilgan bandlar haqida batafsil gapirib berishni so‘rashi mumkin. O‘zingiz haqiqatan ham biladigan yoki o‘rgangan narsalaringizni yozing. Bu haqida “Ish uchun to‘g‘ri rezyume qanday yoziladi” maqolasida batafsil yozganmiz.
Ish qidirishga mo‘ljallangan saytlarda tayyor rezyume shakllari bor. Masalan HeadHunter’da aloqa ma’lumotlari, ta’lim, ish tajribasi, ko‘nikmalar va qaysi lavozimga ishlamoqchi ekaningizni ko‘rsatish mumkin.

Qisqa motivatsion xat yozing
Motivatsion xatni o‘qib ish beruvchi vakansiya sizga nima uchun qiziq ekanligini va qanday foyda keltirishingiz mumkinligini tushunadi. Rezyumeni talab qilishmasa ham, yuboravering. Ayniqsa, birinchi ish uchun bu muhim.
Xat uzun bo‘lishi shart emas. Qaysi vakansiyaga ariza topshirayotganingizni, u nima uchun sizga mos kelishini, nimalarni bilishingizni va rezyumega nimani ilova qilganingizni yozing.
Har safar xatni noldan yozmang. Uni faqat aniq bir vakansiyaga moslashtiring. Lavozim nomini o‘zgartiring, kerakli ko‘nikmalar yoki qo‘shimcha faktlarni keltiring.
Motivatsion xat tuzilishi

Vakansiyalarni bir nechta joydan qidiring
Vakansiyalar har xil platformalarda e’lon qilinadi. Ularni ish qidirish saytlarida, Telegram kanallarida, Facebook guruhlarida topish mumkin. Ba’zi kompaniyalar bo'sh ish o'rinlari haqida faqat o’z saytlarida yozadi. Faqat bitta manbani kuzatmang.
Ish qidirish uchun asosiy platformalar:
- olx.uz — rus va o‘zbek tillarida vakansiyalar ko‘p. E’lonlarning katta qismini oddiy foydalanuvchilar joylashtiradi. Shuning uchun ish beruvchini yaxshilab tekshirish kerak.
- HeadHunter — O‘zbekistondagi eng yirik vakansiyalar saytlaridan biri. U yerda ishni grafik, maosh va bandlik shakllari bo‘yicha qidirish mumkin. Ish beruvchilarning ro‘yxatdan o‘tishi hisobiga bu yerda firibgarlik xavfi pastroq.
- Milliy vakansiyalar bazasi — yuridik shaxslarning vakansiyalari joylashtirilgan davlat sayti. Bu yerda o‘zbek tilidagi takliflar ko‘p. Qo‘shimcha ish va to‘liq bo‘lmagan bandlik variantlari asosan “Talabalar uchun” bo‘limida joylashtiriladi.
- Ish Plus — nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo’ljallangan sayt. Bu yerda vakansiyalar bilan birga stajirovka, kurs va maslahat xizmatlarini ham topish mumkin.
Telegram va Facebook. Facebookda “Yest rabota!” guruhi, Telegramda “Rabota va Tashkente” kanali bor. Asosan savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish, yetkazib berish, ishlab chiqarish va ofisdagi ishlar e’lon qilinadi. Lekin nazorat kuchli emas. Kompaniya va ish shartlarini yaxshilab tekshirib oling.
Kompaniyalar saytlari. O‘zingiz ishlashni xohlagan kompaniyalar ro‘yxati bo‘lsa, ularning saytlaridagi “Vakansiyalar” yoki “Karyera” bo‘limlariga kiring. Sizga mos keladigan lavozimlar faqat shu yerda e’lon qilinishi mumkin.
Frilans saytlar. Matn yozish, video montaj qilish, dizayn tayyorlash yoki sayt yaratishni bilsangiz, frilansni sinab ko‘rishingiz mumkin. Bu doimiy ish bo‘lmasa ham, birinchi loyihalar uchun va portfolio yig‘ish uchun yaxshi imkoniyat. Bu uchun Upwork, Fiverr va Freelancer platformalari bor.
Tanishlar. Ish haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozing. Do‘stlaringiz, guruhdoshlaringiz, o‘qituvchilaringiz va tanishlaringizga ayting. Balki shunda ishni tezroq toparsiz.
Ishni qayerdan qidirish va turli platformalar bir-biridan qanday farq qilishi haqida “Qo‘shimcha ish topish uchun 6 manba” maqolasida yozganmiz.
Arizalar ro‘yxatini yuriting
Ish qidirishda muntazamlik muhim. Har kuni yangi vakansiyalarni ko‘rib chiqing va mos keladiganlariga tezroq so‘rov yuboring.
Bir necha kundan keyin qaysi kompaniyaga yozganingizni, qayerdan javob kutayotganingizni eslab qolish qiyinlashadi. Shuning uchun so‘rovlar ro‘yxatini yuriting.
.webp)
Ro‘yxat ish qidirish jarayonini tartibga solishga yordam beradi. Qaysi vakansiyaga murojaat qilganingizni, qaysi kompaniyaga yana yozish mumkinligini va qaysi variantlar endi mos kelmasligini bir joyda ko‘rib turasiz. Ish beruvchi bir necha kundan keyin javob bersa, qaysi kompaniya va qaysi lavozim haqida gap ketayotganini tez eslaysiz.
Ish beruvchini tekshiring
Birinchi ishni qidirayotganda e’tiborli bo’ling. Firibgarlar asosan ish tajribasi kam bo‘lgan nomzodlarni nishonga oladi. Buni batafsil ko‘rib chiqamiz.
Pul so‘raydi. Masalan o‘qish, hujjatlarni rasmiylashtirish, vakansiyalar bazasiga kirish, tibbiy daftarcha yoki ishga joylashtirish uchun pul to‘lashni talab qiladi.
Juda yaxshi sharoitlar va’da qilinadi. Tajribasiz xodimga yuqori maosh, erkin grafik, har kuni to‘lov va tez daromad taklif qilishadi. Lekin nima ish qilish kerakligi va ish beruvchi kimligi tushuntirishmaydi.
Kompaniya haqida ma’lumot kam. Vakansiyada kompaniya nomi, manzili, kontaktlari, tushunarli vazifalari yoki rasmiylashtirish shartlari yozilmagan bo‘ladi. Ariza topshirishdan oldin ish beruvchining sayti, ijtimoiy tarmoqlari, yuridik nomini tekshiring.
Shaxsiy ma’lumotlarni oldindan yuborishni so‘rashadi. Pasport yoki boshqa hujjatlarning rasmini oldindan yuborishni so‘rashadi. Shaxsiy ma’lumotlarni notanish odamlarga yubormang.
Katta test topshirig‘ini berishadi. Kichik test topshirig‘i bajarish odatiy holga aylangan. Lekin sizdan keyinchalik ishlatish mumkin bo‘lgan to‘liq ishni tayyorlab berishni so‘rashsa, shartlarini aniqlashtiring yoki rad eting.
Javob berishmasa, nima qilish kerak
Murojaat yuborganingizdan keyin javob kelmasligi mumkin. Ayniqsa, birinchi ishni qidirayotganda. Bu sizda biron-bir kamchilik bor degani emas. Ish beruvchilar arizalarni uzoq ko‘rib chiqishi, barcha nomzodlarga javob bermasligi yoki e’lonni yangilamasdan turib vakansiyani yopishi mumkin.
Ba’zida muammo rezyume yoki arizalarda ham bo‘ladi. Masalan, rezyume juda umumiy bo‘lib, aynan shu vakansiyaga mos kelmasligi mumkin.
Javoblar kam bo‘lsa, o‘zingizni ayblashdan oldin bir nechta narsani tekshirib ko‘ring: rezyume vakansiyaga mosmi, undagi ma’lumotlar tushunarlimi, motivatsion xat yuboryapsizmi, haqiqatan sizga mos vakansiyalarga murojaat qilyapsizmi va buni muntazam qilyapsizmi.
Birinchi ishni ancha vaqt talab qiladi. Javob yo‘qligini shaxsiy muvaffaqiyatsizlik deb qabul qilmang. Rezyumeni bosqichma-bosqich yaxshilab boring va vakansiyalarni qidirishda davom eting.
Birinchi ishni qidirish bo‘yicha qisqacha:
Yo‘nalishni tanlang. Boshidan orzudagi ishni qidirmasdan, ofis ishi, savdo, qo‘llab-quvvatlash yoki dizaynga o‘xshagan aniq bir sohani belgilab oling.
Tajriba o‘rnini bosuvchi narsalarni jamlang. Kurslar, amaliyot, o‘quv loyihalari, volontyorlik va qo‘shimcha ishlar ko‘nikmalaringizni ko‘rsatib beradi.
Oddiy rezyume va kuzatuv xatini tayyorlang. Ta’lim, ko‘nikmalar, kontaktlar va tanlagan yo‘nalishingizga mos ma’lumotlarni ko‘rsating.
Vakansiyalarni bir nechta joydan qidiring. Ish saytlari, Telegram kanallar, kompaniya saytlari va tanishlarning tavsiyalaridan foydalaning.
Arizalar ro‘yxatini qiling. Qayerga murojaat qilganingiz va javoblar holatini bir joyda yig‘ing.
Ish beruvchini tekshiring. Sizdan ul talab qilishsa, shartlarni yashirishsa yoki hujjatlarni oldindan so‘rashsa — ehtiyot bo‘ling.
To‘xtab qolmang. Birinchi ishni topish oson emas. Javob kelmasa taslim bo‘lmang, rezyumeni yaxshilab, qidirishda davom eting.
