“Propiska” o‘zi nima va nega kerak

“Propiska”, siz yashayotgan manzil bo‘yicha rasmiy ro‘yxatdan o‘tish degani. Oddiy qilib aytganda, sizni davlat bazalarida manzilingizga biriktirilishadi. “Propiska” yaqin poliklinikada davolanish, bolalarni maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda davlat va bank xizmatlaridan foydalanish uchun kerak.

“Propiska” sizni kvartira yoki uyning egasiga aylantirmadi. Faqat qayerda doimiy yoki vaqtincha yashayotganingizni tasdiqlaydi. Masalan, uy egasi yaqin qarindoshi yoki ulushi bo‘lmagan odamni “propiska”sini bekor qilishi mumkin. Ota-ona “propiska”si bekor qilinganda, bola ham ro‘yxatdan chiqariladi.

“Propiska” turlari

Doimiy “propiska” boshqa uyga ko‘chganingizda bekor qilinadi. Uni uy egalari va shu manzilda uzoq vaqt yashaydigan oila a’zolari rasmiylashtiradi.

2025-yildan boshlab O‘zbekistonning har bir fuqarosi doimiy “propiska”ni tug‘ilgan joyida emas, balki istalgan shaharda, Toshkentda ham rasmiylashtirishi mumkin. Asosiysi uy-joyyashash uchun mos bo‘lishi kerak. Kvartira yoki uyda “propiska”da turga har bir odamga kamida 16 kvadrat metr maydon ajratilishi kerak. Nogironlik aravachasida bo‘lganlar uchun kamida 23 kvadrat metr.

Istisnolar bor. Ba’zan maydon yetarli bo‘lmasa ham, odamni “propiska”ga qo‘yish mumkin:

O‘zbekiston fuqarolariga vaqtinchalik “propiska” bir yilgacha beriladi. Doimiy “propiskangiz” bo‘lgan manzilda turmasangiz, masalan, ijarada tursangiz, o‘qish yoki ish bo‘yicha boshqa shaharga ko‘chsangiz kerak bo‘ladi. Ijara haqida batafsil ma’lumotni “Kvartirani ijaraga olish va xato qilmaslik” maqolasida o‘qishingiz mumkin.

“Propiska”ni qachongacha rasmiylashtirish kerak

Shaharga kelganingizdan keyin 10 ish kuni ichida yashash yoki vaqtincha turish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish kerak. Buni o‘z vaqtida qilmasangiz, birinchi marta 3 BHM — 1 236 000 so‘m, bir yil ichida yana qaytarilsa 5 BHM — 2 060 000 so‘m jarima to‘lanadi. 2026-yil 1-sentabrdan BHM oshadi va jarima summasi 1 320 000 so‘m va 2 200 000 so‘m bo‘ladi.

Uy egasi kimnidir ro‘yxatdan o‘tkazmasdan uyida yashashiga ruxsat bersa, unga ham jarima bor: birinchi marta 5 BHM — 2 060 000 so‘m, takrorlansa 10 BHM — 4 120 000 so‘m. 2026-yil 1-sentabrdan summa 2 200 000 so‘m va 4 400 000 so‘m bo‘ladi.

“Propiska”ni bir ish kunida rasmiylashtirish mumkin.

Doimiy “propiska”ni qanday olish mumkin

Onlayn. my.gov.uz saytida. Uy egasi “Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish” xizmatini tanlaydi va kimni “propiska”ga qo‘yishini belgilaydi: o‘zini, boshqa odamni yoki voyaga yetmagan farzandlarini. Keyin uyning kadastr raqamini kiritadi.O‘zini ro‘yxatdan o‘tkazayotgan bo‘lsa, ma’lumotlari tizimda avtomatik chiqadi. Boshqa odamni ro‘yxatdan o‘tkazishda esa uning ma’lumotlarini kiritish kerak. Keyin ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs bildirishnoma oladi va uni tasdiqlaydi. Uy egasi arizani yuborib, tizimda to‘lov chekini yaratadi.

Kvartirada “propiska”da bo‘lgan shaxs, uyda ulushi bo‘lmasa ham, shaxsiy kabinet orqali bolasini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Tizim bu haqida barcha mulk egalariga bildirishnoma yuboradi.

my.gov.uz orqali o‘zingizni yoki boshqa odamlarni va bolalarni kvartirada ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkinType image caption here (optional)

Oflayn. Davlat xizmatlari markazi (DXM) yoki eski pasport stol, ya’ni Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilish kerak. Kerak bo‘ladigan hujjatlar:

  1. Ro‘yxatdan o‘tayotgan odam va uy egasi turli shaxslar bo‘lsa, ikkalasining ham pasporti yoki ID-kartasi.
  2. Bolani ro‘yxatga qo‘ysangiz uning hujjatlari kerak. Bola tug‘ilganida avtomatik ota-onasining manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
  3. Begona shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilsa, uy-joy egasining notarial tasdiqlangan roziligi kerak. Uy egalari ko‘p bo‘lsa, hammasining roziligi olinadi. Bu qoida bolalarga tegishli emas. Ularni ota-onasi yashaydigan manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish

Onlayn. my.gov.uz orqali. Buni uy egasi qiladi. “Yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish” xizmatini tanlaydi. Uy egasi o‘zini va boshqalarni ham ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Tizim uyning kadastr raqamini tanlashni so‘raydi. Keyin mulkdor haqidagi ma’lumotlar avtomatik yuklanadi.

Uy egasi boshqa odamni ro‘yxatdan o‘tkazsa, uning ma’lumotlarini kiritib, uy joylashgan viloyat va tumanni tanlaydi. Keyin yashash maqsadini masalan, turizm, o‘qish yoki ishni ko‘rsatadi. 1 oydan 12 oygacha ro‘yxatdan o‘tish muddati tanlanadi. Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tadigan odam, shaxsiy kabineti orqali bildirishnoma oladi. Keyin xizmat uchun to‘lov qiladi.

Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish uchun albatta kelish maqsadini tanlash kerak

Oflayn. DXMda, eski pasport stolida yoki mahallangizdagi tayanch punktlarda qilish mumkin. Kerak bo‘ladigan hujjatlar:

  1. Ro‘yxatdan o‘tayotgan odam va uy egasi boshqa-boshqa shaxslar bo‘lsa, ikkalasining pasporti yoki ID-kartasi.
  2. Bolani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlar.
  3. Uy egasining o‘zi kela olmasa, notarial tasdiqlangan roziligi kerak. Uning o‘rniga soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan rasmiy ijara shartnomasini ham taqdim etish mumkin. Bolani ota-onasi yashab turgan manzil bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun rozilik kerak emas.

Oflayn ro‘yxatdan o‘tkazishda shaxsni bir yilgacha muddatga ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Mehmonxona va shunga o‘xshash joylarda. Mehmonxona, xostel yoki sanatoriyda tursangiz, o‘zingiz hech narsa qilmaysiz. Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishni ular o‘zlari qiladi.

Yotoqxona yoki xizmat uyida ro‘yxatdan o‘tish

Yotoqxonada yashayotganlar vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni DXM yoki eski pasport stolida rasmiylashtiradi. U faqat o‘qish yoki ish davriga beriladi va keyin bekor qilinadi. Xizmat uyi doimiy foydalanish uchun berilgan bo‘lsa, unda xodimlar va davlat xizmatchilari doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Qaysi hujjatlar kerak:

  1. Pasport yoki ID-karta.
  2. Talabalar uchun OTMdan berilgan hujjat, masalan, yotoqxonaga joylashtirilganlik haqida buyruq yoki ma’lumotnoma.
  3. Xodimlar uchun ish beruvchining yotoqxonada yashashga yozma ruxsati yoki ro‘yxatdan o‘tish huquqini beruvchi boshqa hujjat, masalan, xizmat uyi uchun order kerak.

“Propiska” qancha turadi

Onlayn ro‘yxatdan o‘tganda, doimiy hamda vaqtinchalik ro‘yxat uchun davlat boji BHMning 1,8 foizi, 7 416 so‘m bo‘ladi. 2026-yil 1-sentabrdan — 7 920 so‘m.

Oflayn ro‘yxatdan o‘tganda BHMning 2 foizi, 8 240 so‘m (1-sentabrdan — 8 800 so‘m). Markaz xizmatlari uchun ham yig‘im bor. Toshkent shahrida 20 600 so‘m. Faqat naqd pulsiz, karta yoki payme’ga o‘xshagan to‘lov ilovalari orqali to‘lash mumkin.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va muhim yangiliklarni bilishni istasangiz, Telegram kanalimizga obuna bo‘ling. Biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini yaxshi bilamiz.