Olmaotaga qachon borgan yaxshi

Bahorning aprel va may oylarida borishni tavsiya qilaman. Havo iliq bo‘ladi, atrofda esa daraxtlar gullaydi. Avgust va sentyabr ham sayohat uchun yaxshi vaqt. Yozda Olmaotada havo yoqimli. Masalan, iyul oyida borganimda Toshkentdagidek jaziramani sezmaganman. Havo issiq bo‘ladi, lekin sayr qilishga xalaqit bermaydi.

Men Olmaotani yozgi festivallar shahri deb bilaman. Yozda ko‘p yirik tadbirlar o‘tkaziladi. Masalan, The Spirit of Tengri — turli mamlakatlardan san’atkorlar qatnashadigan zamonaviy etnik musiqa festivali. Park Live Almaty — dunyoga mashhur musiqa guruhlari chiqish qiladigan festival. Mahalliy musiqaga qiziqsangiz, OYU Fest borishni tavsiya qilaman.

Botanika bog‘i va Mega savdo markazidan ochiladigan tog‘lar manzarasi

Shaharning o‘zi juda qiziqarli. Olmaotada, xuddi Toshkentdagidek tarixiy va zamonaviy joylar bor. Qozog‘istonlik musiqachi M’Dee shaharga bag‘ishlangan “Almatinskiy jazz” trilogiyasini chiqargan. Bu musiqalar Olmaota kayfiyatini juda yaxshi yetkazib beradi. Eng yoqgan joy eski shahar markazi bo‘ldi. Sayr qilib, ko‘chalarni tomosha qilging keladi. Yangi baland binolar qurilgan hududlar menga unchalik yoqmadi.

Tog‘lar shaharga juda yaqin joylashgan. Olmaotaning istalgan joyidan ularga ko‘zingiz tushadi. Bir-ikki kunga tog‘larga chiqib ketish ham mumkin. Mashinada 15–20 daqiqada Chimbuloqqa yetib borasiz. Men hatto yulduzlarni tomosha qilish uchun tunda tog‘larga chiqqanman. Bu juda esda qolarli sayohat bo‘lgan.

Chimbuloq kanat yo‘li va Ayusoy darasi

Parvoz narxi

Bitta reys bilan taxminan 1 soat 15 daqiqada yetib borasiz. Uzbekistan Airways borib-kelish aviachiptasi o‘rtacha 200 dollar, ya’ni 2,4 mln so‘m bo‘ladi. Arzonroq variantlar ham bor. Masalan, Qanot Sharqda bir tomonga chipta 700 000 so‘mdan boshlanadi. Air Astana ham uchadi. Chiptalari qimmatroq, lekin aviakompaniya yaxshi servisi va qulay samolyotlari bilan mashhur.

Olmaotaga poyezdda ham borish mumkin. Yo‘lga taxminan 14 soat ketadi. Kunduzi poyezdga chiqasiz, erta tongda esa shaharda bo‘lasiz. Chipta narxi 300 000–400 000 so‘m atrofida. Hamma poyezdlar yangi va ancha qulay.

Aviachiptalarni payme travel’da oling

payme travel yuzlab aviakompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Dunyoning deyarli istalgan nuqtasiga chipta topish mumkin. payme’ning foizsiz kechiktirib to‘lash va bo‘lib to‘lash servislari ham bor. Chiptani hozir band qilib, 10 kun ichida to‘lashingiz mumkin. Yoki to‘lovni uch qismga bo‘lib yuborasiz. Birinchi to‘lov esa xariddan bir oy o‘tib yechiladi. Chipta narxi 1,5 mln so‘m bo‘lsa, uch oy davomida har oy 500 ming so‘mdan to‘lash mumkin.

Aviachiptalarni qidirish

Yashash qanchaga tushadi

Kvartirani Airbnb orqali band qilaman. Men uchun bu qulay variant. Ovqat tayyorlashni yaxshi ko‘raman va kvartirada oshxona bo‘lishi men uchun muhim. Olmaotada kvartirani eski shahar markazidan, “Oltin kvadrat” tumanidan qidirishni maslahat qilaman. Bu shaharning eng yoqimli joylaridan biri. Kvartirani topish oson, chunki uy egalari e’londa manzilni ham yozishadi.

Shahar markazidagi yaxshi apartamentlarni kuniga 40–60 dollarga, ya’ni 480 000–720 000 so‘mga topish mumkin. Markazdan chetroqda narx pastroq bo‘ladi. Bu kuniga 30–35 dollar, ya’ni 360 000–420 000 so‘m.

Transport va mobil aloqa narxi

Qozog‘istonda oddiy SIM-karta va eSIM bor. Narxlari deyarli bir xil. Bir haftalik tarif 7–8 dollar, ya’ni 90 000 so‘m turadi. Oddiy SIM-karta kerak bo‘lsa, uni aeroportdan olmang, chunki u yerda qimmatroq. Shahardagi eng yaqin mobil operator ofisiga boring. Men Tele2, Activ yoki Altel operatorlarini tavsiya qilaman.

Shaharda Yandex Go, Uber va inDrive servislari bor. Lekin bu taksilar Toshkentdagidan taxminan 2–3 baravar qimmatroq. Tejamoqchi bo‘lsangiz, inDrive’dan foydalaning.

Ovqatlanishga qancha pul ketadi

Kafe va restoranlarda bir kishi uchun bir marta ovqatlanish 10–15 dollar, ya’ni 120 000–180 000 so‘mga tushadi.

Joy tanlashga vaqt sarflashni istamasangiz, ABR Group ovqatlanish joylarini sinab ko‘ring. Bu turli formatdagi restoran, kafe va oshxonalarni birlashtirgan yirik gastronomik ekotizim.  Sifati va servisi hamma joyda yaxshi. Qahvaxonalar orasida Cafeteria tarmog‘i va shinam Table Bistro’ni tavsiya qilaman.

Italyan oshxonasini xohlasangiz, Del Papa tarmog‘idagi restoranlarga boring. Oddiy va tushunarli ovqatlarni Nedelka kafelarida topish mumkin. Ularning shahar bo‘yicha filiallari ko‘p va biz u yerga nonushta qilish uchun borardik. Yana bizga atmosfera­ li Fika restorani yoqdi. Qozog‘iston milliy taomlarini tatib ko‘rish uchun Auyl restoraniga boring. U Chimbuloqqa juda yaqin joylashgan. Sandyq restoranini ham tavsiya qilaman. Restoran ko‘rinishi zamonaviy, taomlari ham mazali.

Ko‘pchilik donerni tatib ko‘rishni aytishgandi, lekin u menga yoqmadi. Toshkentdagi lavashlarni yaxshi ko‘rsangiz, balki sizga ham doner yoqmas.

Sandyq restoranida

Sayr qiladigan joylar

Birinchi bo‘lib eski shahar markazida sayr qiling. Piyodalar uchun ajratilgan Panfilov ko‘chasi va Abay prospektiga boring. Ko‘k-Tobega chiqishni ham tavsiya qilaman. U yerga funikulyorda borish mumkin, yuqoridan esa deyarli butun sh aharning chiroyli manzarasi ochiladi. Bir tomonga yo‘l haqi 6000 tenge, ya’ni 150 000 so‘m. Borib-kelish 10 000 tenge, ya’ni 250 000 so‘m.

Chimbuloqqa ham albatta boring. Kanat yo‘lidan tog‘ga chiqib, chiroyli joylarda dam olish mumkin. Kanat yo‘li chiptasi bir tomonga 3000 tenge, ya’ni 76 ming so‘m turadi. Borib-kelish chiptasi esa 4000 tenge yoki 100 ming so‘m.

Qozog‘iston tog‘lari

Chimbuloqdan tashqari, shahar tashqarisidagi glampinglarga borishni tavsiya qilaman. Masalan, “Ayusai” yoki Oi-Qaragaida yog‘och uychani ijaraga olib, dam olish kunlarini tabiat qo‘ynida o‘tkazish mumkin.

Uch kundan ko‘proq sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, Chorin kanyoni, Kolsay va Qayindi ko‘llariga ham boring. U yerga ijaradagi mashinada borish yoki tayyor tur sotib olish mumkin.

Laziza do‘stlari bilan Oi-Qaragai oilaviy tog‘ kurortida

Muzeylardan, “Tselinniy” zamonaviy madaniyat markaziga borishni tavsiya qilaman. Kirish narxi tadbirga qarab o‘zgaradi. Ayrim ko‘rgazma va tadbirlarga bepul kirish mumkin. Ma’ruza, kino namoyishlari va boshqa dasturlar uchun chipta olish kerak.

Teatr va konsertlarga ham borish mumkin. Shaharda qiziqarli tadbirlar ko‘p bo‘ladi. Masalan men stendapni yaxshi ko‘raman. Standupcamp va Punch klublaridagi har xil kulgili tomoshalarga boraman. “Sxodim” saytida stendaplar ro‘yxatini ko‘rib, chipta olish mumkin.

Qancha pul olish kerak

Aviachiptalar va kvartirani hisobga olmaganda, uch kunlik sayohatga 200 dollar, 2,5 mln so‘m ketadi. Bu summa ovqatlanish, shahar bo‘ylab yurish va boshqa kundalik xarajatlar uchun yetadi. Besh kunlik sayohat uchun 500–600 dollar, 6–7 mln so‘m kerak. Bu asosiy xarajatlarda tejamasdan, bemalol dam olishga yetadi.

Qozog‘istonning milliy valyutasi — tenge. Lekin Qozog‘istonda naqd pul kam ishlatiladi. Men ham to‘rt yildan beri yonimda naqd pul olib yurmayman. Visa yoki Mastercard kartasining o‘zi yetarli. Masalan, Visa TBC Salom kartasi deyarli hamma joyda ishlaydi. Ba’zi joylarda HUMO kartalari ham o‘tadi. Dollarni tengega almashtirish kerak bo‘lsa, buni aeroportda emas, shahardagi bank yoki ayirboshlash shoxobchasida qiling.

Yana qayerga borish mumkin:

  1. Issiq o‘lkalarda dam olish uchun Vyetnam yoki Malayziyaga boring.
  2. Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyni tanlang.
  3. Yana variantlar kerak bo‘lsa vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishing.