Nega Fransiyani tanladim
Men, Parijdagi Grenoble école de management’ni tanladim, chunki u yerda Fashion, Design and Luxury management nomli noyob yo’nalish bor edi. Bu yo‘nalishda menga barchasi qiziq: marketing, biznes va dizayn. Magistratura dasturida lyuks yo‘nalishi bo‘yicha boshqaruv, strategik menejment, internet-marketing, loyihalarni nazorat qilish va boshqalar o‘rganiladi.
Bunday dasturlarga kam hollarda stipendiya beriladi va Campus France’dagi kurator bilan suhbatlashganimda, u meni ariza topshirishdan qaytarishga harakat qildi. Lekin, aynan o‘sha yerga kirishni juda xohladim va xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida stipendiya yutib olishga qaror qildim.
Ushbu yo‘nalishda o‘qish ikki yil davom etadi, bitiruv marosimi esa o‘qish tugagandan bir yil o‘tgach bo‘ladi. Bu yilni Fransiyada o‘tkazib, amaliyot o‘tash yoki biron-bir kompaniyada ishlash mumkin. Agar ish yoki amaliyot topilmasa, davlatdan chiqib ketgan ma’qul. Bir yildan so‘ng bitiruvga kelsa bo‘ladi, lekin bu majburiy emas, chunki diplomni pochta orqali yuborishlari mumkin.
O‘qish narxi 26 000 €, lekin men 3 mingga kamroq, ya’ni 23 000 € to‘ladim. Universitet ichki stipendiya bo‘yicha menga chegirma berdi.
Campus France stipendiya tanlash va o‘qishga kirishda qanday yordam berdi
To‘rtinchi kursda stipendiya dasturlarini izlashni boshladim va o‘sha paytda Campus France haqida bildim. Bu tashkilot chet ellik talabalarga Fransiya OTM’ga kirishda yordam beradigan davlat muassasasi. O‘zbekistonda alohida vakolatxona — Campus France Ouzbékistan bor.
Elchixonadagi bepul maslahatga yozildim va bu yil o‘zbekistonlik talabalar uchun bir nechta stipendiyalar borligini bildim. Ulardan biri — France Excellence. Unga ko‘ra, talabalar oylik to‘lov olib, xarajatlarining bir qismini qoplaydi. Dastur bir yil amal qiladi va yosh chegirmasi yo‘q.
France Excellence tarkibiga quyidagilar kiradi:
- 12 oy davomida har oy kartangizga 860 € to‘lanadi. Kasallik sababli darslarni o‘tkazib yuborsangiz ham, to‘lovlar davom etadi, asosiysi tibbiy ma’lumotnomani ko’rsatish kerak.
- o‘qish boshlanishiga uchib borish va vizangiz muddati tugashidan bir kun oldin O‘zbekistonga qaytib kelish kerak,
- dastlabki olti oy uchun tibbiy sug’urta, bepul “amel”i xizmatidan foydalanish mumkin.
- talaba vizasi uchun viza to‘lovlarini qoplash
- turar-joy bilan yordam — CROUS tashkiloti talabalar nomidan kampuslardagi xonalar uchun arizalar topshiradi. Ariza narxi 80 €. Xonalar katta emas, dush va hojatxona bilan 18 m2 gacha. Ijara narxi 350 € dan 700 € gacha, elektr energiyasi to‘lovi bunga kiritilmasligi mumkin. Bu kampusga va uning joylashuviga bog’liq.
Stipendiya bir yilga beriladi. Agar dastur ikki yil davom etsa, hujjatlarni qayta topshirish kerak.
Ba’zi OTM’larda avval qabul qilinganligi haqida tasdiqqnoma olish, keyin stipendiya uchun ariza topshirish kerak. Grenoble École de Management’da esa aksincha, avval France Excellence stipendiyasini oldin, keyij magistraturaga hujjatlarni topshirdim.
France Excellence stipendiyasi uchun ariza qanday tayyorlanadi
France Excellence — Fransiya o‘zbekistonlik talabaga taklif eta oladigan eng imtiyozli stipendiyalardan biridir. O‘qish xarajatlarini qoplamasa-da, kampusdagi xona va viza to‘lovlari uchun xarajatlarni qoplaydi.
France Excellence’ga topshirish uchun hujjatlar:
- anketa —fransuz yoki ingliz tilida to‘ldirish kerak,
- xorijga chiqish pasporti nusxasi — shaxsiy ma’lumotlar va vizalar sahifalari kerak.
- ta’lim, tajriba va yutuqlaringiz haqida yozilgan rezyume (CV)
- ushbu dasturni nima uchun tanlaganingiz va u karyerangizga qanday yordam berishi haqida tushuntirilgan motivatsion insho.
- bakalavr diplomi va baholar ko‘chirmasi fransuz tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan. Agar o‘qish hali tugamagan bo‘lsa, universitetdan ma’lumotnoma kerak bo‘ladi.
- til bilish sertifikati: IELTS, TOEFL, DELF/DALF yoki TCF — har qanday sertifikat mos keladi
- tavsiyanomalar — akademik, agar ishlayotgan bo‘lsangiz, ish beruvchidan. Men amaliyot o‘tagan va keyinchalik ishlagan TBC Bankdan tavsiya xatimni ko’rsatdim.
- qabul qilinganligim yoki dastlabki qabul to‘g’risidagi xat — uni universitet onlayn arizani ma’qullangandan so‘ng yuboradi.
Hujjatlarni skanerlash va fayl nomlarida o‘z familiyangiz va hujjat turini ko‘rsatishingiz kerak. Masalan, Karimov_CV.pdf, Abdullaev_Diploma.pdf. Hujjatlar skaneri Campus France manziliga yuboriladi.
Ariza tekshirilgandan keyin, sizga ikkita suhbat tayinlanadi — dastlabki va yakuniy. Ular Fransiya elchixonasida bo‘ladi, o‘zingiz bilan faqat pasport olish kerak, usiz kirgizishmaydi. Savollar qiyin emas: rejalar, tanlangan dastur va aynan Fransiyada o‘qish motivatsiyasi haqida.
Turli stipendiyalardan tashqari, o‘qish xarajatlarini qisman qoplaydigan grantlar va universitet tomonidan beriladigan chegirmalar ham bor. Agar stipendiya tasdiqlanmasa, boshqa turdagi qo‘llab-quvvatlash uchun ariza topshirishingiz mumkin. Lekin, hujjat topshirish muddatlari turlicha, eng muhimi belgilangan vaqtni o‘tkazib yubormaslik. Bu haqida Campus France saytida e’lon qilinadi.

Javob taxminan bir oydan keyin keladi, chunki arizalar elchixonada qo‘lda tekshiriladi. Javobni elektron pochtamga oldim, men uchun bu, uzoq kutilgan xatlardan biri edi. Elchixona nechi kishi o‘qishga olinishini aytmaydi, lekin men bilan birga yana 30 kishi o‘quv vizasi uchun hujjat topshirgani kelgan ekan.
Stipendiya berilganligi to‘g’risidagi tasdiqlashni olganimdan keyin, hujjatlarni yig’ishni boshladim.
OTM’ga kirish uchun qanday hujjatlar kerak
Har bir OTM’da o‘z hujjatlar to‘plami bo‘lishi mumkin. Tanlangan OTM’ning saytida tekshirish kerak. Mening hujjatlarim:
- Xorijga chiqish pasporti
- Bakalavr diplomi va uning notarial tasdiqlangan tarjimasi
- Rezyume
- Xalqaro til bilish sertifikati: ingliz yoki fransuz tili
- Tavsiyanomalar: akademik va ish beruvchidan
- Tanlagan dasturim va karyera bo‘yicha rejalarim haqida motivatsion xat. Xatda magistratura sohasidagi shaxsiy yutuqlarni ko‘rsatish muhim, ularni tavsiyanomalar ham tasdiqlashi kerak.
- Olingan stipendiya tasdig’i
Barcha hujjatlarni skanerlash va fayllarga ingliz tilida nom berish kerak — universitetda rus va o‘zbek tillarini tushunishmaydi.
Hujjatlarni onlayn — tanlangan universitet sayti orqali topshirish kerak. Ariza berish pullik: men 98 € to‘ladim. Ariza rad etilsa ham to‘lov qaytarilmaydi.
O‘qishga kirish uchun hujjatlarni yubordim va tez orada universitetga qabul qilinganim haqida xat oldim. Keyin Fransiyaga borish uchun talabalik vizasini rasmiylashtirish kerak edi.
Fransiya uchun talabalik vizasini qanday oldim
Talabalik vizasi uchun Fransiya elchixonasiga ariza topshirish kerak. Elchixonaning rasmiy saytida qabulga oldindan yozilish kerak. Konsul bilan suhbat uchun hujjatlarni chiqarib, o‘zingiz bilan olib kelishingiz kerak.
Viza uchun hujjatlar:
- Xorijga chiqish pasporti
- Foto 35x45 mm
- EEF sertifikati — bu, universitetda oldindan ro‘yxatdan o‘tish. Agar u bo‘lmasa o‘qishga qabul qilinganlik to‘g’risidagi xat va diplomning notarial tasdiqlangan tarjimasi bo‘lgan nusxasi mos keladi.
- Stipendiya to‘g’risidagi bank ko‘chirmasi yoki rasmiy xat. Tasdiqlanishi kerak bo‘lgan minimum — oyiga 615 €.
- Sizda bu miqdordan yuqori stipendiya bo‘lsa ham, konsulxona sizning yoki ota-onangizning bank hisobvarag’idan qo‘shimcha ko‘chirmani so‘rashi mumkin. Men onamning hisobidan ko‘chirmani qo‘shdim.
- Xona broni yoki ijara shartnomasi. CROUS talabalar yotoqxonasida bronim bor edi.
Suhbat o‘qishga kirishdagi intervyuga o‘xshardi. Konsul, safar maqsadi, shu OTM’ni nima uchun tanlaganim va birinchi kursni tugatganimdan keyin nimalar qilishni rejalashtirganim haqida savollar berdi.
Hammasi yaxshi o‘tdi: viza oldim va Fransiyaga o‘qishga uchib ketdim. Kelgandan so‘ng maishiy ishlar boshlandi — ko‘chib kirish, ro‘yxatdan o‘tish va barcha talaba hujjatlarini rasmiylashtirish.

Kelganda kerak bo‘ladigan hujjatlar
Fransiyaga uchib ketishdan oldin CROUS talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun rendez-vous — uchrashuvga yozilish kerak. Busiz xonaning kalitini berishmaydi. Men buni bilmagandim, Parijga kelib yozildim va o‘z navbatimni o‘n kun kutdim.
Birinchi kuni qulayliklari bo‘lmagan arzon mehmonxonada tunash uchun taxminan 160 € sarfladim, qolgan kunlar esa do‘stlarimnikida yashadim.
Joylashgandan keyin, bir nechta majburiy hujjatlarni rasmiylashtirish kerak. Ularsiz jadval, tibbiy sug’urta va turar-joy uchun kompensatsiya berilmaydi. Hujjatlarning bir qismini onlayn rasmiylashtirish mumkin, lekin saytlar faqat fransuz tilida ishlashini yodda tuting.
CVEC — bu, kampuslar va talabalar dasturlarini rivojlantirish uchun majburiy talaba to‘lovi. Usiz dars jadvali berilmaydi va mashg’ulotlar qo‘yilmaydi. Bir yil uchun 105 € to‘ladim. Narx har yili o‘zgarib turadi. Faqat onlayn to‘lov qilish mumkin.
CAF — bu, xona uchun ijara to‘lovining bir qismini qoplaydigan dastur. Ko‘chib kirgandan keyingina ariza topshirish mumkin. Ko‘rib chiqish bir necha oy davom etadi, lekin pul kompensatsiya qilinadi: menga bir oylik 600€ dan taxminan 235 € qaytarib berishdi.
Siz faqat rasmiy ravishda turar-joy ijaraga olgan bo‘lsangizgina CAF uchun ariza berishingiz mumkin. Kvartira egasi bilan shartnoma tuzmasdan hisob-kitob qilsangiz, soliq chegirmasini olish imkoniyati bo‘lmaydi. To‘lovni O‘zbekistondagidek kartaga o‘tkazib bo‘lmaydi, faqat bank orqali hisob raqamiga o‘tkazish kerak.
Kampusda deyarli bir yil yashadim, chunki amaliyotli ish topolmadim va ertaroq chiqib ketishga majbur bo‘ldim. Ikkinchi kursdan esa dugonam bilan shahar tashqarisidagi uyning butun bir qavatini ijaraga oldik. Bu yerda ijara narxi kishi boshiga 700 €, lekin yashash ancha qulayroq bo‘ldi.
Tibbiy sug’urta. Dastlabki ikki oy davomida menda elchixonadan Aprel sug’urtasi bor edi, bu vaqt ichida bepul davlat ameli’sini ro‘yxatdan o‘tkazdim.
Transport kartasi. 26 yoshgacha bo‘lgan talabalar Imagine R nomli metro, avtobus va elektrichkalar uchun yagona yo‘l chiptasini rasmiylashtirishlari mumkin. Oyiga 42 € turadi, bu bir martalik sayohatlardan ancha arzon.
Fransiyada o‘qish haqida nimalarni bilish kerak
Fransiyadagi ta’lim men tasavvur qilganimdan umuman farq qilar ekan va O‘zbekistondagi ta’limdan keskin ajralib turadi.
Fransiya universitetlari intizomga qat’iy rioya qiladi. Bu yerda kechikish, darslarni o‘tkazib yuborish va ko‘chirish kechirilmaydi. Barcha yozma ishlar Moodle va AI Turnitin tizimlarida plagiat tekshiruvidan o‘tadi. Agar talaba ko‘chirish paytida qo‘lga tushsa, uni darsdan chetlashtirib, akademik direktor huzuriga chaqirishlari mumkin.
Dars qoldirishlar ham nazorat ostida: shifokordan ma’lumotnoma yoki oilaviy vaziyatning rasmiy tasdiqlanishi talab etiladi. Ko‘p qoidabuzarliklar uchun stipendiyadan mahrum qilishlari mumkin.
Ta’lim amaliyotga asoslanadi. Grenoble École de Management’da amaliy kurslar va jamoaviy ishlarga e’tibor qaratiladi. Topshiriqlarning ko‘p qismi guruhli loyihalardan iborat: bu, turli mamlakatlardan kelganlar bilan til topishga, tajriba almashishga va kelishishni o‘rganishga yordam beradi.

Bazaviy fransuz tili kerak. Usiz kundalik hayotda ham qiyin bo‘ladi — hujjatlarni tartibga solish, turar-joy topish, transportdan foydalanish va oddiy muloqot qilish uchun ham qiyinchiliklar tug’iladi.
Birinchi kursda majburiy fransuz tili darsi bor, unda talabalar uchun til bilimlarini oshirib, talaffuzni amaliyotda qo‘llash imkoniyati bor. Mening darajam yaxshi edi, shuning uchun meni Speaking Club’ga — erkin so‘zlasha oladigan, lekin parijliklardek tabiiy ohangda gapirmoqchi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan suhbat guruhiga yo‘naltirishdi.
Har bir fanga puxta tayyorlanishga harakat qilaman. Bizda guruhli topshiriqlar ko‘p — bu, hamkasblar bilan tanishishga, tajriba almashishga va ko‘p qiziqarli narsalarni bilib olishga yordam beradi.

Parijda o‘qish va yashash qancha turadi
2-yil davomida faqat asosiy xarajatlar uchun deyarli 32 400 €, taxminan 456,5 mln so’m sarfladim. Bu summaga oziq-ovqat, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak va idish-tovoq kabi maishiy buyumlar kirmaydi. Kerakli narsalarning bir qismini uydan olib kelish yoki tayyor jigozlangan xonani ijaraga olish mumkin.

Fransiyada o‘qish oson bo‘lmadi, lekin menga katta tajriba va ishonch berdi. Bitirganimdan keyin amaliyot o‘tashni rejalashtiryapman — yiliga uch marta qabul e’lon qilinadi, men birinchisiga ulgurmoqchiman.
Boshqa talabalarga hujjatlar bilan yordam berish uchun Fransiyada turli yo‘nalishlarda o‘qiyotgan yoki endi o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlar uchun chat yaratdim. Kiring — yordam berishdan hursand bo‘lamiz.


.jpg)