Qachon FHDYO orqali ajrashish mumkin?
FHDYO orqali faqat eng oddiy holatlarda ajrashish mumkin, agar ikkala tomon ham rozi bo‘lsa, umumiy voyaga yetmagan farzandlar va mol-mulk nizolari bo‘lmasa. Birgalikda ariza topshiriladi: yoki er-xotin ikkovlari kelishadi, yoki biri ikkinchisining oldindan imzolangan va notarial tasdiqlangan arizasini olib keladi.
Arizani qabul qilgandan so‘ng FHDYO yarashish uchun uch oy vaqt beradi. Agar shu vaqt ichida fikringizdan qaytmasangiz, belgilangan kunda sizga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beriladi.
Ba’zi hollarda faqat ariza topshirishning o‘zi kifoya. Masalan, agar er yoki xotin bedarak yo‘qolgan bo‘lsa, sud ularni muomalaga layoqatsiz deb topgan bo‘lsa yoki ular uch yildan ortiq muddatga qamalgan bo‘lsa. Shunda ikkinchi tomondan rozilik so‘ralmaydi, lekin arizaga sud qarorlarini ilova qilish kerak bo‘ladi. Bunday vaziyatda ajrim odatdagidan tezroq — taxminan bir oy ichida rasmiylashtiriladi. Aniq sanani esa FHDYO belgilaydi.
Ariza qanday topshiriladi. Er-xotinning yashash joyidagi istalgan FHDYO bo‘limiga murojaat qilish mumkin. O‘zingiz bilan pasport, nikoh guvohnomasi va davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya bo‘lishi kerak.
Narxi qancha. Ajrim uchun davlat boji — BHM’ning 1,5 baravari yoki 2025-yil sentyabr holatiga 618 000 so‘m. Er-xotin uni birgalikda yoki ikkiga bo‘lib to‘lashlari mumkin: shunda har kim zagsga o‘z kvitansiyasini olib keladi. Agar ajrim bedarak yo‘qolgan, muomalaga layoqatsiz yoki uch yildan ortiq muddatga sudlangan shaxs bilan rasmiylashtirilsa, davlat bojini to‘lash shart emas.
Belgilangan kunda er-xotindan hech bo‘lmaganda bittasi FHDYO bo‘limiga kelishi kerak. Hech kim kelmasa, ajrim rasmiylashtirilmaydi. Agar er-xotindan biri kelsa, ajrim ro‘yxatga olinadi va darhol guvohnoma beriladi. Ikkinchi turmush o‘rtoq o‘z nusxasini keyinroq olishi mumkin.
Sudga ajrim arizasi qachon beriladi?
Er-xotin FHDYO bo‘limida ajrasha olmaydigan barcha hollarda sud orqali ajrim qilinadi: jumladan, ularning umumiy voyaga yetmagan farzandlari bor bo‘lsa, er yoki xotindan biri ajrashishga rozi bo‘lmasa, mol-mulkni taqsimlash, aliment belgilash yoki nikoh shartnomasi mavjud bo‘lgan holatlarda.
Erkaklar uchun cheklov bor. Qonunga ko‘ra, agar ayol homilador bo‘lsa yoki bola tug’ilganiga bir yil to‘lmagan bo‘lsa, er xotinining roziligisiz ajrashish uchun ariza topshira olmaydi.
Da’vo arizasi qanday beriladi? Odatda, u javobgarning yashash joyidagi sudga beriladi. Lekin, da’vo arizasini bolasi bilan birga yashaydigan ayol bersa yoki uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bo‘lsa, ariza uning manzilidagi sudga ham berilishi mumkin. Hujjatlarni onlayn — my.sud.uz portali orqali ham topshirish mumkin. U yerda arizalarning tayyor shablonlari va davlat boji kalkulyatori bor, uning yordamida sud uchun qancha to‘lash kerakligini oldindan hisoblab chiqish mumkin.
Arizada nima yozish kerak? Arizani erkin shaklda tuzish mumkin. Odatda nikoh qayd etilgan sana hamda joy, er-xotinning ma’lumotlari va ajrim sababi ko‘rsatiladi. Oddiy yozsa ham bo‘ladi: “Birgalikdagi yashay olmaymiz va yarashish imkoni yo’q.” Shuni o‘zi yetadi.
Keyin barcha talab va shartlaringizni yozing. Masalan, nikohgacha bo‘lgan familiyaga qaytish, farzandlar siz bilan qolishi, eringiz esa ular bilan qulay vaqtda ko‘rishishi. Agar mol-mulk bo‘lsa, uni qanday taqsimlanish kerakligi haqida taklif kiriting. Masalan: Kvartira va mebel xotinga, mashina va dala hovli erga qoladi. Lekin, to‘y xarajatlarini qaytarishni talab qilishdan ma’no yo‘q: sud bunday talablarni ko‘rib chiqmaydi.
Agar siz zo‘ravonlikka duch kelgan bo‘lsangiz, buni arizada ko‘rsatish kerak. Bunday hollarda sud yarashish muddatini belgilamaydi.
Qanday hujjatlar kerak. Pasport, nikoh guvohnomasi, bolalarning tug’ilganligi haqida guvohnomalar, mol-mulk hujjatlari va boj to‘langanligi to‘g’risidagi kvitansiya. Nikoh shartnomasi bo‘lsa, uni ham qo’shish mumkin.
Qancha kutish kerak. Sud da’voni 15 kun ichida ko‘rib chiqadi. Ba’zan u ishni keyinga qoldirib, yarashish uchun olti oygacha muhlat berishi mumkin. Bunday holda sud, bu haqda er-xotinning yashash joyidagi MFYga xabar beradi, komissiya esa er-xotinga munosabatlarni tiklashga yordam berishga harakat qiladi.
Ajrim to‘g’risidagi sud qarori bir oydan keyin kuchga kiradi. Bu muddat er-xotindan biri rozi bo‘lmagan holda apellyatsiya berishi uchun ajratilgan.
Shikoyatlar bo‘lmasa, qaror kuchga kiradi. Faqat shundagina FHDYO bo‘limiga borish mumkin: u yerda ajrimni yozib olishadi va guvohnoma berishadi. Qaror kuchga kirmaguncha, siz qonuniy nikohdagi er-xotinsiz.
Narxi qancha? Sud orqali ajrim qimmatga tushadi, chunki davlat boji ikki marta to‘lanadi. Advokatga murojaat qilsangiz, uning ishiga haq to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Narx ishning murakkabligi va mutaxassisning tajribasiga bog’liq. Taxminan, da’voni tayyorlash va taqdim etish bir soat uchun 500 ming so‘mdan, sudda vakillik qilish esa 6 million so‘mdan boshlanadi.
Birinchi bojni sudga da’vo arizasi berganingizda to‘laysiz. Davlat boji birinchi nikoh yoki takroriy nikoh ekanligiga qarab BHM’ning 2 yoki 4 baravari belgilanadi. 2025-yil sentyabr holatiga ko‘ra bu, 824 000 va 1,648 mln so‘mni tashkil etadi.
Ikkinchi bojni qaror kuchga kirib, siz guvohnomani olish uchun FHDYO bo‘limiga kelganingizda to‘laysiz. Bu yerda ham ajrimni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun boj olinadi:
- Agar bu, ikki kishi uchun ham birinchi nikoh bo‘lsa, BHM’ning 1,5 baravaridan 3 baravarigacha, ya’ni 618 000 so‘mdan 1 236 000 so‘m;
- Agar er-xotindan biri ilgari nikohda bo‘lgan bo‘lsa, BHM’ning 3 baravaridan 4 baravarigacha — 1 236 000 so‘mdan 1 648 000 so‘m.
Ajrimdan keyin nima qilish kerak?
Ajrimdan so‘ng hujjatlarni tartibga solish muhim. Agar familiyangizni o‘zgartirgan bo‘lsangiz, pasport yoki ID-karta, xorijga chiqish pasporti va haydovchilik guvohnomasini yangilashingiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, ism-sharifingiz ko‘rsatilgan bank kartalari va mol-mulk hujjatlarini almashtirishingiz kerak.
Bolalarning familiyasi o‘zgarmagan va ota-onalardan hech biri huquqdan mahrum qilinmagan bo‘lsa, ularning hujjatlarini qayta rasmiylashtirish shart emas. Agar bola siz bilan birga familiyasini o‘zgartirsa, unda uning hujjatlariga ham o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘ladi: tug’ilganlik haqidagi guvohnoma, pasport yoki ID-karta.