Tomoq bezlarini yuvish
Bu nima? Bodomsimon bez shilliq qavatda to‘planib qoladigan qoldiqlarni olib tashlash jarayoni. Tibbiy tilda — tonzillolitlar deb ataladi.
Nega u shart emas? Tomoqda noqulaylik yoki kuchli yallig‘lanish bo‘lmasa, qoldiqlar bo‘lishi normal holat. Agar ular haqiqatan xalaqit qilayotgan bo‘lsa, muolajani 1–2 marta qilishning o‘zi yetadi. 10–15 ta muolajali kurslarni olishdan ma’no yo‘q. Qancha tejash mumkin? Taxminan 800 000 so‘m.
Immunitetni ko‘taradigan kapelnitsalar
Bu nima? Tomir orqali har xil dori vositalarini yuborish, odatda bular vitaminlar, antioksidantlar va immunitetni kuchaytiruvchi vositalardir.
Nega pul sarflashga arzimaydi? Vitaminlar va antioksidantlar infeksiyalardan himoya qilmaydi va shamollashni davolamaydi. Ko‘pchilik odamlar barcha kerakli vitaminlarni ovqatlanish orqali oladi. Immunomodulyatorlar esa sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Qancha tejash mumkin? O‘rtacha 2 000 000 so‘m.

Burun yuvdirish
Bu nima? Burun ichini yuvish. Gaymorit bo‘lganda shifokorlar buni juda ko‘p tavsiya qilishadi. Nega shart emas? Burunni dorixonadagi oddiy tuzli suv yoki tayyor spreylar bilan yuvish ham xuddi shunday foyda beradi. “Kukushka” muolajasi esa noqulay va hatto og‘riqli bo‘lishi mumkin. Bu muolaja burun shishini kuchaytirib, qon ketishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Qancha tejash mumkin? Kamida 150 000 so‘m.
Qonni lazer bilan tozalash
Bu nima? Bizda buni ko‘pincha “qonni lazer bilan tozalash” deb atashadi. Bunda tomir ichiga lazerli kichik igna kiritiladi.
Nega pul sarflashga arzimaydi? Bu muolajaning birorta foydasi haqida ilmiy isbot yo‘q. U na immunitetni ko‘taradi, na yurak va qon tomirlarini yaxshilaydi. Undan tashqari, tomirga igna sanchishning xavflari ham bor — masalan, infeksiya tushib qolishi mumkin.
Qancha tejash mumkin? O‘rtacha 1 000 000 so‘m.

Ozonoterapiya
Bu nima? Ozon gazi yoki uning mahsulotlarini tomir ichiga yuborish orqali davolash.
Nega pul sarflashga arzimaydi? Masalan, AQSHda ozon generatorlarini tibbiy maqsadlarda ishlatish taqiqlangan, chunki bu gazdan nafas olish juda zararli. Suyuqlik bilan yuborilganda u xavf tug‘dirmasligi mumkin, lekin birorta kasallikni davolashda uning foydasi isbotlanmagan.
Qancha tejash mumkin? Kamida 500 000 so‘m.
Hijoma
Bu nima? Qon oldirishning bir turi. Bunda terida kichik kesiklar qilinadi va ustidan qizdirilgan vakuum bankalari qo‘yiladi.
Qanchalik ishonchli? Ushbu usulning foydasi haqida ilmiy isbot yo‘q. Muolaja esa ancha xavfli — terida kesiklar, ko‘karishlar, shishlar, hatto chandiqlar ham qolishi mumkin. Ko‘p qon yo‘qotish va infeksiya tushib qolishi ham mumkin.
Qancha tejash mumkin? 800 000 so‘mdan boshlab.

Plazmaferez (qonni tozalash)
Bu nima? Qonni zararli moddalar va “keraksiz” hujayralardan tozalash. Qon maxsus apparatdan o‘tkaziladi va tomirga qayta quyiladi.
Nega bunda ma’no yo‘q? Bu muolaja kamdan-kam uchraydigan va juda og‘ir holatlarda tavsiya qilinadi. Psoriaz, allergiya yoki qon bosimi oshishi kabi keng tarqalgan kasalliklarda bu muolajaning foydasi va ehtiyoj ham yo‘q.
Qancha tejash mumkin? 2 000 000 so‘mdan boshlab.

.webp)

.webp)