Operatsion tizim
Operatsion tizim (OT) yordamida foydalanuvchi kompyuterda ishlaydi va kerakli dasturlarni ishga tushiradi. Oddiy ishlar uchun asosan Windows yoki macOS ishlatiladi. Dasturchilar esa ko‘proq Linux’dan foydalanishadi.
Bozorda eng ko‘p uchraydigan noutbuklar Windows tizimida ishlaydi. Hozirgi kunda eng yangi versiya bu Windows 11. Shuning uchun shu tizim o‘rnatilgan noutbuklarni tanlagan ma’qul. Windows 10 o‘rnatilgan noutbuk sotib olsangiz, uni bepul yangilash mumkin. Buning uchun noutbuk Microsoft talab qilgan texnik parametrlarga to‘g‘ri kelishi kerak.
Apple noutbuklari macOS tizimida ishlaydi. Ko‘rsatkichlari bir xil bo‘lsa ham, ular Windows noutbuklaridan qimmatroq sotiladi.
Operatsion tizimsiz sotiladigan noutbuklar ham bor. Bu modellar arzonroq sotiladi. Lekin ularga operatsion tizimni alohida sotib olib, o‘rnatish kerak.
Protsessor
Protsessor - bu noutbukning miyasi. Barcha ma’lumotlar aynan protsessor orqali qayta ishlanadi. Noutbukning ishlash tezligi va hamma hisob-kitoblari protsessorga bog‘liq. Model nomida raqam bo‘ladi. Masalan, Intel Core i5, i7, i9 yoki AMD Ryzen 5, 7, 9. Bu raqam qancha katta bo‘lsa, protsessor shunchalik kuchli bo‘ladi.
Kuchliroq protsessorlarda yadrolar soni ham odatda ko‘proq bo‘ladi. Bu noutbukga bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishgaa yordam beradi. Masalan, bir nechta dastur va o‘nlab internet sahifalari ochiq turganda ham kompyuter tez ishlayveradi.
Protsessorlar bir-biridan yana ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi bilan farq qiladi. Bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa, noutbuk vazifalarni tezroq bajaradi.
Protsessorlarda adashib qolmaslik uchun ularning raqamiga qarang. Masalan, hujjatlar bilan ishlash yoki Zoom’da gaplashish uchun Intel Core i3 yoki Ryzen 3 yetadi. Ularning narxi ham arzon. Bir vaqtning o‘zida bir nechta dastur bilan ishlasangiz, Intel Core i5 yoki i7, Ryzen 5 yoki 7 ga o'xshaga kuchliroq variantlarni tanlang. Ular video montaj va grafika bilan ishlash uchun ham mos keladi.
Intel Core i9 darajasidagi protsessorlar faqat murakkab muhandislik dasturlari va kuchli o‘yin noutbuklari uchun kerak. Oddiy foydalanuvchilar uchun esa bunday kuchli protsessor shart emas.
Lekin faqat protsessordagi raqamga qarab xulosa qilmang. Ba’zi hollarda past klassdagi protsessor yuqori klassdagidan tezroq ishlashi mumkin. Masalan, ayrim testlarda Ryzen 5 Ryzen 7’dan yuqori natija ko‘rsatadi. Shuning uchun noutbuk olishdan oldin, siz tanlagan protsessor mustaqil test reytinglarida nechanchi o‘rindaligini ko‘ring. Reytinglarni PassMark, Technical Сity, Geekbench yoki NotebookCheck saytlarida ko‘rish mumkin.
Operativ xotira yoki RAM
Bu noutbuk ayni paytda ishlatayotgan ma’lumotlarni vaqtincha saqlaydigan xotira. Oddiyroq aytganda, operativ xotira qancha katta bo‘lsa, kompyuter bir vaqtning o‘zida shuncha ko‘p ma’lumot bilan ishlay oladi. Hech qanday dastur ochilmagan bo‘lsa ham, operativ xotiraning bir qismi band bo‘ladi. Masalan, tizim kerakli ma’lumotlarni yangilab turishi mumkin.
Hozirgi zamonaviy noutbuklarda 8, 16, 32 va 64 GB operativ xotiralar bir. Oddiy vazifalar uchun 16 GB xotira yetadi. Grafik dizaynga o‘xshagan og‘irroq ishlar uchun esa 32 GB xotirasi bor noutbuk tanlagan ma’qul.
Videokarta
Noutbuk ekraniga tasvirni chiqarib berishga javob beradi. U protsessorning ichida yoki alohida bo‘lishi mumkin. Birinchi variant oddiy ofis ishlari va internetda ma’lumot qidirish uchun bemalol yetadi. Hozirgi zamonaviy noutbuklarda u fotosuratlarni tahrirlash va oddiy video montaj ishlarini ham qiynalmasdan bajaradi.
O‘yinlar, video montaj, render qilish yoki shunga o‘xshash murakkab vazifalar uchun esa alohida (diskret) videokarta kerak. Bularni ishlab chiqaradigan eng mashhur brendlar NVIDIA va AMD Radeon. Bir avlod va bir toifaga tegishli videokartalarning nomidagi raqam qancha katta bo‘lsa, videokarta shuncha kuchli bo‘ladi. Masalan, RTX 5090 videokartasi RTX 5080 ga qaraganda ancha kuchliroq.
Xotira
Bu kompyuterdagi hamma ma’lumotlar, masalan, dasturlar va ularning sozlamalari saqlanadigan joy. Xotira qancha katta bo‘lsa, noutbukka shuncha ko‘p fayl yuklash mumkin. Hozir noutbuklarda asosan tez SSD disklari ishlatiladi. Oldin keng tarqalgan HDD qattiq disklardan hamma asta-sekin voz kechmoqda. Hozir HDD faqar eng arzon noutbuklarda yoki qo‘shimcha xotira sifatida uchrashi mumkin.
SSD xotira hajmi 256 GB dan 1 TB gacha bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilikka 512 GB yetadi. Lekin katta hajmdagi fayllarni saqlaydigan og‘ir ishlar uchun bundan ham kattaroq xotira kerak.
Qo‘shimcha xususiyatlar
Ekran. Ish uchun ekrani 13 dyuymdan kam bo‘lmagan noutbukni tanlagan yaxshi. Agar qurilmaning ixchamligi va olib yurishga qulayligi unchalik muhim bo‘lmasa, bemalol 15 dyuym yoki undan kattasini tanlashingiz mumkin. Ekran qanchalik katta bo‘lsa, unda ishlash shunchalik qulay bo‘ladi.
Yana ekran matritsalari har xil bo‘ladi, ulardan yo IPS, yo OLED to‘g‘ri keladi. IPS — yaxshi yorqinlikka va rang uzatishga ega klassik variant. OLED bilan ko‘chada ishlash unchalik qulay emas.Quvvati ham nisbatan tezroq tugaydi. Lekin, OLED yorqinroq, kontrasti yuqoriroq va ranglarni ham yaxshi ko‘rsatadi.
Ekran tiniqligini ham unutmaslik kerak. Eng kamida Full HD (1920x1080) bo‘lgani yaxshi. Bundan kami ko‘zni toliqtiradi. 60 Gts dan boshlanadigan ekran oddiy ishlar uchun yetarli. 90 yoki 120 Gts ekranlarda esa sahifalarni aylanishi va animatsiyalar ancha silliq ko‘rinadi.

Portlar. Bu noutbukka tashqi qurilmalarni ulash joylari. Monitor uchun HDMI, quvvatlash va tashqi qurilmalar uchun USB-C, eski turdagi qurilmalar uchun USB-A, SD-karta sloti, simli garnitura uchun audio ulagich bor. Noutbukni tanlashdan oldin sizga kerak bo‘ladigan portlar borligini tekshiring. Bolmasa‘, qo‘shimcha adapter sotib olishga to‘g‘ri keladi.
Apple noutbuklarida oddiy USB-C o‘rniga Thunderbolt yuqori tezlikdagi USB-C portlari o‘rnatilgan. Ularda USB-A va boshqa ba’zi portlar yo‘q, chunki kompaniya asosiy e’tiborini simsiz texnologiyalarga qaratgan. Yupqa va yengil noutbuklarning og‘irligini oshirib yubormaslik uchun ularga kamroq port o‘rnatishadi.

Kamera. Kamera Zoom yoki Google Meet orqali hamkasblar va mijozlar bilan onlayn uchrashuvlar uchun kerak. Oddiy gaplashib turish uchun HD 720p ham yetadi, lekin kamerada hamkasblaringizga qog‘oz yoki hujjatlarni ko‘rsatib turishingiz kerak bo‘lsa, yaxshisi Full HD kamerani tanlang.
Batareya: Ofisda hamma joyda rozetka bo‘ladi, lekin yo‘lda yoki safarlarda noutbukning quvvati qancha uzoqqa yetsa, shuncha yaxshi. Masalan, MacBook Air M5 bitta quvvat bilan 18 soatgacha, Lenovo ThinkPad T14s Gen 6 esa 21 soatgacha ishlay oladi. Kundalik foydalanishda noutbukning ishlash vaqti biroz kamroq bo‘lishi mumkin.
Batareya hajmiga qarabgina tanlov qilish ham to‘g‘ri emas. Noutbukning zaryadi qancha vaqtga yetishi uning ichki qismlari qanday ishlashiga ham bog‘liq. Masalan, o‘yin qurilmalarida baquvvat batareyalar bo‘ladi, lekin ularning quvvati tez tugashi mumkin. Qiyinroq vazifalarni bajarishda u ko‘p energiya sarflaydi. Yengil va yupqa ofis noutbuklarida akkumulyator kichik bo‘lsa ham, ancha uzoqqa chidaydi. Chunki ularga elektrni tejab ishlatadigan protsessorlar qo‘yiladi.
Klaviatura. Ba’zi noutbuklarda o‘ng tomonda alohida raqamlar, ya’ni Numpad bo‘ladi. Numpad 15 dyuymdan kattaroq ekranli noutbuklarda yoziladi. ixcham modellarda va Apple noutbuklarida esa odatda bo‘lmaydi. Boshqa tomonlama noutbuk klaviaturalari deyarli bir xil. Faqat arzonroq modellarda tugmalar unchalik qulay bo‘lmasligi mumkin. Masalan, probel tugmasining cheti bosilganda buyruq ishlamasligi mumkin.
Ishlashga mos noutbuk modellari

Noutbukni kafolati bilan qayerdan olsa bo‘ladi
Onlayn. Shoshilmasdan modelni tanlash va narxlarni solishtirish mumkin. Onlayn xarid qilganda ko‘pincha chegirmalar va aksiyalar, masalan, foizsiz muddatli to‘lov bo‘ladi. Sotuvchilarning takliflarini albatta solishtiring.
O‘zbekistonda yangi noutbuklar sotiladigan mashhur saytlar: nout.uz, age.uz, pcmarket.uz, ispace.uz, lenovouzbekistan.uz, hpstore.uz, etg.uz, mediapark.uz, asus-store.uz, idea.uz, olx.uz.
Noutbukni chet eldan buyurtma qilmoqchi bo‘lsangiz, buni qanday qilish haqida “O‘zbekistonda turib, chet el do‘konlaridan buyurtma berish bo‘yicha qo‘llanma” maqolamizda tushuntirganmiz.
Oflayn. Noutbukni bozordan yoki rasmiy do‘konlardan olish mumkin. Eng qulayi, kerakli modelni oldindan internetdan tanlab qo‘yish. Shunda do‘konda chalg‘ib qolmaysiz va turli modellarning xususiyatlarini xotirjam solishtira olasiz. Abu Saxiy yoki Malika bozorlaridagi do‘konlardan ham olsa bo‘ladi. Faqat brendning rasmiy vakilidan olishga harakat qiling . Shunda sizga chek va kafolat berishadi.
Ishlatilgan. Bunda pulni tejash mumkin. Faqat xarid vaqtida noutbukni yaxshilab tekshirish kerak. olx.uz da yaxshi holatdagi noutbuklarni to‘psa boladi.
Nimalar kerak bo‘ladi
Noutbuk tirgagi. Noutbuk ishlayotganda tez qizib ketsa, sovutkichli yoki oddiy tirgaklar yordam beradi.
Sichqoncha. Zamonaviy noutbuklarda tachpad qanchalik qulay bo‘lmasin, ba’zi ishlar uchun oddiy sichqoncha qulayroq.
Qo‘shimcha yorug‘lik. Ekranning o‘zidan tashqari stol ustidagi qog‘oz hujjatlar ham yaxshi ko‘rinib turishi uchun kerak.
Qo‘shimcha monitor. Kattaroq o‘lchamdagi, masalan, 27 yoki 32 dyumli ekran. Masalan, 27 yoki 32 dyuymli monitor bir nechta oyna va hujjat bilan ishlaganda juda qo‘l keladi. Dasturchilar uchun ham qulay, chunki kod bilan kichik noutbuk ekranida ishlash noqulay bo‘ladi.
Klaviatura. Noutbukning klaviaturasida yozish noqulay bo‘lsa, alohida klaviatura olish mumkin. Stol yonida ishlaganda ham qulayroq bo‘ladi, chunki noutbukga egilib yoki qo‘lni uzoqqa cho‘zib o‘tirishga to‘g‘ri kelmaydi.

Yana nimalarni bilish kerak
- Qimmat noutbuklar har doim ham eng kuchlisi degani emas. Ba’zan narx ekran matritsasi, yengil korpus, sifatli ovoz yoki boshqa parametrlar hisobiga yuqori bo‘ladi. Shuning uchun har doim texnik xususiyatlarni o‘rganib chiqing.
- Keyinchalik kuchaytirib olarman deb arzon noutbuk olmang. Zamonaviy noutbuklarda xotira yoki SSD ko‘pincha plataga yopishtirilgan bo‘ladi. Shuning uchun ularni shunchaki yechib, yangisiga almashtirishning iloji yo‘q.
- Ish uchun juda kuchli texnika shart bo‘lmasa, o‘yin noutbukini olmang. Ular kuchli bo‘lgani bilan, ancha katta va og‘ir bo‘ladi.
- Ultrabuklar va transformerlarni o‘zingiz bilan olib yurish qulay, quvvati ham bemalol uzoqqa yetadi. Lekin murakkab vazifalarda qizib, sekinlashishi mumkin. Sotib olishdan oldin ularning protsessor kuchiga qarang.
- Onlayn buyurtma qilgan bolsangiz ham, xarid qilishdan oldin noutbukni tekshirib oling. Korpusining yig‘ilish sifatini, klaviatura va tachpadiga e'tibor bering. Masalan, sifatsiz plastik yoki noqulay tugmalar noutbukdan har kuni foydalanishni qiyinlashtiradi.
