Vakansiya saytlari
Asosiy platformalar: hh.uz, ishkop.uz va olx.uz. Ular juda qulay. Takliflarni “tajribasiz” yoki “stajirovkalar”ga ajratib olish mumkin. Arizalar saytning o‘zida yuboriladi.
Talabalar va bitiruvchilar takliflarni osonish.uz platformasidan ham izlashlari mumkin. U Bandlik vazirligi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari bazasi asosida ishga tushirilgan.
Lekin, ba’zi platformalarda firibgarlarga duch kelish mumkin. Rozi bo‘lishdan oldin majburiyatlar, ish jadvali va sharoitlarini aniqlashtiring. Internetda kompaniya haqidagi izohlarni qidirib ko‘ring. Ish taklif qilayotganlarga esa hech narsa to‘lamang. Agar sizdan hujjatlarni rasmiylashtirish, tez ishga joylashtirish, trening, shartnomani tekshirish yoki boshqa narsa uchun pul so‘rashsa — sizni aldamoqchi bo‘lishyapti.

Telegram kanallar
Vakansiyalar yoki ta’limga bog‘liq kanallarni qidiring. U yerda yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yoki talabalar uchun stajirovkalar haqida e’lonlar bo‘lishi mumkin.
Misol uchun:
- “Creative Asia”;
- “UZ Career”;
- “Uzintern”;
- “NewUU Career Center”;
- “Uzdev Jobs”.
Kerakli takliflarni tez topish uchun kalit so‘zlarni kiriting. Masalan, stajirovka, yosh mutaxassis, amaliyot. Telegram-kanallarda ham firibgarlar uchrab turadi, ehtiyot bo‘lish kerak.

Mahalliy va xalqaro kompaniyalar
Ba’zi kompaniyalarda amaliyotchilar uchun maxsus dasturlar bor. Ba’zilari esa saytdagi vakansiyalar bo‘limiga e’lonlarni joylashtiradi. Stajirovka haqidagi ma'lumotlarni Instagram, LinkedIn yoki Telegramda ham topish mumkin. Agar aniq bir kompaniyada ishlamoqchi bo‘lsangiz, uning akkauntlari va kanallarini kuzatib boring.
Amaliyotchilarni muntazam oladigan bir nechta kompaniyalar misollari.
TBC Bank. Aktual stajirovkalarni vakansiyalar bo‘limidan topasiz. Bu marketing, IT va fintex yo‘nalishidagi stajirovkalar bo‘lishi mumkin.
Beeline Uzbekistan. Har yili talabalar va bitiruvchilar uchun “Bee Generation” stajirovka dasturini ishga tushiradi. O‘zingizni PR, marketing, dasturlash, ma’lumotlar bilan ishlash yo‘nalishlarida sinab ko‘rishingiz mumkin. Stajirovka, yo‘nalishga qarab 3 oydan 12 oygacha davom etadi. Eng yaxshi stajyorlar kompaniyada qoladi.
Uzum. Ko‘pincha moliya bo‘limiga stajyorlar qidirishadi. Stajirovka 3 oy davom etadi, keyin kompaniyaga ishga joylashish mumkin.
Yandex Uzbekistan. Muntazam ravishda turli xil stajirovkalar uchun IT mutaxassislar va talabalarni qabul qiladi. Eng yaxshi amaliyotchilarni ishga taklif qiladi.
Google — talabalar, shu jumladan xorijiy talabalar uchun dasturlar bor. Masalan, “Early Career Programs” doirasida muhandislik, UX-dizayn, marketing yo‘nalishlari bo‘yicha yozgi stajirovkalarda qatnashish mumkin.
Maxsus dasturlar
Ba’zan davlat yoki xalqaro nodavlat tashkilotlar o‘qish va stajirovkalar uchun maxsus loyihalar boshlaydi. Masalan, mamlakatda kerakli mutaxassislar sonini ko‘paytirish uchun. Talabalar uchun chet elda xalqaro stajirovka dasturlari ham bor. Masalan:
- “Unicef” — BMT bolalar fondi. Ba’zida talabalar va bitiruvchilar uchun stajirovkalar e’lon qiladi. Takliflarni saytning vakansiyalar bo‘limidan qidiring.
- “IT Park” — O‘zbekistonda IT-sohasini rivojlantirish loyihasi. Stajirovkaga kirish uchun so‘rovnoma to‘ldirish kerak.
- “UNDP” — BMTning O‘zbekistondagi rivojlanish dasturi. Stajirovkalar haqidagi e’lonlar vakansiyalar bo‘limiga joylashtiriladi.
- “Young Professional Internships Program” — Amerika tajribasi asosidagi O‘zbekistondagi stajirovka dasturi. Yangi takliflarni Instagram’da kuzating.
- “Tech4impact” — ayollarga IT-sohasida o‘z o‘rnini topishga yordam beruvchi notijoriy tashkilot. Takliflarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring.
- “Erasmus+” — Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi xalqaro stajirovka dasturi. Takliflarni maxsus platformadan qidirish kerak. Agar universitetingiz ushbu dastur bilan hamkorlik qilsa, stajirovkaga o‘qish orqali ham borsa bo‘ladi.

Universitet
Odatda stajirovka dasturlari o‘quv jarayonining bir qismi bo‘ladi. Universitet asosan yuqori kurs talabalariga amaliyot va qo‘shimcha ish taklif qiladigan kompaniyalar bilan ham hamkorlik qiladi. Ma’lumotlarni kafedradan, dekanatdan yoki karyera markazidan olish mumkin. Oliygohlar takliflarni topish, hujjatlarni tayyorlash va tavsiyanomalar berishda yordam ko‘rsatadi.
Masalan, Turin politexnika universitetida talabalar uchun yozgi stajirovka bor. Ular o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kompaniyalarda ishlab, sohadagi ilk tajribalarini orttiradilar. “INHA” universitetida kompaniyalar e’lonlar joylashtirishi va nomzodlarni ko‘rishi, talabalar esa mos takliflarni topib ariza topshirishi mumkin bo‘lgan platforma bor.

.webp)
