Vakansiya saytlari

Asosiy platformalar: hh.uz, ishkop.uz va olx.uz. Ular juda qulay. Takliflarni “tajribasiz” yoki “stajirovkalar”ga ajratib olish mumkin. Arizalar saytning o‘zida yuboriladi.

Talabalar va bitiruvchilar takliflarni osonish.uz platformasidan ham izlashlari mumkin. U Bandlik vazirligi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari bazasi asosida ishga tushirilgan.

Lekin, ba’zi platformalarda firibgarlarga duch kelish mumkin. Rozi bo‘lishdan oldin majburiyatlar, ish jadvali va sharoitlarini aniqlashtiring. Internetda kompaniya haqidagi izohlarni qidirib ko‘ring. Ish taklif qilayotganlarga esa hech narsa to‘lamang. Agar sizdan hujjatlarni rasmiylashtirish, tez ishga joylashtirish, trening, shartnomani tekshirish yoki boshqa narsa uchun pul so‘rashsa — sizni aldamoqchi bo‘lishyapti.

Saytlarda stajirovkalar bo‘yicha takliflar ko‘p. Ular doim yangilanib turadi. Manba: ishkop.uz

Telegram kanallar

Vakansiyalar yoki ta’limga bog‘liq kanallarni qidiring. U yerda yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yoki talabalar uchun stajirovkalar haqida e’lonlar bo‘lishi mumkin. 

Misol uchun:

Kerakli takliflarni tez topish uchun kalit so‘zlarni kiriting. Masalan, stajirovka, yosh mutaxassis, amaliyot. Telegram-kanallarda ham firibgarlar uchrab turadi, ehtiyot bo‘lish kerak. 

Telegram kanallarda yosh mutaxassislar uchun vakansiyalar va talabalar uchun stajirovkalar bor. Manba: NEWUU Career Center

Mahalliy va xalqaro kompaniyalar

Ba’zi kompaniyalarda amaliyotchilar uchun maxsus dasturlar bor. Ba’zilari esa saytdagi vakansiyalar bo‘limiga e’lonlarni joylashtiradi. Stajirovka haqidagi ma'lumotlarni Instagram, LinkedIn yoki Telegramda ham topish mumkin. Agar aniq bir kompaniyada ishlamoqchi bo‘lsangiz, uning akkauntlari va kanallarini kuzatib boring.

Amaliyotchilarni muntazam oladigan bir nechta kompaniyalar misollari.

TBC Bank. Aktual stajirovkalarni vakansiyalar bo‘limidan topasiz. Bu marketing, IT va fintex yo‘nalishidagi stajirovkalar bo‘lishi mumkin.

Beeline Uzbekistan. Har yili talabalar va bitiruvchilar uchun “Bee Generation” stajirovka dasturini ishga tushiradi. O‘zingizni PR, marketing, dasturlash, ma’lumotlar bilan ishlash yo‘nalishlarida sinab ko‘rishingiz mumkin. Stajirovka, yo‘nalishga qarab 3 oydan 12 oygacha davom etadi. Eng yaxshi stajyorlar kompaniyada qoladi.

Uzum. Ko‘pincha moliya bo‘limiga stajyorlar qidirishadi. Stajirovka 3 oy davom etadi, keyin kompaniyaga ishga joylashish mumkin.

Yandex Uzbekistan. Muntazam ravishda turli xil stajirovkalar uchun IT mutaxassislar va talabalarni qabul qiladi. Eng yaxshi amaliyotchilarni ishga taklif qiladi.

Google — talabalar, shu jumladan xorijiy talabalar uchun dasturlar bor. Masalan, “Early Career Programs” doirasida muhandislik, UX-dizayn, marketing yo‘nalishlari bo‘yicha yozgi stajirovkalarda qatnashish mumkin.

Valeriya Mikirtumova
TBC Bank bek-ofis xodimlari bilan hamkorlik bo‘limi katta mutaxassisi

Stajirovka uchun nomzodlarni baholashda, asosiy e’tibor tajribadan ko‘ra salohiyatga, fikrlash doirasiga va o‘zini tutish modellariga qaratiladi. Tajriba yo‘qligida quyidagilar muhim rol o‘ynaydi:

  • boshqa stajirovkalar va o‘quv loyihalari;
  • ixtisoslashgan ta’lim;
  • onlayn-kurslar va sertifikatlar;
  • xakatonlar va tanlovlarda ishtirok etganligi;
  • portfolio va shaxsiy loyihalar.

Biz “Bu inson o‘z rolida tez o‘sib, 3–6 oydan keyin natija keltira oladimi?” degan savolga javob qidiramiz. Tanlovning asosiy mezonlari: o‘rganishga moyillik, tizimli fikrlash, proaktivlik va, hatto gap kichik o‘quv yoki shaxsiy loyiha haqida ketsa ham, natija uchun javobgarlik.

TBC’da bu uchun aniq ko‘rsatkichlar bor. Nomzodning tizimli fikrlashini u o‘z tajribasi haqida qanday gapirib berishidan bilib olamiz:

Kuchsiz javob: “universitetda loyiha qilganman”.

Kuchli javob: “X vazifasi bor edi, men Y yondashuvni tanladim, chunki…, natijada Z ga erishdim, keyingi safar boshqacha qilgan bo‘lardim, masalan, mana bunday...”.

Intervyuga tayyorgarlik ko'rish uchun STAR metodikasidan foydalanishni tavsiya qilaman — bu abbreviatura vaziyat (situation), vazifa (task), harakat (action) va natija (result) degan ma’nolarni anglatadi. Hammasi mantiqli va ishonchli bo‘lishi uchun, vaziyatlarni oldindan tuzib chiqish va ushbu formula bo‘yicha javob tayyorlash kerak.

Proaktivlik — bu ham shunchaki “men tashabbuskorman” degani emas. Bu aniq harakatlar. Misol uchun, nomzodning o‘zi stajirovka topdi, kursni o‘tdi, shaxsiy loyiha qildi. O‘rganish qobiliyati nomzodning savollarni qanday qabul qilishidan ko‘rinadi — u o‘zini himoya qiladimi yoki fikr yuritishni, faraz qilishni, aniqlashtirishni boshlaydimi.

Biz qayta aloqa bilan ishlash va jamoaviy harakatni alohida baholaymiz. Stajirovka paytida bir ishni qayta-qayta bajarasiz. Shu uchun nomzod tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilishi va ulardan o‘sish uchun foydalanishi muhim.

Masalan:

Kuchsiz javob: nomzod o‘zini oqlaydi yoki javobgarlikni boshqasiga yuklaydi.

Kuchli javob: “ha, yaxshiroq qilish mumkinligini ko‘ryapman, men mana bunday qilib ko‘rgan bo‘lardim...”.

Jamoaviy ishda ham shunday — biz “yolg‘iz yulduzlar”ni emas, balki kelishishni, savollar berishni va jarayonga moslashishni biladigan odamlarni qidiramiz.

Motivatsiya va ongli tanlov ham juda muhim. Nomzod nimaga aynan shu sohaga va aynan bizga kelayotganini tushunishimiz kerak.

Kuchsiz javob: “o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman”.

Kuchli javob: “menga fintex sohasi X sababli qiziq, men Y ni o‘rganganman, stajirovka esa men uchun Z ni rivojlantirish usulidir”.

Biz “eng tajribali” nomzodni emas, yangi bilimlarni hammadan tezroq natijaga aylantira oladigan amaliyotchini tanlaymiz.

Maxsus dasturlar

Ba’zan davlat yoki xalqaro nodavlat tashkilotlar o‘qish va stajirovkalar uchun maxsus loyihalar boshlaydi. Masalan, mamlakatda kerakli mutaxassislar sonini ko‘paytirish uchun. Talabalar uchun chet elda xalqaro stajirovka dasturlari ham bor. Masalan:

IT Park'da yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar ham, vakansiyalar ham bor. Manba: it-park.uz

Universitet

Odatda stajirovka dasturlari o‘quv jarayonining bir qismi bo‘ladi. Universitet asosan yuqori kurs talabalariga amaliyot va qo‘shimcha ish taklif qiladigan kompaniyalar bilan ham hamkorlik qiladi. Ma’lumotlarni kafedradan, dekanatdan yoki karyera markazidan olish mumkin. Oliygohlar takliflarni topish, hujjatlarni tayyorlash va tavsiyanomalar berishda yordam ko‘rsatadi.

Masalan, Turin politexnika universitetida talabalar uchun yozgi stajirovka bor. Ular o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kompaniyalarda ishlab, sohadagi ilk tajribalarini orttiradilar. “INHA” universitetida kompaniyalar e’lonlar joylashtirishi va nomzodlarni ko‘rishi, talabalar esa mos takliflarni topib ariza topshirishi mumkin bo‘lgan platforma bor.