Bazaviy stipendiya: “4” va “5” baholarga o‘qiganlar uchun

569 000 so‘mlik bazaviy stipendiya davlat granti, ya’ni "budjet"da o‘qiydigan talabalarga beriladi. Talaba semestrni asosan “to‘rt” va “besh”lar bilan yopsa, hamda hech qanday akademik qarzi bo‘lmasa, stipendiya davom etadi.

Agar semestrda biror fan bo‘yicha "uch" chiqsa yoki qarz paydo bo‘lsa, stipendiya OTM tomonidan vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Talaba baholarini tiklagach va qarzlardan o‘tgach, to‘lov qayta boshlanadi.

A’lochi talabalar uchun oshirilgan stipendiya

683 000 so‘mlik oshirilgan stipendiya baholari faqat "besh" bo‘lgan yoki, agar universitetda reyting tizimi bo’lsa, 86 balldan yuqori natija ko‘rsatgan talabalarga beriladi.

Sharoit o‘zgarsa, masalan, qarz chiqqan yoki baholar pasaygan bo‘lsa — stipendiya avtomatik to‘xtaydi va talaba yana bazaviy stipendiyaga qaytadi. Natijalar tiklangach, oshirilgan stipendiyaga qaytish mumkin.

Ikki baravar stipendiya: kam ta’minlanganlar ro‘yxatidagi a’lochilarga

Ikki baravar stipendiya — bu ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kuchaytirilgan shakli. Uni faqat rasmiy ehtiyojmandlar reyestrida bo‘lgan, sessiyalarni faqat “besh” bilan yopadigan talabalar olishi mumkin.

To‘lov miqdori bazaviy stipendiyaning ikki baravari — oyiga taxminan 1,1 million so‘m. Qarorni universitetning maxsus komissiyasi qabul qiladi. Talaba reyestrda bo‘lsa ham, stipendiya avtomatik berilmaydi, hujjatlar va holat alohida ko‘rib chiqiladi.

Kontraktda o‘qiydiganlar stipendiya olishi mumkinmi?

Ha, mumkin — lekin faqat ikki holatda.

Agar talaba stipendiyali kontrakt tanlagan bo‘lsa. Bu oddiy kontraktdan qimmatroq bo’ladi, lekin evaziga talaba budjetdagilar kabi har oy bazaviy stipendiya oladi. Lekin bu faqat qarzlar va tartibbuzarliklar bo‘lmagandagina davom etadi.

Agar semestrni faqat “besh”lar bilan yopsа. Bunda OTM unga bazaviy stipendiyaning taxminan 20% miqdorida rag‘bat puli belgilashi mumkin — hozircha bu 110 000 so‘m atrofida.

Lekin kontraktda o‘qiydiganlar oshirilgan yoki ikki baravar stipendiya olish huquqiga ega emas. Bu to‘lovlar faqat budjet talabalari uchun.

Stipendiyalar bo‘yicha qisqa xulosa