Sifatli mahsulotni do‘konga qaytarish
Ba’zi holatlarda sifati joyida bo‘lgan mahsulotni ham do‘konga qaytarishingiz mumkin. Masalan, u sizga to‘g‘ri kelmadi yoki fikringiz o‘zgardi.
Xarid qilgan kundan boshlab 10 kun ichida qaytarasiz. Do‘kon sizga shu mahsulotning boshqa variantini taklif qilishi mumkin. Masalan, boshqa rang, o‘lcham yoki modelini. Agar yangi variant qimmatroq bo‘lsa, farqini to‘laysiz. Arzonroq bo‘lsa, do‘kon ortiqcha pulni qaytaradi. Agar bu variant ham sizga to‘g‘ri kelmasa, do‘kon pulingizni to‘liq qaytarishi kerak. To‘lovni qanday qilgan bo‘lsangiz, pul ham o‘sha usulda qaytariladi: naqd yoki kartaga.
Shartlari bor. Mahsulot oldin ishlatilmagan va shikastlanmagan bo‘lishi, qadoq va yorliqlari ham bo‘lishi kerak. Xaridni tasdiqlovchi hujjat, ya’ni chek ham esdan chiqmasin.
Bu qoida barcha tovarlarga ham tegishli emas — u faqat almashtirilmaydigan va qaytarib olinmaydigan mahsulotlar ro‘yxatiga kirmagan mahsulotlar uchun. Sotib olgandan keyin fikringizdan qaytishingiz mumkin bo‘lgan asosiy mahsulot turlari: kiyim-kechak va poyabzal, kanselyariya tovarlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va o‘yinchoqlar.
Sifatsiz mahsulot sotib olganda nima qilish kerak
Bunga muddati o‘tgan, zavod nuqsoni bor yoki sizga aytilmagan yashirin kamchiligi bo‘lgan mahsulotlar kiradi. Bunday holatda o‘zingizga mos variantni tanlang:
- Xuddi shunday, lekin nuqsonsiz mahsulotga almashtirish.
- Boshqa brend mahsulotiga almashtirib, narxdagi farqni hisoblash.
- Mahsulotni bepul ta’mirlash yoki ta’mirlash xarajatini qoplash.
- Nuqsonga qarab narxini kamaytirib, farqini qaytarish.
- Xaridni bekor qilib, pulni to‘liq qaytarib olish.
Qaysi variantni tanlashni sotuvchi emas, siz hal qilasiz. Masalan, siz pulingizni qaytarishni xohlasangiz-u, sotuvchi ta'mirlashga majburlasa — bu qonunga zid.
Ko‘p hollarda sifatsiz mahsulotni yaroqlilik yoki kafolat muddati tugagunga qadar qaytarish mumkin, lekin har doim ham emas. Agar mahsulot sotib olinayotgan vaqtda muddati o‘tgan bo‘lsa yoki unga kafolat muddati umuman belgilanmagan bo‘lsa, uni yarim yil (6 oy) ichida qaytarib berishingiz mumkin. Kafolat muddati juda qisqa — yarim yildan kam bo‘lgan holatlarda ham xuddi shu qoida amal qiladi. Masalan, siz 3 oylik kafolat bilan mikser sotib oldingiz, u 4 oyda zavod nuqsoni tufayli buzilib qoldi. Bunda ham qaytarishga haqlisiz.
Mavsumiy mahsulotlar uchun kafolat muddati sotib olingan kundan emas, o‘sha mavsum boshlangan davrdan hisoblanadi.
Chegirmadagi mahsulotlarni qaytarish
Chegirma yoki aksiya xaridorni tovarni qaytarish huquqidan mahrum qilmaydi, do‘konlardagi “Aksiyadagi tovarlar qaytarib olinmaydi” degan yozuvlar noqonuniy. Chegirmali mahsulotlar ham umumiy asoslarda qaytariladi yoki almashtiriladi. Ya’ni, kiyim va poyabzal o‘lchami yoki rangi mos kelmasa, ular almashtiriladi. Qaytarib bo‘lmaydigan mahsulotlarning nuqsoni yoki nosozligi bo‘lsa, qaytarish mumkin.
Sotuvchi chegirmadagi mahsulotni faqat bir holatda rad etishi mumkin. Agar u xariddan oldin aniq bir nuqson haqida sizni ogohlantirgan bo‘lsa. Masalan, noutbuk do‘kon oynasida uzoq turgani va tashqi ko‘rinishi yangidek bo‘lmagani uchun arzonlashtirilgan bo‘lsa, bu qaytarishga sabab bo‘la olmaydi. Lekin uyga olib borishingiz bilan ishlamay qolsa, sotuvchi pulingizni qaytarishga, uni boshqasiga almashtirishga yoki tekinga ta’mirlab berishga majbur.
Onlayn do‘kondan sotib olingan mahsulot
Qoidalar o‘sha o‘sha. Sifatli mahsulotni qaytarish muddati, uni olgan kundan boshlab 10 kun.
Shartlari ham bir xil: mahsulot ishlatilmagan va shikastlanmagan bo‘lishi, xaridni tasdiqlovchi hujjat ham saqlangan bo‘lishi shart. Nuqsonli mahsulot bo‘yicha esa kafolat muddati davomida murojaat qilish mumkin. Agar kafolat bo‘lmasa, e’tiroz bildirish uchun 6 oy vaqt beriladi.
Sifatli mahsulotni qaytarayotganda yetkazib berish xarajatini odatda xaridor to‘laydi. Agar nuqsonli mahsulot katta hajmli yoki 5 kilogrammdan og‘ir bo‘lsa, uni olib ketish xarajatini sotuvchi qoplashi kerak. Agar buning uchun o‘zingiz pul to‘lagan bo‘lsangiz, do‘kon bu xarajatni qaytarishi shart.
Do‘kon qonuniy ravishda pulni qaytarishdan bosh tortsa-chi
Agar sotuvchi mahsulotni almashtirib berishdan bosh tortsa yoki uning pulini va ketgan qo‘shimcha xarajatlarni qaytarmasa, quyidagicha yo‘l tuting:
Sotuvchi nomiga yozma da’vo ariza tayyorlang. Unda mahsulot qachon va qanday sharoitda sotib olinganini yozing, o‘z talablaringizni aniq ko‘rsating va chek nusxasini ilova qiling. Kafolat muddati bor mahsulotlar uchun qo‘shimcha texnik pasport ham beriladi.
Bu yerda eng muhimi — qog‘ozni tashlab ketish emas, balki sotuvchidan arizaning ikkinchi nusxasiga imzo qo‘ydirib, uni qaysi sanada qabul qilib olganini yozdirib olishdir. Agar do‘kondagilar da’vo arizasini qabul qilishdan bosh tortsa, uni kompaniyaning yuridik manzili bo‘yicha buyurtma xat shaklida pochta orqali yuboring.
Sifatsiz mahsulotni qaytarish uchun da’vo arizasi
Yuqori idoralarga shikoyat qiling. Agar da’vo arizangizga 10 kun ichida javob berishmasa yoki rad javobi kelsa, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga shikoyat qiling. Murojaatni yagona onlayn platforma orqali yuborish mumkin.
Yana, qo‘mitaning ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki yashash joyingizdagi hududiy boshqarmaga borishingiz ham mumkin.
Sudga murojaat qiling. Iste’molchi sifatida huquqlaringizni himoya qilib da’vo ariza kiritganingizda, davlat boji to‘lashingiz talab etilmaydi. Murojaatni o‘zingiz yashayotgan joydagi sudga yoki javobgarning manzili — masalan, kompaniyaning yuridik manzili yoki mahsulot xarid qilingan do‘kon manzilidagi sudga topshirishingiz mumkin.
