Xayriya qilish
O‘zbekistonda keraksiz buyumlarni qabul qilib, ularni ehtiyojmand oilalarga yetkazib beradigan xayriya tashkilotlari bor. Topshiriladigan buyumlar toza va butun bo‘lishiga ahamiyat bering. Ular boshqalarga ham xizmat qilishi kerak.
Buyumlarni qayerga topshirsa bo‘ladi:
- Xayriya fondlariga, masalan, Ona yoki Sog'lom Avlod Uchun fondlari yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan odamlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular yordam olayotganlar uchun kiyim-kechak va boshqa buyumlarni yig‘adi.
- “dobry container” loyihasi kiyim, poyabzal, kitob, o‘yinchoq, sochiq-choyshablar va idish-tovoqlarni qabul qilishadi.
- Mahalliy masjidlar, ibodatxonalar va mehribonlik uylari. Narsalarni mahalla idorasiga olib chiqsangiz ham bo‘ladi. Kimga nima kerakligini ular yaxshi bilishadi.
- Hayvonlar boshpanalariga. Mehr, “fourpaws_uz”, “gavchekuz”, “milie_koshki.uz”, Terra Vita, “Hayot” va boshqa joylarga borish mumkin. Ularni internetdan qidirib topasiz. Boshpanalarda hayvonlarni parvarishlash vositalari, kataklarni issiq tutish va ostiga to‘shash uchun eski ko‘rpa va boshqa matolar kerak bo‘ladi.
Buyumlarni olib borishdan tashkilotga qo‘ng‘iroq qilib, hozir nimalar kerakligini va qayerga olib borish mumkinligini bilib oling.
Narsalaringizni olib ketadigan joylarni OLX va shunga o‘xshash e’lon saytlaridan ham topsa bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Otdam darom Tashkent” yoki “Otdam darom — pomosh mamam” maxsus kanallari ham bor.
Boshqa buyumlarga almashtirish
Kiyim, kitob, texnika yoki mebellarni boshqa narsalarga almashtirsa bo‘ladi. Buni bir nechta yo‘llari bor:
- E’lonlar saytlari. Masalan, OLX’da ayrimlar buyumlarini sotish bilan birga, boshqasiga almashtirishga ham tayyor bo‘ladi. E’lonlarda "Almashtirish" degan yozuvni qidiring.
- Svoplar. Bu odamlar o‘zidagi narsalarini olib kelib, yoqqan boshqa buyumlarga almashtiradigan maxsus uchrashuvlar. Bunday tadbirlar haqidagi e’lonlarni Telegramdagi SWAP Uzbekistan kanali yoki SWAPBozor hamjamiyatidan topasiz.
Svopda qatnashishdan oldin tashkilotchilardan shartlarni surishtiring. Nimalarni, qanchadan olib kelish va olib ketish mumkinligini aniqlashtiring.

Sotish
Yaxshi holatdagi deyarli har qanday buyumni sotish mumkin. Bularga kiyim, mebel, texnika, gadjetlar, kitob va boshqalar kiradi.
Buyumlar sotiladigan joylar:
- E’lonlar saytlari: OLX, BirBir, Elbozor va boshqalar.
- Telegram va ijtimoiy tarmoqlar: “Baraxolka Uzbekistan”, “Kupi i proday”
- Do‘konlar va komission bo‘limlar. “Malika” bozorida texnikalarni yoki ularning ehtiyot qismlarini sotib olishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilgan telefonlarni oladigan joylarni ham topsa bo‘ladi.
- Eski buyumlarni sotib oladiganlar. Ularni ham e’lon saytlarida, Telegram kanallarida va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan topasiz.
Firibgarlarga aldanib qolmang. Ular pulni qabul qilish uchun asosan soxta havola yuborishadi. Havolaga kirsangiz, pulingiz yoki muhim ma’lumotlaringizni yo‘qotishingiz mumkin. Boshqa usul ham bor, to‘lovdan oldin mahsulotni jo‘natishni so‘rab, keyin aloqaga chiqmay qo‘yishadi.
Soxta havolalarni haqiqiysidan ajratib olish haqida “Zararli dasturni telefon yoki kompyuterdan qanday yo‘qotish mumkin” maqolamizda yozganmiz.
Qayta ishlash va qabul punktlariga topshirish
Buzilgan texnika, plastik, shisha, metall va qog‘ozlarni tashlab yuborish o‘rniga qayta ishlashga topshirish mumkin. Qabul qiladigan punktlarni 2GIS yoki istalgan boshqa xaritadan qidirib ko‘ring. Bunday buyumlar asosan vazniga qarab sotib olinadi.
Batareyka va akkumulyatorlarni oddiy axlatga tashlamagan ma’qul. Ular atrof-muhitga zarar yetkazadi. O‘zbekistonda ularni topshirish uchun Batareykalar yig‘ish tarmog‘i bor. Maxsus qutilar ayrim do‘konlar va jamoat joylariga o‘rnatilgan. Toshkentda shunday qutilardan 30 ga yaqini bor.

Trade-in xizmati
Eski buyumni topshirib, ustiga pul qo‘shib, yangisiga almashtiring. Bu usul ko‘proq telefon, noutbuk va maishiy texnikani almashtirishda ishlatiladi.
MediaPark, Idea va boshqa yirik elektronika do‘konlarida eski gadjetni topshirib, yangisini chegirma bilan almashtirish aksiyalari o‘tkaziladi. Aksiyalar do‘konlarning saytidagi “Aksiyalar” bo‘limida e’lon qilinadi. Do‘koning o'ziga borib ham bilib olish mumkin.
Trade-in xizmatini taklif qiladigan do‘konlarni yirik savdo markazlari, bozorlar va shaharning turli joylaridan topishingiz mumkin. Masalan:
- Macbro — Apple qurilmalarini qabul qiladi.
- OpenShop, Ucell, TexnoMarket — yaxshi holatdagi smartfonlarni almashtirib beradi.
- Notebookoff — noutbuklarni almashtiradi.
Trade-in’da eski qurilmangizni bozordagidan arzonroq baholashadi. Yaxshi tarafi, sotish uchun xaridor izlab, vaqt sarflamaysiz. Yangi telefon tanlayotganda “Soxta smartfonni originalidan qanday ajratish mumkin” maqolamiz foydali bo‘ladi.
