Rano Eco Village
Bu yerda bir va ikki kishilik xonalar, to‘rt kishilik kottejlar hamda hindularning uyiga o‘xshagan uslubda qurilgan tipi uylari bor. Mehmonlar gidroterapiya, aromaterapiya, massaj, SPA va detoks dasturlaridan foydalanishlari mumkin.
Hududida basseyn, choy ichish uchun ayvonlar, kontakt hayvonot bog‘i bo‘lgan ekoferma, sauna, hammom va organik mahsulotlar do‘koni joylashgan. Restoranda oddiy taomlardan tashqari vegetarian menyu ham taklif qilinadi.
Manzil: Parkent tumani, Namdanak. Toshkentdan taxminan 40 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida bir soatlik yo‘l.
Narxi: ikki kishilik xona nonushtasi bilan ish kunlari — 960 ming so‘m, juma va shanba kunlari — 1,3 mln so‘m. 6–12 yoshli bola uchun qo‘shimcha pul to‘lash kerak. Bu ish kunlari — 480 ming so‘m, dam olish kunlari esa 630 ming so‘mga tushadi. Tipi uycha narxi ikki kishiga bir kecha uchun 5,5 mln so‘mdan boshlanadi. Nonushta narxga kiritilgan. Hammom va boshqa qo‘shimcha xizmatlar uchun alohida to‘lov qilinadi.

Golden Fish
Dam olish maskani go‘zal suv havzalari va baliq ovi bilan odamlarni jalb qiladi. Sun’iy ko‘llarda forel, osyotr, sazan, oq amur va boshqa turdagi baliqlar bor. Kunni suv bo‘yida o‘tkazib, tutgan balig‘ingizni pishirishingiz mumkin. Yog‘och kottejlar inlarning issiqlikni saqlovchi texnologiyasi asosida qurilgan. Har bir uychaning o‘z basseyni, terassasi, keng tapchani va barbekyu joyi bor.
Ko‘l bo‘yida dam olish va baliq ovlashga mo‘ljallangan maxsus joy jihozlangan. Majmua hududida ov uslubidagi restoran va otxona ham bor.
Manzil: O‘rta Saroy qishlog‘i. Toshkentdan taxminan 40 km uzoqlikda. Mashina, taksi yoki 439-marshrutkada bir soatlarda yetib olasiz.
Narxi: dam olish turiga bog‘liq. Tapchanda tunab qolmasdan va baliq ovlamasdan dam olish 2 mln so‘m. 5 kg gacha baliq ovlash va baliqni tozalash xizmati — ish kunlari 2,8 mln so‘m, dam olish kunlari 3,5 mln so‘m. Mehmonxonada ikki kishilik xona 1,8 mln so‘mdan boshlanadi. 5 kishilik kottej narxi ish kunlari 5 mln, dam olish kunlari 6 mln so‘m. Boshqa joylashish variantlari ham bor.

Chorvoq View
Klassik glempingga o‘xshash maskanlardan biri. Bu yerda tabiat qo‘ynida dam olasiz, shovqindan uzoqlashasiz va Chorvoq suv omboriga qaragan zamonaviy uychalarda tunaysiz. Hududida restoran, bolalar maydonchasi, uy hayvonlari bo‘lgan mini hayvonot bog‘i va stol tennisi ham bor.
Manzil: Bo‘stonliq tumani, Chinorkent. Poytaxtdan taxminan 70 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida o‘rtacha 1,5 soat ketadi.
Narxi: Uycha narxlari mavsum va nechta odam joylashishiga qarab bir kechaga 1,2 mln so‘mdan boshlanadi.

Krokus Park
Chorvoq suv ombori manzarasi ko‘rinadigan shahar tashqarisidagi dam olish majmuasi. 4, 8 va 10 kishilik yog‘och kottejlar, mehmonxona xonalari, panoramali restoran, basseyn, sauna, sport maydonchalari va oilaviy dam olish maskanlari bor.
Manzil: Bo‘stonliq tumani, Yusufxona qishlog‘i, Toshkentdan taxminan 80 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida o‘rtacha 1,5-2 soat ketadi.
Narxi: xona turi va dam olish kunlari yoki ish kunlarida kelishingizga qarab farqlanadi. To‘rt kishilik kottejni bir kechaga 2,4 mln so‘mdan, standart ikki kishilik xonani esa 1,4 mln so‘mdan band qilish mumkin.

Green Hills Resort
Mehmonlar uchun shinam xonalar va go‘zal manzarali yog‘och kottejlar bor. Qo‘shimcha to‘lov evaziga piyoda sayohat yo‘nalishlari, kinoteatr va gulxan maydonlaridan foydalanish mumkin.
Manzil: Bo‘stonliq tumani, Chimboyliq, Toshkentdan taxminan 80 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida taxminan 1,5 soat ketadi.
Narxi: xona turiga va dam olish vaqtiga bog‘liq. Dam olish kunlari ba’zi xonalar qimmatroq bo‘ladi. To‘rt kishilik kottejni ish kunlari 3,5 mln so‘mga, dam olish kunlari esa 4,5 mln so‘mga band qilish mumkin. Qo‘shimcha joy narxi — kishi boshiga 300 00 so‘m. Mehmonxonaning ikki kishilik standart xonasi nonushta bilan 1,7 mln so‘m, lyuks esa sutkasiga 2 mln so‘m turadi.

Le Chalet Mont
Tog‘lar va Chorvoq suv ombori manzarasiga qaragan va barcha qulayliklari bo‘lgan shinam ikki, uch va to‘rt kishilik shalelar. Bu yerda restoran, bilyard, kinoteatr, sauna va basseyn bor.
Manzil: Bo‘stonliq tumani, Chorvoq. Toshkentdan taxminan 80 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida 1,5–2 soatlik yo‘l.
Narxi: ikki kishilik nonushtasi bor xona ish kunlari 1 mln so‘mdan sal ko‘proq, dam olish kunlari esa taxminan 1,2 mln so‘m bo‘ladi. Uch kishilik xona 1,5 mln so‘mgacha, to‘rt kishilik xona esa 1,9 mln so‘mgacha.


Le Chalet by Amirsoy
Bu yerda alp uslubidagi 48 ta zamonaviy shale bor. Bu yerda kanat yo‘li, kvadrosikl, arqonli park, basseyn, muz maydoni va piknik qilish uchun maxsus joylarni topasiz. Restoran, SPA va turli ko‘ngilochar mashg‘ulotlar borligi sabab bu joy oilaviy dam olish uchun mos keladi.
Manzil: Bo‘stonliq tumani, Amirsoy, Toshkentdan taxminan 80 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida kamida 1,5 soatlik yo‘l.
Narxi: tanlangan shale turiga qarab bir kishi uchun kuniga 2 million so‘mdan boshlanadi. Butun kottejni ijaraga olish foydaliroq. Masalan, 4 kishiga mo‘ljallangan Deluxe Chalet ikkita yotoqxona, ikkita hammom, oshxona va ovqatlanish joyi bilan kuniga 3,9 million so‘m turadi. Ikki kishi uchun kuniga 1,8 million so‘mdan boshlanadigan qulay narxdagi xonalar ham bor.

Crystal Resort
Tog‘ manzaralari va daryo bag‘rida joylashgan zamonaviy sog‘lomlashtirish kompleksi. Ikki kishilik xonalardan tortib, oila va 10 kishigacha bo‘lgan guruhlar uchun kottejlar va panoramali shalelar bor. Yopiq basseyn, sauna, restoran yoki ko‘plab apchanlarda qulay dam olib, maroqli vaqt o‘tkazish mumkin. Sportni yoqtiradiganlar futbol maydoni, basketbol va voleybol maydonchalari, tennis kortidan foydalanishadi. Bolalar esa mini hayvonot bog‘i va o‘yin maydonchasida o‘ynashlari mumkin.
Manzil: Xumson qishlog‘i, Toshkentdan taxminan 90 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida yo‘lga taxminan ikki soat ketadi.
Narxi: uch mahal ovqat bilan yashash narxi tanlangan xona va mehmonlar soniga qarab belgilanadi. Standart ikki kishilik xona — 1,4 mln so‘m, ikki kishilik shale — 1,7 mln so‘m, uch kishilik shale — 2,5 mln, kottejlar esa 4 mln so‘mdan boshlanadi. Boshqa joylashish variantlari ham bor. 5 kun va undan ortiq muddatga band qilinganda narxga sog‘lomlashtirish dasturi ham kiritiladi.

Balandda
Kompleks Chimyon tog‘larida, kanat yo‘lidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerda kichik shalelar, shinam apartamentlar, SPA xonalari, katta guruhlar uchun kottejlar, penthauslar va villalar bor. Har bir uy o‘z basseyni, oshxonasi va vqatlanish uchun alohida joyi bilan ta’minlangan. Mehmonlar uchun hammom, katta umumiy basseyn va restoran xizmat ko‘rsatadi.
Manzil: Chimyon shaharchasi, Toshkentdan taxminan 90 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida yo‘lga taxminan 1,5 soatdan sal ko‘proq ketadi.
Narxi: xona turi va mehmonlar soniga bog‘liq. 4 nafar kattalar va 2 nafar bola uchun sauna hamda jakuzi bo‘lgan apartament yoki 2 nafar kattalar va 2 nafar bola uchun jakuzi va hammomli shalening narxi ish kunlari bir kechaga 2,9 mln so‘m, dam olish kunlari esa 3,9 mln so‘m bo‘ladi. 6 kishilik jakuzili shale ish kunlari bir kechaga 3,5 mln so‘m, dam olish kunlari esa 4,2 mln so‘m.

Shamshod Mountain Resort
Tog‘larga sayohat qilishni va shahardan uzoqda dam olishni yaxshi ko‘radiganlar orasida bu joy ancha mashhur. Mehmonxonada hamyonbop xonalar, oilaviy kottejlar, restoran hamda katta ochiq va yopiq basseynlar bor.
Manzil: Yangiobod, Oqibat 5. Toshkentdan taxminan 115 km uzoqlikda. Mashina yoki taksida yo‘lga 2 soatdan sal ko‘proq ketadi. Yoki Angrengacha poyezdda taxminan 1,5 soat borib, keyin taksiga o‘tirish mumkin.
Narxi: ikki kishilik standart xona nonushtasi bilan 600 ming so‘m, uch kishilik oilaviy xona 800 ming so‘m, to‘rt kishilik xona esa 900 ming so‘m. Uch kishilik kottej 850 ming so‘m, besh kishilik 1,2 mln so‘m, sakkiz kishilik esa 1,5 mln so‘m.

Yana qayerlarda dam olish mumkin:
1. Chorvoq yoki Toshkent dengizidan zerikkanlar uchun 5 ta dam olish joyi.
2. Bolalar bilan sayohat qilish uchun 8 ta g‘oya.
3. O‘zbekistonliklar vizasiz qayerlarga borishi mumkin — to‘liq ro‘yxat
