1-maslahat. Aviabiletlarni oldindan qidiring
Parvoz xarajatlari bu eng nozik joy. Ortiqcha to‘lamaslik uchun bir nechta manbalardan narxlarni solishtiring. Aviakompaniya saytiga kiring: ba’zida ularda aksiyalar bo‘lib turadi. Chegirmalarni kuzatish uchun shahringiz orqali parvoz qiladigan aviakompaniyalar saytlariga oldindan obuna bo‘ling. Aeroportda yoki vositachi turagentlar orqali chipta sotib olmang, foydali emas.
Parvozni 1,5-2 oy yoki undan oldin rejalashtiring. Ta’til mavsumida sotib olmang, yozda va bayramlarda chiptalar qimmatroq bo‘ladi. Odatda ish kunlarida narxlar arzonroq: ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, uchishning eng qulay kuni chorshanba. Hopper sayti narxlar dinamikasini kuzatishga yordam beradi va chiptalar qachon arzon bo‘lishini ko‘rsatib beradi.
Ko‘pincha arzon reyslar kechasi bo‘ladi. Aeroportdan qanday yetib olishingizni oldindan o‘ylab oling: ba’zida taksi barcha tejamkorlikni yo‘qqa chiqaradi. Masalan, tungi soat 3 da uchib kelsangiz, shaharga faqat taksida yetib olish mumkin. Taksi narxi esa bilet narxidan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin. Agar kunduzi uchib kelsangiz, boshqa, arzonroq variantlar, metro, avtobus yoki maxsus shattllar haqida bilib oling.
2-maslahat. Qo‘l yuki bilan sayohat qiling
Faqat qo‘l yuki bilan uchsangiz, ancha pul tejaysiz. Qoida bo‘yicha ruxsat etilgan og‘irligi 8-10 kg, chamadon yoki ryukzak o‘lchamlari 55×40×20 sm. Aniq o‘lchamlar aviakompaniya saytining “Baggage allowance” yoki “Hand baggage policy” bo‘limida bor. Wizzair kabi loukosterlarda qoidalarga qattiq qarashadi, samolyotga faqat 20x30x40 sm o‘lchamdagi sumka bilan kirasiz.
Qo‘l yukiga kiyim, texnika, hujjatlar, dori, pardoz-andoz vositalarini oling. Bitta flakondagi hajmi 100 ml dan ortiq bo‘lgan suyuqliklar, sanchuvchi-kesuvchi buyumlar, aerozollar taqiqlanadi. Aviakompaniya saytida qoidalarni tekshiring.
Agar rejangizda shoping bo‘lsa, qaytish reysiga ro‘yxatdan o‘tishda bagajni qo‘shing, bu, ikki tomonga katta chamadon uchun pul to‘lagandan ko‘ra ancha arzonroq.

3-maslahat. Xavfsiz turar-joyni bron qiling
Uy-joy masalasida tejamagan ma’qul. 5-10 $ ko‘proq to‘lab, yaxshi tumanda joylashgan, kecha-yu kunduz ishlaydigan va qabulxonasi bor mehmonxonada tunagan yaxshiroq.
Booking.com, Hostelworld.com, Agoda.com yoki Trip.com saytida xostellar yoki mehmonxonalarni qidiring. Ba’zida bitta mehmonxona turli saytlarda arzonroq bo‘ladi, narxlarni solishtiring. Ba’zan xostellar Instagram yoki o‘z sayti orqali bron qilishda chegirma beradi — bron qilishdan oldin tekshirib chiqing.
Reyting va oxirgi izohlarga e’tibor bering. Kerak bo‘lsa, “faqat ayollar uchun” filtridan foydalaning. Bunday filtr Hostelworld.com saytida bor. U kapsulali xostellar yoki ayollar xonalarini topish imkonini beradi. Xaritani tekshiring: agar yaqin atrofda shovqin trassa yoki sanoat zonasi bo‘lsa, boshqa variantni tanlagan ma’qul.
Agar siz Airbnb’da bron qilsangiz, tasdiqlangan egasi bor uyni oling va faqat platforma orqali to‘lang.
4-maslahat. Mahalliy aholi ovqatlanadigan kafelarni tanlang
Turistlar ko’p joylarda ovqat qimmatroq bo‘ladi. Lekin, deyarli har bir davlatda mazali, arzon va xavfsiz tushlik qilish mumkin. Turkiya, Indoneziya, Vyetnam hamda Bolqonda to‘yimli va arzon tushliklar mahalliy aholi orasida mashhur bo‘lgan joylarda bo’ladi. Ularni xaritalar topishga yordam beradi: Google Maps’ga “buffet,” “all you can eat,” “student canteen” yoki mahalliy atamalar — Turkiyada “lokanta,” Indoneziyada “warung murah,” Vengriyada “menza” kabilarni kiriting. Narx va izohlar asosida saralang.
Yevropa supermarketlarida ko‘pincha kechqurun tayyor taomlarga chegirmalar bo‘ladi. Too Good To Go ilovasida esa kafe va novvoyxonalardan ortib qolgan yangi taomlarni katta chegirma bilan olish mumkin.

5-maslahat. Jamoat transportidan foydalaning
Aeroportlardan muntazam avtobuslar, shattllar yoki poyezdlar qatnaydi. Bu, taksiga qaraganda ancha arzon tushadi. Masalan, Dubay aeroportidan markazgacha metroda taxminan 2 $ yoki 25 900 so‘mga borish mumkin, taksi esa 40 $ yoki 519 270 so‘mdan boshlanadi.
Shaharda Istanbuldagi Istanbulkart yoki Londondagi Oyster kabi transport kartasi bor-yo‘qligini tekshiring. Karta metro, avtobus, tramvay, paromlarda ishlaydi va odatda bir martalik chiptalardan arzonroq turadi. Uni stansiya va kiosklardagi avtomatlarda xarid qilish va to‘ldirish mumkin.
Ba’zi shaharlarda City Card sayyohlik kartalari ham bo‘lishi mumkin. Unga faqat yo‘lkira emas, muzeylar, ko‘rgazmalar, ekskursiyalar va cho‘milish joylari uchun chegirmalar ham kiradi. Masalan, Budapest Card bilan jamoat transporti, hammomlar va muzeylarga kirish mumkin.
Moovit, Google Maps yoki Citymapper ilovasini yuklab oling — ular yo‘nalishlar, jadvallar, kechikishlar va hatto tirbandliklarni ham ko‘rsatadi. Agar shahar katta bo‘lmasa, velosiped yoki piyoda sayr haqida o‘ylab ko‘ring.

6-maslahat. Bepul ko‘ngilochar tadbirlarni qidiring
Deyarli har bir shaharda bepul tadbirlar o‘tkaziladi. Masalan muzeylarda barcha uchun kirish ochiq bo‘lgan maxsus kunlar yoki soatlar bor. Masalan, Parijdagi Luvrga oyning birinchi yakshanbasida, Vatikandagi muzeylarga oyning oxirgi yakshanbasida, Madriddagi Pradoda esa kechki soatlarda kirish bepul. Agar siz katta shaharda bo‘lsangiz, muzeylarning o‘z saytlarida, shahar portallarida yoki timeout.com saytida oldindan tekshirib ko‘ring.
Agar, 26 yoshdan kichik bo‘lsangiz talabalik guvohnomasini oling yoki ISIC xalqaro talabalik kartasini oldindan rasmiylashtiring. U sizning maqomingizni tasdiqlaydi va 130 dan ortiq mamlakatlardagi muzeylar, transport va hatto oziq-ovqat uchun chegirmalar taqdim etadi.
Festivallar, bozorlar, ko‘cha konsertlari, kino namoyishlari, Free walking tour bepul ekskursiyalar — bularning barchasi deyarli har qanday shaharda bor. Yevropa va AQShda bunday tadbirlarni Meetup’dan, shuningdek, shaharlarning o‘z saytlaridan izlash qulay.

7-maslahat. Valyutani O‘zbekistonda almashtiring
Agar naqd pul kerak bo’lsa, oldindan dollar yoki yevro sotib olgan ma’qul: barcha sayyohlik mamlakatlarida ularni mahalliy pulga almashtirish oson. Shahardagi eng qulay kursni telegramdagi @nechpul_dollar_bot topishga yordam beradi.
Agar ko‘p pul sarflamasangiz, katta summani almashtirish shart emas, qayta ayirboshlashda kurslar farqida pul yo‘qotasiz. Ba’zi mahalliy naqd pullar kichik xarajatlar, masalan: bozorlarda, transportda, pullik hojatxonalarda yoki terminali bo‘lmagan kafelarda foydali bo‘ladi.
Naqd puldan tashqari, o‘zingiz bilan Visa yoki Mastercard kartasini oling. Ulardan xorijda bemalol foydalanishingiz, terminal bor joyda to‘lov qilishingiz va bankomatlardan naqd pul yechib olishingiz mumkin. Lekin, banklarning shartlari har xil — kartani rasmiylashtirishdan oldin bankdan chet eldagi operatsiyalar va naqd pul yechib olish uchun komissiyalarni aniqlashtiring va o‘zingizga mos variantni tanlang.



