Toshkent akvaparki
Bu shaharning birinchi va hozirgacha eng katta akvaparki. Bu yerda kattalar va turli yoshdagi bolalar uchun basseynlar bor. Eng mashhurlari “Dengiz to‘lqini” va “Jakuzi”. Ekstremal 18 metr balandlikdan erkin tushish mumkin bo‘lgan “Kamikadze” va oddiy suv attraksionlari ham bor. Bu yerdagi sharoitlar haqida video ham olganmiz.
Hududda bepul shezlonglar, dam olish uchun tapchanlar, yopiq va ochiq stolchalar ko‘p. Kafe va restoranlar ham bor.
Manzil: Amir Temur shoh ko‘chasi, 107. Mo‘ljal — teleminora. Ish vaqti: 10:00 dan 20:00 gacha. Kassalar 18:00 gacha ishlaydi.
Kirish narxi: 3 soat uchun kattalarga 120 000 so‘m, 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 60 000 so‘m. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bepul.

Atlantis
Bu yerda ikkita basseyn bor. Alohida bolalar basseyni, suv sirpanchiqlari, animatorlar, tematik kechalar, dam olish kunlari esa shou dasturlari uyushtiriladi. Ko‘plab ochiq va yopiq stolchalar hamda topchanlar bor. Tamaddi qilish uchun fastfud zonasi va kafelar ishlaydi. Bu joy haqida bizda alohida video ham bor.
Manzil: Sergeli-7, Shokirariq ko‘chasi, 18. Ish vaqti: 11:00 dan 23:00 gacha, kassa 21:00 gacha. Joyni 1–2 kun oldin band qilish yoki jonli navbat bilan kirish mumkin.
Kirish narxi: kunlik chipta kattalarga 200 000 so‘m, 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 100 000 so‘m. 3 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul. Har seshanba va payshanba ayollar uchun 50% chegirma bor. Chorshanba bolalar kuni. Bir kishi ikki nafar bolani bepul olib kirishi mumkin.
Kirish chiptasidan tashqari, o‘tirish joyi uchun to‘lov qilinadi. Depozit kiritish yoki joyni ijaraga olish kerak. Depozit summasi ovqat va ichimliklar uchun to‘lov qilganda hisobga olinadi. Joyning narxi turiga va o‘rinlar soniga qarab 300 000 so‘mdan boshlanadi. Masalan, 10 kishilik tapchan uchun depozit 500 000 so‘m. Terrasadagi bitta o‘tirish joyini ijaraga olish 400 000 so‘m bo‘ladi.

MORE
Kattalar uchun katta basseyn, alohida bolalar basseyni, o‘yin maydonchasi, suv sirpanchiqlari va bolalar uchun animatorlar bor. Kafeda tamaddi qilsa bo‘ladi. Ichimliklar esa suv bo‘yidagi akvabarlarda sotiladi.
Manzil: Movarounnahr ko‘chasi, 21, Central Park (sobiq Telman bog‘i) Ish vaqti: har kuni 10:00–22:00 gacha.
Kirish narxi: Kattalar uchun kunlik chipta ish kunlari 350 000 so‘m, dam olish kunlari 450 000 so‘m. Alohida kiyinish xonasi va bepul sochiq beriladigan VIP chiptalar ham bor. Narxi ish kunlari 450 000 so‘m, dam olish kunlari 550 000 so‘m. Sochiq ijarasi 50 000 so‘m.
3 yoshgacha bolalarga kirish bepul. 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kirish narxi ish kunlari 200 000 so‘m, dam olish kunlari 250 000 so‘m. Dushanba, chorshanba va juma kunlari — oilaviy kunlar. 18 yoshgacha kamida uchta bolasi bo‘lgan ko‘p bolali oilalar uchun 30% chegirma beriladi. Lekin, bolalar akvaparkka ikki nafar kattalar bilan kelishi mumkin.
Seshanba va payshanba — ayollar kuni. Ayollar uchun kirish chiptalariga 50% chegirma beriladi. Tug‘ilgan kunning o‘zida, undan uch kun oldin va uch kun keyin kirish bepul.
Guruh uchun o‘tirish joyini to‘lab qo‘yish mumkin, lekin bu majburiy emas. 6 kishilik divan uchun depozit 1 mln so‘m, 8 kishilik shatyor uchun 2 mln so‘m, 12 kishilik shatyor uchun 4 mln so‘m.

Oasis
Bu yerda bir nechta basseynlar, bolalar uchun to‘lqinli basseyn bor. Kattalar va bolalarga mo‘ljallangan 5 ta suv sirpanchig‘i, 15 metr balandlikdagi erkin tushish attraksioni va o‘yin maydonchasi ham tashkil etilgan. Hududda fud-kort va qahvaxona bor.
Manzil: Bunyodkor shoh ko‘chasi, 4A. Ish vaqti: har kuni 10:00–21:00 gacha.
Kirish narxi: kattalar uchun 3 soatlik chipta ish kunlari 170 000 so‘m, dam olish kunlari 190 000 so‘m. 4 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ish kunlari 150 000 so‘m, dam olish kunlari 170 000 so‘m. 4 yoshgacha bolalarga kirish bepul.
Kattalar uchun kunlik chipta: ish kunlari 210 000 so‘m, dam olish kunlari 240 000 so‘m. Bolalar uchun 200 000 va 220 000 so‘m.
Dam olish joylari narxlari 5 kishilik divan yoki topchan uchun 800 000 so‘mdan boshlanadi. Narx, o‘rinlar soni, bron muddati, 3 soat yoki kun davomida bo‘lishingiz hamda ish kuni yoki dam olish kunida kelishingizda bog‘liq.

Aqualand
Bu yerda turli hajm va chuqurlikdagi 5 ta basseyn,“To‘lqin” va “Jakuzi” bor. Bolalar zonasi va suv sirpanchiqlari ham bor. Animatorlar va konkurslar o‘tkaziladi. Tamaddi qilish uchun fastfud, turli taomlar va ichimliklar sotib olish mumkin. Bu joy haqidagi videomizni bu yerda ko‘rishingiz mumkin.
Manzil: Chinobod ko‘chasi, 61. Ish vaqti har kuni 09:00 dan 20:00 gacha.
Kirish narxi: kattalar uchun 3 soatlik chipta 140 000 so‘m, 4 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 90 000 so‘m. Kattalar uchun kunlik chipta narxi 200 000 so‘m, bolalar uchun 140 000 so‘m. 4 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul.

Solnechniy gorod
Bu yerda kattalar basseyni va bolalar uchun turli chuqurlikdagi uchta basseyn, 4 ta suv sirpanchig‘i bor, ulardan 2 tasi tezkor ba 14 yoshdan chiqish mumkin. Fud-kortda sho‘rvalar, salatlar, issiq taomlar, fastfud va ichimliklar taklif etiladi.
Manzil: Yangihayot tumani, Sputnik-7, 1. Ish vaqti: har kuni 10:00 dan 22:00.
Kirish narxi: kattalar uchun kunlik chipta ish kunlari 220 000 so‘m, dam olish kunlari 270 000 so‘m. 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga doim 100 000 so‘m. 3 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul. Har seshanba va payshanba ayollar kuni va kirish chiptalariga 50% chegirma beriladi
Kirish chiptasidan tashqari o‘tirish joyiga ham to‘lash kerak. Stolchalar uchun depozit 350 ming so‘mdan, tapchan va boshqa dam olish joylari 450 ming so‘mdan boshlanadi.

Monako
Suv yonida dam olishni xohlaysiz, lekin quyosh ostida bo‘lishni yoqtirmaysiz. Unda yopiq akvapark ajoyib tanlov. Bu yerda ko‘plab basseynlar, suv attraksionlari, SPA, gidromassaj va jakuzi, har qanday yosh va didga mos suv sirpanchig‘lari bor. Fud-kortda burger, hot-dog, salatlar va issiq taomlardan iborat keng menyu taklif etiladi.
Manzil: Qorasuv, 4-mavze. Ish vaqti: har kuni 06:00 dan 23:00 gacha, dushanba kuni 12:00 dan.
Kirish narxi: kunlik chipta — 5 yoshgacha bolalarga bepul. Ish kunlari 5 yoshdan 14 yoshgacha bolalarga 75 000 so‘m, kattalarga 130 000 so‘m. Dam olish kunlari bolalarga 100 000 so‘m, kattalarga 180 000 so‘m.

Yozda bolalar uchun yana qanday mashg‘ulotlar bor:
