Qo‘l yuki uchun uchta qoida bor: xavfsizlik, aviakompaniya va davlat qoidalari
Har biri turli savollarga javob beradi: tekshiruvdan nimalarni olib o‘tish mumkin, tarifga nimalar kiradi va chegarada davlat nimalarni talab qiladi.
Xavfsizlik. Qoidalarni aeroport va mamlakat belgilaydi. Tekshiruvda parvoz paytida xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Aviakompaniya va tarif. Bu yerda joylar soni, qo‘l yukining og‘irligi va hajmi, shuningdek, qo‘shimcha to‘lovsiz shaxsiy buyumni olib kirish mumkinligi ko‘rsatiladi.
Xalqaro reyslar.Bojxona va chegara talablari naqd pul, ayrim dorilar yoki tovarlarni olib chiqishga tegishli. Uchishdan oldin jo‘nab ketayotgan va borayotgan mamlakatingiz bojxona qoidalarini saytdan tekshirib qo‘ygan yaxshi.
Tekshiruvda narsalarni boshidan joylashtirish yoki ortiqcha vazn uchun pul to‘lamaslik uchun, uchta qoidani oldindan hisobga olish kerak.
Qo‘l yukida nimalarni tashish mumkin
Qo‘l yuki — bu, samolyotga o‘zingiz bilan olib kiradigan yuk. Nimalarni olib o‘tish mumkinligi xavfsizlik qoidalari va tarifingizga bog‘liq. Odatda quyidagilarni olib o‘tish mumkin.
Hujjatlar, bank kartalari va naqd pul. Naqd pulingiz 100 mln so‘mdan oshsa, uni deklaratsiya qilish kerak. Aks holda, bojxona pulni tekshiruv tugaguncha ushlab qolishi va sizga 5 dan 10 BHM gacha jarima yozishi mumkin. 2026-yil fevral holatiga ko‘ra, bu taxminan 2,06 mln - 4,12 mln so‘m.
Agar deklaratsiya to‘ldirishni bilmasangiz, nazoratdan o‘tishdan oldin bojxona xodimidan yordam so‘rang. U sizga hammasini tushuntirib beradi.
Elektron qurilmalar. Tekshiruvda noutbuk yoki fotoapparatga o‘xshagan kattaroq qurilmalarni sumkadan chiqarib ko‘rsatishni so‘rashlari mumkin. Shuning uchun ularni chiqarib ko‘rsatib, yana joyiga solish qulay bo‘ladigan qilib joylashtirgan ma’qul.
Kiyim va shaxsiy buyumlar. Ular qo‘l yukiga sig‘sa hamda vazn va o‘lcham bo‘yicha tarifingiz talablariga mos kelsagina salonga olishingiz mumkin.
Kosmetika va suyuqliklar. Ularni kichik hajmda, shaffof idishlarga solib olib o‘tish mumkin. Bitta flakon 100 ml gacha bo‘lishi kerak. Talablar aeroport va mamlakatga bog‘liq.
Dorilar va tibbiy buyumlar. Agar retsept bo‘yicha beriladigan dori bo‘lsa yoki hajmi odatdagidan kattaroq bo‘lgan suyuqlik bo‘lsa, tekshiruvda tasdiqlovchi hujjat — retsept yoki shifokordan ma’lumotnoma so‘rashlari mumkin.
Ovqat. Qattiq mahsulotlar hech qanday savolsiz o‘tadi. Suyuq va yarim suyuq mahsulotlar, masalan, yogurt, asal yoki souslar cheklovlarga duch kelishi mumkin.
Qo‘l yukiga nimalarni olish mumkin emas?
Ba’zi narsalarni samolyot saloniga olib kirish mumkin emas. Agar ikkilansangiz, buyumni oldindan bagajga joylagan yaxshi.
Qo‘l yukida tashish taqiqlangan narsalar:
- O‘tkir va kesuvchi buyumlar: pichoq, qaychi, tig‘, britva, manikyur anjomlari va boshqalar.
- Asbob-uskunalar va ro‘zg‘or buyumlari: buragich, bolg‘a, ombir va boshqa shunga o‘xshash narsalar.
- Me’yoridan ortiq aerozollar va suyuqliklar.
- Tez yonuvchan suyuqliklar va gazlar. Shuning uchun ichida shimilmagan suyuq yoqilg‘i yoki siqilgan gaz bo‘lgan turbo-zajigalkalarni, shuningdek, zajigalka uchun zapravkalarni olib o‘tishga ruxsat berilmaydi.
- Qurol va unga o‘xshash buyumlar, o‘zini himoya qilish vositalari — elektroshoker, gaz ballonchasi hamda shu kabi boshqa narsalar.
IQOS, veyp va elektron sigaretlarni odatda topshiriladigan bagajga emas, o‘zingiz bilan olish kerak, ularning ichida litiy batareykalar bo‘ladi. Lekin xavfsizlik qoidalariga ko‘ra ularni bortda ishlatish mumkin emas. Oddiy sigaretlarni o‘zingiz bilan salonga olib kirish mumkin, faqat soni bojxona limitidan oshmasligi kerak.
Har bir aviakompaniyaning qo‘l yuki bo‘yicha o‘z qoidalari bor, safardan oldin ularni albatta aviakompaniyangiz rasmiy saytida o‘qib chiqing.
Qo‘l yuki normadan og‘ir bo‘lsa, nima qilish kerak?
Qo‘l yuki normadan og‘ir bo‘lsa, masalani samolyotga chiqishdan oldin hal qilish kerak. Mana, nima qilish mumkin:
- Agar sizda topshiriladigan bagaj bo‘lsa, narsalarning bir qismini unga o‘tkazib qo‘yish.
- Hamrohlaringizda bo‘sh limit bo‘lsa, narsalarni ular orasida taqsimlash.
- Biror narsani, masalan, kurtkani kiyib olish.
Baribir limitga sig‘masangiz, aviakompaniya qoidalariga qarab ortiqcha vazn uchun pul to‘lash yoki sumkani bagajga topshirish kerak bo‘ladi.
Parvozdan oldin foydali maslahatlar
Ruxsat etilgan vazn va o‘lchamlarni oldindan bilib olish uchun tarifingizdagi qoidalarni oldindan ko‘rib chiqing.
Sumka vaznini uyda tortib ko‘ring va qo‘shimcha joy qoldiring. Qo‘l yukini to‘ldirib yubormang. Tekshiruv va chiqish darvozasida qayta tekshirishlari mumkin.
Ruxsat etilgan suyuqliklarni shaffof paketga solib, sumkani ustki qismiga qo‘ying. Shunda tekshiruvdan tezroq o‘tasiz va hamma narsani chiqarib o‘tirmaysiz.
Elektronikani tezda chiqarish uchun qulay joylashtiring. Tekshiruvda noutbuk va planshetni alohida ko‘rsatishni so‘rashadi.
Savol tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarni boshidan bagajga solib qo‘ying. Ikkilansangiz, o‘tkir buyumlar, asboblar va savol tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarni oldindan uyda chamadonga joylab qo‘ying.
Qo‘l yuki bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni jadvalga yig‘dik.
2026-yil fevral holatiga ko‘ra O‘zbekiston aviakompaniyalarining qo‘l yuki bo‘yicha me’yorlari*

2026-yil fevral holatiga ko‘ra xorijiy aviakompaniyalarining qo‘l yuki bo‘yicha me’yorlari*


