TBC Avto bilan yangi avtomobil topish
TBC Avto — TBC Bank Uzbekistan ilovasidagi mashina tanlashga yordam beradigan servis. U talablaringizga mos variantlarni ko‘rsatadi. Masalan, model, komplektatsiya yoki byudjet bo‘yicha saralab beradi. Siz takliflarni solishtirasiz va o‘zingizga mos variantni tanlaysiz.
TBC Avto faqat mashina variantlarini ko‘rsatib qo‘ymaydi. Sizga servis vakil ham biriktiriladi. U avtosalon tanlashda, mashinani tekshirishda va hujjatlarni rasmiylashtirishda sizga bepul yordam beradi.
Qaysi mashinani olishingizni oldindan bilsangiz, servis orqali kerakli modelni topishingiz mumkin. Pulingizga mos boshqa variantlarni ham ko‘rasiz. Ilovada “Shahar uchun” va “Keng salonli” avtomobillar ro‘yxatlari bor.
Ilovada tanlangan avtomobil qaysi avtosalonlarda borligi, komplektatsiyasi, ranglari va asosiy xususiyatlari ko‘rinadi. Kerakli variant topilmasa, servis boshqa variantlarni ham ko‘rsatadi.
Avtomobilni o‘zingizga qulay usulda xarid qiling. Masalan, avtosalonda naqd pul bilan to‘lash yoki kredit olish mumkin. Foizsiz kreditlar ham bor. Kreditlarni boshlang‘ich to‘lov, muddatli va oylik to‘lov bo‘yicha solishtirib ko‘ring.
TBC Avto’da avtomobil brendining rasmiy tarmog‘iga kiradigan rasmiy distribyutor va dilerlarning takliflari bor. Ya’ni, ishlab chiqaruvchi yoki uning O‘zbekistondagi rasmiy vakili bu kompaniyalarga o‘z avtomobillarini sotishga ruxsat bergani. Bunday avtosalonlarda qayerga murojaat qilish va kafolat uchun kim javob berishi aniq bo‘ladi.

Avtomobilni yana qayerdan topish mumkin
Mashinani o‘zingizga olishdan oldin bozordagi takliflarni o‘rganib chiqing. Bir xil rusumdagi mashinani bir nechta dilerlar sotishi mumkin. Lekin ulardagi mashinalar, aksiyalar, kredit dasturlari va qo‘shimcha takliflar bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun modelni tanlaganingizdan keyin bir nechta avtosalondagi narx va shartlarni solishtirib ko‘ring.
TBC Avto'ni ishlatmasangiz, avtosalon rasmiy diler ekanini o‘zingiz tekshiring. Avtomobil brendi yoki uning O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori saytiga kirib, “Dilerlar”, “Dilerlik tarmog‘i” yoki “Qayerdan xarid qilish mumkin” bo‘limini toping. U yerda avtosalonlarning manzillari ham ko‘rsatiladi. Lekin saytdagi ma’lumotlar vaqtida yangilanmasligi mumkin. Avtosalonga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotni aniqlashtiring.
Avtomobillarni mustaqil import qiluvchi kompaniyalar ham olib kiradi. Bunday kompaniyalar chet eldan yangi mashinalarni sotib olib, O‘zbekistonga olib keladi va kerakli rasmiylashtirish ishlarini bajarib, shu yerda sotadi. Ulardan kafolat bor-yo‘qligini va u uchun kim javob berishini aniqlab oling. Avtomobil buzilsa, qayerga murojaat qilishni ham oldindan biling.
Avtomobil qaysi bozor uchun ishlab chiqarilganiga e’tibor bering. Masalan, Xitoy uchun ishlab chiqarilgan avtomobillarda multimedia tili, ilovalar, dastur va funksiyalar boshqacha bo‘lishi mumkin. Elektromobillarda quvvatlash ulagichi ham boshqacha bo‘ladi.
TBC Avto vakili sizga qanday yordam beradi
U avtomobilning komplektatsiyasini tekshiradi va pulni tejash yo‘llarini tushuntiradi. Masalan, qimmat chexollar, maxsus bagajnik yoki himoya qoplamalarini boshida olmasangiz ham bo‘ladi. Ularni keyinchalik alohida xarid qilish mumkin.
Kerak bo'lsa, kredit olishga yordam beradi. Onlayn ariza topshirsangiz, bank kreditni oldindan ma’qullaydi. Avtosalonda TBC Avto vakili sizga to‘g‘ri keladigan kredit shartlarini tanlab beradi.
Masalan, boshlang‘ich to‘lov uchun 60 mln so‘m rejalashtirgansiz, lekin 50 mln so‘m yig‘ildi. TBC Avto vakili kredit muddatini va oylik to‘lovni qayta hisoblab, kredit bo‘yicha yakuniy baholashdan o‘tishingizga yordam beradi.
Hujjatlar va sug‘urtani rasmiylashtirib beradi. Bunga avtosalon va bank bilan tuziladigan shartnomalar ham kiradi. Ba’zi hollarda KASKO polisini ham rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi. TBC Avto vakili sug‘urta tanlashda yordam beradi, hujjatlarni ko‘rib chiqadi va shartnomadagi bandlarni tushuntirib beradi.
Mashinani siz bilan birga tekshiradi. TBC Avto vakili avtomobillarni yaxshi tushunadi. Tekshiruvda nimalarga qarash kerakligini yaxshi biladi. Mashinaning asosiy tizimlari ishlashi, kuzovda tirnalgan joylar bor-yo‘qligi va komplektatsiyasi to‘g‘ri ekanini ko‘rib chiqadi.
Nimalarni tekshirish kerak
To‘lashdan oldin shartnomani yaxshilab o‘qib chiqing. Avtomobilni qaysi kompaniya sotayotgani va pulni kimga o‘tkazayotganingizni tekshiring. Masalan, shartnoma “Navruz” MChJ bilan tuzilgan, lekin menejer 300 mln so‘mni shaxsiy karta yoki boshqa kompaniya hisobiga o‘tkazishni so‘rasa, ehtiyot bo‘ling.
Shartnomada qaysi mashina rusumi, uning narxi, qachon topshirilishi va bitim amalga oshmasa, pulni qanday qaytarish mumkinligi aniq yozilgan bo‘lishi kerak.
Avtomobilni yaxshilab ko‘rib chiqing. VIN raqami va ishlab chiqarilgan yilini tekshiring. VIN — avtomobilga beriladigan 17 belgili maxsus raqam. Bir xil model va rangdagi mashinalarning ham VIN raqami har xil bo‘lishi mumkin. Hujjatdagi VIN raqami mashinadagi raqam bilan bir xil bo‘lishi kerak.

Avtosalonda shartnoma rasmiylashtirish
Yangi mashina olayotganda notariusga borish shart emas. Mashinani ishlab chiqaruvchi, distribyutor yoki rasmiy dilerdan xarid qilsangiz, shartnoma avtosalonning o‘zida rasmiylashtiriladi. Avtomobilni olganingizdan keyin sotuvchi tegishli hujjatlarni beradi. Ular orasida to‘lov kvitansiyalari, servis kitobchasi, foydalanish bo‘yicha qo‘llanma va oldi-sotdi shartnomasi bo‘ladi.
Mashina olgandan keyin uni YHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Buning uchun 10 kalendar kuni ichida YHXXga boring. Oxirgi kun rasmiy dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, muddat keyingi ish kuniga ko‘chadi.

.webp)