O‘qishga qanday kirdim

2024-yilda London South Bank University’ga hujjat topshirdim. Bu marketing bo‘yicha eng kuchli universitetlardan biri. Birinchi yili menda intensiv dastur bo‘ldi, shuning uchun meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchinchi kursga o‘tkazishdi. Ikkinchi kursni o‘tkazib yubordim.

Maktabdan keyin chet elga o‘qishga ketishni niyat qilgan edim. Lekin pandemiya sabab ko‘p davlatlar chegaralari yopildi. Vaqtni bekorga o‘tkazmaslik uchun Toshkentdagi universitetda biznes-menedjment bo‘yicha o‘qishni boshladim. Ikki yildan keyin yo‘nalishni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim va orzumdagi reja, chet elda o‘qishga ketish rejasi yana qaytdi. 

Chet elga faqat bir marta chiqqanman. Videograf bo‘lib ishlardim, bir kuni blog olish uchun Vyetnamga borishga to‘g‘ri keldi. O‘sha sayohat menga juda kuchli ta’sir qildi: boshqa joylarni ko‘rish, yangi odamlar va madaniyatlar bilan tanishish istagi paydo bo‘ldi.

Shu bilan Yevropadagi o‘qish dasturlarini o‘rganishni boshladim: Germaniya, Italiya, Fransiya, Angliya… yakunda oxirgi variantda to‘xtadim. Britaniya ta’limi dunyo bo‘yicha yuqori baholanadi, qaysi davlatga borsangiz ham, shu diplom bilan ishlash osonroq. Yana bir qulay tomoni, ingliz tilini bilganim sabab moslashish ancha oson bo‘ladi deb o‘yladim.

Universitet tanlayotganda uchta joyga hujjat topshirdim: London South Bank, University of Birmingham va University of Bristol. Eng katta umidim Londondagi universitetda edi, darslar amaliyotga yaqin, marketingning haqiqiy jarayonlariga bog‘langan. Poytaxtda tajriba, ish va o‘sish imkoniyatlari ham ancha ko‘p.

Londonga bormoqchi bo‘lgan paytlarim bu yerda bunchalik ko‘p yashil tabiatli joylar borligini bilmagandim.

Londonga bormoqchi bo‘lgan paytlarim bu yerda bunchalik ko‘p yashil tabiatli joylar borligini bilmagandim.

Hujjatlarni o‘zim yig‘ib yurishni xohlamay, bu ishni yaxshi biladiganlarga topshirdim. Shu maqsadda Universe Group agentligini tanladim. Bu sohada firibgarliklar borligi haqida eshitganman, shuning uchun yaxshilab izlanib, sharhlarni o‘qidim, tanishlardan so‘radim. Ishonch hosil qilgach, ularga murojaat qildim.

Agentlik xizmatlari menga taxminan 6 million so‘mga tushdi. Ular barcha xarajatlar ro‘yxatini, kerakli bo‘ladigan hujjatlarni tushuntirib berishdi. O‘qish uchun kerakli hujjatlar: 

Katta ustunligim IELTS’da 7 balim borligi bo‘ldi. Shuning uchun imtihonga tayyorlanish yoki qayta topshirishga vaqt ketmadi. Kirish uchun minimal talab 6.0, har bir yo‘nalishga kamida 5.5 bo‘lishi kerak. Sertifikatim bo‘lmaganda, London uchun kamida bir yil oldin tayyorlanishni boshlashimga to‘g‘ri kelardi. Menda esa hammasi tinch o’tdi, dedlayngacha hali bir necha oy bor edi. 

Agentlik universitetlar bilan muloqot uchun email yaratdi. Hujjat topshirish, takliflarni ko’rib chiqish, notarial tasdiqlar — hammasini ular o‘z zimmasiga oldi.

Natija juda tez chiqdi: hujjat topshirganimdan atigi bir hafta o‘tib, uchala universitetdan ham qabul xati keldi. Uchalasi ham bir kunda. Ularning orasida menga eng keraklisi — London South Bank University ham bor edi. Xabarni olganim zahoti ota-onamga qo‘ng‘iroq qildim, kechqurun esa kirganimni nishonladik.

O‘qishning bir yillik narxi 17 500 funt — taxminan 286,5 million so‘m. Afsuski, Britaniyada grant topa olmadim: yo‘nalishim bo‘yicha mos dasturlar deyarli yo‘q ekan. Shuning uchun kontrakt asosida o‘qishga to‘g‘ri keldi. Ammo yaxshi attestat va yuqori IELTS ballari tufayli menga 2000 funtlik chegirma berishdi. O‘qish to‘lovini ota-onam o‘z zimmasiga oldi. Dadam qo‘l mehnati bilan tayyorlanadigan gilamlar savdosi bilan shug‘ullanadi.

Ko‘chishga tayyorlandik haqida

Viza jarayoni kutilganidan murakkabroq bo‘lib chiqdi: pasport, universitetdan taklif, Londonda o‘qish va yashashga yetadigan mablag‘ borligini tasdiqlash… va kutilmaganda, sil kasalligiga test topshirish kerak ekan. Shu testning o‘zi 95 dollarga tushdi: shifokor qabulidan tortib KT tekshiruvigacha hammasi shu summaga kiradi. Britaniya faqat tasdiqlangan klinikalar natijalarini qabul qilgani uchun narx ancha baland.

Viza uchun onlayn arizada yana uch yillik tibbiy sug‘urta ham talab qilinadi, men o‘qiydigan universitetda o‘qish muddati shuncha. Narxi 4500 dollar bo‘ldi, bunga ham ota-onam yordam berdi.

Hujjatlarni may oyida topshirganman, lekin faqat avgustga kelib viza markazida vaqtni tanlash imkoniyati ochildi. Belgilangan kuni pasportimni olib elchixonaga bordim. Suhbat davomida nega aynan Londonni tanlaganim, universiteting haqida nimalarni bilishimni so‘rashdi. Shundan keyin viza bir haftada chiqdi — narxi 480 dollar atrofida. 

Londonga chipta olishni esa o‘zim hal qildim. Ikki oy oldin oldim, taxminan 400–450 dollarga tushdi. Uchib ketish sanasi yaqinlashgan sari chiptalar ham qimmatlashadi.

Borishdan oldin o‘zimga xona topdim: oyiga 800 funt, qo‘shimcha to‘lovlar kirmagan, qo‘shnilar yo‘q, oyma-oy to‘lab borish mumkin ekan. Talabalar turar joyi ham shu narxga yaqin, lekin bir semestr to’liq to‘lash kerak bo‘lardi. Bundan tashqari, uy egasi 350 funt depozit so‘radi, ko‘chib chiqqanimda qaytarib berdi.

Bu uy variantini telegramdagi o‘zbeklar bor guruhdan topdim, turli agentliklar e’lon tashlab turishadi. Lekin imkon bo‘lsa, uy izlashni Londonga kelgandan keyin boshlagan yaxshi, masalan Rightmove saytida. Bu yerda uy egalari internet orqali gaplashmas ekan, ishonishmasa kerak.

Ijara shartnomasini menga e-mail orqali keldi, rozilik bildirganimdan keyin hisob raqamini yuborishdi. Universitetning o‘zi uy-joy xarajatlarini qoplamaydi, faqat uy topishda yo‘l-yo’riq ko‘rsatishi mumkin.

Londonga bir yil ichida qanday moslashdim

Londonga kelgach, shokka tushdim deb aytolmayman, mustaqil yashashni Toshkentda o‘rganganman. O‘sha paytda faqat o‘zimga suyanishni, pishiq bo‘lishni, maishiy masalalarni hal qilishni, pulni to’g’ri sarflashni o‘rganganman. Bu ko‘nikmalar Londonda juda qo‘l keldi. 

Kelib xonamga joylashdim va birinchi o’rinda kerakli narsalarni oldim: idish-tovoq, yostiq-ko‘rpa, texnika, kiyim-kechak, yo‘l xaritasi. Hammasi bo‘lib taxminan 150 funt ketdi.

Birinchi ikki oy ota-onam pul yuborib turishdi, o‘zimda jamg‘arma yo‘q edi. Bank kartasi ochdim, pul o‘tkazmalarida komissiyaga to’lamaslik uchun. Bu yerda karta ochish ancha oson. Uydagilar Visa Direct orqali O‘zbekistondan bemalol pul yuborishadi.

Visa Direct o‘tkazmalari payme’da

Payme ilovasida Visa kartangizdan 200 dan ortiq mamlakatlardagi Visa kartalariga pul o‘tkazish mumkin.

payme’da Visa Direct’ni sinab ko‘ring

2024-yil oktyabriga kelib bir mehmonxonada yarim stavka ishga kirdim va o‘zimni o‘zim ta’minlay boshladim. Talabalik vizasida haftasiga 20 soat ishlash mumkin, ta’til paytida esa to‘liq stavka. Bu cheklovni buzib bo‘lmaydi, jazosi jiddiy, hatto deportatsiyaga ham tushish mumkin.

Mehmonxona menga oyiga taxminan 1200 funt daromad beradi, ba’zan ko‘proq, bu ish jadvaliga va choy puliga bog‘liq. Darslar haftasiga ikki-uch kun bo‘lganligi uchun ish va o‘qishni bor me’yorda ushlash qiyin emas.

Ikkinchi kursga o‘tganimda uch nafar o‘zbekistonlik do‘stlarim bilan birga uch xonali uyga ko‘chdik. Universitetgacha piyoda 15 daqiqada borish mumkin. Uyning umumiy ijarasi 2600 funt, London markazi uchun bu juda yaxshi narx. 

Bu yerda o‘zbek talabalari orasidan yaxshi do’stlar topdim: dunyoqarashimiz, qiziqishlarimiz o‘xshash. Tezda bir-birimizga suyanadigan bo‘lib ketdik.

Londonda yashash qimmat. Oylik ijara, ovqat, transport va boshqa xarajatlarga o‘rtacha 1300 funt ketadi. Kamroq sarflash uchun talabalarga mo‘ljallangan imkoniyatlar juda qo‘l keladi: masalan, UNiDAYS orqali qahvaxonalarda va brend do‘konlarida chegirmalar olish mumkin. “Travel card” esa yo‘l xarajatini taxminan 30% arzonlashtiradi.

Bundan tashqari, Londonda sekond-hend madaniyati juda rivojlangan: uy jihozlari, kiyim-kechak, aksessuarlar, hammasini yaxshi holatda, arzon narxda topish mumkin. Men ko‘pincha shu yerda mebel yoki bezak buyumlarini izlardim. Masalan, 2000-yillar uslubidagi yog‘och jurnalli stolni 30 funtga olganman, sifati ham, ko‘rinishi ham juda yoqqan.

Bu yerda sekond-hendga kirish shunchaki xarid emas, bu deyarli trendga aylangan odat. Kiyimdan tortib kitoblargacha, hamma narsa bor.

Ovqatga moslashish esa oson bo‘lmadi. Bu yerning taomlari biznikidan ancha farq qiladi, o‘zim esa bolaligimdan uy oshiga o‘rganganman. Bu yerda ko‘p taomlar karri bilan qilinarkan, mashhur fish&chips esa menga umuman yoqmadi. Eng ko‘p sog‘ingan narsam onamning ovqatlari, uy havosi, kechki oilaviy suhbatlar bo’ldi.


Vaqt o‘tib asta-sekin o‘zimga mos joylarni topdim, uyda ham yetishmayotgan taomlarni pishirishni o‘rgandim.

Ko‘chib kelganimdan keyin ingliz tilim ham ancha yaxshilandi: aksent sekin-asta yo’qoldi, do‘stlar bilan esa ba’zan hazillashib britancha sheva qo‘shib gaplashamiz.

Londonda o‘zbek taomlari bor, lekin baribir bu ta’m bolalikdagi ta’m emas.

O‘qish qanday o‘tmoqda

Men Marketing and Advertising with Digital Communications yo‘nalishida o‘qiyman. Darslar yoqadi: Understanding of Consumers, Media Relations, Integrated Contemporary Communications kabi fanlar bor. Faqat birinchi kursda moliya fanida qiynalganman, matematikada bilimim o’zi uncha yaxshi emas.

Slide 1
Shahar bo‘ylab asosan avtobusda yuraman: narxi arzon, yo‘llari qulay, va yo‘l-yo‘lakay shahar manzarasiga ham termilib borsa bo’ladi.
Slide 2
Shahar bo‘ylab asosan avtobusda yuraman: narxi arzon, yo‘llari qulay, va yo‘l-yo‘lakay shahar manzarasiga ham termilib borsa bo’ladi.

Shahar bo‘ylab asosan avtobusda yuraman: narxi arzon, yo‘llari qulay, va yo‘l-yo‘lakay shahar manzarasiga ham termilib borsa bo’ladi.

Universitet kampusi “Elephant and Castle” hududining deyarli yarmini egallagan, “Big Ben”dan esa o‘n daqiqalik yo’l. Talaba uchun kerak bo‘ladigan hamma narsa shu yerda bor: kafe, dam olish zonalari, sport maydonlari, zamonaviy auditoriyalar, katta kutubxona. Ertalab do‘stlar bilan nonushta qilamiz, keyin darslarga kiramiz. Ko‘pincha kutubxonada qolib uy vazifalarini bajaraman. O‘quv materiallari deyarli bepul. Ko‘plab kitoblarni onlayn topsa bo’ladi, noyoblarini esa kutubxonadan izlash kerak.

O’zbekistonda o’qishdan asosiy farqi bu erkinlik. Bu yerda sizdan faollik kutishadi: mustaqil o‘rganish, savol berish, fikr bildirish, g‘oya taklif qilish. O‘qituvchilar sizga qayerini yodlashingizni aytmaydi, yo‘l ko‘rsatadi. Maqsad — mustaqil fikrlaydigan, tahlil qiladigan talaba tayyorlash.

Auditoriyalarning derazasidan shahar manzarasi ko‘rinib turadi

Xulosa

O’qiyotkanimga bir yil bo’ldi. Londonda yashash yoqadi. Shahar juda aqqli qilib qurilgan, piyoda yurish ham, jamoat transporti ham, dam olish joylari ham qulay. Bo‘sh vaqtimda parklar, konsertlar, ko‘rgazmalarga boraman, bu yerda har doim borish uchun yangi joy topiladi.

Lekin ochig‘i, hozir uyni birinchi oylardagidan ham ko‘proq sog‘inaman. Uydan uzoqda yashayotgan har bir inson buni his qilsa kerak. Vatan hissi yo‘qolmaydi, u hatto chuqurlashib boradi. Orzu qilgan shahringda bo‘lishing mumkin, lekin baribir ona yurtning hidlari, ovozlari, tanish ta’mlari yetishmaydi. Bu mening yo‘limning bir qismi, men esa hozir aynan o‘sha orzu qilgan yo‘limning ichidaman.