Qachon pensiyaga chiqish mumkin

O‘zbekistonda pensiya, mehnat staji bo‘lganda va pensiya yoshiga yetganingizda tayinlanadi. Erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh. To‘liq pensiya uchun erkaklarga kamida 25 yil, ayollarga esa kamida 20 yil mehnat staji kerak. Ish staji kam bo‘lsa, pensiya ham kam bo‘ladi. Agar umuman ish staji bo‘lmasa, pensiya o‘rniga yoshga qarab nafaqa tayinlanadi va u ancha kam bo‘lishi mumkin.

Pensiyaga vaqtliroq chiqish ham mumkin. Masalan qonunda, pensiya yoshini bir, besh yoki o‘n yilga qisqartirib, imtiyozli pensiya tayinlanishi yoki yoshga doir pensiyani muddatidan oldin belgilanishi ko‘rsatilgan.

Pensiya tarkibi

O‘zbekistonda pensiya ikki qismdan iborat: sug‘urta va jamg‘arma.

Sug‘urta qismi — bu, yoshga doir asosiy davlat pensiyasi. Miqdori rasmiy oyligingiz va necha yillik ish stajingiz hisobga olinganiga bog‘liq. Agar rasmiy ish bo‘lsa, oylikdan majburiy to‘lovlar o‘tkaziladi va aynan shu ma’lumotlar asosida keyinchalik davlat pensiyani hisoblanadi.

Pensiya va unga qo‘shiladigan ustamalar hamda qo‘shimcha to‘lovlarni hisob-kitob qilishda PHBMdan (pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori) foydalaniladi. 2026-yil yanvar oyi uchun 1 PHBM — 471 000 so‘m.

Jamg‘arma qismi — bu, sizning shaxsiy pensiya hisobingiz. U “Xalq banki”da avtomatik tarzda ochiladi va unga daromadingizdan ushlab qolinadigan JSHDSning (Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) 0,1% o‘tkaziladi. Ushbu jamg‘armalar sug‘urta pensiyasidan alohida hisobga olinadi: to‘plangan summani tekshirishingiz, pensiyaga chiqqaningizda esa pulni birdaniga yoki qismlarga bo‘lib olishingiz mumkin.

Hisob qoldig‘iga tizim qoidalari bo‘yicha foizlar qo‘shiladi. Shuningdek, jamg‘armalarni ko‘paytirmoqchi bo‘lsangiz, hisobni ixtiyoriy ravishda to‘ldirishingiz mumkin. Qancha mablag‘ yig‘ilganini my.gov.uz yoki “Xalq banki” filiali orqali bilish mumkin. 

Sug‘urta pensiyasi qanday hisoblanadi

Sug‘urta pensiyasi miqdori rasmiy oylik va mehnat stajiga bog’liq. Pensiya hisobi uchun so‘nggi 10 yillik ish davridan eng yuqori ish haqi bo‘lgan istalgan ketma-ket besh yil tanlanadi va shu davr uchun o‘rtacha oylik sanaladi. Ushbu summaning 55% bazaviy pensiya hisoblanadi.

Ish staji minimaldan yuqori bo‘lsa, har bir qo‘shimcha yil uchun 1% dan qo‘shiladi. Olingan summaga ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar qo‘shilishi mumkin, agar ular sizga tegishli bo‘lsa, lekin biz ularni ko‘rib chiqmaymiz.

Formula quyidagicha:
Pensiya = 5 yil uchun o‘rtacha oyligingiz 55% + normadan ortiq har bir yil uchun 1%

Sug‘urta pensiyasini hisoblash namunasi

Aytaylik, ayol 23 yil ishlagan — bu, eng kam ish stajidan uch yilga ko‘p. Pensiyani hisoblash uchun so‘nggi 10 yil ichida oylik yuqori bo‘lgan ketma-ket besh yil tanlab olindi. Pensiya tizimi qoidalari bo‘yicha qayta hisoblangandan so‘ng, ushbu besh yildagi o‘rtacha oylik oyiga 5 million so‘mni tashkil etdi.

Hisob: 5 mln so‘mning 55% — 2,75 mln so‘m. Qo‘shimcha 3 yillik ish staji uchun 3% — 150 000 so‘m.

Pensiyaning umumiy miqdori: oyiga 2 750 000 + 150 000 = 2 900 000 so‘m.

Lekin, nozik tomonlar bor:

  1. Qancha pul topishingizga qaramay, pensiyani hisoblash uchun maksimal summa — 12 PHBM, 2026-yil yanvar oyida bu, 5 652 000 so‘m. O‘rtacha oyligingiz yuqori bo‘lsa, unda 55% ham, ish staji uchun qo‘shimcha to‘lov ham baribir limitdan hisoblanadi. Shuning uchun 20 mln so‘m oylik oladigan odam bilan 6 mln so‘m oylik oladigan odamning pensiyasi bir-biridan kam farq qilishi mumkin.
  2. Agar hisoblangan pensiya juda kam bo‘lsa, davlat uni minimal darajagacha to‘ldirib beradi. 2025-yilning iyul oyidan boshlab yoshga doir eng kam pensiya miqdori 918 000 so‘mni tashkil etadi. Oylik limiti tufayli ustamalarsiz maksimal pensiya taxminan 4 million so‘m. Davlat mukofotlari, unvonlari yoki ordenlar bo‘lsa ko‘proq pensiya olish mumkin, chunki ular uchun qo‘shimcha to‘lovlar belgilangan. Masalan, “Xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” unvoni 1,6 BHM ustama beradi. Hozirgi BHM 412 000 bo‘lsa, yana oyiga qo‘shimcha 659 000 so‘m qo‘shiladi degani.

Jamg‘ariladigan pensiya-chi

Jamg‘arma qismi sug‘urta pensiyasi formulasi bo‘yicha hisoblanmaydi. Bu, ko‘proq pul yig‘ishga o‘xshaydi: shaxsiy pensiya hisobingizga qancha pul tushsa, pensiya jamg‘armangiz ham shuncha bo‘ladi.

Jamg‘arma hisobiga ish beruvchidan majburiy badallar ya’ni, oyligingizning 0,1%, ixtiyoriy badallar — agar hisobni o‘zingiz to‘ldirgan bo‘lsangiz va “Xalq banki” hisoblaydigan foizlar tushadi. 

Foiz omonatga o‘xshab qat’iy belgilanmaydi va yildan yilga o‘zgarishi mumkin, lekin u rasmiy inflyatsiyadan past bo‘lolmaydi. Masalan, 2024-yilga ko‘ra inflyatsiya 9,8% bo‘ldi, demak, jamg‘arib boriladigan pensiya hisobi bo‘yicha foiz yillik 9,8% dan past bo‘lmagan. 2025-yil yakuniga ko‘ra, dekabr oyida yillik inflyatsiya 7,3% tashkil etdi, demak, foiz 7,3% dan past bo‘lishi mumkin emas.

Hisoblangan foizlarning aniq miqdorini Xalq bankining sayti yoki mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetda ko‘rish mumkin.

Hisobdagi jamg‘armalar qanday o‘sadi

Masalan, sizning oyligingiz oyiga 5 mln so‘m. Ish beruvchi besh yil davomida undan 0,1%ni ya’ni, oyiga 5000 so‘mdan ajratib kelgan. Besh yil ichida hisobga 300 000 so‘m tushgan.

Bank foiz hisoblashini tushunish oson bo‘lishi uchun hisob-kitobni biroz soddalashtiramiz. Tasavvur qilaylik, ushbu 300 000 so‘m hisobingizga tushdi va har yili o‘rtacha stavka 10% ni tashkil etdi. Shunda besh yildan keyin hisobda 483 000 so‘mdan ortiq pul bo‘ladi, shundan 183 000 so‘mga yaqini foizlardir.

Agar hisobni qo‘shimcha ravishda o‘zingiz to‘ldirsangiz, masalan, oyiga 100 000 so‘mdan, bu yillar davomida 6 million so‘m kiritgan bo‘lasiz. Shunda hisobdagi summa besh yildan keyin 8 mln so‘mdan ko‘proq bo‘ladi, chunki foizlar ancha katta qoldiqdan hisoblanadi.

Bu pullardan pensiya olish huquqi bo‘lganda foydalansa bo‘ladi. Jamg‘armalarni ikki usulda olish mumkin: birdaniga butun summani yoki qismlarga bo‘lib. Agar pullarni qismlab olishni tanlasangiz, bank summani siz ko‘rsatgan oylar soniga bo‘lib, har oyda pul o‘tkazadi. Odatda ular pensiya oladigan hisobingizga tushadi. Istalgan vaqtda jamg‘arib boriladigan pensiya hisobidan pul yechib olish mumkin emas. 

Hozir pensiyaga ta’sir ko‘rsatish mumkinmi?

Kelajakdagi pensiya miqdoriga bir necha omillar ta’sir qiladi:

Ijtimoiy soliq va pensiya jamg‘armasiga to‘lovlarni rasmiy qiling. Pensiya davlat bilgan daromadlar bo‘yicha hisoblanadi. Agar siz yollanma ishda bo‘lsangiz, ish beruvchi siz uchun badallar va soliqlarni to‘laydi. Tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lsangiz, ijtimoiy soliq va pensiya jamg‘armasiga badallarni o‘zingiz to‘lashingiz kerak. Rasmiy to‘lovlarni chetlab o‘tadigan daromad hisobga olinmaydi.

Ish stajini kuzatib boring. Pensiya uchun faqat summalar emas, hisobga olinadigan yillar ham muhim. Agar vaqtincha yollanma ishda ishlamayotgan bo‘lsangiz, stajni qanday saqlash haqida o‘ylang: masalan, o‘zini o‘zi band qilish yoki YTTni (yakka tartibdagi tadbirkor) rasmiylashtirish va yillar yo‘qolib ketmasligi uchun majburiy to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Jamg‘arma hisobini to‘ldiring. Shaxsiy jamg‘arma pensiya hisobiga oz miqdorda pul o‘tkaziladi, lekin uni mustaqil to‘ldirib borishingiz mumkin. Kichik miqdordagi muntazam badallar ham vaqt o‘tishi bilan sezilarli summaga aylanadi.

Ma’lumotlarni kamida yilda bir tekshirib turing. Xatolar bo‘lib turadi: qayerdadir ish oyi hisobga olinmagan, qayerdadir davr yoki to‘lovlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Shuning uchun yiliga kamida bir marta stajingiz va jamg‘arma hisobingizdagi ma’lumotlarni tekshirib, noaniqliklarni tuzating. Shunda pensiyaga chiqayotganda barchasini hal qilib o‘tirmaysiz va jarayon ancha oson kechadi.