O‘zbekiston mobil operatorlarida rouming xizmati

O‘zimizning mobil aloqa operatorlarida xalqaro rouming shartlari farq qiladi. Roumingni ulashda faqat narxiga emas, balki paket qaysi mamlakatlarda ishlashiga ham e’tibor berish kerak

Masalan, Beeline’ning 30 kunlik 10 GB internet paketi 299 000 so‘mga tushadi. Undan atigi 14 ta mamlakatda foydalanish mumkin. Ular orasida Turkiya, Misr, Tailand, Vyetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya bor. Internet va qo‘ng‘iroqlar bilan 85 ta mamlakatda ishlaydigan oylik paket esa xuddi shu 10 GB internet uchun 550 000 so‘m turadi.

Mobiuz’da 3, 10, 15 va 35 kunlik rouming paketlari bor. Ularda internet, daqiqalar va СМС soni har xil. Eng katta internet paketi 10 GB. Ammo ko‘p mamlakatlar uchun faqat 15 kunlik paketlarni tanlash mumkin.

Ucell’da narx asosan qaysi mamlakatga borishingizga bog‘liq. Ayrim yo‘nalishlar uchun maxsus takliflar bor. Turkiya uchun 20 GB internet va 60 daqiqalik oylik paket 200 000 so‘m turadi. Internet va daqiqalar ikki baravar kam bo‘lgan paket esa 150 000 so‘mga tushadi.

Rouming bilan telefon raqamini almashtirish shart emas. Bu variant qisqa safarlarda yoki operator yaxshi taklif berganida foydali bo‘lishi mumkin.

Roumingni safarga chiqishdan oldin ulash kerak. Chet elga kirganingizdan keyin telefon mahalliy operatorlardan birining tarmog‘iga avtomatik ulanadi. Ammo rouming paketingiz faqat ayrim operatorlar tarmog‘ida ishlashi mumkin. Shuning uchun telefon kerakli tarmoqqa ulanganini tekshiring.

Paketda qancha internet va daqiqa qolganini biling. Limit tugaganidan keyin operator xizmatlarni odatdagi rouming tariflari bo‘yicha hisoblaydi. Bu esa ancha qimmatga tushadi.

Ucell’ning maxsus rouming taklifi faqat Turkcell mobil tarmog‘ida ishlaydi. Manba: ucell.uz

Mahalliy SIM-karta

Sayyohlari ko‘p mamlakatlarning mobil operatorlari chet elliklar uchun maxsus paketlarni taklif qiladi. Bunday tariflarga asosan katta hajmdagi internet va ba’zan mahalliy raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish uchun daqiqalar kiritiladi. Masalan, Turkiyada Turkcell’ning Tourist Welcome Pack paketida 28 kun davomida 20 GB internet va 200 daqiqadan foydalanish mumkin. Paket 1 800 turk lirasi (taxminan 436 000 so‘m) turadi.

Vyetnamda mobil aloqa xizmatlari arzonroq. MobiFone operatorining sayyohlar uchun SIM kartasi 109 000 dong (taxminan 50 000 so‘m) turadi va 20 kun davomida ishlaydi. Paketga kuniga 4 GB internet va qo‘ng‘iroqlar kiradi. Gruziyada Cellfie operatorining “Hammasi cheksiz” paketi 14 kunga 19 lari (taxminan 86 000 so‘m) turadi. Unda mobil internet, mahalliy raqamlarga qo‘ng‘iroqlar va СМСlar cheklanmagan.

aviachiptalarni payme travel’da oling

payme travel’da yuzlab aviakompaniyalarning chiptalari bor. Shuning uchun bizda dunyoning istalgan burchagiga chipta topishingiz mumkin. Chipta narxining 15% gacha qismi ham keshbek sifatida qaytariladi.

payme’ning foizsiz “Keyinroq to‘lash” va muddatli to‘lov xizmatlaridan foydalaning. Masalan, chiptani hozir olib, pulini 10 kun ichida to‘lashingiz mumkin. Yoki uchga bo‘lib to‘lab, birinchi to‘lovni xariddan bir oy o‘tib qilasiz. Chipta 1,5 mln so‘m tursa, oylik to‘lov uch oyga 500 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Chiptalarni qidirish

Yo‘lga chiqishdan oldin boradigan mamlakatingizdagi mobil operatorlar takliflarini ko‘rib chiqing va o‘zingizga mosini tanlang. SIM kartani o‘sha yerda olishingiz mumkin. Mahalliy SIM karta uzoq safarlar va ko‘p internet ishlatadiganlar uchun qulay. Ayrim mamlakatlardagi tariflar qisqa safarda ham roumingdan arzonroq bo‘ladi.

Mahalliy SIM karta olish uchun xorijga chiqish pasporti kerak. Sizga yangi raqam beriladi. Telefonda faqat bitta SIM karta joyi bo‘lsa, O‘zbekiston SIM kartasini vaqtincha chiqarib, o‘rniga mahalliy kartani qo‘ying. Qo‘ng‘iroqlarni boshqa raqamga yo‘naltirish xizmatini yoqmasangiz, eski raqamga kelgan qo‘ng‘iroq va СМСlarni qabul qila olmaysiz.

Telefonga ikkita SIM karta ketsa, sozlamalardan mobil internet uchun mahalliy SIM kartani tanlang. O‘zbekiston SIM kartasida esa roumingda internet ishlatishni o‘chirib qo‘ying. Shunda o‘z raqamingizga СМСlar kelaveradi, telefon esa rouming interneti uchun ortiqcha xarajat qilmaydi.

Telefonni roumingdagi internetdan foydalanmaydigan qilib sozlang

Sayyohlar uchun eSIM

eSIM — bu smartfonga o‘rnatiladigan virtual SIM-karta. Uni uydan chiqmasdan sotib olish va sozlash mumkin. Chet elga yetib kelganingizdan keyin mahalliy tarmoqqa ulanish uchun Wi-Fi kerak. Buning uchun aeroportdagi bepul Wi-Fidan foydalansa bo‘ladi. Bunda odatdagi telefon raqamingiz ham ishlashda davom etadi. Bitta telefonga bir nechta eSIM o‘rnatish mumkin.

Sayyohlar uchun eSIM’larni Airalo, Saily, Holafly, Nomad xalqaro servislari sotadi. Boradigan joyingizga qarab bitta mamlakat, mintaqa yoki bir nechta davlat uchun mo‘ljallangan paketni tanlang. Chegaradan o‘tganingizda yangi SIM karta olish shart emas. Paket uchun Visa, Mastercard yoki TBC Salom Visa kartasi bilan to‘lash mumkin.

Sayyohlik eSIM’lari asosan internet uchun mo‘ljallangan. Ular orqali oddiy qo‘ng‘iroqlar qilish yoki СМС yuborish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Paket narxi mamlakat va internet hajmiga bog‘liq. Masalan, Nomad’da Turkiya uchun 30 kunga mo‘ljallangan 10 GB internetli paket 13 dollar (taxminan 153 000 so‘m). Saily’da esa Yevropada ishlaydigan 10 GB internetli paket narxi 36 dollar (taxminan 424 000 so‘m).

O‘zbekiston operatorlari orasida ham eSIM xizmatlari bor. Masalan, Mobiuz’ning Travel SIM xizmatini mobil ilovada ulash mumkin.

eSIM xizmatlari bitta mamlakat yoki butun bir mintaqa uchun mo‘ljallangan paketlarni taklif qiladi. Manba: saily.com

eSIM’ni deyarli hamma zamonaviy telefonlarda ishlatish mumkin. Uni olishdan oldin telefoningiz eSIM’ga mos kelishini tekshiring. Cheksiz internet paketlarini tanlayotganda ham shartlarini o‘qing. Ayrim paketlarda ma’lum hajmdagi trafikdan keyin internet tezligi pasayadi. Masalan, Airalo’ning Turkiya uchun ba’zi paketlarida kuniga 3 GB sarflangach, tezlik 1 Mbit/s bo‘ladi.

Telefonda SIM kartalar o‘rtasida mobil internetni avtomatik almashtirish funksiyasini o‘chirib qo‘ying. Chunki eSIM tarmoqdan uzilsa yoki internet paketi tugasa, telefon boshqa faol SIM kartaga o‘tib, uning internetidan foydalanishi mumkin.

Sayohat uchun qaysi birini tanlash kerak

Har safar boradigan mamlakatingizdagi tariflarni solishtirib, o‘zingizga mos va foydali variantni tanlang.

Masalan, BAAga sayohat qilsangiz, Airalo’da 7 kunga mo‘ljallangan 10 GB internetli eSIM 18,50 dollar (taxminan 218 000 so‘m) turadi. Etisalat and operatorining sayyohlar uchun paketida esa 10 GB internet va 60 daqiqa bo‘ladi. 28 kunlik narxi 9 dirham (taxminan 317 000 so‘m).

Mobiuz roumingida BAA uchun 10 GB internetli paketni 10 kunga 275 000 so‘mga ulash mumkin.

Sayohatda aloqa turlarining afzalliklari va kamchiliklari