Bu qanday sodir bo‘ldi

Yigitim bilan uyda ishlayotgan edik. Bir payt unga mening nomimdan xabar keldi. Men undan qarz so‘rayapman. Kimdir mening akkauntimga kirib olganini tushundim.

Qo‘rqib ketdim, Telegram’da shaxsiy yozishmalar, ishchi chatlar va boshqa muhim ma’lumotlar bor edi. Avval telefon orqali kirishga harakat qildim, lekin ilova meni chiqarib tashladi, kirish uchun SMS-kod so‘radi. Shunda Telegram akkauntim chet el raqamiga ro‘yxatdan o‘tgani yodimga tushdi. O‘sha sim-kartani qidirishga tushdim.

Akkauntimni qanday qaytarib oldim?

SIM-kartani tiklash uzoq vaqt olishini bilardim, shuning uchun kompyuterdagi Telegram ilovasi orqali begona qurilmalarni chiqarib tashlamoqchi bo‘ldim. Lekin kechikkan ekanman, firibgarlar barcha seanslarimni yakunlashgan ekan. Hatto kompyuterdagi akkauntimni ham.

Aksiga olib, SIM-karta mening telefonimda ishlamadi, shuning uchun uni yigitimga berdim. Unda SIM-karta ishladi va telefoniga Telegramga kirish kodi bilan SMS keldi.

nechpul’dan maslahat:

Sizni ham kutilmaganda akkauntingizdan chiqarib yuborishsa, Telegram ishlatilgan boshqa qurilmadan faol seanslarni tekshiring. Masalan, telefondan chiqib ketgan bo‘lsa, kompyuterdan kiring. “iPhone” da: Sozlamalar → Qurilmalar → Faol seanslarni oching. Android yoki veb-ilovada: “Sozlamalar” → “Maxfiylik va xavfsizlik” → “Qurilmalar” yoki “Faol seanslar” bo‘limini oching. Agar u yerda begona qurilmalarni ko‘rsangiz — “Boshqa barcha seanslarni yakunlash” tugmasini bosing.

Akkauntimga kirganimdan keyin birinchi qilgan ishim 

Birinchi navbatda “Sozlamalar”dagi “Faol seanslar” bo‘limiga kirdim va Telegram’da mendan boshqa hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qildim.

Shunda nimada xato qilganimni tushundim. Menda kirish uchun qo‘shimcha parol (ikki bosqichli tekshiruv) yoqilmagan ekan. Ya’ni kodni qo‘lga kiritgan har qanday odam akkauntga kira olardi. Agar qo‘shimcha parol bo‘lganida, Telegram boshqa qurilmadan kirilganda uni so‘ragan bo‘lardi va firibgarlarning rejasi amalga oshmasdi.

Men qo‘shimcha parolni yoqdim. Endi Telegram yangi qurilmadan kirishda har doim parol so‘raydi.

Firibgarlar nima qilishdi

Mening “soxta” nusxamni yaratishdi. Jinoyatchilar do‘stlarimga soxta ovozli va mening yuzim bo‘lgan video-xabarlarni yuborib, qarz so‘rashgan. Hammasi shunchalik ustalik bilan qilingan ediki, hatto o‘zim ham farqlay olmasdim. Ovoz xuddi o‘zimnikidek. Buning ustiga, ism-familiyam yozilgan bank kartasi rasmini ham yuborishgan. Xullas, hammasi juda ishonarli ko‘rinardi.

Chatlarni o‘chirib tashlashdi. Yaqinlarim shubhalanib, savollar bera boshlashgach, firibgarlar izlarni yo‘qotish uchun yozishmalarni butunlay o‘chirib yuborishgan. Ular uchun bitta xabarni o‘chirishdan ko‘ra, butun chatni yo‘q qilish osonroq. Eng achinarlisi, yaqinlarim bilan bo‘lgan barcha yozishmalarim o‘chib ketdi.

Pasport ma’lumotlarimni olishmoqchi bo‘lishdi, lekin qo‘llaridan kelmadi. Menga soxta aloqa operatoridan SMS keldi. Pasport ma’lumotlarini zudlik bilan tasdiqlashni, aks holda raqam bloklanishini aytishdi. 

Havola shubhali ko‘rindi — xatolar bilan yozilgan edi. Men mobil operatorning rasmiy ilovasidagi chat-botga yozdim va u yerda hech narsani tasdiqlash shart emasligini, raqamni hech kim bloklamoqchi emasligini aytishdi. Bu ham firibgarlikning bir turi bo‘lib chiqdi.

Mobil operator nomidan kelgan soxta SMS

Nima qilish kerak

Bu vaziyatga tushmaslik uchun hamma narsani oldindan sozlab qo‘ygan ma’qul. Buning uchun quyidagilarni bajarish kerak:

Qo‘shimcha parolni yoqing. Bu akkauntingiz uchun qo‘shimcha parol bo‘lib, kimdir yangi qurilmadan kirmoqchi bo‘lganda so‘raladi. Ushbu parolni yoqish uchun “Sozlamalar”ga kiring, “Maxfiylik va xavfsizlik” → “Ikki bosqichli tekshiruv parol” → “Qo‘shimcha parol o‘rnatish” tugmasini bosing. Telegram elektron pochtangizni ham so‘raydi. Agar parolni unutib qo‘ysangiz, Telegram uni o‘sha pochtaga yuboradi.

Telegram akkauntingiz ro‘yxatdan o‘tgan SIM-kartani faol holatda saqlang. Agar SIM-karta faol bo‘lmasa, uni ulash uchun vaqt sarflaysiz. Bu vaqt ichida firibgarlar akkauntingizda bilganini qilishadi.

O‘zingiz so‘ramagan kodlarga e’tiborli bo‘ling. Agar Telegram, bank, aloqa operatori yoki boshqa biror tashkilotdan kod kelsa, siz esa uni so‘ramagan bo‘lsangiz — demak, akkauntingizga begonalar kirishga urinyapti. Bunday holda darhol faol seanslarni tekshiring, shubhali seanslarni yakunlang va qo‘shimcha parol o‘rnating.

SMS-dagi havolalarga o‘tmang — avval ma’lumotni kompaniyadan, rasmiy saytdagi chat, ilova yoki aloqa telefoni orqali aniqlashtiring.