Nimalarni olish mumkin

Shaxsiy buyumlar. Bunda siz sotib olgan bagaj me’yoridan oshmaslik kerak. Masalan, kiyim-kechak, poyabzal, parvarish vositalari, sport anjomlari va boshqa shaxsiy buyumlarni bagajga solish mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlarini bagajda olib ketish mumkin. Ammo har bir mamlakatning o‘z cheklovlari bor. Masalan, Rossiyaga kartoshka va zavod qadoqlarida bo‘lmagan go‘sht mahsulotlarini olib kirish taqiqlangan.

Dori-darmonlarni bagajda olib ketish mumkin. Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dorilar uchun shifokor retsepti bo‘lishi kerak.

Faqat bagajda olib ketish mumkin bo‘lgan buyumlar. Pichoq, qaychi, britva, otvyortka va boshqa o‘tkir va kesuvchi buyumlar. Hajmi 100 ml dan katta suyuqlik solingan idishlarni ham bagajga topshirish kerak.

Cheklangan miqdorda bagajga solish mumkin bo‘lgan narsalar. Har bir mamlakatning bojxona qonunchiligida belgilangan cheklovlari bor.

Masalan, O‘zbekistonga bojxona to‘lovisiz 2 litrgacha alkogolli ichimlik va 200 donagacha sigaret olib kirish mumkin. O‘zbekistondan esa 2 kg dan ko‘p bo‘lmagan go‘sht mahsulotlari va 40 kg gacha meva-sabzavot olib chiqishga ruxsat beriladi. Bu cheklovlarning hammasi emas. Qiymati 1 000 dollardan qimmat yangi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirishda, 5 000 dollardan qimmat mahsulotlarni esa olib chiqishda boj to‘lash kerak bo‘ladi.

Aviakompaniyalar ham bagaj uchun alohida cheklovlar belgilashi mumkin. Masalan, Turkish Airlines bagajda olib ketiladigan suyuqliklar uchun 5 litrli cheklov qo‘ygan. Bunda har bir idishning hajmi 1 litrdan oshmasligi kerak. Uzbekistan Airways esa 5 litrdan ko‘p kuchli alkogolli ichimlik olib ketishga ruxsat bermaydi. Aniq qoidalarni aviakompaniyaning rasmiy saytidan bilib oling.

Nimalar mumkin emas

Ba’zi bir buyumlarni bagajga topshirish ham, qo‘l yukida olib yurish ham taqiqlanadi. Bularga:

Samolyotda tashish mumkin bo‘lmagan buyumlarga litiy batareyalarda ishlaydigan ayrim shaxsiy transport vositalari ham kiradi. Giroskuter va elektr monog‘ildiraklarni tashish bo‘yicha cheklovlar bor. Ayrim texnik qurilmalarni mamlakatga olib kirish uchun esa maxsus ruxsat kerak. Masalan, O‘zbekistonga dronlarni ruxsatsiz olib kirib bo‘lmaydi.

Uchishdan oldin hamma taqiq va cheklovlarni aviakompaniyaning rasmiy saytidan tekshirib oling.

Qo‘l yukiga nimalarni olish kerak? Ba’zi narsalarni bagajga topshirib bo‘lmaydi, lekin ularni o‘zingiz bilan samolyot saloniga olib kirishingiz mumkin. Bunga poverbanklar, zaxira litiy batareyalar, elektron sigaretalar va veyplar kiradi.

Pul, hujjatlar, taqinchoqlar va qimmatli qog‘ozlarni ham bagajga topshirmagan ma’qul. Samolyot saloniga olib kirish kerak bo‘lgan boshqa buyumlar haqida “Qo‘l yuki: samolyotga olish mumkin va mumkin bo‘lmagan narsalar” maqolada o‘qing.

Qancha bagaj olish mumkin

Aniq me’yor yo‘q. Aviakompaniyalar bagajni ikki xil usulda hisoblaydi:

  1. Bagaj joylari soni bo‘yicha. Chipta tarifiga bir yoki ikkita bagaj joyi kiradi. Har birining vazni odatda 23 yoki 32 kg bo‘ladi.
  2. Umumiy vazni bo‘yicha. Bunda sumkalar soni muhim emas, barcha bagajning jami og‘irligi hisoblanadi.

Chamadonning o‘lchamiga belgilangan tartib bor. Aviakompaniyalarda asosan chamadonning uzunligi, eni va balandligi 158 yoki 203 sm dan oshmasligi kerak. O‘lchaganda g‘ildiraklari va tutqichlari ham hisobga olinadi.

Bagaj me’yorini oldindan tekshirib oling. Buni chipta sotib olayotganda, keyin esa elektron chipta ma’lumotlarida, aviakompaniya saytining shaxsiy kabinetida va onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rish mumkin. Chiptani payme travel’da olayotganda “Faqat bagaj bilan” filtrini tanlab, aviakompaniyalar narxlarini solishtirish mumkin. Har bir tarifda qancha bagaj olib ketish mumkinligi ham ko‘rsatiladi.

payme travel’da bagaj bilan chiptalarni tanlang va qancha yuk olib ketishingiz mumkinligini oldindan ko‘ring

Bagaj me’yordan oshsa-chi

Bu masalani parvozga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin hal qiling.

Juda og‘ir bagaj. Qo‘l yukida bo‘sh joy bo‘lsa, buyumlarning bir qismini unga joylang.

Qo‘l yukiga buyumlarni o‘tkazganingizdan keyin ham bagaj me’yordan oshsa, qo‘shimcha bagaj joyi sotib oling yoki ortiqcha vazn uchun to‘lov qiling. Uzbekistan Airways aviakompaniyasida bu xizmat narxi uchish yo‘nalishiga bog‘liq. Masalan, Moskvaga uchadigan reyslarda qo‘shimcha bagaj joyi 35 yevro turadi. Bunda yana 23 kg gacha yuk olish mumkin.

Ayrim yo‘nalishlarda bagaj soni emas, uning umumiy vazni hisobga olinadi. Bunda belgilangan me’yordan oshgan har bir kilogramm uchun pul to‘lanadi. Masalan, O‘zbekistondan Istanbulga uchishda 1 kg ortiqcha bagaj 6 yevro bo‘ladi. Qo‘shimcha bagajni oldindan internet orqali sotib olsangiz, 10% chegirma beriladi.

Katta o‘lchamli bagaj. Bunga oddiy chamadonga joylab bo‘lmaydigan buyumlar, masalan, sport anjomlari kiradi. Ularni tashish shartlarini aviakompaniyadan tekshiring. Ba’zilari bunday buyumlarni o‘lchamidan qat’i nazar, bitta bagaj joyi deb hisoblaydi. Boshqa paytlar qo‘shimcha pul to‘lash kerak bo‘ladi.

Uzbekistan Airways velosiped, skeytbord, snoubordga o‘xshagan sport anjomlarini oddiy bagaj joyi deb qabul qiladi. Bu qoidaga yana musiqa asboblari va o‘lchami odatdagidan katta, ammo vazni belgilangan me’yordan oshmaydigan ryukzaklar ham kiradi.

Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarning aravachalari, bolalar aravachalari va harakatlanishi cheklangan odamlar uchun boshqa yordamchi jihozlar bepul olib ketiladi.

2026-yil oktyabr oyida O‘zbekiston aviakompaniyalarida bagaj qoidalari*

*Ma’lumotlar tanishib chiqish uchun berilgan. Bagaj qoidalari tarif va yo‘nalishga qarab farq qilishi mumkin. Parvozdan oldin aviakompaniya saytida amaldagi qoidalarni tekshiring

2026-yil oktyabr uchun xorijiy aviakompaniyalarning bagaj qoidalari*

*Ma’lumotlar tanishib chiqish uchun berilgan. Bagaj qoidalari tarif va yo‘nalishga qarab farq qilishi mumkin. Parvozdan oldin aviakompaniya saytida amaldagi qoidalarni tekshiring

Aeroportda bagaj qayerga topshiriladi

Bagajni ro‘yxatdan o‘tish peshtaxtasida topshiring. U yerda bagaj tortiladi, unga raqamli yorliq yopishtiriladi va samolyotning bagaj bo‘limiga yuklanadi. Yorliqning ajratib olinadigan taloni sizda qoladi. Uni safar oxirigacha saqlab qo‘ying.

Transfer bilan uchayotgan bo‘lsangiz, muhim jihatni yodda tuting. Hamma reyslar uchun bitta chipta sotib olgan bo‘lsangiz, ya’ni bitta bandlov raqami ko‘rsatilgan bo‘lsa, bagajingiz oxirgi manzilgacha rasmiylashtiriladi. Oraliq aeroportda uni olib, qayta topshirishingiz shart emas. Odatda, ikkala reysni ham bitta aviakompaniya yoki hamkor aviakompaniyalar bajaradi. Bu tartib Uzbekistan Airways, Turkish Airlines va boshqa yirik aviakompaniyalarda bo‘ladi.

AQSHga uchishda alohida qoida bor. Hatto ikkala reysga bitta chipta olgan bo‘lsangiz ham, AQShga birinchi qo‘ngan aeroportda bagajingizni olib, bojxona tekshiruvidan o‘tkazishingiz va keyingi reysga qayta topshirishingiz kerak. Chunki bagaj bojxona nazoratidan AQSh hududiga birinchi kirgan aeroportda o‘tadi.

Reyslarni ikkita alohida bandlov orqali olgan bo‘lsangiz, bagajni asosan oraliq aeroportda olib, keyingi reysga qayta topshirasiz. Shuning uchun bunday safarda reyslar orasida ko‘proq vaqt qoldirgan ma’qul.