Kibersport o‘zi nima?
Kibersport— bu video o‘yinlar bo‘yicha professional musobaqadir. O‘yinchilar jamoaviy yoki yakkalik o‘yinlarda qatnashadi, turnirlarda sovrin uchun kurashadi, jamoalar va homiylar bilan shartnomalar tuzadi. Oddiy sportdan farqi shundaki, futbol to‘pi yoki tennis raketkasi o‘rniga klaviatura, sichqoncha yoki geympaddan foydalaniladi. Ammo bu yerda ham o‘yin reglamenti, hakamlar, murabbiylar, translyatsiyalar, sharhlovchilar va muxlislar mavjud — xuddi an’anaviy sportdagidek.
Kibersportchilar qanday o‘yinlar o‘ynaydi?
Bir o‘yinni kibersport o‘yini deb atash uchun u bir necha shartlarga ega bo‘lishi kerak.
Ommaboplik — o‘yinchilarning katta bazasi va tomoshabinlarning doimiy qiziqishi bo‘lishi shart.
Rasmiy qo‘llab-quvvatlash — o‘yinlar doim yangilanib turishi, ularga qiziqish saqlanishi va turnirlar tashkil etilishi kerak.
Adolatli o‘yin qoidalari — barcha o‘yinchilar teng bo‘lishi, ustunlikni sotib olish imkoni bo’lmasligi kerak. G‘olib bo‘lish faqat o‘yinchining mahoratiga bog‘liq bo‘lishi juda muhim.
2025-yilda dunyoda eng mashhur kibersport o‘yinlari:
- Counter-Strike 2 (CS2) — ikki jamoa bellashadigan taktik shuter. Bir jamoa bomba o‘rnatishga urinadi, ikkinchisi esa buni to‘xtatadi;
- Fortnite — qirollik jangi janridagi onlayn shuter, bu yerda jamoa qurol-aslaha to‘plab, katta maydonda boshqa jamoalarga qarshi kurashib, omon qolishi kerak;
- Apex Legends — bu ham qirollik jangi uslubidagi shuter, o‘z janrida birinchi bepul o‘yin;
- Dota 2 — ikki jamoa raqib bazasini yo‘q qilish uchun strategik kurash olib boradigan o‘yin;
- League of Legends — MOBA janridagi jamoaviy o‘yin, ikki jamoa raqibning harbiy bazasini yo‘q qilishga va o‘z bazasini himoya qilishga harakat qiladi;
- FIFA / EA FC — haqiqiy jamoalarning raqamli nusxalarini boshqarish, o‘z jamoalarni tuzish va musobaqalarda qatnashish imkonini beruvchi futbol simulyatori.
- Valorant — 5ga5 formatidagi shuter. Unda agentlardan foydalanish va bombalarni zararsizlantirish kerak.
Kibersportga pul qayerdan keladi?
O‘yin sanoati — bu 282 milliard dollarlik aylanmaga ega ulkan bozor. Unda o‘yinlarni ishlab chiqaruvchi, qo‘llab-quvvatlovchi, yangilanishlar chiqaruvchi va yangi tomoshabinlarni jalb qiluvchi yuzlab kompaniyalar ishlaydi. Misol uchun, Counter-Strike 2 va Dota 2 ishlab chiqaruvchisi Valve yoki Call of Duty seriyasiga egalik qiluvchi Activision.
O‘yin auditoriyasi — 3 milliarddan ortiq kishi, ya’ni Yer aholisining deyarli yarmi. So‘nggi sakkiz yilda o‘yinchilar soni bir milliardga oshdi. O‘yinchilar litsenziyali o‘yinlarni sotib oladi, obuna bo‘ladi, o‘yin ichidagi xaridlarni amalga oshiradi, translyatsiyalar va turnirlarni tomosha qilish uchun pul to‘laydi — bularning barchasi o‘yin kompaniyalarining asosiy daromadini tashkil qiladi. Bundan tashqari, reklama, o‘yin dvigatellari va texnologiyalari, brend mahsulotlari, shuningdek, adabiyot va kinoda o‘yinlarni adaptatsiya qilish bo‘yicha litsenziyalar ham kompaniyalarga daromad keltiradi. Shu tarzda yiliga milliardlab dollar ishlab topiladi. Masalan, Xitoyning yirik kompaniyasi Tencent “Honor of Kings” o‘yinidan 2024-yilda 8,2 milliard dollar daromad olgan.

Manba: Explodingtopics
Kibersportchi qancha pul ishlashi mumkin?
An’anaviy sportdagidek, professional kibersportchilar o‘z jamoasidan belgilangan oylik maosh oladi. Bu miqdor jamoaning darajasi, sport turi va hududga qarab farq qiladi. O‘zbekistonda endi kibersportga kirgan o'yinchi oyiga taxminan 100-300 dollar ishlashi mumkin, chet el klublarida esa bu summa 500-2000 dollargacha yetadi.
- Qozog‘istonda — oyiga 579 $;
- AQShda — soliqlarsiz 9375 $;
- kibersport vatani Janubiy Koreyada, — oyiga 11 000 $.
Oylik maoshdan tashqari, o‘yinchilar musobaqalardagi g‘alabalari uchun mukofot puli ham oladi. Futbol, xokkey yoki boshqa jamoaviy sportlardan farqli o‘laroq, sovrin jamg‘armasining taxminan 90 foizi o‘yinchilarga qoladi, qolgan qismi esa klub, murabbiy va tahlilchilarga tarqatiladi.
Agar o‘yinchi haqiqatan ham zo‘r bo‘lsa, mashhur brendlar bilan alohida shartnoma tuzishi mumkin. Masalan, brend logotipi tushirilgan maxsus kiyim kiyish yoki klaviatura, sichqoncha va quloqchin kabi jihozlarni brendlashtirsa bo‘ladi.
Yirik g‘arb kibersport musobaqalarida sovrin pullari juda katta. Masalan, 2021-yilda Rossiyaning Team Spirit jamoasi Dota 2 bo‘yicha eng nufuzli turnirda g‘olib chiqib, 18,2 million dollar sovrin puli oldi. Har bir o‘yinchi taxminan 3,6 million dollar daromad qildi.
O‘zbekistonda esa sovrin pullari hozircha kichikroq. Milliy turnirlar g‘oliblari 150-350 million so‘m, ya’ni 12 000-27 000 dollar atrofida mablag‘ olishadi. Masalan, 2023-yilda Tashkent Traffic Team jamoasi “International Esports Federation”ning Osiyo saralash bosqichida 4-o‘rinni egallab, 7000 dollar yutgan.
Professional bo‘lish uchun faqat yaxshi o‘ynash yetarli emas. Ko‘p vaqtni shuter yoki strategiya o‘yinlariga sarflab, yuqori reytinglarga erishsangiz ham, bu sizni avtomatik ravishda kibersportchiga aylantirmaydi.
Kibersportga kirishning bir nechta yo‘li bor.
Ta’lim olish – 2023-yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Sport faoliyati: kibersport” yo‘nalishi ochildi. Shu diplom bilan jamoaga menejer bo‘lish yoki murabbiy yordamchisi sifatida ishlash mumkin.
O‘z jamoangizni tuzish yoki mavjud jamoaga qo‘shilish – masalan, Osiyodagi IESF musobaqasi g‘olibi TTeam jamoasi bir necha yil davomida birga o‘ynagan klub a’zolaridan shakllangan.
Twitch yoki YouTube’da strimer bo‘lish va jonli efirlar qilish ham mumkin. Bu orqali siz o‘z auditoriyangizni yig'ishingiz, murabbiylarning e’tiborini jalb qilishingiz va jamoalardan taklif olishingiz mumkin. Bu, ayniqsa, xalqaro jamoalarga qo‘shilish uchun yaxshi imkoniyat.
Turnirlarda qatnashish ham professional kibersportga kirishning asosiy yo‘llaridan biri. Katta jamoa murabbiyining e’tiborini jalb qilish uchun eng oson yo‘l aynan musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsatish. Murabbiylar to‘g‘ridan-to‘g‘ri arizalarni ko‘rib chiqmasligi mumkin, lekin turnirlar orqali yaxshi o‘yinchilarni kuzatib, tarkibga taklif qilishadi.
Turnir natijalari FACEIT yoki HLTV kabi platformalarda ko'rsatiladi. Jamoa yoki o‘yinchining reytingi qancha yuqori bo‘lsa, professional klublarning e’tiborini jalb qilish imkoniyati shuncha ortadi.
Havaskor turnirlar esa o‘yin klublari, korporatsiyalar yoki talabalar jamoalari tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Masalan, 2022-yilda Central Asia Distribution kompaniyasi CS:GO bo‘yicha o‘zining korporativ turnirini tashkil qilgan. Ishtirokchilar orasida yirik korporatsiyalarning menejerlari, biznes egalari, IT-Park rezidentlari va buxgalterlar bo‘lgan.
Davlat turnirlarini Kibersport assotsiatsiyasi o‘tkazadi. Masalan, O‘zbekiston PUBG Mobile Global xalqaro turniri uchun mezbon sifatida tanlangan.
Xalqaro turnirlarni esa PGL, EA, ESL FACEIT Group kabi kompaniyalar tashkil qiladi.
Kibersport xavflari
Kibersportda muvaffaqiyatga erishish uchun klassik sportdagidek ko‘p mehnat qilish kerak, va bu ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi.
Kyoln shahridagi Yuqori sport maktabida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki:
- Bir daqiqada o‘yinchi 400 ga yaqin koordinatsiyalangan harakat qiladi.
- Yurak urishi daqiqada 120—180 martagacha yetadi, xuddi Formula-1 poygachisi kabi.
- Stress futbolga qaraganda ko‘proq va uzoqroq davom etadi.
O‘yinchilar haftasiga 70—80 soat mashq qiladi, bu ofis ishining deyarli ikki barobariga tengdir. Natijada eng ko‘p uchraydigan muammolar: bosh og‘rig‘i, bilaklarda “tunel sindromi”, bo‘yin va yelkalarda og‘riq, “quruqko‘z” sindromi, ateroskleroz, gastrit va varikoz.
Havaskorlar ko‘proq sog‘liq muammolariga duch keladi, chunki ular kompyuter oldida ko‘p vaqt o‘tkazadi, kam harakat qiladi va noto‘g‘ri ovqatlanadi. Professional jamoalarda o‘yinchilar sog‘lig‘i uchun murabbiylar, menejerlar va dietologlar javob beradi. Ba’zi jamoalarda psixologlar ham bor, ular stressni yengishga yordam beradi.
Kibersportchining faoliyati odatda 16–22 yoshda eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. Sababi kasallik yoki reaksiyaning sekinlashishi emas, aksincha ko‘p hollarda o‘yinchilar ma’naviy jihatdan charchaydi. Nafaqaga chiqqan o‘yinchilar ko‘pincha stress, ortiqcha charchoq va daromadning barqaror emasligi sababli sportdan ketishgan.
20 yoshida dunyodagi birinchi professional geymer Dennis “Thresh” Fong nafaqaga chiqqan. G‘arb kibersportining yulduzi Jonathan “Fatal1ty” Wendel esa 26 yoshida. Street Fighter tarixidagi eng buyuk o‘yinchi Hajime Tokido Taniguchi hozir 39 yoshda va o‘zini eng yaxshi formadada deb hisoblaydi.
Kibersport O‘zbekistonda
Hozir O‘zbekistonda kibersportga endi-endi e’tibor berislishi boshlandi. To'g'ri, ota-onalar va o‘qituvchilar bu sport turiga hali shubha bilan qarashadi, lekin tez orada bu munosabat o‘zgarishi kutilmoqda, chunki kibersport mashhurligi oshmoqda.
Aslida, kompyuter o‘yinlari yomon narsa emas, balki foydalidir: ular strategik fikrlashni o‘rgatadi, ingliz tilini o‘rganishga yordam beradi, ijtimoiy aloqalarni rivojlantiradi, xotirani yaxshilaydi va ruhiy holatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
2022-yilda O‘zbekistonda kibersport rasmiy sport turi sifatida tan olindi: turli turnirlar o‘tkazilib, o‘quv qo‘llanmalar va kitoblar chiqarilmoqda, musobaqalarda qatnashayotgan maktab va universitet o‘quvchilari esa imtihonlardan ozod qilinadi.
Agar siz yoki farzandingiz kibersportchi bo‘lishni xohlasa — urinib ko‘ring! Lekin mashqlar bilan hayot balansini saqlash juda muhim: to‘g‘ri ovqatlaning, jismoniy faoliyatga vaqt ajrating, o‘yinda muntazam tanaffuslar qiling va kuniga kamida sakkiz soat uxlang.