Lolazorlarni tomosha qiling

Istanbulga birinchi marta 2023-yilning aprelida borganman. Shundan beri mart-aprel oylarini shahar bilan tanishish uchun eng qulay vaqt deb hisoblayman. Havo ancha iliqlashadi. Aynan shu oylarda mashhur lolalar gullaydigan mavsum ham boshlanadi.

Mavsum oldidan shaharning har burchagiga gullar ekiladi. Lekin ularni tomosha qilish uchun eng yaxshi joylar bu Gulxane va Emirgon bog‘lari. Birinchisi Sultonahmet maydoniga yaqin bo‘lgani uchun sayyohlar orasida ancha mashhur.

Gulxane bog‘i sayyohlar yaxshi ko‘radigan eng mashhur joylardan biri

Emirgan bo‘g‘i tarixiy markazdan ancha uzoqda joylashgan. U yerga borishning eng oson yo‘li taksi chaqirish. 25 daqiqalik yo‘lga 17 dollar, ya’ni 200 000 so‘m atrofida ketadi. Tejamoqchi bo‘lsangiz, jamoat transportida yuring. Tezyurar tramvay va avtobuslar bilan yo‘l taxminan bir soat oladi. Yo‘l haqi Istanbulkart orqali to‘lanadi. Bu kartani bekatlardagi avtomatlar yoki kiosklardan sotib olish mumkin. Bir tomonga yo‘l taxminan 46,2 lira, ya'ni 11,5 ming so‘m turadi.  

Emirgan bog‘iga kirish bepul. Bog‘ ichida chiroyli hovuzlar, favvoralar, shinam kafelar va Bosforga ochiladigan ajoyib manzara bor. Mahalliy aholining aytishicha, bu yerdagi lolalarning son-sanog‘i yo‘q.

Katta Emirgan bog‘i sayyohlik yo‘nalishlaridan chetroqda joylashgan

Manzarali kafelarga kiring

Katta bozor, Moviy masjid atrofi yoki Misr bozori bilan Gulxane bog‘i oralig‘idagi ko‘chalarda aylanib yursangiz, tomida terrasasi bor shinam oshxona va kafelarni ko‘rasiz. U yerda har qanday did va byudjetga mos joylar bor. Sayyohlar bu yerga Bosfor va Eski shaharning chiroyli manzarasini tomosha qilish uchun borishadi.  

Masalan, Büyük Valide Han Cafe-Rooftop kafesiga kirsangiz bo‘ladi. Kafe Istanbuldagi eng eski karvonsaroylardan birining tomida joylashgan. Eski tor ko‘chalar va yo‘laklar orasidan bu joyni topish oson emas. Bu joyga videoyo‘riqnomani ko‘rib borgan ma’qul. Bu yerda taomlar ham ko‘p emas. O‘rtacha hisob 300 lira, ya'ni taxminan 76 ming so‘m. Lekin odamlar bu yerga ovqat uchun emas, atmosfera uchun keladi. Tosh devorlar joyni ertakdagi g‘orga o‘xshatadi. Kichkina balkonidan esa Ko‘k masjid va Bosfor ko‘rinadi. Kafe egalarining aytishicha, bu yerda Usmoniylar sulolasining eng qudratli ayollaridan biri, Ko‘sem Sulton yashagan ekan.

Yana bir qiziq joy — Katta bozor tomi. Bir necha yil oldin bu yerga bemalol chiqish mumkin edi. Hozir faqat mahalliy gid bilan tashkil etilgan xususiy ekskursiyalar orqali chiqsa bo'ladi. Bozordagi sotuvchilar ham yordam berishi mumkin. Ularni rozi qilsangiz, tomga chiqishga yo‘lni ko‘rsatishadi

Katta bozor tomidan Moviy masjid ko‘rinishi

Yana bir mashhur joy — Seven Hills Restaurant. U Sultonahmet tumanidagi tom restoranlardan biri. Narxlarni arzon deb bo‘lmaydi. Choy 180 lira (taxminan 46 ming so‘m), qahva 320 liradan (81 ming so‘m atrofida), issiq taomlar esa 1 000 liradan (250 ming so‘m) boshlanadi. Undan turib Ayo Sofiya va Bosfor go‘zalligini tomosha qilish yoki chag’alaylar bilan rasmga tushish mumkin.

Shu hududda yana  Queb Rooftop Restaurant bor. U ham chiroyli manzaralari bilan mashhur.

Bosfor bo‘g‘ozini Bab-i-Ali Kahvesi kafesidan ham tomosha qilish mumkin. Bu joy o‘zining chiroyli manzarasi va did bilan bezatilgan interyeri bilan ajralib turadi.

Bab-i-Ali Kahvesi’ning uchki bezagi va derazasidan ochiladigan manzara

Balat va shahar ko‘chalarida sayr qiling

Balat Istanbuldagi eng qiziqarli joylardan biri. Bu yerda saroylar yoki keng ko‘chalar yo‘q. Ularning o‘rniga tosh yotqizilgan tor ko‘chalar, rang-barang yog‘och uylar, vintaj do‘konlar va kichik kafelar bor.  Bir paytlar bu hududda yahudiylar, greklar va armanlar yonma-yon yashashgan. Shu sababli deyarli har qadamda eski cherkov, sinagoga yoki boshqa tarixiy binoni ko‘rish mumkin.

Balatga borsangiz, albatta Kiremit ko‘chasidagi rangli uylarga kiring. Kamalak ranglariga bo‘yalgan zinapoyalarni va ustiga rangli soyabonlar osilgan ko‘chani ham topishga harakat qiling. Sayr vaqtida Velvet Cafega kirib dam oling. Balatni bemalol aylanib chiqish uchun kamida ikki-uch soat ajrating.

Bu joyda har xil qahva turlarini tatib ko‘rish mumkin. Masalan, dibek qahvasi. Uning donalari tosh hovonchada maydalangani uchun oddiy turk qahvasiga qaraganda yumshoqroq bo‘ladi. Yoki menengich qahvasi. U yovvoyi pista mevasidan tayyorlanadi.  Bu qahvalarni sinab ko‘rish uchun Cafe Naftalinda yaxshi variant. Agar yoqib qolsa, ularni atrofidagi do‘konlardan sotib olish mumkin.

Balatdagi rangli uychalar va rastalar

Balat bilan cheklanib qolmang. Istanbulning boshqa ko'chalari ham piyoda aylanishga arziydi. Buning uchun bir necha soat, imkon bo‘lsa, bir necha kun ajrating. Sayr qilayotganda xaritalarda ham, sayohat qo‘llanmalarida ham uchramaydigan joylarni topishingiz mumkin. Masalan, Uskyudardagi uzoq sayrlarimdan birida katta harbiy bazaga duch kelganman va o‘zim uchun haqiqiy ko‘cha san’ati olamini kashf etganman. Ayniqsa, Yeldegirmeni mahallasidagi ko‘p qavatli binolarni bezab turgan har xil mural va graffitilar yodimda qolgan.

Uskyudardagi tarixiy Salimiyya harbiy bazasi va Galata minorasi yaqinidagi ko‘cha san’ati

Istanbulning o‘ziga xos muhitini his qilish uchun mashhur ko‘cha taomlarini albatta tatib ko‘ring. Simit, baliq-ekmak, ko‘fte, guruchli midiya, mercimek chorbası (yasmak sho‘rvasi), kuzda esa cho‘g‘da pishgan makkajo‘xori va kashtanlar shahar sayriga o‘zgacha zavq beradi.

Faqat sayyohlar to‘la joylardagi oshxonalarga kirmang. U yerda narxlar ancha baland bo‘ladi. Gavjum ko‘chalardan chetroqdagi tor yo‘laklarda joylashgan kichik kafe va do‘konchalarni qidiring. Mahalliy aholi navbatda turgan joylarni mo‘ljal qilib oling. Masalan, haqiqiy baliq-ekmakni Eminonüda, Galata ko‘prigi atrofidagi sohil bo‘yida yoki Qorako‘yda yeb ko‘rish kerak. U yerda bu taom qayiqlar, ko‘chma aravachalar yoki kichik baliq oshxonalarida tayyorlanadi. Narxi 200 lira, ya’ni 50 000 so‘mdan boshlanadi.

Galata ko‘prigi yonidagi eng mazali baliq-ekmak

Milliy ichimliklar orasida bozaning o‘z o‘rni bor. U don mahsulotlaridan, asosan tariqdan fermentatsiya yo‘li bilan olinadi. Undagi spirt miqdori kefirdagiga o‘xshab 1 foizdan ham kam. Istanbulda bozani ustiga dolchin va qovurilgan no‘xat qo‘shgan holda ichishadi. Haqiqiy bozaning ta’mini bilish uchun XIX asrdan buyon ishlab kelayotgan tarixiy Vefa Bozacısı’ga borish kerak. Bitta stakan 80 lira 21 000 so‘m atrofida turadi.

Mashhur turk shirinliklarini ham tatib ko‘ring. Shahar bo‘ylab qahvaxonalar va shirinlik do‘konlarida paxlava, kyunefe, kadayif, loqma, turli navdagi holvalar, loqum va pishmaniye sotiladi. Eng mashhurlari Hafiz Mustafa, Safa, Mado. Narxlari 100 grammi uchun 50 lira, 13 000 so‘mdan boshlanadi.

Istanbuldagi mashhur ko‘cha taomlari, shirinliklar va qahva

Paromda sayr qiling va Shahzodalar orollariga boring

Bosforda qatnaydigan oddiy shahar paromlari sayyohlik kruizlariga qaraganda ancha arzonga tushadi. Manzarasi esa bir xil boladi. Istanbulkart bilan narxi yo‘lning uzoqligiga qarab 50 liradan, ya’ni 12 000 so‘mdan boshlanadi. Ochiq palubadan joy oling. Shamol esib turgani uchun paromda ancha salqin bo‘lishi mumkin. O‘zingiz bilan ustki kiyim va bir stakan issiqqina turk choyidan olib oling.

Masalan, betakror manzarali Qadiko‘y — Beshiktosh yo‘nalishi bo‘ylab sayohat qilish mumkin. Yo‘lda Dolmabahche saroyi, Bosfor ko‘prigi, Haydarpasha vokzali va tarixiy yarimorol manzarasi ochiladi. Ayniqsa, quyosh botayotganda bu manzara yanada chiroyli bo‘ladi. Boshqa yo‘nalishni xohlasangiz, Uskyudardan Eminonuga paromda o‘ting. Yo‘l-yo‘lakay Qiz minorasi, Oltin shox va shaharning eng mashhur masjidlarini tomosha qilib ketasiz.

Istanbulda bitta joyning o‘zida bir nechta bandargoh bo‘lishi mumkin. Ayrimlari faqat tijoriy kemalar uchun ishlaydi. Istanbulkart bilan shahar paromlariga chiqmoqchi bo‘lsangiz, Shehir Hatlari binosini qidiring. Yo‘l haqi va tariflarni rasmiy saytdan oldindan tekshiring.

Istanbul va Qiz minorasi manzaralari. Kabatash bandargohidagi kruiz kemalari

Istanbul shovqinidan charchagan bo‘lsangiz, Marmara dengizida joylashgan Shahzodalar orollariga boring. Ularga ham shahar paromi bilan borish mumkin. Orollarning eng mashhurlari bu Buyukada va Heybeliada. U yerda mashinalar deyarli yurmaydi. Atrofda qadimiy yog‘och villalar, jimjit ko‘chalar, xushbo‘y qarag‘ayzorlar va shinam baliqxonalar turadi.

Sayohat uchun eng ma’qul vaqt aprel–may va sentyabr–oktyabr oylari. Bu paytda havo iliq, atrof yam-yashil bo‘ladi. Yozgi jazirama va odamlar oqimi ko‘p bo‘lmaydi. Iyun-avgust oylarida, ayniqsa dam olish kunlarida, orollarda odam ko‘p bo‘ladi. Bu joylarga yozda borsangiz, ish kunlarida ertalabroq keling.  

Shahzodalar orollaridagi bog’lar, oq villalar va tiniq sohillar

Muzeylarga boring

Yomg‘irli havoda muzeylarni aylanish mumkin. Ayniqsa mushuklarni yaxshi ko‘radiganlarga va bolali ota-onalarga Cat Museum Istanbul muzeyini tavsiya qilaman. Bu muzey mushuklarning san’at va madaniyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan. Bu yerda mashhur rassomlarning asarlari, antiqa buyumlar va mushuklarga oid turli qiziq narsalarni ko‘rish, ayrimlarini esa sotib olish mumkin. Eng qizig‘i, u yerda mushuklar bemalol aylanib yurishadi va kayfiyatiga qarab mehmonlar bilan o‘ynashadi. Chipta sotuvidan tushgan pulning bir qismi Istanbuldagi qarovsiz qolgan hayvonlarni parvarishlash uchun yo‘naltiriladi. Kirish narxi 200 lira, taxminan 50 000 so‘m. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kirish bepul.

Yana bir qiziq joy —  Pera Palace Hotel. Uning bezaklarida XIX asr oxiri hashamati saqlanib qolgan. Mehmonxonada marmar zinapoyalar, billur qandillar, vitrajlar, gumbazli shiftlar, antiqa mebellar va Yevropadagi birinchi elektr liftlaridan biri bor. Aynan shu yerda afsonaviy “Sharqiy ekspress” yo‘lovchilari to‘xtashgan. Mehmonlar orasida Agata Kristi, Ernest Xeminguey va Mustafo Kamol Otaturk bo‘lishgan. Ichki muzeyda Otaturk to‘xtagan mashhur 101-xonaga kirish yoki tarixiy Kubbeli Lounge zaliga kirib choy marosimida qatnashish mumkin. Choy marosimi bir kishi uchun 3 600 lira, taxminan 900 000 so‘m. Joyni oldindan band qilish kerak.

Yana Rahmi M.Koch muzeyiga kiring. Bu Oltin Shox bo‘yidagi katta texnika va sanoat muzeyi. Bu yerda retro mashinalar, samolyotlar, poyezdlar, kemalar va eski texnikalarni ko‘rish mumkin. Hatto haqiqiy suvosti kemasi ham bor. Uning ichida ekskursiyalar ham o‘tkaziladi. Chipta narxi 1 000 lira, ya’ni 250 000 so‘m.

Yana bir variant — Zeyrek Çinili Hamam Museum. Muzey XVI asrda qurilgan va yaqinda ta’mirlangan Usmoniylar davridagi hammom ichida joylashgan. Chipta 250 lira, taxminan 63 000 so‘m. Payshanba kunlari kirish hamma uchun bepul. Alohida pul to‘lab, tanani qizdirish, piling va ko‘pikli massajni sinab ko‘rishingiz mumkin.

Har kuni soat 15:00 dan 18:00 gacha tarixiy Kubbeli Lounge zalida jonli fortepiano musiqasi ostida an’anaviy choy marosimlari bo‘lib o‘tadi. Manba: perapalace.com
Rahmi M. Koç sanoat muzeyidagi Sulton Abdulazizning imperatorlik vagoni. Manba: mk-museum.org.tr

Bozorlarni aylaning

Hech nima olmasangiz ham, bozorlarga kiring. Faqat bozorga boribgina siz savdogarlarning   shovqini, ziravorlar, qahva ifori, rang-barang peshtaxtalar va savdolashish madaniyatini ko‘rasiz.

Suvenir olish uchun mahalliy aholi xarid qiladigan joylarga boring. Masalan, Kadikoy bozorlari va savdo ko‘chalarida turk qahvasi va choyi, lokum, paxlava, pista va boshqa yong‘oqlar, quruq mevalar, zaytun hamda turli ziravorlarni topish mumkin. Sovg’aga esa peshtamal sochiqlari, zaytun sovuni, sopol buyumlar, zargarlik buyumlari va an’anaviy tumorlarni olsa bo‘ladi.

Yana bir qiziq joy — Arasta bozori. U Ko‘k masjidning orqa tomonida joylashgan kichik tarixiy bozor. Bu yerda keramika, to‘qimachilik mahsulotlari, gilamlar va turk ustalari tayyorlagan turli buyumlar sotiladi. Kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadigan mashhur Misr bozori esa o‘ziga xos naqshlari va ziravorlari bilan mashhur. Bu yerda odam ko‘p bo‘ladi. Narxlari ham ancha qimmat.

Bozorlar va kichik suvenir do‘konlarida savdolashing. Ko'p narsa olsangiz narxni tushirish osonroq bo‘ladi. Lekin oziq-ovqat bozorlari, oddiy do‘konlar va narxi peshtaxtada ko‘rsatilgan joylarda savdolashilmaydi. Birinchi ko‘rgan do‘koningizdan ham narsa olishga shoshilmang. Avval rastalarni aylanib, narxlarni solishtiring. Keyin o‘zingizga yoqqan variantni tanlang.

Istanbul bozorlarini hech nima olmay aylanish mumkin. Bu yerdagidek yorqin ranglarni dunyoning boshqa hech qayeridan topolmaysiz

Fotosessiya uyushtiring

Chiroyli rasmlar olish uchun sayyohlar ko‘p joyga borish shart emas. Istanbulda boshqa fotolokatsiyalar ko‘p. Masalan:

  1. Vizantiya davri mozaika va freskalari saqlangan Xora monastiri.
  2. Kamondo zinapoyasi — XIX asrning nafis me’moriy namunasi.
  3. Chichek Pasaji — qahvaxonalar va baland arkali tarixiy “Gul passaji”. Vaqt sinovidan o‘tgan bo‘lsa-da, XIX asr oxiridagi Yevropacha Istanbul muhitini haligacha saqlab kelmoqda.
  4. Fransiz Soqog‘i bu yorqin fasadlar, chiroyli zinalar, shinam kafelar va kechki jonli musiqa bilan to‘lgan ixchamgina ko‘cha.
  5. Istiqlol ko‘chasidagi mashhur qizil retro-tramvay.
  6. Kuzgunjuq — rang-barang yog‘och uylari va sokinligi bilan ajralib turuvchi Osiyo qismidagi mahalla.
  7. Ihlamur paviloni — Beshiktosh va Nanshantoshi oralig‘ida yashiringan Usmoniy sultonlarining shinam yozgi qarorgohi.
  8. Sulaymoniya masjidi hovlisi, Uskyudar qirg‘og‘i, Machka parki, Otagtepe va Pyer Loti tepaliklari, bu nuqtalardan shahar va Bosfor kaftdek ko‘rinib turadi.

Eng chiroyli rasmlar ertalab, soat 9–10 gacha olinadi. Bu vaqtda odam ancha kam bo‘ladi. Tonggi yorug‘likda kadrlar ancha tiniq chiqadi.

Aviachiptalarni payme travel’da oling

payme travel yuzlab aviakompaniyalar bilan ishlaydi. Unda dunyoning istalgan nuqtasiga chipta topish mumkin. payme’ning foizsiz “Keyinroq to‘lash” va muddatli to‘lov xizmatlari ham bor. Masalan, siz chiptani hoziroq band qilib, to‘lovni 10 kun ichida amalga oshirishingiz yoki to‘lovni uch qismga bo‘lib to‘lashingiz mumkin. Birinchi to‘lov xariddan bir oy o‘tganidan keyin boshlanadi. Chipta 1,5 mln so‘m tursa, oylik to‘lov uch oyga 500 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Chipta qidirish