Hisoblagichlarni turlari va narxlari

Hisoblagich O‘zbekistonda tekshiruvdan o‘tgan va foydalanishga ruxsat etilgan bo‘lishi kerak. Talabga javob beradigan modellarni “O‘zstandart” saytidan ko‘rish mumkin:

Qaysi hisoblagichlar mos kelishini gaz va suv kompaniyalaridan so‘rasa bo‘ladi. Buni rasmiy sayt yoki Telegram boti orqali ham bilib olish mumkin.

Masalan, poytaxtdagi issiq suv va isitish ta’minotchisi Veolia Energy Tashkent’ning hisoblagich ko‘rsatkichlarini yuborishga mo‘ljallangan Telegram botida mijozlar foydalanadigan hisoblagich modellari ko‘rsatilgan

Sovuq va issiq suv hisoblagichlari. Ba’zan ta’minotchi hisoblagichingizni o‘z hisobidan zamonaviysiga almashtirib beradi. Masalan, Veolia Energy Toshkentning ayrim tumanlarida aqlli hisoblagichlarni o‘rnatmoqda. Bunday qurilmalar ko‘rsatkichlarni avtomatik yuboradi. Ammo tizim hali hamma joyda ham ishlayotgani yo‘q. Sizga aqlli hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lsa, ko‘rsatkichlar kompaniyaga qanday borayotganini aniqlang.

Suv hisoblagich esa tekinga tushmasligi mumkin. Oddiy mexanik hisoblagichlar o‘rtacha 150 000–250 000 so‘m turadi. Aqlli elektron hisoblagichlar qimmatroq, 650 000 so‘mdan boshlanadi. Sovuq va issiq suvni hisobga olish uchun ikkita hisoblagich o‘rnatish kerak bo‘ladi.

Gaz hisoblagichi. Uni gaz xizmati mutaxassislari o‘rnatadi. Hisoblagichni bepul berishlari mumkin. Ammo, amalda Toshkent gaz xizmatida bepul o‘rnatiladigan hisoblagichlar yo‘q. Xizmatga buyurtma berishdan oldin tuman gaz xizmati inspektoridan ma’lumotni aniqlashtirish kerak. Bunday hollarda hisoblagich o‘rnatilishini kutasiz va gaz uchun ro‘yxatga olingan odamlar soniga qarab to‘laysiz. Yoki hisoblagichni o‘zingiz sotib olasiz.

Hisoblagich narxi uning modeli va markasiga bog‘liq. Zamonaviy gaz hisoblagichlari o‘rtacha 2–3 million so‘m turadi.

Hisoblagichlarni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan, santexnika do‘konlaridan yoki internetda olish mumkin. Ular olx.uz, schetchik.uz va meters.uz saytlarida sotiladi. Barcha platformalarda O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berish xizmati bor.

Chapda — gaz hisoblagichi, o‘ngda — suv hisoblagichi. Manba: schetchik.uz

Hisoblagichlarning o‘rnatilishi

Hisoblagichni Davlat xizmatlar markazi (DXM) yoki my.gov.uz orqali o‘rnatish mumkin. Buning uchun OneID orqali tizimga kirib, kerakli kommunal xizmatni tanlang va ariza yuboring:

🔴 Issiq suv hisoblagichini o‘rnatish va yechish

🔵 Sovuq suv hisoblagichini o‘rnatish va yechish

🟡 Gaz hisoblagichini o‘rnatish va yechish

Arizani faqat uy egasi topshirishi mumkin. Uyni ijaraga olgan bo‘lsangiz ham, tizim ma’lumotlarni kiritishga ruxsat bermaydi.

Ustalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali chaqiring. Arizada shaxsiy hisobraqam, manzil va telefon raqamini yozing

Xizmat 5–9 ish kuni ichida ko‘rsatilishi kerak. Mutaxassislar kelib, hisoblagichni o‘rnatadi, plombalaydi va tegishli dalolatnoma tuzadi.

Kommunal xizmat mutaxassislari hisoblagichni o‘rnatish uchun pul oladi. Masalan, Toshkentda “O‘zsuvta’minot” sovuq suv hisoblagichini o‘zingiz sotib olgan bo‘lsangiz, uni taxminan 600 000 so‘mga o‘rnatasiz. Tashkilotning hisoblagichini o‘rnatish 800 000 so‘m bo‘ladi.

Hisoblagich o‘rnatilgandan keyin uni plombalashadi. Plomba — bu hisoblagichga mahkamlanadigan va raqam yozilgan kichik belgi. U sim yoki maxsus shnur yordamida o‘rnatiladi. Plomba hisoblagichni yechish, ochish yoki quvurdan ajratmaslik uchun kerak. Odatda plomba hisoblagich o‘rnatilganda qo‘yiladi. Siznikida plomba bo‘lmasa, my.gov.uz orqali plombalash uchun ariza bering.

Mutaxassis ish tugatib, dalolatnoma tuzadi. Hujjatdagi plomba raqami hisoblagichdagi raqam bilan bir xil ekanini tekshiring. Keyin hisoblagich ro‘yxatga olinadi va shaxsiy hisob raqamingizga biriktiriladi. Hisoblagich plombalangach, kommunal xizmatlar uchun to‘lovi ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisoblanadi.

Kommunal xizmatlar uchun payme orqali to‘lang

Kommunal xizmatlarga bankda, pochta bo‘limida yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot ofisida to‘lash mumkin. Ammo buni payme ilovasida qilish osonroq. Ilovaning “Mening uyim” xizmatida suv, gaz, elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha shaxsiy hisobraqamlaringizni qo‘shishingiz mumkin. Shunda barcha to‘lovlarni bir joyda qilib, hisobdagi qoldiqni kuzatasiz.

Ilovada kvitansiyalarni yuklab olish mumkin. Kommunal xizmatlar hisobida pul kamayganda xabar olish funksiyasini ham yoqsa bo‘ladi.

payme ilovasini yuklab olish

Hisoblagich o‘rnatilgandan keyin nima qilish kerak

Endi faqat ishlatgan suv va gazingiz uchun pul to‘laysiz. Ko‘rsatkichlarni qanday topshirish va hisoblangan to‘lovlarni qanday tekshirish haqida “Kommunal to‘lovlar: nimani, qachon va qanday to‘lash kerak” maqolasida yozganmiz. To‘lov bilan muammo bo‘lsa, suv yoki gaz ta’minoti tashkilotiga murojaat qiling.

Hisoblagich o‘rnatilgandan keyin uni muntazam tekshiruvdan o‘tkazishadi. Bu bilan hisoblagichning yaroqliligi tekshiriladi. Hisoblagichlar odatda har sakkiz yilda bir marta tekshiruvdan o‘tadi. Ayrim qurilmalar uchun muddat boshqacha bo‘lishi mumkin. Muddat hisoblagichning texnik hujjatlarida ko‘rsatilgan. Ko‘pincha kommunal xizmatlar tashkilotlari tekshiruv haqida oldindan xabar beradi va mutaxassis keladigan vaqtni siz bilan kelishadi.

Bir nima bo‘lsa-chi…

Hisoblagich aylanmay qolib, ko‘rsatkichlar o‘zgarmasa-chi? Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, hisoblagichning oxirgi ko‘rsatkichlarini rasmga oling.

🟠 gaz — 1104

🔵 sovuq suv — 1255 yoki 78-150-69-66

🔴 issiq suv — 1347 yoki 71-200-00-56

Boshqa uyga ko‘chsam-chi?. Shaxsiy hisobraqamlar uy manziliga biriktiriladi. Boshqa uyga ko‘chganingizda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalarni qayta tuzib, ularni o‘z nomingizga o‘tkazishingiz kerak.

Ko‘rsatkichlarni topshirishni unutsam-chi?. Bunday holatda to‘lov avvalgi oylarning o‘rtacha sarfi asosida hisoblanadi. To‘lov summasi haqiqiy sarfingizdan yuqori bo‘lishi mumkin. O‘z vaqtida to‘lamaganingizda qarz to‘planib, penya hisoblanadi.