Borish uchun eng qulay vaqt

Turkiyani faqat dengizi borligi uchun yaxshi ko‘rmayman. Bu yerda Yevropa va Osiyo madaniyatlari bir-biriga qorishib ketgan. Masalan, Istanbulda bir necha daqiqada bir qit’adan boshqasiga o‘tish mumkin. Anqarada zamonaviy Turkiya qanday shakllanganini ko‘rasiz. Antaliyada esa ertalab qadimiy joylarni aylanib, kechqurun dengiz bo‘yida dam olasiz.

Borish vaqti qanday dam olishga bog‘liq. Maqsad dengiz bo‘lsa, Antaliyaga sentyabr yoki aprel o‘rtalaridan boshlab borishni tavsiya qilaman. Dengiz suvi iliq, havo ham salqin bo‘ladi.

Istanbul va Anqarada aylanish uchun eng yaxshi vaqt bahor yoki kuz. Yozda havoning namligi yuqori bo‘lgani uchun nafas olish qiyinlashadi. Qishda esa tinimsiz yomg‘ir va shamol sayr qilishga xalaqit beradi.

Oxirgi yillarda ob-havoni oldindan aytish qiyin bo‘lib qolgan. Masalan, iyul oyida Istanbulda kuchli jala quydi. Shuning uchun safarga chiqishdan oldin faqat faslga qaramay, ob-havoni ham tekshirish kerak.

Turkiyaga viza kerakmi

O‘zbekiston fuqarolari uchun Turkiyaga turistik viza kerak emas. Har 180 kunlik muddat ichida 90 kungacha vizasiz qolish mumkin. Bu sayohat uchun bemalol yetadi. Xorijga chiqish pasportingizning amal qilish muddati ruxsat etilgan muddatdan kamida 60 kun ko‘proq bo‘lishi shart. Ya’ni, Turkiyaga kirish paytida pasportingizning muddati tugashiga kamida 150 kun qolgan bo‘lishi kerak.

Parvoz qanchaga tushadi

Turkiyaga yetib olish qiyin emas. Toshkentdan Istanbul, Anqara, Izmir va Trabzonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchsa bo‘ladi. Boshqa shaharlariga esa transferli reyslar bor. Yo‘nalishlar ko‘p bo‘lgani uchun istalgan byudjetga mos variantni tanlash mumkin.

Sayohatlarimning birida Toshkentdan Antaliyaga Anqaradagi uzoq transfer bilan olingan chipta 173 dollar, taxminan 2 mln so‘mga tushgan. Antaliyadan Istanbulga uchish 38 dollar, ya’ni 450 000 so‘m, Istanbuldan Toshkentga qaytish chiptasi esa 170 dollar bo‘lgan.

Turkiyaga chiptalar narxi mavsumga, qachon sotib olinganiga va dollar kursiga qarab o‘zgaradi. Shuning uchun sayohatni oldindan rejalashtirib, chiptalarni ertaroq sotib olgan yaxshi.

payme travel bilan aviachiptalarni sotib olish qulayroq

Biz yuzlab aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilamiz, shuning uchun dunyoning istalgan burchagiga chipta topishingiz mumkin. payme’ning foizsiz “Keyinroq to‘lash” va muddatli to‘lov xizmatlari bor. Masalan, siz chiptani hoziroq band qilib, to‘lovni 10 kun ichida amalga oshirishingiz yoki to‘lovni uch qismga bo‘lib to‘lashingiz mumkin. Birinchi to‘lov xariddan bir oy o‘tganidan keyin boshlanadi. Chipta 1,5 mln so‘m tursa, oylik to‘lov uch oyga 500 000 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Chiptalarni qidirish

Turkiyada turar joy narxi qancha

Turar joy topish muammo emas. Turkiyada kichik xostellardan tortib, yirik xalqaro mehmonxona tarmoqlarigacha variantlar bor. Men mehmonxonalarni Booking.com yoki Agoda orqali band qilaman. Sayohatni oldindan rejalashtirib, bir necha oy avval joyni band qilsangiz, xarajatlarini ancha kamaytirish mumkin.

Oxirgi borganimda Anqara aeroporti yaqinidagi mehmonxonada yashaganman. Nonushtasi bilan bir kecha qolish 70 dollar, taxminan 800 ming so‘mga tushgan. Antaliyaning Kemeralti tumanidagi kichik mehmonxonada nonushtasi bilan ikki kecha uchun 105 dollar, ya’ni 1,2 million so‘m to‘laganman. Istanbulning Beyo‘g‘lu tumanida nonushtasiz uch kecha 176 dollar, taxminan 2 million so‘m bo‘lgan.

Sentyabr oyida Antaliyada maza qilib dam olasiz. Faqat peshin vaqti havo sal issiqroq bo‘lishi mumkin

Turkiya ichida qanday yurish mumkin

Shahardan shaharga ichki reyslarda uchish qulay. O‘zim ham Anqara — Antaliya — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha aynan shunday sayohat qilganman. Pulni tejashni xohlasangiz, shaharlararo avtobuslar bor. Ular bilan Turkiyaning istalgan burchagiga borsa bo‘ladi. Chiptalarni Obilet saytidan olishingiz mumkin.

Anqara, Istanbul va Izmir o‘rtasida poyezdlar ham bor. Imkon bo‘lsa, Anqara — Istanbul yo‘nalishidagi tezyurar poyezdda yurib ko‘ring. Hatto ekonom klass joylari ancha qulay. Turkiya temir yo‘llari saytida bu chipta uchun 235 000 so‘m atrofida to‘laganman.

Shahar ichida menga taksi deyarli kerak bo‘lmadi. Istanbulda har ikkala aeroport shahar bilan metro liniyalari orqali bog‘langan, Antaliyada aeroportdan eski shahargacha tramvayda, Anqarada esa avtobusda yetib olish mumkin. Yana Turkiyaning deyarli hamma aeroportlarida Havaist, Havabus va Havas avtobus shatllari qatnaydi. To‘lovni eshik oldida yoki avtobus ichidagi konduktorda bank kartasi bilan qilsa bo‘ladi.

Sayohatdan oldin Anqara, Antaliya yoki Istanbul aeroporti saytiga kirib, shaharga qanday yetib olish mumkinligi haqidagi bo‘limni ko‘rib chiqishni maslahat beraman. U yerda shattllar, metro va taksi bo‘yicha aniq ma’lumotlar bo‘ladi. Eng arzon va qulay yo‘lni oldindan tanlab olasiz.Jamoat transportidan ko‘p foydalanadigan bo‘lsangiz, transport kartasini sotib oling.

Aeroportning o‘zidayoq maxsus avtomatlardan kartani olish mumkin. Har bir shaharda alohida karta ishlaydi va ular bilan yurish ancha arzonga tushadi. Masalan, Istanbulkart bilan avtobusda bir marta yurish menga 11 ming so‘mga tushdi. Oddiy bank kartasi bilan to‘lov qilish ancha qimmat. Anqarada aeroportidan shahar markazigacha oddiy bank kartasi orqali 34 000 so‘m to‘laganman.

Turkiya shaharlarida ishlaydigan transport kartalari

Turkiyada nimalarni ko‘rish kerak

Istanbul. Bu shaharni bir haftada ham to‘liq ko‘rib chiqish qiyin. Mashhur Ayasofiya, To‘pqopi saroyi va Galata minorasidan tashqari sayyohlar kam boradigan joylarga borishni tavsiya qilaman.

Turistik markazdan uzoqlashishni xohlasangiz, Rumeli qal’asiga boring. Bu qal’a 1453-yilda Konstantinopol zabt etilishidan oldin Bosforni to‘sish uchun atigi bir necha oyda qurilgan. Hozir ham u Bosfor ustida qad rostlab turadi va Usmoniylar davri harbiy me’morchiligining eng qiziqarli yodgorliklaridan biri hisoblanadi.

Yetib olish uchun metro orqali Boğazici Üniversitesi / Hisarüstü bekatigacha borib, pastga qarab qal’agacha piyoda tushasiz. Qaytishda esa Oshiyon qirg’og’idan paromga chiqib markazga qaytasiz. Yo‘lni yanada qiziqarli qilish uchun buni teskarisini qiling. Oldin paromda suzib kelib, keyin funikulyorda tepaga, metro tomonga ko‘tariling.

Paromlar Istanbul jamoat transportiga kiradi. Unda sayr qilish Bosfor turini sotib olishdan ancha arzonroq turadi

Mashhur turistik yo‘nalishlardan chetda qolib ketgan yana bir joy bu Yedikule qal’asi. U Konstantinopol egallanganidan keyin qisqa vaqt ichida qurilgan. U Vizantiya poytaxtining asosiy kirish qismi bo‘lgan mashhur Oltin darvoza atrofida joylashgan. Vaqt o‘tib bu yer davlat xazinasi, qurol ombori, yuqori martabali asirlar va chet ellik elchilar saqlanadigan qamoqxonaga aylangan.

Qal’aning ichi ancha keng. U yerda kino namoyishlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. Lekin men borganim dadeyarli hech kim yo‘q edi. Bemalol yolg‘iz sayr qildim

Bu yerga Sirkeci vokzalidan Yedikule bekatigacha oddiy elektr poyezdida kelish mumkin. Yo‘l Marmara dengizi qirg‘og‘i bo‘ylab o‘tganligi uchun yo‘lning o‘zi kichik bir ekskursiyaga aylanadi. Bekatdan qal’agacha yo‘l bir necha daqiqa oladi. Bitta noqulayligi, poyezdlar qatnov intervali katta. Qal’aga kirish taxminan 100 000 so‘m turadi.

Qadimiy Istanbul muhitini his qilish uchun shaharning Osiyo qismida joylashgan tarixiy Kuzgundjuk mahallasiga boring. Bu yerda XIX asr yog‘och uylari, shinam qahvaxonalar, kichik do‘konlar va yam-yashil tor ko‘chalar saqlanib qolgan.

Yedikule qal’asiga olib boruvchi Sirkeci vokzali va tarixiy Fotih tumanidagi Bosh pochta binosi

Anqara. Sayyohlar Anqaradan asosan boshqa shaharga o‘tish uchun foydalanishadi. Lekin Turkiya poytaxti kamida bir-ikki kunga qolishga arziydi.

Sayrni Anqara qal’asidan boshlang. Bu yerda yog‘och ayvonli qadimiy uylar, hunarmandchilik ustaxonalari va tosh yotqizilgan tor ko‘chalar bor. Yo‘lda hali katta gumbazlar davri boshlanmasidan oldin qurilgan qadimiy masjidlarni ko‘rasiz. Qal’a tepasidan butun Anqara ko‘rinib turadi. Ayniqsa quyosh botish vaqtida bu joy juda chiroyli.

Arxitektura jihatdan Anqara Istanbuldan, ayniqsa Yevropadagi qismidan ancha farq qiladi

Keyin Hoji Bayram masjidiga tushishingiz mumkin. Bu Turkiyadagi muhim diniy maskanlardan biri. Masjidning yonida Rim imperiyasi davrida qurilgan Avgust ibodatxonasi xarobalari bor. Qadimiy ibodatxona bilan hozir ham ishlayotgan masjidning yonma-yon joylashgani shaharning eng qiziq tarixiy jihatlaridan biri.

1920-yillardagi ilk Respublika davri me’morchiligi saqlanib qolgan Ulus tumanida albatta sayr qiling. Bu yerda 1920-yillardagi Respublika arxitekturasi saqlanib qolgan. Qadimgi bank va pochta binolari hozir muzey va san’at galereyalariga aylantirilgan. Ularning ko‘pchiligiga kirish bepul.

Turkiya Mustaqilligi urushi muzeyi Respublika ko‘chasida joylashgan. Menimcha, bu ko‘cha Anqaraning eng chiroyli joylaridan biri

Anqara saroyiga albatta borib koring. Bu muhtasham saroy Respublika tashkil topgan yillarda davlat qabullari va xorijiy delegatsiyalarni kutib olish uchun rasmiy qarorgoh sifatida qurilgan. Hozir muzey bo‘lib ishlaydi. Kirish narxi 400 lira, bu taxminan 100 000 so‘m. Bu yerga borib, yangi tashkil topgan davlatning rasmiylari muhim mehmonlarni qanday kutib olganini ko‘rish mumkin.

Anqara saroyi — Turkiya Respublikasining ilk binolaridan biri

Anqaraning diqqatga sazovor joyi, bu Otaturk maqbarasi, ya’ni Anitkabir. Bu joyga olib chiqadigan yo‘lning o‘zida zamonaviy Turkiya asoschisiga bo‘lgan chuqur hurmat-ehtirom sezilib turadi.

Anitkabir o‘z mahobati bilan odamni hayratda soladi. Faxriy qorovul almashinuvi paytiga kelsangiz, taassurotlar yanada kuchayadi. Bu joyning muzey qismida Otaturkning shaxsiy buyumlari, avtomobillari va hatto yaxtasini ko‘rish mumkin. Anitkabirga kirish bepul.

Anitkabirga issiq kunda borsangiz, o‘zingiz bilan bosh kiyim va ichimlik suv oling

Antaliya. Ko‘pchilik bu yerga faqat dengiz uchun keladi. Lekin bu yerda ko‘rishga arziydigan qadimiy joylar ko‘p.

Eski shahar — Qal’aichi (Kaleiçi) bo‘ylab sayr qilish uchun albatta vaqt ajrating. Toshli tor ko‘chalarida sayr qilish, chiroyli ichki hovlilarga kirish, eski portga tushib Usmoniylar davridan qolgan uylarni tomosha qilish mumkin. Yo‘lda esa Rim imperatori uchun ikki ming yil oldin qurilgan afsonaviy Adrian darvozasini ko‘rasiz.

Qadimiy shaharni ko‘rishni xohlasangiz, Perge shahriga boring. Rim teatri, stadion, ustunlar bilan bezatilgan ko‘chalar va shahar darvozalari bugungacha saqlanib qolgan. O‘zingizni xuddi qadimgi Pamfiliya davriga tushib qolgandek his qilasiz.

Pergega tramvayda borish mumkin. Bekatdan majmuaga kirish joyigacha yana 20 daqiqa piyoda yuriladi. Kirish chiptasi 11 yevro, ya’ni 150 000 so‘m. Kassada naqd pul va bank kartasi orqali to‘lasa bo‘ladi.

Chapda — Rim imperatori uchun deyarli ikki ming yil oldin qurilgan Adrian darvozasi. O‘ngda — Pergedagi qadimiy uy polida saqlanib qolgan mozaika
Pergedagi shahar darvozasi xarobalari. Ulardan keyin shaharning bosh ko‘chasi boshlanadi

Turk oshxonasi

Yo‘l-yo‘lakay tez ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz, baliq durumni tatib ko‘ring. Bu qovurilgan baliq va sabzavot solingan lavash. Istanbuldagi Galata ko‘prigi yonida durum tayyorlaydigan mashhur joylardan biri bor. Bir porsiyasi 300 lira, 75 ming so‘m turadi. Narxlar joyga qarab ancha farq qilishi mumkin.

Shirinlikni yaxshi ko‘rsangiz, kyunefeni ham tatib ko‘ring. Bu pishloq va usti qarsildoq kadaif xamiridan tayyorlanadigan issiq desert.

Arzonroq ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz, uy taomlari tayyorlanadigan ixcham oshxonalarga boring. Ko‘pchiligida restoranlarga qaraganda arzon narxga to‘yib ovqatlanish mumkin. Men borgan paytda bunday oshxonada nonushta 300 lira edi. Sayyohlar ko‘p boradigan kafelarda turkcha nonushta bir kishi uchun 700–800 lira, ya’ni 200 ming so‘mga tushadi.

Bu hamyonbop kafedagi turkcha nonushta. Taomlar joyiga qarab farq qiladi

Sayyohlik sug‘urtasini olish shartmi

Chegaradan o‘tayotganda mendan hech qachon tibbiy sug‘urta talab qilishmagan. Lekin men uni har doim oldindan olib qo‘yaman. Sayohat paytida tibbiy yordam kerak bo‘lib qolsa, xarajatlar ancha qimmatga tushishi mumkin. Bir haftalik sug‘urta hujjatiga taxminan 80 000 so‘m to‘ladim. Mening sug‘urtam 60 000 yevrogacha bo‘lgan xarajatlarni qoplagan. Unga shoshilinch davolanish, stomatologik yordam, tez yordam chaqirish, hatto tibbiy evakuatsiya ham kirgan.

Sug‘urtani olayotganda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida “Turistik tibbiy sug‘urtani olish usullari va narxlari” maqolasida yozganmiz.

Qancha pul olish kerak

Parvoz va mehmonxona xarajatlari oldindan to‘langan bo‘lsa, 7–9 kunlik sayohat uchun 400–500 $ bemalol yetadi. Bu pul ovqatlanish, jamoat transporti, muzeylar, mayda xaridlar va boshqa xarajatlar uchun kerak.

Ko‘p kiyim-kechak olish uchun byudjetni ko‘paytiring. Narxlar oshgan, lekin Turkiyadagi do‘konlarda kiyimlar, hatto katta brendlarda ham Toshkentdagidan arzonroq.

Turkiyada Visa va MasterCard xalqaro to‘lov tizimlari kartalari, masalan, TBC Salom Visa kartasi hamma yerda o‘tadi. Bu bilan yo‘l kartasini to‘ldirishingiz yoki transport to‘lovlarini qilishingiz mumkin. Men hatto Anqara – Istanbul poyezdida sendvich uchun karta orqali to‘ladim va vending avtomatidan suv oldim. Antiqa buyumlar sotuvchisi ham, ko‘cha ovqati tayyorlovchi ham kartani qabul qildi. Har ehtimolga qarshi yonda mayda xarajatlar uchun ozgina naqd pul bo‘lishi kerak. Ular turk bozorlariga kirib, meva-cheva olish uchun ham kerak bo‘ladi.

Yana qayerga borish mumkin:

  1. Issiq iqlim kerak bo‘lsa, lekin Turkiya yoqmasa, Vyetnam yoki Malayziyaga boring.
  2. Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyga uching
  3. Ko‘proq variantlar kerak bo‘lsa vizasiz boriladigan davlatlarning ro‘yxati bilan tanishib chiqing.