
Nega hammasini o‘zim tashkillashtirdim?
To‘ydan ikki kun oldin turmush o‘rtog‘im bilan oddiygina FHDYOga borib, dabdabasiz nikohdan o‘tdik. Haqiqiy bayram esa keyinroq — bino tomida boshlandi.
Bu fikr o‘zimdan chiqqan. Chunki o‘zimni har doim hamma narsani boshqarishni yoqtiradigan odam sifatida bilaman: sayohatlar, ish, loyihalar — hammasini rejalashtirishga odatlangandim. To‘y ham bundan mustasno bo‘lishi kerak emasdi. Shuningdek, bu kichikroq — 50 kishilik bayram edi va men avval ham tadbirlar uyushtirishda biroz tajribam bor edi.
To‘y xizmatlari Toshkentda ancha qimmat. Ko‘p hollarda narx shunchaki “to‘y” degani uchun ikki baravar bo‘lib ketadi. Men esa bunga rozi bo‘lolmadim. Shu sabab, har narsani o‘zim qilishga qaror qildim. Buni yolg‘iz emas, balki oilam va yaqinlarim yordamida uddaladim:
Ota-onam bezaklar bilan shug‘ullanishdi. Erimning ota-onasi moliyaviy yordam berishdi. Turmush o‘rtog‘im esa har bir g‘oyamni qo‘llab-quvvatlab turdi.
Aynan mana shu birlik va jamoaviy harakat tufayli to‘yimiz o‘zimiz istaganidek bo‘ldi.
Nega aynan bino tomini tanladim?
Boshidan ochiq havoda to‘y o‘tkazishni xohlagan edim. Fikrimni amalga oshirish uchun turli joylarni ko‘zdan kechirdim: tog‘li dam olish maskanlari, bog‘lar, hatto Uzum fermasigacha. Lekin bularning barchasi qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi — taomlarni yetkazish, mehmonlarni olib borish va qaytarish, murakkab logistika. O‘ylab ko‘rib, bu g‘oyalardan voz kechdim.
Keyin birdan bir narsa esimga tushdi — ilgari “The Elements” mehmonxonasining tomida bo‘lib o‘tgan bir tadbirda qatnashgan edim. O‘sha joy aynan bizga mos edi! Shaharning yuragida, Yunusobodda joylashgan. Yuqoridan teleminora va shahar manzarasi ajoyib ko‘rinadi. Uch qismli keng maydon: birinchisi — to‘y dasturi va raqslar uchun, ikkinchisi — dam olish zonasi, uchinchisi — chiroyli fotozona.
Mehmonxona bilan kelishish oson bo‘ldi: shartlarni muhokama qildik, oldindan to‘lov qildim, hech qanday qog‘ozbozlik bo’ladi. Hammasi tez o‘tdi.

Joyni qanday bezatdik?
Minimalistik uslubni tanladim. Oq va moviy ranglar asosiy tema bo‘ldi. Bezaklarning katta qismini o‘zimiz yasadik: onam, xolam va opa-singillarim yurakchalar kesib, sham idishlarini bezab, jonli va sun’iy gullardan kompozitsiyalar tuzishdi.
Fotozona va arka uchun esa mutaxassislarni chaqirdik — Tatyana Orexova jamoasi bilan ishladik. Yoritish masalasida esa “Light Media Invest” kompaniyasiga murojaat qildik, ular bilan oldindan joylashtirish rejasi haqida kelishib oldik. Gullarni esa Farhod bozoridan oldindan buyurtma berdik. Stol-stul, dasturxonlarni «Арендократия» kompaniyasidan ijaraga oldik. Idish-tovoq esa mehmonxona restoranidan bo‘ldi.
Mehmonlarni qanday joylashtirish masalasini esa turmush o‘rtog‘im va onam bilan birga o‘ylab chiqdik. Barchani yaqinroq qilishni istadik, lekin 50 kishilik to‘y uchun bu qiyin masala bo‘ldi bu biroz. Xullas, joylashuv ustida ancha bosh qotirdik.

To‘y kechasi qanday o‘tdi: ovqat, musiqa va raqslar
Taomlarni mehmonxona restorani bilan birga tanladik. Hammaga yoqdi — buni mehmonlarning yuzidan payqadik. Men esa hissiyotlarga berilib ketgandim, deyarli hech narsa yemadim.
To‘y ssenariysi, tartibi va hatto kim birinchi gapirishi kerakligi — hammasini o‘zim oldindan yozib, boshlovchiga berdim. Tabriklar navbatma-navbat aytildi: avval keksalar, keyin ota-onalar, keyin do‘stlar va hamkasblar. Har bir tabriklar musiqa va raqsga ulanib ketdi.
Musiqani ham o‘zim tanladim — sevimli qo‘shiqlardan iborat pleylist tuzdim. To‘y davomida boshqa musiqa ham yangradi, lekin asosiy musiqalar bizning didimizga mos edi.
Turmush o‘rtog‘im bilan birinchi raqsni to‘yga bir soat qolganida mashq qilib oldik. "Vampir kundaliklari" filmidagi “All I Need” kuyi ostida raqsga tushdik. Ko‘ylagim uzun edi, ba’zan u uni bosib yuborardi. Lekin aynan shu mayda noqulayliklar bayramga samimiylik qo‘shdi. Fotozona oldida o‘tgan dastlabki tabriklar ham, sahnaga chiqishimiz ham unutilmas bo‘ldi.

Qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?
Tayyorgarlik ishlarini biz taxminan bir oy oldin boshladik. Boshida hammasi silliq ketayotganday edi, ammo to‘yga ikki hafta qolganida ishlar keskin tezlashdi — haqiqiy yugur-yugur shu paytda boshlandi. Eng ko‘p vaqt va kuch talab qilgan narsa – mehmonlarni joylashtirish va ssenariyni barcha mayda detallarigacha puxta ishlab chiqish bo‘ldi. Hammasi tartibli va chiroyli chiqishini xohladik. Lekin albatta, rejalashtirilmagan holatlar ham bo‘ldi.
Biz tanlagan mehmonxona ilgari hech qachon to‘y o‘tkazmagan ekan. Shu sababli xodimlar ham, menejerlar ham bizga tayyor yechimlar bera olishmadi – hamma ishni joyida o‘ylab topishga to‘g‘ri keldi. Jihozlar qayerga o‘rnatiladi, mehmonlar qanday joylashadi – barchasini o‘zimiz hal qildik. Xodimlar yordam berishga harakat qilishdi, lekin asosiy tashkiliy yuk oilamiz zimmasida bo‘ldi.
Ob-havo bizni biroz chalg‘itdi. Sentyabrda yomg‘ir yog‘maydi, deb ishongan edik, zaxira reja tuzmadik. Rostan ham, yomg‘ir yog‘madi, lekin kechga yaqin shamol kuchaydi va havo ancha salqinlashdi. Biz esa issiq kiyimlar haqida o‘ylamagan edik. Natijada mehmonlar sovqotib, pidjaklar bilan yopinishdi. Kimdir hazillashdi, kimdir chidadi, lekin men muhim narsani e’tibordan chetda qoldirganimni tushundim.
Ovqat haqida o‘ylashga vaqt bo‘lmadi. To‘y kuni erta tongda turib, bezaklar, dasturxon, texnika – hammasini o‘zimiz tekshirdik. Kechgacha deyarli hech nima yeganimiz yo‘q. To‘y vaqtida esa shunchalik yugur-yugur bo‘ldiki, o‘zimiz hatto ovqatlanishga ham ulgurmadik. Faqat kechasi, hamma narsa tugaganida, birinchi marta bemalol o‘tirib ovqatlandik. Yaxshiyamki, oldindan "zaxira uchun" olib qo‘ygan KFC bor edi – aynan o‘sha bizni qutqardi.

Qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?
To‘y yakunlangach, har bir daqiqaga sarflangan mehnat o‘zini oqlaganini his qildim. Ayniqsa uzoq yo‘l bosib kelgan mehmonlar — Rossiya va Avstraliyadan tashrif buyurganlar — "bu hayotimizdagi eng chiroyli bayramlardan biri bo‘ldi" deganlarida, yuragim erib ketdi. Ular hanuzgacha o‘sha ochiq osmon ostidagi bayram, yengil va chiroyli muhitni eslab turishadi.
Men uchun esa to‘y eng avvalo bizning orzularimizga mos kelgani bilan qadrli bo‘ldi. Rasmiy marosim emas, balki yaqin insonlar bilan yonma-yon, quvonchga to‘la, har bir mehmonni quchoqlab, raqs tushib, suhbat qurgan bayram edi bu. Aynan mana shunday samimiylik, ochiqlik va yengillik biz uchun eng muhim edi.
Binoning tomi esa butun shaharni quchoqlagan sahna bo‘ldi — atrofda chiroqlar, ustimizda yulduzlar, atrofdan esa yengil shamol esib turardi. Bu faqat lokatsiya emas emas — bu o‘ziga xos sehrli muhit edi. Aynan shu yerda olingan fotosuratlar va videolar endi biz uchun eng bebaho xotiralarga aylandi. Chunki ular nafaqat odamlarni, balki his-tuyg‘ularni ham saqlab qoladi.
Agar siz ham to‘yingizni o‘zingiz rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz — bu qo‘rqinchli emas, faqat unga loyihadek yondashing. Barcha vazifalarni zonalarga ajrating: bezaklar, ovqat, musiqa, yoritish, kecha dasturi… Va ularni yaqinlaringizga ishonib topshiring. Hammasini o‘zingiz qilishga urinmang — bu sizni to‘y kuni haddan tashqari charchatadi.
To‘y xarajatlari — 105 873 000 so‘m

