Kerakli quvvatni hisoblang
Konditsioner tanlashni brendlarni qarashdan emas, balki quvvatni hisoblashdan boshlash kerak. Juda kuchsiz modelni tanlasangiz, u yaxshi sovitmaydi, ortiqcha quvvatli model esa qimmatga tushadi va elektrni ko‘p ishlatadi.
Hisoblash esa oson: xonaning har bir kvadrat metriga taxminan 0,1 kVt quvvat kerak. Agar xonada odamlar va texnika ko'p bo’lsa - quvvatga yana 10% qo‘shing, agar xona quyoshga qaragan bo‘lsa - 20% qo‘shing.
Masalan, janubga qaragan derazali 30 m² xona uchun kamida 3,6 kVt quvvatli konditsioner kerak:
30 м² × 0,1 kVt = 3 kVt.
3 kVt + 20% = 3,6 kVt
Konditsioner nomidan quvvatni aniqlash mumkinmi? Konditsioner nomida ko‘pincha quvvat kVt emas, balki “BTU”, ya’ni Britaniya issiqlik birligi ko‘rsatiladi. Masalan, "7" - 7000 BTU, “9” - 9000 BTU degani. Tarjima qilish shart emas, shunchaki raqamlarga e’tibor bering:
- 7 - 20 m² gacha bo‘lgan xonalar uchun mos;
- 9 - 25 m² gacha;
- 12 - 35 m² gacha;
- 18 - 50 m² gacha.
Qiymat qanchalik yuqori bo‘lsa, konditsioner shunchalik quvvatli bo‘ladi. Masalan, Samsung 12 konditsioneri — 35 m² gacha bo‘lgan xonaga mos keladi. 20 m² xona uchun bu ortiqcha bo‘ladi, yaxshisi 7 yoki 9 kabi kuchsizroq modelni tanlangan ma’qul.

Konditsioner turini tanlang: oddiy yoki invertorli
Konditsionerlarning turi ko‘p, lekin eng keng tarqalgani split sistemalar. Ular ikki blokdan iborat bo‘ladi, biri tashqariga, ikkinchisi xonaga o‘rnatiladi. Ikkala blok birga ishlaydi, ular orasida freon aylanadi. Natijada xona soviydi, ortiqcha issiqlik tashqariga chiqib ketadi.
Split-tizimlarning ikki xil turi bor: invertorli va invertorsiz (on/off).
Oddiy invertorsiz (on/off) konditsionerlar "yoqish/o‘chirish" bilan ishlaydi: issiq bo‘lganda to‘liq yoqiladi va havo soviganda o‘chiriladi. Pauza paytida ichki blok ventilyatordek ishlashni davom etadi.
Invertorli konditsioner esa quvvatni ravon rostlaydi va xonadagi qulay haroratni saqlab turadi. Bunday modellar kamroq shovqin chiqaradi, uzoqroq xizmat qiladi va odatiy konditsionerlarga qaraganda 35% gacha energiyani tejaydi.
O‘zbekistonda hamyonbop konditsionerlarning narxi oddiy 9 BTU modellarda taxminan 3 mln so‘mdan boshlanadi. 35 m² gacha bo‘lgan xona uchun invertorli split sistemalar o‘rtacha 3,4 mln so‘mdan 6,5 mln so‘mgacha turadi. Kuchliroq, 18–24 BTU modellarning narxi 7 mln so‘mdan boshlanadi.

.webp)
Sizga qaysi funksiyalar kerakligini aniqlang.
Ko‘p modellarda asosiy imkoniyatlar bor: sovitish, ventilyator tezligini boshqarish, haroratni sozlash. Lekin qo‘shimcha funksiyalar ham asqatishi mumkin. Masalan, havo juda o‘zgaruvchan bo‘lsa yoki atrofda chang ko‘p bo‘lsa.
Esda tuting: konditsionerning funksiyalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, u shunchalik qimmat bo‘ladi, shuning uchun konditsioner aynan nimaga kerakligini aniqlab oling va ortiqcha narsalar uchun pul to’lamang.
Taymer.Konditsioner ishlash vaqtini belgilasa bo’ladi. Masalan kechqurun yoqib, ertalab avtomatik o‘chiradigan qiling — siz uxlab yotgan paytda u o‘z ishini bajaradi
Yana bir zamonaviy qulaylik — Wi-Fi. Agar konditsionerda shu funksiya bo‘lsa, uni telefondan turib boshqarish mumkin. Masalan, ishdan chiqayotib, ilova orqali yoqasiz, uyga borganingizda xona salqin bo‘lib turadi.
Havoni ionlashtirish yoki kislorod bilan boyitish kabi qo‘shimcha rejimlar ham bo‘ladi. Lekin ularning foydasi ilmiy jihatdan aniq isbotlanmagan. Shuning uchun bunday funksiyalar uchun ortiqcha pul to‘lashning foydasi kam.
Havoni quritish. Havo namligi yuqori bo‘lsa, quritish rejimi foyda beradi. Bu funksiya xonani haddan ortiq quruq qilib yubormaydi, faqat ortiqcha namlikni olib tashlaydi — ayniqsa shamollatilmaydigan, biroz zax xonalarda juda kerakli narsa.
Tozalikka e’tibor qaratadiganlar uchun esa turli xil filtrlar bor, masalan:
- ko‘mirli filtr — yoqimsiz hidlarni yo‘qotishda yordam beradi: sigaret tutuni, ovqat hidi yoki mashina gazlari. Bu filtr odatda olti oycha xizmat qiladi, keyin uni almashtirish kerak.
- Antibakterial filtr — ichida maxsus shimdirilgan moddalar bo‘ladi, ular filtrda bakteriyalar ko‘payishini sekinlashtiradi va havoni tozaroq qiladi. Buni ham, filtra turiga qarab, vaqti-vaqti bilan almashtirish kerak.
- HEPA-filtr esa chang, gul changi, mog‘or, bakteriya va virus kabi mayda zarrachalarning kamida 99 foizini ushlab qoladi. U 0,3 mikrongacha zarrachalarni filtrlay oladi — bu odam sochi qalinligidan taxminan 200 baravar kichik. Filtr nafaqat juda mayda, balki undan kattaroq zarrachalarni ham yaxshi ushlab qoladi. Uni odatda yiliga bir marta almashtirish kerak.
Energiya sarfiga ham e’tibor bering.
Konditsioner - uydagi eng ko‘p energiya sarflaydigan qurilmalardan biri. Elektr uchun ortiqcha to‘lamaslikni xohlasangiz, A, A++ yoki A+++ belgisi bor modellarga qarang. Bular ancha samarali ishlaydi. 2022-yildan boshlab O‘zbekistonda V darajadan past konditsionerlarni olib kirish taqiqlangan. Agar bozorda bunaqa modelga ko’rsangiz, ehtiyot bo‘ling — bu eski yoki noqonuniy texnika bo‘lishi mumkin. Kafolati ham bo'lmaydi.
Energiya samaradorligi darajasi qurilmaning sovitish quvvatiga nisbatan qancha elektr energiyasi sarflanishini ko‘rsatadi. Daraja pastroq bo‘lsa, energiya sarfi va to‘lovlar shuncha yuqori bo‘ladi.
.jpg)
Servis markazi bor-yo‘qligini bilib oling.
Har qanday texnika singari, konditsioner ham ba’zan tozalanishga yoki ta’mirga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun siz tanlagan brendning servis markazi siz yashaydigan shaharda bormi-yo‘qmi — aniqlab qo‘yganingiz yaxshi. Toshkentda ko‘plab brendlar — Sitronic, Hisense, Midea, Samsung, Haier, LG, Panasonic va boshqalar bor.
Agar sizda shunday imkoniyat bo‘lsa, aynan servis markazi mavjud bo‘lgan brendni tanlaganingiz ma’qul. Har qanday holatda, muammo chiqqanida tezda yordam olasiz.
Konditsionerni o’zingiz o’rnatmang
Konditsioner oddiy choynak emas – uni shunchaki rozetkaga tiqib ishlatib bo‘lmaydi. To‘g‘ri o‘rnatilmasa, u shovqin qiladi, oqadi yoki qo‘shnilarga muammo tug‘diradi. Shuning uchun bu ishni mutaxassislarga topshirgan ma’qul. Toshkentda o‘rnatish narxlari hozirda 400 ming so‘mdan boshlanadi. Ayrim yirik do‘konlar, masalan, Idea yoki Texnomart ba’zida bepul o‘rnatib berish aksiyalarini ham o‘tkazadi.
Toshkentda split sistemani o‘rnatish narxi odatda 450 ming so‘mdan boshlanadi. Bir necha soat ichida tezkor o‘rnatish xizmati 1,6 mln so‘mgacha chiqishi mumkin. Katta do‘konlarda aksiya bo‘lib turadi. Konditsioner sotib olsangiz, o‘rnatib berish bepul bo‘ladi.
O‘rnatish tugagach, konditsionerni usta bilan birga ishga tushirish kerak – nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, u joyida tuzatadi yoki maslahat beradi.

Qayerdan olgan ma’qul
Onlayn xarid eng qulayi: narxlarni solishtirasiz, kerakli modelni tanlaysiz, o‘rnatishga ham biryo‘la buyurtma berasiz. Tez-tez chegirmalar, aksiya va bonuslar ham chiqib turadi. Asaxiy, Tezz, Texnomart, Mediapark, Artel kabi saytlardan buyurtma bersa bo’ladi. Kimdir do‘konga borib ko‘rib olganni afzal ko‘rishi mumkin — bu holatda ham Mediapark yoki Artel shourumlari foydali bo‘ladi. Ba’zida do‘konda o‘zida bepul o‘rnatish yoki tez yetkazib berish taklif qilinadi.
Bozorlarda ham topish mumkin, ayniqsa Abu-Saxiy yoki Malika bozorlarida. Faqat yodda tuting: faqat rasmiy vakillardan oling. Aks holda sizga na chek, na kafolat beriladi – bu esa uskuna buzilsa, o‘zingiz to‘lab tuzatasiz degani.
Konditsioner buzilsa, qayerga murojaat qilish mumkin?
Eng ma’qul variant — brendning rasmiy servis markaziga murojaat qilish. Agar kafolat muddati hali o‘tmagan bo‘lsa, konditsioner bepul ta’mirlanadi yoki almashtiriladi. Buning uchun albatta chek va kafolat varaqasi bo‘lishi kerak, aks holda ta’mir uchun pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. Qadoqni olib borish shart emas, ammo agar bor bo‘lsa, xizmat markazi uni ko‘rib, ta’mir yoki almashtirish jarayonini tezroq boshlaydi.
