Maktablardagi pul yig‘ish haqida nimalarni bilish kerak?

O‘zbekiston qonunida oddiy qoida bor: umumiy o‘rta ta’lim bepul. Davlat maktablari uchun barcha xarajatlar byudjetdan qoplanadi. Masalan, 2025-yilda ta’lim tizimiga 64 trillion so‘mdan ortiq pul ajratilgan. Shundan 1,3 trillion so‘m — darsliklarga, 50 milliard — planshetlarga, 62 milliard — sport zallariga, 4,1 trillion so‘m esa ta’mir va qurilishga yo‘naltirilgan.

Agar maktabga yana biror narsa, masalan, direktor xonasiga yangi mebel sotib olish uchun pul kerak bo‘lsa u, byudjetdan tashqari daromadlardan mablag‘ jalb qilishi yoki hokimiyatdan qo‘shimcha mablag‘ so‘rashi mumkin.

Ota-onalardan majburiy pul yig‘ish mumkin emas. Har qanday badal — faqat ixtiyoriy bo‘lishi  kerak. Xususiy maktablar esa o‘z qoidalari bilan ishlaydi, ular shartnomada ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Davlat va maktab nimalarni qoplaydi?

Boshlang‘ich sinflarda ovqatlanish. 2023/2024 o‘quv yilidan 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan barcha bolalar byudjet hisobidan bepul issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Bu, smenaga qarab nonushta yoki tushlik bo‘lishi mumkin. Agar maktabda “ovqatga pul bering” deb so‘rashsa, davlat dasturi bor va pul to‘lash shart emas deb dadil javob bering. Yuqori sinflar ovqatlanish uchun o‘zlari pul to‘laydilar.

Sinf ehtiyojlari. Qog‘oz, kullerlar, pardalar, bo‘r, xo‘jalik mollari va boshqalarni maktabning o‘zi sotib olishi shart — buning uchun byudjetdan pul ajratiladi. Ota-onalar qo‘mitasi, masalan, yangi shkaf sotib olishni taklif qilishi mumkin, lekin bunday xarajatlarda siz faqat o‘z xohishingizga ko‘ra ishtirok etishingiz mumkin.

Darsliklar va mashq daftarlari. Maktab ularni bepul berishi shart. Qo‘shimcha qo‘llanmalar yoki daftarlarni faqat o‘zingiz xohlasangizgina sotib olishingiz mumkin.

Maktab ta’miri — bu davlat va mahalliy hokimiyatning ishi. Devorlarni oqlash, yangi derazalar yoki mebellar uchun pul to‘lashingiz shart emas. 

Qoʻriqlash. Davlat maktablarida xavfsizlikka Milliy gvardiya xodimlari mas’ul bo‘lib, ularning mehnatiga byudjetdan haq to‘lanadi. Xususiy maktablarda qo‘riqlash maktabning o‘zi tomonidan moliyalashtiriladi. Agar qo‘shimcha xavfsizlik, masalan, kameralar yoki qo‘shimcha qo‘riqlash postlari zarur bo‘lsa, maktab ularning xarajatlarini byudjetdan yoki byudjetdan tashqari manbalardan qoplashi kerak. Lekin, ota-onalardan majburiy yig‘imlar hisobiga emas.

Davlat olimpiadalari va konkurslari. Bunday tadbirlar bepul va ixtiyoriy. Maktab ular uchun pul olishga haqli emas. 

Ota-onalarning ixtiyorida nimalar bor?

Maktab olimpiadalari va musobaqalar. Agar maktab o‘zining dasturdan tashqari tadbirlarini o‘tkazsa, ular pullik bo‘lishi mumkin. Ularda qatnashish-qatnashmaslik faqat sizning ixtiyoringizda.

Maktab formasi. Formani kiyish shart, ammo uni faqat maktab ko‘rsatgan joydan olish majburiy emas. Bozordan, do‘kondan yoki tikuvchidan ham xarid qilishingiz mumkin. Eski forma standartga mos bo‘lsa, har yili yangisini sotib olish shart emas.

Eksternat. Agar bola maktabga biriktirilgan bo‘lsa, lekin uyda o‘qisa va imtihonlarni sirtdan topshirsa — bu, bepul. Maktab darsliklarni vaqtinchalik foydalanishga beradi, o‘qituvchilarning maslahatlari uchun ham pul to‘lash shart emas. Qo‘shimcha darslar yoki darsliklar uchun to‘lovni faqat o‘z xohishingizga ko‘ra amalga oshirishingiz mumkin. Agar, to‘lashga qaror qilsangiz hisobot bo‘lishi uchun pulni maktab hisob raqamiga rasmiy ravishda yuboring.

Sovg‘alar va shirin dasturxonlar. O‘qituvchilarga gullar, bayramlarga tortlar, bitiruvga esdalik sovg‘alari — bularning barchasi faqat ota-onalarning xohishiga ko‘ra tashkil etiladi.

Maktab pul talab qilsa, nima qilish kerak?

Agar maktab, davlat tekinga beradigan narsa uchun pul talab qilsa, quyidagilarni bajaring.

Qonunga tayaning. “Ta’lim to‘g’risida”gi qonunning 62-moddasida davlat maktablarida ta’lim bepul ekanligi, barcha to‘lovlar esa faqat ixtiyoriy ekanligi aniq yozilgan.

Dalilga ega bo‘ling. Suhbatni yozib oling, yozishmalarni yoki pul yig‘ish e’lonining suratini saqlab qo‘ying.

Shikoyat qiling. Xalq ta’limi vazirligining 71 202-09-09 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish, yagona murojaat platformasi orqali onlayn shikoyat yuborish yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham yuborish mumkin. Agar yordam bermasa — yashash manzilingiz bo‘yicha prokuraturaga ariza yozing.