JCH-2026 qayerda o‘tadi

2026-yilgi Jahon chempionati — FIFA (Xalqaro futbol federatsiyasi) o‘tkazadigan 23-turnir. Bu tashkilot futbol qoidalarini belgilab beradi. Musobaqa har 4 yilda o‘tkaziladi.

Bu yil u 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadi. Jami 104 ta o‘yin rejalashtirilgan — bu turnir uchun rekord. 78 ta o‘yin AQShda, Kanada va Meksikada esa 13 tadan bo‘ladi. O‘yinlar 16 ta shaharda o‘tadi: AQShda 11 ta, Meksikada 3 ta va Kanadada 2 ta.

Musobaqa o‘tadigan shaharlar. Manba: usa-worldcup2026.com

Jamoalar o‘yinlari eng katta stadionlarda bo‘ladi. Jahon chempionati Mexikodagi “Azteca” stadionida Meksikaning JARga qarshi bahsi bilan boshlanadi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yin AQShning Mayami-Gardens shahridagi “Hard Rock” stadionida, final esa Nyu-Jersining Ist-Raterford shahridagi “MetLife” stadionida bo‘ladi.

“Azteca”, “Hard Rock” va “MetLife” stadionlari

JCh-2026 bosqichlari qanday tuzilgan

2026-yilda musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi. 1998-yildan 2022-yilgacha 32 ta jamoa o‘ynagan. FIFA jamoalar sonini ko‘paytirishga qaror qildi, chunki shu tariqa ko‘proq davlatlar mundialga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Avvallari yo‘llanma egalari deyarli o‘zgarmay kelgan.

O‘yinlarni ikki bosqichga bo‘lish mumkin.

Guruh o‘yinlari. Bosqichda 48 ta jamoa 12 ta guruhga (ingliz alifbosidagi A dan L gacha) bo‘linadi. Har bir guruhda to‘rttadan jamoa.

Jamoalar FIFA reytingiga qarab 4 ta savatchaga ajratiladi va har bir guruhga qura tashlab joylashtiriladi. Bitta guruhga har bitta savatchadan bittadan jamoa tushadi.

Masalan, birinchi savatchadan hozirgi kundagi eng kuchli jamoalar — Angliya, Fransiya, Argentina joy olgan. Qolganlarida esa reyting bo‘yicha keyingi jamoalar bo‘ladi. Bu eng kuchli jamoalar turnir boshidayoq bir-biri bilan o‘ynab, chiqib ketmasligi uchun qilingan.

Bitta guruhga bitta qit’adan (masalan, Osiyo, Janubiy Amerika yoki Afrika) ikkita jamoa tushmaydi. Lekin, Yevropa jamoalari ko‘proq bo‘lgani uchun bitta guruhda ikkita Yevropa jamoasi bo‘lishiga ruxsat berilgan. Qura tashlashda bitta qit’aning ikkinchi jamoasi chiqib qolsa, u avtomatik ravishda keyingi guruhga o‘tadi.

AQSh, Meksika va Kanada qaysi guruhda o‘ynashi oldindan hal qilingan. Shunda har bir jamoa o‘z davlatida o‘ynaydi.

Chempionat boshida hamma jamoalar 19–27-iyun kunlari o‘z guruhida uchtadan o‘yin o‘tkazadi. Keyingi bosqich — pley-offga har bir guruhdan eng yaxshi ikkita jamoa va uchinchi o‘rinni olgan eng kuchli 8 ta jamoa chiqadi.

Guruhlar bo‘yicha to‘liq jadval. Manba: reddit.com

Pley-off. 32 ta jamoa guruhdagi natijalariga qarab 16 ta juftlikka bo‘linadi. Keyin jamoalar bittadan o‘yin o‘tkazadi — yutqazgan chiqib ketadi. Yutganlar keyingi bosqichga o‘tadi. Finalgacha hamma o‘yinlar shunday o‘tadi.

Yarim finalda yutqazgan jamoalar uchinchi o‘rin uchun alohida o‘ynaydi.

O‘zbekiston qayerda va qachon o‘ynaydi 

O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi bilan birga K guruhiga tushdi. Ular bu jamoalarning har biri bilan o‘ynaydi:

1-o‘yin — 17-iyun kuni Mexikoda (Meksika) Kolumbiyaga qarshi.
2-o‘yin — 23-iyun kuni Xyustonda (AQSh) Portugaliyaga qarshi.
3-o‘yin — 27-iyun kuni Atlantada (AQSh) Kongo DRga qarshi.

G‘alaba — 3 ochko, mag‘lubiyat — 0 ochko, durang — 1 ochko beradi. Uchta o‘yindan keyin ochkolar qo‘shiladi va eng yaxshi ikkita jamoa keyingi bosqichga o‘tadi. Uchinchi o‘rinni olgan jamoada ham imkoniyat bor. Turli guruhlardan eng kuchli 8 ta jamoa ham pley-offga chiqadi. Bunda ochkolardan tashqari urilgan gollar soni va boshqa statistikalar hisobga olinadi.

O‘zbekiston terma jamoasi pley-offga chiqsa, 1/16 finalda o‘z guruhidagi jamoalarga qarshi o‘ynay olmaydi. FIFA qoidalariga ko‘ra, raqib qo‘shni guruhdan tanlanadi.

Terma jamoada kimlar o‘ynaydi 

Jamoaga italiyalik Fabio Kannavaro bosh murabbiy bo‘ldi. U oldin himoyachi bo‘lgan va 2006-yilda nufuzli “Oltin to‘p” mukofotini olgan. “Real Madrid”, “Napoli” va “Yuventus” kabi klublarda o‘ynagan. 2014-yildan beri murabbiylik qiladi.

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan 26 nafar futbolchi joy olgan. Ular orasida:

Terma jamoaning eng mashhur futbolchilari haqida batafsil “O‘zbekiston terma jamoasining eng qimmat futbolchilari qancha turadi?” maqolasida o‘qishingiz mumkin. 

Jamoa o‘z ramzi va sifatida “Bek” ismli oq bo‘rini tanladi. U kuch, erkinlik, jasorat va xalq himoyasini bildiradi.

Fabio Kannavaro futbolchilar bilan mashg‘ulotda. Manba: murabbiyning Instagram sahifasi

JCh-2026 mukofot jamg‘armasi 

Umumiy moliyaviy paket — 727 million dollar. 655 million dollar jamoalarga turnirdagi ishtiroki uchun mukofot sifatida beriladi. Uning miqdori jamoaning qaysi bosqichgacha yetib borganiga bog‘liq.

Qolgan pullar jamoalarning tayyorgarlik xarajatlarini qoplashga sarflanadi — har biriga 1,5 million dollardan.

Bu safargi mukofot jamg‘armasi oldingi turnirlardan ko‘proq. JCh-2022 da mukofotlar uchun 440 million dollar, JCh-2018 da esa 400 million dollar ajratilgan.