O‘zbekistonda sudlar qanday ishlaydi

O‘zbekistonda sudlarning bir nechta instansiyasi bor. Ish avval birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqiladi. Bu, odatda, tuman, shahar yoki tumanlararo sudi bo‘ladi . Da’vo arizangizni aynan shu sudga berishingiz kerak.

Sud chiqargan qarorga taraflardan biri rozi bo‘lmasa, yuqori turuvchi sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Masalan, viloyat sudiga. Keyinchalik ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ham ko‘rib chiqiladi.

Odatda, yuqori turuvchi sudga birdaniga murojaat qilib bo‘lmaydi. Ish belgilangan sud instansiyalaridan bosqichma-bosqich o‘tadi. Da’vo topshirishdan oldin esa qaysi turdagi sudga murojaat qilish kerakligini aniqlab olish kerak. Masalan, fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sud. Bu nizoning kimlar o‘rtasida yuzaga kelgani va uning mazmuniga qarab belgilanadi.

Nizo turiga qarab qaysi sudni tanlash kerak

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar. Fuqarolar o‘rtasidagi yoki fuqaro bilan tashkilot o‘rtasidagi nizolar shu sudlarda ko‘rib chiqiladi. Masalan, qarzni undirish, to‘lanmagan ish haqini olish, mahsulot uchun pulni qaytarish yoki mol-mulkni bo‘lish masalalari.

Iqtisodiy sudlar. Tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqadigan va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar iqtisodiy sudda ko‘rib chiqiladi. Masalan, yetkazib beruvchi mahsulotni yetkazib bermasa, buyurtmachi bajarilgan ish uchun pul to‘lamasa, ijarachi ijara haqidan qarzdor bo‘lsa yoki hamkorlar shartnoma shartlari yuzasidan kelisha olmasa, ish sudga oshiriladi.

Ma’muriy sudlar. Davlat organi yoki uning mansabdor shaxsi chiqargan qaror, amalga oshirgan harakat yoki harakatsizligidan norozi bo‘lsangiz, ma’muriy sudga murojaat qilishingiz mumkin.

Sud turini tanlaganingizdan keyin, hujjatlarni qaysi sudga topshirish kerakligini aniqlang.

Kerakli sudni qanday topish mumkin

Odatda, da’vo arizasi javobgarning yashash joyidagi sudga topshiriladi. Kompaniya bilan nizolashayotgan bo‘lsangiz, hujjatlarni uning filiali yoki ofisi joylashgan joydagi emas, balki davlat ro‘yxatidan o‘tgan manzili bo‘yicha sudga berish kerak. Toshkent shahrida birinchi instansiya ishlari tumanlararo sudlarda ko‘riladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha beshta sud bor: Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlararo sudlari. Iqtisodiy nizolarni esa Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi ko‘rib chiqadi.

Masalan, fuqaro Sergeli tumanida ro‘yxatdan o‘tgan va fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vo bermoqchi. U Yakkasaroy tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga ariza berishi kerak. Do‘kon bilan kelishmovchilik bo‘lsa ham, do‘kon qayerda ishlashi emas, kompaniya qayerda ro‘yxatdan o‘tgani muhim. Masalan, do‘kon Mirobodda joylashgan, lekin kompaniya Yakkasaroyda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, da’vo Yakkasaroy tumanlararo sudiga topshiriladi.

Kompaniyaning ro‘yxatdan o‘tgan manzilini MyGov portalidagi yuridik shaxslar hisob ma’lumotlarini ko‘rish xizmati orqali tekshirish mumkin. Yana bir yo‘l — MyOrg hamkorlar va kontragentlarni tekshirish xizmatlaridan foydalanish. Ammo bu ma’lumotlarni olish uchun pulli versiyadan foydalanish kerak

Ba’zi hollarda da’vo arizasini o‘zingiz yashaydigan joydagi sudga topshirishingiz mumkin. Bunga aliment undirish, otalikni belgilash yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash ishlari kiradi.

Ma’muriy nizolar yuzasidan ariza, odatda, qarori yoki harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi joylashgan hududdagi yoki mansabdor shaxs ishlaydigan joydagi sudga topshiriladi.

Kerakli sudning manzilini Oliy sud saytida topish mumkin.

Da’vo arizasi qanday yoziladi

Da’vo arizasi — bu suddagi ishni boshlash uchun topshiriladigan hujjat. Unda nima bo‘lganini, kim huquqlaringizni qanday buzganini va suddan nimani talab qilayotganingizni tushuntirasiz. Arizada majburiy ma’lumotlar bo‘lishi kerak: sud nomi, nizo taraflari, talablaringiz, voqea tafsilotlari va dalillar.

Arizada ayrim ma’lumotlar yetishmasa, sud uni harakatsiz qoldirishi mumkin. Jiddiy kamchiliklar bo‘lsa yoki sud belgilagan muddatda xatolar tuzatilmasa, ariza qaytariladi. Bunday holatda da’vo muddati o‘tishda davom etadi va arizani qaytadan topshirishga to‘g‘ri keladi.

Da’vo arizasi oddiy tartib asosida tuziladi.

Arizaning sarlavha qismi. Ariza topshiriladigan sud nomini, o‘zingizning va javobgarning ism-familiyasi, manzili va aloqa ma’lumotlarini kiriting. Javobgar tashkilot bo‘lsa, uning to‘liq nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan manzili va rekvizitlarini yozing.

Vaziyatni tushuntiring. Nizo qachon boshlanganini, nimalar haqida kelishganingizni, ikkinchi tomon nima qilgani yoki nima qilmaganini va huquqlaringiz qanday buzilganini yozing.

Talablar. Suddan aynan nimani so‘rayotganingizni ko‘rsating. Masalan, qarzni undirish, pulni qaytarish, ishga qayta tiklash, shartnomani haqiqiy emas deb topish yoki javobgardan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajarishni talab qilish mumkin. Talab pulga oid bo‘lsa, qarz, mahsulot qiymati, zarar yoki kompensatsiya miqdorini aniq yozing.

Dalillar va ilovalar. Ariza oxirida talablaringizni tasdiqlaydigan hujjatlarni ko‘rsating. Bular chek, tilxat, shartnoma, yozishmalar nusxasi, fotosurat, dalolatnoma yoki ma’lumotnoma bo‘lishi mumkin. Ularning nusxalarini da’vo arizasiga qo‘shing. Sudga murojaat qilish uchun davlat boji to‘lash kerak bo‘lsa, to‘lovni tasdiqlovchi kvitansiyani ham ilova qiling.

Imzo qo‘ying. Da’vo arizasini onlayn topshirsangiz, oddiy imzo o‘rniga elektron raqamli imzo (ERI) ishlatiladi. Uni qanday olish haqida “Elektron raqamli imzoni qanday olish mumkin” maqolasida batafsil yozganmiz.

Da’vo arizasi namunasini qayerdan topish mumkin

Da’vo arizasini to‘g‘ri tayyorlash uchun rasmiy manbalardagi namunalardan foydalanish mumkin:

  • yurxizmat.uz — Adliya vazirligi ko‘magida faoliyat yurituvchi huquqiy xizmat markazi;
  • my.sud.uz — fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vo arizalari namunalari. Masalan, nikohdan ajralish, ish haqining kechiktirilishi yoki shartnomani bekor qilish bilan bog‘liq arizalar;
  • template.sud.uz — iqtisodiy nizolar bo‘yicha da’vo arizasi namunalari.

Da’vo arizasini qanday berish kerak

Da’vo arizasini sudga borib, pochta orqali yoki onlayn topshirish mumkin.

Sudga boring. Da’vo arizasi va unga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalarini tayyorlang. Hamma hujjatlarni sud devonxonasi xodimiga topshiring. Xodim hujjatlarni qabul qilib, da’vo arizasini ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Pochta orqali. Da’vo arizasi va barcha ilovalarni topshirilganligi haqida xabarnoma beriladigan buyurtma xat bilan yuboring. Shunda sud hujjatlarni olganini tasdiqlovchi dalilingiz bo‘ladi.

Onlayn. Arizani Adolat elektron sud tizimi orqali yuborish mumkin. Shaxsiy kabinetingizga kirib, tegishli sudni tanlang, arizani to‘ldiring va kerakli hujjatlarni yuklang. Shundan keyin ish qanday ko‘rib chiqilayotganini internet orqali kuzatishingiz mumkin.

Sudga da’vo berish qancha turadi

Da’vo arizasini topshirishdan oldin, davlat bojini to‘lash kerak. To‘lov kvitansiyasini arizaga ilova qilmasangiz, sud arizani e’tiborsiz qoldirishi mumkin. Kvitansiyani taqdim etish uchun muddat beriladi. Shu muddat ichida boj to‘lanmasa, ariza qaytariladi va uni qaytadan topshirilish kerak bo‘ladi.

Davlat boji qancha bo‘lishi sud turiga va ko‘rib chiqiladigan ish toifasiga bog‘liq. Boj bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) bog‘liq bo‘lgani uchun o‘zgarishi mumkin. Maqolada ko‘rsatilgan summalar u e’lon qilingan kundagi holatga mos. Aniq miqdorni Oliy sud saytining onlayn kalkulyatori orqali tekshiring.


Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘riladigan, pul bilan baholash mumkin bo‘lgan mulkiy da’volar uchun davlat boji odatda da’vo summasining 4 foizini tashkil qiladi. Bu qarzni undirish, zarar uchun kompensatsiya olish yoki ajrashishda mol-mulkni bo‘lish bo‘yicha da’volar bo‘lishi mumkin. Bunda boj kamida 1 BHM bo‘lishi kerak. 2026-yil sentyabrda bu 440 000 so‘m.

Masalan, da’vo summasi 5 mln so‘m bo‘lsa, uning 4 foizi 200 000 so‘mni bo‘ladi. Bu 1 BHMdan kam bo‘lgani uchun 440 000 so‘m davlat boji to‘lashingiz kerak.

Boshqa turdagi ishlar va sudlarda davlat boji boshqacha hisoblanadi. Agar da’voni pul bilan baholab bo‘lmasa, boj miqdori boshqa tartibda belgilanadi. Masalan, nikohdan ajralish uchun 2 BHM miqdorida davlat boji to‘lanadi. Hozir bu 880 000 so‘m. Davlat organining qarori yoki mansabdor shaxsning harakatsizligi ustidan shikoyat qilinganda esa boj BHMning 70 foizini, ya’ni 308 000 so‘mni tashkil etadi.

Ayrim hollarda davlat bojini to‘lash shart emas. Bunga to‘lanmagan ish haqini undirish, aliment undirish va iste’molchi sifatida buzilgan huquqlarni himoya qilish bilan bog‘liq ayrim da’volar kiradi.

Davlat bojini Oliy sudning elektron to‘lov tizimida yoki bank kassasida rekvizitlar bo‘yicha to‘lash mumkin.

Da’vo arizasidan keyin nima bo‘ladi

Ariza topshirilishi bilan sud majlisi tez belgilanmaydi. Avval sudya ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni tekshiradi. Shundan keyin ishni yuritish mumkinligi haqida qaror qabul qiladi. Sud majlisiga tayyorgarlik bir necha bosqichda bo‘ladi.

Quyidagi muddatlar fuqarolik ishlari bo‘yicha belgilangan. Iqtisodiy va ma’muriy sudlarda esa ishlarni ko‘rib chiqish va qarorlar ustidan shikoyat berish muddatlari farq qiladi.

Da’vo arizasini tekshirish. Sudya da’vo arizasi va hujjatlarni 10 kungacha muddatda tekshiradi. Tekshiruv yakunida sud arizani qabul qilishi, kamchiliklarni tuzatish uchun harakatsiz qoldirishi, qaytarishi yoki qabul qilishni rad etishi mumkin. Ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u boshqa sudga o‘tkaziladi.

Da’vo arizasi harakatsiz qoldirilsa yoki qaytarilsa, bu hali ish tugadi degani emas. Bunga kerakli hujjatlarning ilova qilinmagani, davlat boji to‘lanmagani yoki ariza noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda sud talab qilgan hujjatlarni yetkazish yoki ariza qaytarilgan bo‘lsa, uni qaytadan tuzib, topshirish kerak. Da’vo muddati ham muhim. Qaytarilgan ariza da’vo muddatini to‘xtatmaydi. Shu sababli arizani qayta topshirguningizcha da’vo muddati tugab qolishi mumkin.

Sud arizani qabul qilishni rad etsa, odatda, aynan shu da’vo bilan qaytadan murojaat qilib bo‘lmaydi. Sudya rad etish sababini ajrimda ko‘rsatadi. Qarorga rozi bo‘lmasangiz, uning ustidan shikoyat qilishingiz mumkin.

Sud majlisiga tayyorgarlik. Bu jarayon sud da’vo arizasini qabul qilganidan keyin boshlanadi. Odatda, tayyorgarlik uchun 10 kungacha vaqt beriladi. Murakkab ishlarda sudya bu muddatni 20 kungacha uzaytirishi mumkin, lekin bu barcha ishlarga taalluqli emas. Aliment, mehnat nizolari va sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplashga oid ishlar bo‘yicha tayyorgarlik muddati uzaytirilmaydi.

Bu bosqichda sudya ishda kimlar ishtirok etayotganini, qanday talablar qo‘yilganini va qaysi hujjatlar yetishmayotganini aniqlaydi. Masalan, sud tomonlarni tushuntirish berish uchun chaqirishi, qo‘shimcha dalillarni so‘rashi, ishga boshqa ishtirokchilarni jalb qilishi yoki tomonlarga o‘zaro kelishib, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilishi mumkin.

Sudya ish sudda ko‘rib chiqishga tayyor deb hisoblagach, majlis sanasini belgilaydi va ishtirokchilarga qachon va qayerga kelish kerakligini bildiradi. Odatda, buning uchun sud chaqiruv qog‘ozi yuboriladi. Ammo xabarnoma o‘z egasiga yetib borganini tasdiqlash mumkin bo‘lsa, buyurtma xat yoki telegramma orqali ham xabar berilishi mumkin.

Sud majlisi sanasini internet orqali ham tekshirishingiz mumkin. Buning uchun Adolat elektron sud tizimidagi shaxsiy kabinetingizga kiring yoki Oliy sud saytida sud majlislari jadvalini ko‘ring.

Adolat tizimida sud majlisi sanasini ko‘rish mumkin bo‘lgan taqvim mana shunday ko‘rinadi

Ishni ko‘rib chiqish. Sud majlisida sudya nizoning mazmunini o‘rganadi, da’vogar va javobgarning fikrlarini tinglaydi, hujjatlar va dalillar bilan tanishadi.

Ba’zan ishni ko‘rib chiqish uchun bitta sud majlisi yetarli bo‘ladi. Murakkabroq ishlarda esa bir nechta majlis o‘tkazilishi mumkin.

Fuqarolik ishlari, odatda, sud majlisiga tayyorgarlik yakunlanganidan keyin bir oy ichida ko‘rib chiqiladi. Ish juda murakkab bo‘lsa, muddat ikki oygacha uzaytirilishi mumkin. Bunday holat ko‘plab ishtirokchilar yoki hujjatlar bo‘lganda, shuningdek, qo‘shimcha dalillar kerak bo‘lsa yuzaga kelishi mumkin. Aliment, mehnat nizolari va sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq ishlar uchun esa qisqaroq muddatda, tayyorgarlik yakunlanganidan keyin 20 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

Sud qarori. Ish ko‘rib chiqilgach, sud qaror chiqaradi. Odatda, qaror sud majlisining o‘zida e’lon qilinadi. Juda murakkab ishlarda sud qarorning to‘liq matnini tayyorlashni besh kungacha kechiktirishi mumkin. Sud asosiy xulosani, ya'ni da’vo to‘liq yoki qisman qanoatlantirilganini yoki uni rad etganini aytadi.

Qaror ustidan shikoyat qilinmasa, u qabul qilingan kundan boshlab bir oy o‘tgach qonuniy kuchga kiradi. Tomonlardan biri apellyatsiya bersa, ish yuqori instansiyadagi sudda ko‘rib chiqiladi va jarayon davom etadi.

Ushbu material ma’lumot berish maqsadida tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatilgan sanada amalda bo‘lgan qonunchiligiga asoslanadi. U yuridik maslahat, tavsiya yoki ommaviy oferta hisoblanmaydi. Qonunchilik va to‘lov miqdorlari o‘zgarib turadi. Shu sababli huquqiy ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishdan oldin lex.uz saytidagi amaldagi qonun hujjatlarini tekshiring yoki huquqshunosga murojaat qiling. Tahririyat ushbu material asosida qabul qilingan qarorlar uchun javobgar emas.