Terminal ishlamasa, to‘lov qanday qilinadi 

Ikkita to‘g‘ri usul bor: naqd pulda yoki QR-kod orqali to‘lash.

Ikkalasi ham qonuniy. Naqd pulda to‘lasangiz, sotuvchi xuddi terminal orqali to‘lov qilinganidek, QR-kodli fiskal chek berishi shart. QR-kod orqali to‘lasangiz, chek to‘lov ilovasida, masalan, payme’da shakllanadi. To‘lovdan keyin ma’lumotlar avtomatik ravishda Soliq ilovasiga yuboriladi va sizga xarid summasidan 1% miqdorida soliq keshbegi hisoblanadi.

Endi esa noto‘g‘ri yo‘l 

Sotuvchining kartasiga pul o‘tkazmang. Bunda sizga fiskal chek berilmaydi va agar tovar bilan muammo chiqsa, uni qaytarish, almashtirish yoki ta’mirlash qiyinlashadi. Soliq keshbegi ham hisoblanmaydi.

Agar sotuvchi pul o‘tkazmasidan keyin fiskal chek bersa, bu yaxshi variant. Siz uchun eng muhimi — xaridni tasdiqlaydigan fiskal chek bo‘lishi. To‘lovni o‘zida rasmiylashtirish esa sotuvchining mas’uliyati.

Bundan tashqari, katta ehtimol bilan xarid sizga qimmatroqqa tushadi, chunki kartadan kartaga pul o‘tkazmalari uchun ba’zi banklar komissiya oladi.

Sotuvchi kartasiga pul o‘tkazishni talab qilsa va chek berishga tayyor bo‘lmasa, yaxshisi xariddan voz kechib, kerakli narsani boshqa joydan oling.

Sotuvchi chek bermasa nima qilish kerak 

Chek bermaslik — bu qonunbuzarlikdir. Bu haqda Soliq qo‘mitasining 1198 ishonch telefoni yoki “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” bo‘limi orqali xabar berish mumkin.

Agar qonunbuzarlik tasdiqlansa, sotuvchiga 5 mln so‘mdan boshlab jarima solinadi, siz esa summaning 20 foizini rag‘batlantirish sifatida olishingiz mumkin. Pul arizada ko‘rsatgan kartangizga tushadi.

Qisqacha aytganda

Istalgan usulda to‘lash mumkin. Eng muhimi — sizga QR-kodli fiskal chek berilishi kerak. Agar chek bo‘lmasa, xariddan voz kechgan ma’qul.