ERI nima

Elektron imzo qo‘lda qo‘yiladigan oddiy imzodek, faqat internet uchun mo‘ljallangan. ERIni davlat va soliq organlari, sudlar, tijorat kompaniyalari qabul qiladi. U, qog’ozdagi imzo kabi bir xil yuridik kuchga ega. Eng muhimi, u bilan turli idoralarga borishning hojati yo‘q. YaTT sifatida ro‘yxatdan o‘tish, ariza berish, shartnomani imzolash, hisob-fakturani yuborish — bularning barchasini onlayn bajarish mumkin.

Masalan, ERI yordamida o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdim va birinchi shartnomani imzoladim. Ishni tugatganimdan keyin Soliq idorasining shaxsiy kabinetidan hisob-faktura yubordim. Ketgan vaqt o‘n daqiqadan oshmadi va hech qayerga borishga to‘g’ri kelmadi.

Jismoniy jihatdan ERI ruchka yoki ekranda qo‘yiladigan imzo emas. Bu, kompyuter, smartfon yoki USB fleshkada saqlanishi mumkin bo‘lgan maxsus raqamli fayl. Hujjatni imzolash kerak bo‘lganda, ERIngizning olti xonali parolini kiritasiz va shunda imzo qo‘yilgan hisoblanadi.

Ariza raqamini albatta yozib oling, u faqat bir marta ko‘rsatiladi

ERI qanday rasmiylashtiriladi

ERIni E-imzo sayti, uning mobil ilovasi yoki YAIDXP portali orqali uydan turib onlayn olish mumkin. Pasport, JSHSHIR va Soliq mobil ilovasi kerak bo‘ladi.

E-imzo, YAIDXP saytlarida yoki mobil ilovada “ERI olish” bo‘limini tanlang. Tizim davlat bojini to‘lashni taklif qiladi — buni payme orqali qilish ancha oson. To‘lovdan keyin ariza shakli ochiladi.

Anketani to‘ldiring. JSHSHIR va telefon raqamingizni kiriting. JSHSHIR esdan chiqqan bo‘lsa, uni Davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetingizda yoki my.soliq.uz saytida ko‘rish mumkin. Telefoningizga kodli SMS xabar keladi, kodni arizani tasdiqlash uchun kiriting.

Ariza raqamini albatta yozib oling, u faqat bir marta ko‘rsatiladi

ERIni qayerga saqlashni tanlang — kompyuterga, fleshkaga yoki smartfonga. Kompyuterga saqlasangiz, tizim nosozligi tufayli faylni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun D diskini tanlash yaxshiroq.

Parol o‘ylab toping  — u sizning elektron imzongiz bo‘ladi. Parolda telefon raqami, JSHSHIR, tug’ilgan kun sanasi yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni ishlatmang.

Shaxsingizni tasdiqlang va kalit yarating. Ekranda QR-kod paydo bo‘ladi. Shaxsingizni tasdiqlash uchun uni Soliq ilovasi orqali skaner qiling. Keyin “Kalit yaratish” tugmasini bosing va parolni qaytadan kiriting.

Tayyor — endi sizda elektron imzo bor. Ba’zan arizani rad etishlari mumkin — masalan, anketada noto‘g’ri ma’lumotlarni ko‘rsatsangiz, pasport ma’lumotlari kiritilmagan yoki boj to‘lovi yuborilmagan bo‘lsa. Bu holda jarayonni qaytadan o‘tish kerak bo‘ladi.  

Shaxsan ERI qanday rasmiylashtiriladi

ERIni shaxsan rasmiylashtirish qulayroq bo‘lsa, Davlat xizmatlari markaziga kelish mumkin. O‘zingiz bilan pasport va bo‘sh USB fleshkani olishingiz kerak. Markazning o‘zida ariza to‘ldirasiz va davlat bojini to‘laysiz, buni kassa orqali yoki onlayn, masalan, payme yordamida qilish mumkin. Xodim ERI faylini fleshkaga yozib beradi va parol o‘rnatishda ko‘maklashadi. Bu parolni hujjatlarni imzolashda kiritasiz.

Markaz xodimi kalitni fleshkaga yozib beradi va hujjatlarni imzolashda ishlatiladigan parolni kiritishga yordam beradi.

Ba’zan ERIni chop etilgan sertifikat shaklida olishni taklif qilishadi, lekin bu eng ishonchli usul emas. Qog’oz yo‘qolib qolishi yoki namlanishi mumkin — bunday holda imzoni qayta tiklashga to‘g’ri keladi. Raqamli versiyani tanlagan yaxshiroq, chunki bu, xavfsizroq va qulayroq.

ERI narxi

Davlat bojining miqdori sizning mavqeingizga bog’liq. Oddiy fuqarolar uchun BHMning 6-7% tashkil etadi — 2025-yilning dekabriga ko‘ra bu, 28 840 so‘mga teng. Kompaniyalar uchun stavka yuqori — BHMning 10% yoki 41 200 so‘m.

Agar YAIDXP sayti orqali rasmiylashtirsangiz, arzonroq bo‘ladi:

Agar siz maktab o‘quvchisi, talaba, davlat xizmatchisi, I yoki II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsangiz yoki “Temir daftar,” “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan bo‘lsangiz ERIni bepul olishingiz mumkin.

ERI ikki yil amal qiladi. Ikki yildan so‘ng imzoni uzaytirish zarur — qaytadan ariza topshirib, bojini to‘lash kerak.

Imzoni qayerda saqlash mumkin

ERI faylni kompyuterda, noutbukda, smartfonda yoki oddiy USB fleshkada saqlash mumkin. Asosiysi, undan faqat siz foydalanishingiz kerak.

Agar faylni qurilmaga saqlayotgan bo‘lsangiz, kompyuter yoki telefonga albatta parol o‘rnating. Parol bank ilovasidagi kabi raqamlar, harflar va belgilardan tashkil topgan murakkab bo‘lgani yaxshi.

Agar fleshkadan foydalansangiz, uni sumka yoki ryukzakda olib yurmang. Yopiladigan quti yoki uydagi seyf kabi xavfsiz joyda saqlang. Agar fleshka yo‘qolsa yoki sinsa, imzoni tiklash kerak bo‘ladi.

ERI kompyuter yoki telefonga qanday o‘rnatiladi

Imzodan foydalanish uchun qurilmaga E-Imzo dasturini o‘rnatish kerak. Buni kompyuterda ham, smartfonda ham qilish mumkin.

Dasturchi saytida o‘zingizning operatsion tizimingizni — Windows yoki macOS’ni tanlang va kerakli o‘rnatish faylini yuklab oling. Windows o‘rnatilgan himoyani vaqtincha o‘chirishni talab qilishi mumkin — ko‘rsatma Microsoft saytida mavjud. Mac’da esa tizim o‘rnatishdan avval eng so‘nggi versiyaga yangilanishni talab qilishi mumkin — bu, oddiy holat.

Smartfonga E-Imzo ilovasi App Store yoki Google Play orqali o‘rnatiladi. 

Muammolar yoki xatolar yuzaga kelganda nima qilish kerak

ERI ishlamay qolsa — brauzerni almashtirib ko‘ring. Kompyuterda elektron imzo bilan ishlash uchun Mozilla Firefox yoki Microsoft Edge’dan foydalangan ma’qul — Google Chrome va Safari’da kerakli texnologiyalar bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pincha E-Imzo modulini qayta o‘rnatish yoki mobil versiyaga o‘tish ham yordam beradi.

Agar o‘zingiz uddalay olmasangiz, (71) 202-32-32 ishonch telefoniga qo‘ng’iroq qiling. Mutaxassislar muammoni hal qilishga yordam berishadi.

Agar ERI bo‘lgan fleshkani yo‘qotib qo‘ysangiz  — uni tezda E-Imzo.uz saytida o‘chirtiring. Keyinchalik fleshka topilgan taqdirda ham, yangi ERIni rasmiylashtirish xavfsizroq: eskisi yo‘qolgan bank kartasi kabi yaroqsiz hisoblanadi.

Imzo qachon rasmiylashtirilgani esingizdan chiqsa Davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetida chiqarilgan sanani tekshiring. Bu bepul va bir necha daqiqa ketadi.

Xulosa

Elektron imzo murakkab narsadek ko‘rinishi mumkin lekin, aslida u vaqtni tejashga va muhim masalalarni onlayn hal qilishga yordam beradigan vosita. Imzo banklarga ortiqcha qatnashlar hamda soliq idorasida navbatda turishlardan xalos qiladi.

Uni uydan turib yoki Davlat xizmatlari markaziga borib olish mumkin, foydalanish esa oson: hujjatni ochib, parolni kiritasiz va barchasi imzolangan bo‘ladi.