Turistik keshbek nima o’zi?
Bu — sayohat uchun sarflagan pulingizni bir qismini qaytarish imkoniyati. Xaridlar uchun 1% keshbek olgandek, bu yerda ham xuddi shunday. Bu uchun safarga chiqishdan oldin “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘ting, sayohat paytida esa yo‘lkira, turar joy va madaniy hordiq uchun to‘lov cheklarini yig‘ing va skanerlang.
Muhimi — uchta toifa bo‘yicha cheklarni yig‘ish. Agar ulardan bittasi bo‘lmasa, masalan mehmonxona yoki muzey uchun chek, keshbek hisoblanmaydi.
Keshbek har chorakda faqat bitta safar uchun beriladi. Shuning uchun har bir sayohatdan keshbek olishni istasangiz, safarlarni shunday rejalashtiringki, bir chorakka bittadan to‘g‘ri kelsin. Agar uch oy ichida bir nechta safar bo‘lsa, keshbek faqat bittasi uchun beriladi.
Kimlar olishi mumkin
JSHSHIR bor bo‘lsa, “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz – bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lasizmi, xorijlik mehmonmi — farqi yo‘q, bu barcha uchun ochiq.
Cheklar safardan so‘ng 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Cheklarni yil bo‘yi yig‘ib, oxirida bitta qilib topshirib bo‘lmaydi.
Nimalarga pul qaytadi?
Sayohatda sarflagan quyidagi pulning bir qismi qaytariladi.
Xarajatlardan 15 foizi qaytariladi:
- Aviachiptalar (borish – qaytish)– 150 000 so‘mgacha;
- Poyezd chiptalari (borish –qaytish) – 80 000 so‘mgacha;
- Mehmonxona – 80 000 so‘mgacha.
Teatr, muzey, sirk va san’at galereyalariga chiptalar narxining yarmigacha, lekin ko‘pi bilan 20 000 so‘mni qaytarib olish mumkin. Shuningdek, muzey, teatr, sirk va san’at galereyasi chiptalari – narxining 50 foizi qaytadi, lekin 20 000 so‘mdan oshmasa. Masalan, Registonga chipta olganmisiz? O‘sha summa uchun ham keshbek beriladi.
Keshbek qanday olinadi
Safardan oldin keshbek uchun ariza topshirishni unutmang, aks holda u hisoblanmaydi. Mana nima qilish kerak:
Safargacha Soliq ilovasida “Turizm uchun keshbek” bo‘limi orqali sayohatingizni ro‘yxatdan o‘tkazing.
Safar davomida QR-kodli barcha cheklarni skaner qiling: transport, yashash va madaniy hordiq uchun. Muhimi — uchala toifa bo‘yicha ham chek bo‘lishi kerak. Agar bittasi yetishmasa, keshbek berilmaydi.
Safardan keyin ilovada hisoblangan keshbek summasi chiqadi. Uni bank kartasiga yechib olish mumkin.

E’tibor bering: paket tur sotib olinganda turistik keshbek hisoblanmaydi. Chekni skaner qilganda faqat 1% keshbek qaytadi.
