Suratga olish va internetga joylashni adashtirmang

Rasm yoki video olish boshqa, uni internetga joylash esa boshqa masala.

Deyarli hamma joyda rasmga va videoga olish mumkin. Lekin birovning fotosi yoki videosini internetga joylashda ehtiyot boʻling. Kimdir kadrga tasodifan tushib qolsa va uni tanib olish qiyin boʻlsa, muammo yoʻq. Lekin birovning yuzi aniq ko‘rinib, ovozi eshitilib turgan bo‘lsa, bu qonunbuzarlik.

Rasm yoki videolarni faqat odamning roziligi bilan internetga joylash mumkin. Bu qoida oddiy odamlarga, bloger va jurnalistlarga ham tegishli. Masalan, jurnalistlar shaxsning ruxsatisiz uning audio yoki videosidan foydalana olmaydi.

Rozilik yozma yoki elektron shaklda olinadi. Oddiy holatlarda odamning og‘zaki roziligini ham olish mumkin. Lekin rasm yoki videodan tijorat maqsadida foydalanilsa, rozilik olish kerak. Unda rasm va videodan qanday foydalanishga ruxsat berilganini ko‘rsatish shart. Video va rasmda 16 yoshga to‘lmagan bola bo‘lsa, rozilikni uning ota-onasi yoki qonuniy vakili beradi.

Hozir qonunchilikka o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, odamni tanib bo‘ladigan foto va videolarni internetga joylashga ham, ularni suratga olishga ham rozilik kerak bo‘ladi. Lekin bu o‘zgarishlar hali kuchga kirmagan va bu qachon bo‘lishi noma’lum.

Qayerda rasm va olish mumkin

Ko‘pchilik jamoat joylarida bunga hech qanday taqiq yo‘q. Ko‘chada, bog‘da, maydonda, bozorda yoki jamoat transportida bemalol rasm va video olish mumkin. Tadbirlarda ham umumiy kadrlarni olishga ruxsat beriladi.

Ayrim joylarning o‘z qoidalari bo‘ladi. Savdo markazi, do‘kon yoki kafeda ma’muriyat suratga olishni to‘xtatishni so‘rashga haqqi bor. Lekin bunday qoidani buzganingiz uchun qonunda hech qanday jarima yo‘q.

Davlat idoralarida suratga olishni taqiqlovchi alohida qonun yo‘q. Lekin ichki qoidalar, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish talablari yoki obyektning xavfsizlik tartibi sababli cheklovlar bo‘lishi mumkin. Xodim ham albatta sababini tushuntirishi kerak. Asosli sabab bo‘lsa, tortishmasdan tasvirga olishni to‘xtatgan yaxshi.

Nimalarni olish mumkin emas

Sud zallarida sudya ruxsatisiz, aeroportdagi ko‘rikdan o‘tish va pasport nazorati zonalarida, harbiy va maxsus obyektlarda suratga olish taqiqlanadi.

Hojatxona, kiyinish xonasi, kiyim almashtirish kabinasi yoki saunada rasm va video olish mumkin emas. Bunday joylarda shaxs chegaralari hurmat qilinishi kerak. Yashirincha rasm yoki video olish shaxsiy hayot daxlsizligini buzish deb baholanadi.

Irina Sayfutdinova
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati inspektori, podpolkovnik

Ko‘p narsa nima uchun va qanday maqsadda suratga olayotganingizga bog‘liq. Masalan, qo‘shningiz hovlisida nima bo‘layotganini ataylab tasvirga olish odobdan emas. Lekin, qonunbuzarlikka guvoh bo‘lsangiz, boshqa masala. Kimdir oiladagi zo‘ravonlikni videoga olsa, video huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilishi va dalil sifatida ishlatilishi mumkin.

Agar obyekt yoki hudud xususiy mulk bo‘lsa, odatda uning egasi bilan kelishib olish kerak. Lekin obyekt davlat himoyasida bo‘lsa, suratga olish taqiqlangan. Ichki ishlar xodimi obyektni suratga olmaslikni talab qilsa, uning barcha qonuniy talablarini bajarish shart. Keyinchalik uning harakatlari ustidan yuqori rahbariyatga shikoyat qilishingiz mumkin

Ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasini bajarayotgan paytda ularni rasmga yoki videoga olish taqiqlanmagan. Bu jamoatchilik nazoratining usullaridan biri hisoblanadi.

Lekin ba’zi holatlarni e’tiborga olish kerak. Agar oʻzingiz voqea qatnashchisi boʻlsangiz va nohaqlikni videoga olib, oʻz huquqingizni himoya qilmoqchi boʻlsangiz, bu boshqa masala. Vaziyatni chetdan kuzatib turgan boʻlsangiz, vaziyat qiyinlashadi. Chunki siz voqeaning faqat bir qismini koʻrasiz, aslida nima boʻlganini bilmaysiz. Masalan, jinoyatchini ushlash jarayoni chetdan qaraganda xodimning kuch ishlatishi yoki vakolatidan chiqishi boʻlib tuyulishi mumkin. Shunday videoni montaj qilib, bir qismini kesib tashlab yoki oʻz fikringizni qoʻshib internetga joylasangiz, qonunni buzgan boʻlasiz.

Chunki bunday holatda xodimlarining harakatlari noto‘g‘ri talqin qilingan deb baholanishi mumkin. Buning uchun ma’muriy javobgarlik, hatto 10 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosi ham qo‘llaniladi.

Rasm va videoga olishda muammo chiqsa, nima qilish kerak?

Qorovul foto yoki videoni o‘chirishni so‘rasa. Qorovulning telefon yoki kamerangizni tortib olishga, ichidagi narsalarni ko‘rishga va videolarni o‘chirishga haqi yo‘q. U texnikani tortib olish uchun kuch ishlata olmaydi. 102 ga qo‘ng‘iroq qiling. U odamni sudga berishingiz ham mumkin.

IIB xodimi suratga olishni taqiqlasa. Birinchidan, uning talabini bajaring. Huquqlaringiz buzilganiga bo‘lsa, shikoyat qiling. Murojaatni yuqori turuvchi rahbarlarga yoki prokuraturaga topshiring.

Eslatma: nimalarga ruxsat bor, nimalarga yo‘q