1-qadam. Hujjat topshirishdan oldin navbatni tekshiring 

Birinchi ish – “qachon vizaga topshira olaman?” degan savolga javob topish. Navbatlar (slotlar) tez tugab qoladi – ba’zida bir oy oldin ham navbat qolmaydi. Shu sababli, chipta yoki mehmonxonani faqat navbat band qilingach sotib oling.

Shuning uchun, birinchi navbatda, viza markazida mavjud slotni tekshirib ko‘rish muhim.

Toshkentdagi asosiy viza markazlari:

VFS Global — Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya, Avstriya, Litva, Latviya, Chexiya, Estoniya, Belgiya, Xorvatiya, Niderlandiya, Malta, Sloveniya davlatlariga xizmat ko'rsatadi. Tel: +998 (71) 202-55-03

Visametric — Germaniya. Tel: +998 (78) 120-09-93

BLS International — Ispaniya. Tel: +998 (71) 205-16-84

Ba’zida ertangi kunga ham joy topilishi mumkin, lekin ko‘pincha, bir oy oldin ham joy topilmaydi. Shu sababli chipta va mehmonxonani faqat navbat olgach band qilish muhim. Aks holda – barchasini bekor qilishingizga to‘g‘ri keladi.

Eslatma: Slotga safaringizdan 6 oy oldin yozilishingiz mumkin, lekin eng kech deganda uchishdan 15 kun oldin yozilib bo‘lishingiz kerak. Demak, juda erta ham, juda kech ham bo‘lmaydigan qilib rejalashtiring. Agar bir nechta davlatlarga bormoqchi bo‘lsangiz, eng ko‘p kun qoladigan mamlakatni tanlang. Agar barcha davlatlarda bir xil muddat bo‘lishni rejalashtirsangiz, qaysi mamlakatga birinchi kirishingizni aniqlang va vizani aynan shu davlatdan oling.

2-qadam. Chipta va turar joyni band qiling

Slotni band qilganingizdan so‘ng, sayohat sanasini aniq belgilab, unga qarab chipta va mehmonxona band qilishni boshlang. Bu ma’lumotlar so‘rovnomani to‘ldirayotganda kerak bo‘ladi. 

Chiptalar. Safar sanalari aniq bo‘lsa, chipta sotib olish mumkin — masalan, Aviasales orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviakompaniya saytidan. Agar hali ishonchingiz komil bo‘lmasa, chiptani vaqtincha bron qilish ham yetarli bo‘ladi. Faqat bron qilgan chipta haqiqiy bo‘lishi muhim: agar elchixona u soxta ekanini aniqlasa, vizani rad etadi. Chiptani ingliz tilida chiqarib, hujjatlar orasiga qo‘shib qo’ying.

Turar joy. Booking”, “Airbnb” yoki mehmonxona saytlaridan bron qilishingiz mumkin. Muhimi, barcha sayohat kunlari qamrab olingan bo‘lishi kerak. Har bir turar joy manzili uchun alohida bron qilish shart.

Tavsiyamiz – “bepul bekor qilish” imkoniyati bor variantlarni tanlang. Rejalaringiz o‘zgarsa, jarima to‘lamay bekor qilishingiz oson bo‘ladi. “Booking”da "Free cancellation" (Bepul bekor qilish) filtrini yoqing va shu asosda variantni tanlang. Bandlovni yuklab olish uchun “Bandlovlar” bo‘limiga kiring, mehmonxonani tanlang va “Bandlovni tasdiqlash” tugmasini bosing. Uni PDF shaklida, ingliz tilida saqlab, hujjatlaringiz orasiga qo‘shasiz.

“Booking.com”dan olingan mehmonxona bandlovi shunday ko‘rinadi

3-qadam. So‘rovnomani to‘ldiring 

Chipta va mehmonxonani band qilganingizdan keyin navbat — so‘rovnoma (anketa)ga keladi. Uni viza markazi veb-saytidan topishingiz mumkin. So'rovnoma orqali siz haqingizda birinchi taassurot shakllanadi: kimsiz, nima sababdan va qayerga ketyapsiz, qancha muddatga va kimning hisobiga yashaysiz. 

So‘rovnoma shakli barcha Shengen davlatlari uchun deyarli bir xil. Lekin uni qanday to‘ldirish har bir davlatda har xil bo‘lishi mumkin. Masalan: Fransiyaga bormoqchi bo‘lsangiz, France-Visas saytida onlayn to‘ldirasiz, so‘ng chop etib, qabulga olib borasiz. Ispaniya vizasi uchun esa so‘rovnoma PDF shaklida yuklab olinadi, kompyuterdan to‘ldiriladi va faqat ikki sahifalik nusxada chiqariladi.

Muhim! So’rovnomani to‘ldirishdan oldin, aynan siz murojaat qilayotgan elchixona yoki viza markazining rasmiy saytiga kirib, qanday shaklda va qaysi til(lar)da topshirish kerakligini aniqlab oling. Har bir davlatda tartib biroz farq qiladi.

To‘ldirilgan so‘rovnoma namunasi (1-bet). To‘liq shaklni viza markazining rasmiy saytida ko‘rishingiz mumkin.

Mana so‘rovnomani to‘ldirish bo‘yicha yana bir nechta foydali maslahatlar:

Aldashga urinmang. So‘rovnoma — oddiy qog‘oz emas. Konsullik siz kiritgan ma’lumotlarni boshqa hujjatlar bilan solishtirishi, pasportingizni bazadan tekshirishi, hatto ish joyingizga qo‘ng‘iroq qilishi ham mumkin. Agar nimadir mos kelmasa yoki shubhali tuyulsa, vizani rad etishlari hech gap emas. Ayrim holatlarda esa hatto bir necha yilga Yevropaga kirishga taqiq qo‘yilishi mumkin.

So‘rovnomani faqat lotin harflarida to‘ldiring.
Odatda bu ingliz tilida yoki murojaat qilayotgan davlat tilida bo‘ladi. Namunalar va to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar saytning "Documents", "Application procces" yoki "Forms and checklists" kabi bo‘limlarga joylashtiriladi. 

E’tiborli bo'ling. Hatto kichik xato ham rad etish uchun sabab bo‘lishi mumkin, masalan, harf terishdagi xato, noto‘g‘ri sana yoki tushirib qoldirilgan satr. Shuning uchun so‘rovnomani diqqat bilan to‘ldirish, namuna bilan solishtirish va bir necha bor qayta tekshirish juda muhim.

4-qadam. Navbatga yoziling

So‘rovnomani to‘ldirib bo‘lgach, endi navbat — qabul vaqtini (slotni) band qilishga. Buning uchun murojaat qilmoqchi bo‘lgan mamlakatning viza markazi saytiga kiring. O‘sha yerda Toshkent shahrini tanlang va mavjud sanalarni tekshiring. Bu bo‘lim odatda “Appointment”, “Navbatga yozilish” yoki "Book your appointment" deb nomlanadi.

VFS Global’da ro‘yxatdan o‘tgach, slot band qilishning birinchi bosqichi shunday ko‘rinadi
Slotlar bo‘lmasa, shunaqa ogohlantirish chiqadi. Shuning uchun butun jarayonni boshlashdan oldin yaqin oradagi bo‘sh sanalarni aniqlab olishni tavsiya qilamiz.

Hujjatlarni tayyorlang

Slot band bo‘lgach, hujjatlar to‘plamini yig‘ishni boshlang. Har bir mamlakat o‘z talablarini qo‘yishi mumkin, lekin deyarli hamma joyda quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:

Xorijga chiqish pasportingizni tekshiring

Agar xorijga chiqish pasportingiz bo‘lmasa, uning amal qilish muddati tugagan bo‘lsa yoki bo‘sh sahifalar soni ikkitadan kam bo‘lsa — yangisini oldindan rasmiylashtiring. Buni my.gov.uz orqali onlayn qilish mumkin. Davlat boji payme orqali to‘lanadi.

Kerak bo‘lishi mumkin bo’lgan qo’shimcha hujjatlar. Agar siz rasmiy ishda ishlamasangiz — masalan, talaba, pensioner, tadbirkor yoki uy bekasi bo‘lsangiz — quyidagilardan biri kerak bo‘ladi:

Kerakli hujjatlar yetmay qolishidan ko‘ra, qo'shimcha qilib qo‘shib qo‘ygan ma’qul.

Hujjatlarni tarjima qilish. Agar hujjatlaringiz o‘zbek yoki rus tilida bo‘lsa — masalan, ish joyingizdan ma’lumotnoma, mehnat daftarchasi yoki homiylik xati — ularni ingliz tiliga yoki borayotgan mamlakat tiliga tarjima qilish kerak. Buni tarjima byurosi orqali bajarganingiz yaxshi, chunki u yerda tarjimonning imzosi va muhri bo‘ladi.

Agar muhr bo‘lmasa, ayrim hollarda notarial tasdiq so‘ralishi mumkin. Bu har doim ham shart emas, lekin har ehtimolga qarshi aynan siz murojaat qilayotgan konsullik saytida talablarni oldindan tekshirib chiqqan ma’qul. Har bir davlatning o‘z qoidalari bo‘ladi.

Yaxshisi, barcha hujjatlarni alohida papkaga joylab, bo‘limlarga nom qo‘yib chiqing. Shunda biror narsa aralashib ketmaydi va topshirish jarayoni tez va tartibli bo‘ladi.

Hujjatlar va biometriyani topshiring

Belgilangan kunda konsullikka borasiz, hujjatlarni topshirasiz va biometriya topshirasiz. Ya’ni: 10 ta barmoq izingiz olinadi va suratga tushasiz. Bularning hammasi atigi 5 daqiqa vaqtingizni oladi. 

Biometriya — ya’ni barmoq izi va surat — 12 yoshdan katta bo’lgan barcha uchun majburiy. Biometriya 5 yil (aniqrog‘i 59 oy) amal qiladi. Agar ilgari topshirgan bo‘lsangiz va muddati tugamagan bo‘lsa, yana topshirmasangiz ham bo‘ladi. Lekin ba’zan konsullik qayta topshirishni so‘rashi mumkin — ayniqsa tashqi ko‘rinishingiz sezilarli o‘zgargan bo‘lsa yoki boshqa viza markazidan topshirsangiz.

Yodda tuting: Viza markazi faqat ariza topshirish kunini belgilaydi. Hujjatlarni esa siz shaxsan o'zingiz konsullikka olib borasiz. Pasportingiz ko‘rib chiqilgach, u yana viza markaziga qaytariladi — va siz uni o‘sha yerdan olib ketasiz.

Elchixona yoki viza markazining rasmiy saytida yangilangan ma’lumotlarni tekshiring: manzil, hujjatlar shakli, qoidalar — bular vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi.

Topshirganingizdan keyin holatni onlayn kuzatishingiz mumkin. Buning uchun viza markazining saytidagi shaxsiy kabinetga kirasiz. Pasportingiz tayyor bo‘lsa, sizga SMS yoki email orqali xabar keladi. Viza qo‘yilgan pasportni esa sizga elchixona emas, aynan viza markazi beradi.

Viza qancha turadi? Yana nimalarga pul ketadi?

Shengen vizasining asosiy to‘lovi barcha mamlakatlar uchun bir xil: kattalar uchun 90 yevro, 6 yoshdan 12 yoshgacha bolalar uchun esa 45 yevro. Lekin bu xarajatlarning hammasi emas.

Agar hujjatlarni konsullikka emas, viza markazi orqali topshirsangiz, yana xizmat haqi qo‘shiladi — odatda 25-30 yevro atrofida. Bu pul so‘mda to‘lanadi va pasportni qabul qilish, tekshirish, barmoq izi olish va qaytarib berishni o‘z ichiga oladi.

Qo’shimcha xarajatlar:

Jami xarajatlar taxminan 135 yevro va 1 020 000 so‘m (ya'ni 2 840 000 so‘m)ni tashkil etadi. Bunga 5 sahifani notarial tasdiqlash va 50 sahifa hujjatni chop etish kiritilgan.

Agar vizani rad qilishsa, nima qilish kerak?

Bu albatta yoqimsiz, lekin falokatli emas. Eng muhimi — asabiylashmaslik va xatoni topib, keyingi safar yaxshiroq tayyorlanish.

Vizani rad qilishsa, pasport bilan birga sizga rasmiy hujjat ham beriladi. Unda nima sababdan rad etilgani yozilgan bo‘ladi. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin: hisobda yetarli mablag‘ yo‘qligi, hujjatlar to‘liq emasligi, ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi yoki sayohat rejangiz aniq ko‘rinmagani. Ba’zan esa oddiy texnik xatolik bo‘lishi ham mumkin.

Rad javobini olganingizdan keyingi kuniyoq hujjat topshirishingiz ham mumkin — faqat bu safar rad etilgan sababni to‘g‘rilagan bo‘lishingiz kerak. Masalan, bank hisobingizda yetarlicha mablag‘ bo‘lishi, ish joyidan to‘liq ma’lumotnoma olib borishingiz yoki sayohat yo‘nalishingizni yanada aniqroq ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi.

Agar sizga rad etilishi asossiz tuyulsa, shikoyat qilish huquqiga egasiz. Buning uchun konsullikka rasmiy xat yozasiz, hujjatlaringiz nusxalarini ilova qilasiz va rad etish qarorini nima uchun noto‘g‘riligini tushuntirasiz. Odatda, 30 kun ichida javob keladi. Ba’zida apellyatsiyadan keyin viza berilishi mumkin.

Asosiysi — xavotir olmang. Viza rasmiylashtirish juda chalkash tuyulishi mumkin, lekin bu sizning qo'lingizdan keladi. Muhimi, qadam-baqadam harakat qilish, e’tiborli va xotirjam bo‘lish. Agar biror narsa noto‘g‘ri ketsa — har doim qayta urinib ko‘rish mumkin.