50% chegirma beradigan karta
ATTO kartasi bilan avtobus va metro uchun yo‘l chiptasini 50% chegirma bilan olish mumkin. Chipta bir necha kun, bir oy yoki bir yilga beriladi. Bunday kartalarning uch turi bor:
- Maktab o‘quvchilari uchun yashil karta. Maktab, litsey va kollej o‘quvchilari oladi. Kartani olish uchun ota yoki onaning pasporti, bolaning tug‘ilganlik guvohnomasi va o‘qish joyidan ma’lumotnoma kerak.
- Talabalar uchun sariq karta. Uni talabalrga berishadi. Olish uchun pasport va talabalik guvohnomasi yoki OTMdan ma’lumotnoma kerak.
- Pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qizil karta. Rasmiylashtirish uchun pensiya guvohnomasi kerak bo‘ladi. Karta avtobuslarda amal qiladi. Metroda esa pensionerlar pensiya guvohnomasi bilan ham bepul yurishlari mumkin.
Toshkentda 7 kunlik chipta avtobus uchun 27 000 so‘m, avtobus va metro uchun esa 36 500 so‘m turadi. 30 kunlik chipta narxi esa 125 000 va 172 500 so‘m. Boshqa shaharlardagi tariflarni ATTO saytidan bilish mumkin.
Imtiyozli kartani tegishli hujjatlarni ko‘rsatib, UzPost markaziy pochta bo‘limlarida olish mumkin. Kartaning o‘zi 16 000 so‘m turadi. Karta uchun davlat xizmatlari orqali onlayn ariza topshirsa bo‘ladi. Arizani to‘ldirgandan keyin, kartani qanday olishni tanlaysiz. Ariza ikki bosqichda to‘ldiriladi. Tizim arizachi haqidagi ma’lumotlarni avtomatik chiqaradi.
Avtobus va metrodagi nazoratchilar imtiyozni tasdiqlovchi hujjatni so‘rashlari mumkin. Oldingizda talabalik yoki pensiya guvohnomasi bo‘lishi kerak.

Bepul yurish uchun imtiyozli karta
Quyidagilar jamoat transpotida bepul yurishlari mumkin:
- harbiy xizmatchilar, kontrakt asosida xizmat qilayotganlar;
- urush qatnashchilari, urush nogironlari va 1941–1945-yillarda front ortidagi xizmatlari uchun medal va ordenlar bilan taqdirlanganlar;
- Chernobildagi avariya oqibatida radiatsiya ta’siridan zarar ko‘rganlar;
- I guruh nogironligi bo‘lgan yoki ko‘zi ojiz shaxslar;
- doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan keksalar va nogironligi bo‘lgan odamlar;
- imkoniyati cheklangan, masalan, og‘ir nogironligi bo‘lgan odamga hamrohlik qiladiganlar (faqat bitta hamroh bepul yurishi mumkin).
- faxriy donorlar — bu haqda “O‘zbekistonda qon donori bo‘lish va imtiyozlar haqida” maqolamizda yozganmiz.
Yuqoridagi barcha holatlar uchun maxsus yo‘l kartalari bor. 2025-yildan boshlab ba’zi transport kartalari asta-sekin Baraka kartasiga almashtirilmoqda. Bu barcha ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalar tushadigan yagona bank kartasi. U orqali xizmatlar uchun to‘lash, do‘konlarda xarid qilish va jamoat transportidan foydalanish mumkin. Kartani validatorga tekkizsangiz bo‘ldi, tizim imtiyozni avtomatik aniqlaydi va yo‘l haqi yechilmaydi. Bepul yurmaydiganlar ushbu karta bilan odatdagi tariflarda to‘lashlari mumkin.
Ijtimoiy transport kartasini davlat xizmatlari orqali rasmiylashtirish mumkin. Baraka kartasini esa Baraka mobil ilovasi orqali olsa bo‘ladi. Ilovani Google Play yoki App Store’dan yuklab olasiz. Arizani INSON ijtimoiy xizmatlar markazlari, yashash joyingizdagi ijtimoiy xodimlar hamda Xalq Bank va Aloqabank filiallariga ham topshirishingiz mumkin. Kartani olish uchun pasport va imtiyoz borligini tasdiqlovchi hujjat kerak. Baraka elektron ijtimoiy kartasi bir ish kuni ichida, plastik karta esa uch ish kunida chiqariladi.


