JSHSHIR o‘zi nima va nima uchun kerak
O‘zbekistonda JSHSHIR tug‘ilgandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazilganda yoki ID-kartaga o‘xshagan hujjatni birinchi marta olganda beriladi. Bu davlat va boshqa xizmatlar sizni tanib olishi uchun kerak bo‘ladigan yagona universal identifikatordir. JSHSHIR shifokorga yozilish, bankda hisob ochish, ish haqi olish, soliq to‘lash, SIM-karta olish, shartnoma tuzish yoki my.gov.uz‘da kerakli ma’lumotnomalarni olishda kerak bo‘ladi.
JSHSHIR 14 xonali koddan iborat. Raqamlar tasodifiy tanlanmagan. Unda muhim ma’lumotlar, jinsingiz, tug‘ilgan sanangiz, shahar yoki tuman kodingiz va tartib raqamingiz bor.
JSHSHIRni qayerdan topish mumkin
ID-karta va pasportda. ID-kartaning orqa tomonida JSHSHIR ikkita joyda yoziladi: Shaxsiy raqami/Personal number qatori ostida va eng pastdagi birinchi qatorning o‘ng tomonida.
Pasportning ikkinchi sahifasida, pastki o‘ng burchakda yoziladi. Bu qatordagi oxirgi ikkita raqam JSHSHIRga kirmaydi.

.webp)
Onlayn. Buni bilishning bir necha yo‘li bor.
- my.gov.uz portalida akkauntingizga kirib, “JSHSHIR haqida ma’lumotnoma olish” servini tanlaysiz. Servis bepul. So‘rov yuborilgandan keyin JSHSHIRni olasiz.
- my.soliq.uz sayti yoki Soliq ilovasi orqali. Saytda “JSHSHIRni bilish” xizmatini tanlang, keyin pasport yoki ID-karta ma’lumotlarini va tug‘ilgan sanangizni kiriting. Akkauntga kirish shart emas. Ilovada qidiruvga “JSHSHIRni bilish” deb yozing.
- Rasmiy saytlar uchun shaxsni tasdiqlash xizmati bo‘lgan OneID foydalanuvchi profilida. OneID qanday ishlashini “Bank xizmatlari uchun OneID qanday sozlanadi” maqolamizda tushuntirganmiz.
- Ayrim bank va to‘lov ilovalarida. Odatda JSHSHIR foydalanuvchi ma’lumotlari bo‘limida bo‘ladi.

Chet el fuqarosi JSHSHIRni qanday oladi
O‘zbekistonda yashash guvohnomasi bor chet el fuqarolari JSHSHIRni ID-kartani rasmiylashtirganda oladi.
JSHSHIRni Migratsiya bo‘limi yoki Davlat xizmatlari markazidan (DXM) ham olish mumkin. O‘zbekistonda yashamay bu yerda biznes qiladiganlar yoki bankda hisobvaraq ochmoqchi bo‘lganlar ham JSHSHIR olish mumkin.
JSHSHIR uchun davlat boji yo‘q. Lekin uni DXMda olsangiz, xizmat haqini to‘laysiz. Toshkentda bu 42 000–82 000 so‘m atrofida, markazga qarab farq qiladi. Qo‘shimcha pul to‘lab JSHSHIRni bir soatda olish mumkin. Narxi 412 000 so‘mdan boshlanadi.
JSHSHIR bilan muammo bo‘lsa, nima qilish kerak
JSHSHIR xato shakllangan. Masalan, tug‘ilgan sana noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bunday bo‘lsa, hujjatni olgan DXM yoki Migratsiya bo‘limiga borib, xatoni tuzatish uchun ariza yozish kerak.
Bank ilovasi yoki to‘lov servisida JSHSHIR noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bank yoki servisning qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga murojaat qiling va ma’lumotlarni to‘g‘rilashni so‘rang.
JSHSHIRni almashtirish kerak. Agar JSHSHIR xato berilgan bo‘lsa yoki tug‘ilgan sana, jins o‘zgargan bo‘lsa, uni almashtirishadi. Farzandlikka olingan bolalarning ham JSHSHIRi o‘zgaradi. Boshqa holatlarda, masalan pasportni ID-kartaga almashtirsangiz JSHSHIR o‘zgarmaydi.
