Havo tozalagich o‘zi kerakmi?

Uyingizga ko‘chadan nisbatan toza havo kirib tursa, havoni tozalash uchun alohida qurilma sotib olish shart emas.

Uy va ko‘chadagi vaziyatga baho bering. Tozalagich ko‘chadagi havo ifloslanganda va xonani shamollatish qiyinlashganda foydali bo‘ladi. Masalan, sovuq mavsumda isitish tizimlari sababli havo tutunli bo‘lishi mumkin. Shahringizda toza havo bo‘lsa ham, uyingiz yonidagi qurilish ishlari xonadon ichidagi havoga ta’sir qiladi.    

Tozalagich chang, gul changi va boshqa allergenlar miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Bu, allergiklar uchun bu juda foydali. Uyda uy hayvonlari bo‘lsa, havodagi junlarni kamaytiradi.    

Derazalaringiz katta yo‘l yoki birorta zavod tomonga qaragan bo‘lsa, havo tozalagich kerak bo‘ladi. Katta shaharning markazida yashasangiz ham shunday.

Ammo bu qurilma hamma muammolarni hal qilmaydi. Xonadonda yuqori namlik sababli mog‘or paydo bo‘lsa, havo tozalagichning o‘zi yetmaydi. Avval ortiqcha namlik sababini bartaraf etish kerak. Hech qaysi qurilma havodagi barcha zararli zarrachalarni to‘liq yo‘q qilmaydi.

Xonaga mos havo tozalagichlar

Qurilma xona havosini to‘liq tozalash uchun yetarli quvvatga ega bo‘lishi kerak.

Unumdorlik. Qurilma xususiyatlarida CADR yoki Clean Air Delivery Rate ko‘rsatkichi bor. U bir vaqt ichida havo tozalagich qancha havoni tozalashini ko‘rsatadi. Masalan, CADR 350 m³/soat bo‘lsa, qurilma 50 m³ hajmdagi xona havosini bir soatda yetti marta tozalaydi.    

Xona hajmini hisoblash uchun uzunligi, eni va balandligini bir-biriga ko‘paytiring. Keyin natijani kamida 3 ga ko‘paytirib, mo‘ljal bo‘ladigan CADR ko‘rsatkichini aniqlaysiz. Misol uchun, xonangizning uzunligi 6 metr, eni 3 metr, shiftining balandligi esa 2,5 metr. Shunda xona hajmi 45 m³, kerakli CADR esa kamida 135 m³/soat bo‘lishi kerak.    

Xizmat ko‘rsatish maydoni. Ishlab chiqaruvchilar odatda bu ko‘rsatkichni ham yozadi. Raqamlar tozalagich qancha maydondagi xonaga mos kelishini bildiradi. Xona maydonini hisoblash uchun uzunligini eniga ko‘paytiring. Yuqoridagi misolda 6 metrni 3 metrga ko‘paytirsak, 18 m² chiqadi.

Quvvati va xizmat ko‘rsatish maydoni kattaroq bo‘lgan tozalagichni tanlang. Shunda u o‘rtacha rejimda ham havoni yaxshi tozalaydi va uzoqroq xizmat qiladi.

LG AS35GGW10.AERU havo tozalagichi 32 m² maydonli xonaga mo‘ljallangan. Shift balandligi 2,5 metr bo‘lsa, xona hajmi 80 m³ bo‘ladi. CADR kamida 240 m³/soat bo‘lishi kerak. Ushbu modelning ko‘rsatkichi esa bundan yuqoriroq

Filtrlar turi

Havo tozalagich ichidagi ventilyator havoni bir nechta filtrdan o‘tkazib tozalaydi. Filtrlar asosan to‘rtta bo‘ladi, lekin bundan ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi mumkin. Barcha filtrlar bitta blokka birlashtiriladi va ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmasidagi muddatga qarab almashtiriladi.

Dastlabki filtr yoki mexanik tozalash filtri. Bu qurilmaning birinchi himoya qatlami. U mayda teshikli plastik yoki metall to‘r, mato va porolonli bo‘ladi. Qatlam terak momig‘i, uy hayvonlar juni, soch va yirik chang zarralarini ushlab qoladi. Bu filtr keyingi, qimmatroq filtrlarni himoya qiladi.

Bu filtrni yechsa bo‘ladi va bir-ikki haftada bir marta tozalanadi. Bu muddat qurilmadan qanchalik tez foydalanishingizga qarab o‘zgarishi mumkin. Filtr yechilmaydigan va boshqa filtrlar bilan bitta blokka birlashtirilgan bo‘lsa, uni yuvish mumkin emas.


HEPA filtr.
Bu sifatli havo tozalagichning muhim tarkibiy qismi. Filtr havodagi chang, gul changi va boshqa mayda zarralarni ushlab qoladi. U maxsus tolali materialning bir necha qatlamidan iborat bo‘ladi. Filtrlar bir necha toifaga bo‘linadi. Tozalagich yaxshi ishlashi uchun kamida H12, yoki yaxshiroq H13 va H14 filtrlarini tanlash mumkin. Ular mayda zarrachalarning kamida 99,5%, 99,95% va 99,995% ini ushlab qoladi.  

Aynan H14 toifadagi filtrni qidirish shart emas. Muhimi, havo tozalagichni quvvati yetarli bo‘lishi kerak.

Qurilma xususiyatlarida yoki qadoqlarida filtr toifasi yozilmagan bo‘lsa, HEPA type yoki HEPA like'ga o‘xshagan belgilarga ishonmang. Bunday qurilmani sotib olmagan yaxshi. Qurilmalarda haqiqiy HEPA filtr o‘rniga laboratoriya sinovlaridan o‘tmagan filtr ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Bunday filtr havoni qanchalik yaxshi tozalashini aniq bilib bo‘lmaydi.

HEPA filtr. Bir necha qatlamlik filtrlar juda mayda zarrachalarni yaxshi ushlab qoladi. Manba: ru.wikipedia.org


Ko‘mirli filtr.
Ayrim uchuvchan birikmalarni yutib, havodagi hidlarni kamaytiradi.

Elektrostatik filtr. Zarrachalarga elektr zaryadi beradi, keyin ular qurilma plastinalariga cho‘kadi. Ishlash jarayonida oz miqdorda zararli ozon hosil qilishi mumkin.

Fotokatalitik filtr. Bu maxsus qoplangan plastina va UV lampadan tashkil topgan filtr. Bu filtrdan o‘tgan organik moddalar karbonat angidrid va suvga parchalanadi. U ham ozon hosil qilishi mumkin.  

Ba’zan havo tozalagichda UV lampa plastinasiz o‘rnatiladi. Bunday holda bu fotokatalitik filtr emas. UV lampa shifoxonalardagi bakteritsid chiroq kabi, havoni mikroblardan tozalashga yordam beradi.  

Bu Xiaomi Smart Air Purifier 5S havo tozalagichi uchun filtr. Unda to‘rt bosqichli tozalash tizimi bor. Birinchi neylon to‘r, keyin antibakterial qoplamali tolalar, H13 toifasiga o‘xshash HEPA filtr va ko‘mirli filtr joylashgan. Narxi 800 000 so‘mdan sal qimmatroq. Filtrni yiliga bir marta almashtirish keraki

Boshqa xususiyatlar

Shovqin darajasi. Yotoqxona uchun sokin rejimda 30–35 dB dan baland shovqin chiqarmaydigan modelni tanlang. Oddiy rejimda shovqin 65 dB gacha yetishi mumkin. Kunduzi bunday ovoz sizga xalaqit bermaydi.

Boshqaruv usuli. Qurilmani undagi tugmalar, pult yoki mobil ilova orqali boshqarish mumkin.

Havo sifatini baholash. Masalan, mayda zarrachalar va uchuvchan organik birikmalarni aniqlaydigan PM 2,5 datchiklar bor. Ba’zi qurilmalar ular ko‘rsatkichiga qarab, tozalash darajasini o‘zi sozlaydi. Bu avtomatik rejim deb ataladi.  

Havo namlantirgich. Ba’zi modellarda havo tozalagich va namlagich birlashtirilgan. Bunday qurilmalar havoni filtrlash bilan birga xonadagi namlikni ham me’yorda ushlab turadi. Bu havo quruq bo‘lgan hududlarda yashaydiganlar yoki qishda isitish batareyalari sababli uyidagi havo qurib ketadiganlar uchun foydali. Ammo xonadagi namlik me’yorda bo‘lsa, bu funksiya uchun ortiqcha pul to‘lash shart emas. Ikkita alohida qurilma, ya’ni havo tozalagich va namlagich sotib olish ham mumkin.

Keraksiz funksiyalar

Ozonator. Bunday qurilmalar foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Ular havoni yaxshiroq tozalamaydi, chunki ozonning xavfsiz miqdori havoni tozalash va zararsizlantirish uchun yetarli bo‘lmaydi. Ortiqcha ozon esa o‘pkaga zarar yetkazishi, tomoqni qichishtirishi va astma xurujini qo‘zg‘atishi mumkin.

Ionizatorlar. Ionizatorlar manfiy ionlar hosil qilib, havodagi chang va allergenlarni zaryadlaydi. Keyin chang va allergenlar yaqin atrofdagi devor, mebel, parda va polga yopishib qoladi. Zaryad yo‘qolganda esa ular yana havoga ko‘tariladi.

Ishlash jarayonida ko‘plab ionizatorlar ozonni ishlab chiqaradi. Zaryadlangan zarrachalar o‘pkaga chuqurroq kirishi mumkin. Bu esa salomatlik uchun xavfli.

Alohida holatlar

Allergiyangiz bo‘lsa, HEPA filtr toifasi va qurilma unumdorligini tekshiring. Havo tozalagich bir soat ichida butun xona havosini bir necha marta filtrlashi kerak. Bu holatda ko‘mirli filtr ham foydali bo‘lishi mumkin. Ammo bu holatda asosiy vazifa havodagi mayda zarrachalarni ushlab qolishdir.

Havo tozalagich uy tozalashning o‘rnini bosmaydi. Allergenlar gilam yoki mebelda to‘plangan bo‘lsa, qurilma ularni tozalamaydi. U faqat havoga tarqalgan zarrachalarni ushlab qolishi mumkin.

Chapda: Xiaomi Smart Air Purifier 4 Compact havo tozalagichi. CADR — 230 m³/soat, taxminan 23 m² maydonli xonalarni tozalaydi. Natxi, taxminan 1 mln so‘m. O‘ngda: Xiaomi Smart Air Purifier Elite. CADR — 600 m³/soat. Ishlab chiqaruvchi 125 m² gacha bo‘lgan xonalarni tozalashini ko‘rsatgan. Ammo CADR bo‘yicha u 80 m² gacha bo‘lgan xonada yaxshi ishlaydi. Gul changi uchun alohida CADR 592 m³/soat ko‘rsatilgan. Narxi, 4 mlngacha boradi

Uyda uy hayvonlari bo‘lsa, dastlabki filtri yaxshi, quvvati yetarli va hidlarni yutadigan ko‘mir filtri bor qurilmani tanlang.

Dastlabki filtr yirik jun va boshqa zarrachalarni HEPA filtrga yetib borishidan oldin ushlab qoladi. Bunday filtrni muntazam tozalab turish kerak. Haftada bir marta changyutgich bilan tozalash mumkin.

Chapda: Levoit Core 400S. CADR — 400 m³/soat, ishlab chiqaruvchi taxminan 83 m² xona maydonini tavsiya qilgan. Ammo bu tozalagichni kichikroq xonada ishlatgan ma’qul. Narxi, taxminan 3 mln so‘m. O‘ngda: Xiaomi Smart Pet Care Air Purifier. CADR — 230 m³/soat, taxminan 27 m² xona maydoni uchun. Narxi, 1 mln so‘mdan biroz yuqori

Bolalar xonasi uchun, ozon chiqarmaydigan modelni tanlang. Sifatli HEPA filtr va sokin tungi rejimga ega qurilma mos keladi. Bolalar xavfsizligi uchun qulflanadigan tugmalar, yopiq korpus va bolaning qo‘li yetmaydigan himoya panjaralariga ham e’tibor bering.

Chapda: Smartmi Air Purifier 3. CADR — 400 m³/soat, xona maydoni, taxminan 48 m². Narxi, taxminan 2,5 mln so‘m. Tungi rejimda shovqin darajasi taxminan 26 dB. O‘ngda: Karcher AF 20. CADR — 220 m³/soat, xona maydoni taxminan 30 m². Narxi, 2,5 mln so‘m atrofida

Havo tozalagichdan qanday foydalaniladi?

Havo tozalagich xonadagi havoni qayta aylantirib tozalaydi. Shuning uchun xonadagi kislorod miqdori kamayishi mumkin. Qurilma ishlaydigan xonani shamollatish kerak. Kuniga bir-ikki marta, 15–20 daqiqaga derazalarni ochib qo‘ying. Buning uchun havo tozaroq bo‘lgan vaqtlarni tanlang. Tutunli havo mavsumida xonani kunduzi, yozda esa ertalab yoki kechqurun shamollating. Toza havoni tekshirish haqida alohida maqola yozganmiz.

Qurilmadan foydalanayotganda derazalarni yoping. Aks holda, ko‘chadan yana iflos havo kiradi, xona ichidagi tozalangan havo esa tashqariga chiqib ketadi.

Xizmat ko‘rsatishga ketadigan xarajatlar


Asosiy xarajat filtrlarga ketadi. Ishlab chiqaruvchilar ularni har 6–12 oyda bir marta almashtirishni tavsiya qiladi. Ammo xizmat muddati havoning iflosligi va qurilmadan qancha ko‘p foydalanishingizga bog‘liq.

Qurilmani sotib olishdan oldin mos filtrlarni topish va xarid qilish osonligini aniqlang. Ba’zan qimmatroq, lekin filtrlari topiladigan qurilmani sotib olgan yaxshi. Arzon modelni olsangiz keyinchalik ehtiyot qismlarini topish qiyin bo‘lishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan havoni yaxshi tozalamaydigan qurilma o‘rniga yangisini sotib olishga to‘g‘ri keladi.

Tozalagich sotiladigan joylar

Tozalagichni onlayn yoki texnika do‘konlarida olish mumkin. Masalan, Texnomart, DNS va boshqa do‘konlarda. Uzumdek marketpleyslarda ham modellar ko‘p. Xiaomi brend do‘konlarida esa qurilmadan tashqari alohida filtrlar ham sotiladi.    

Ishlatilgan havo tozalagichlarni OLX'da topish mumkin. Ammo bunday qurilmaning filtrini birdan almashtirish kerak.

Xarid uchun payme yoki TBC Bank kartalari orqali to‘lasangiz, sarflangan pulingizning kamida 1 foizi novvot ko‘rinishida qaytariladi. 1 novvot 1 so‘mga teng. Novvotni ilovada va Novvot do‘konida sarflash mumkin.