Qon donorligining foydasi nimada
Qon, onkologik bemorlarga, tug’ruqda bo‘lgan ayollarga, ba’zi irsiy kasalliklarga ega yoki kamqonligi bo‘lgan odamlarga, murakkab operatsiyalardan chiqqan bemorlarga kerak. Qon, YTH (yo‘l-transport hodisalari) va boshqa og’ir jarohatlarda jabrlanganlarga shoshilinch ravishda quyiladi. Shu bilan birga, katta yoshli donorlarning qonini bolalarga ham quyish mumkin. Inson sog’lom bo‘lishi va qon guruhi mos kelishi muhim.
Inson topshirgan qonni deyarli hech qachon o‘z holicha quyishmaydi. Qonni tarkibiy qismlarga bo‘lishadi, bu, plazma (qonning suyuq qismi) va qon hujayralari. Shunday qilib, bir donor bir nechta odamga yordam beradi.
Qon tarkibiy qismlarini alohida topshirish mumkin. Masalan, ko‘pincha faqat plazma topshiriladi, chunki u odamlarga ko‘proq kerak va uni dori tayyorlashda ham qo‘llashadi. Kam hollarda faqat ma’lum qon hujayralari, masalan, qonning quyulishida ishtirok etadigan trombotsitlar yoki organizmni infeksiyalardan himoya qiladigan leykotsitlar donatsiyasi kerak bo‘ladi.
Kimlar donor bo‘la oladi
18 yoshdan boshlab vazni 50 kg dan ortiq bo‘lgan shaxs donor bo‘lishi mumkin. Qonunda yosh bo‘yicha yuqori chegara ko‘rsatilmagan, lekin amaliyotda shifokorlar 65 yoshdan oshgan odamlardan qon olmaslikka harakat qilishadi.
Qon guruhi har xil bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda ko‘pincha musbat rezus-faktorli I (0) va II (A) uchraydi. Shuning uchun qon quyish stansiyalarida ularning zaxiralari ko‘p. Eng kam uchraydigan qon guruhi manfiy IV (AV), shu sababli kasalxonalarda kam uchraydi. Bunga qaramay, keng tarqalgan qon guruhlari ham kerak, chunki qon topshirishni xohlovchilar soni yordamga muhtojlarga qaraganda kamroq.

Qon donorligi taqiqlangan holatlar
Kamdan-kam hollarda donor bo‘lish taqiqqlanadi. Masalan, har qanday og’ir surunkali kasalliklar, saraton, ruhiy buzilishlar va qon orqali yuqishi mumkin bo‘lgan infeksiyalarda.
Ba’zida donorlik faqat vaqtinchalik taqiqlanadi. Masalan, ayollar tug’ruqdan keyin bir yil davomida qon topshira olmaydi, chunki organizm tiklanishi uchun vaqt kerak. Shamollash yoki grippdan keyin, inson to‘liq sog’ayishidan bir oy o‘tgach qon topshirishi mumkin. Yengil koronavirus infeksiyasida esa ikki oydan so‘ng. Emlashdan keyin kamida bir oy va pirsing, tatuirovka yoki operatsiyalardan keyin yarim yil o‘tishini kutish kerak.
Barcha ko‘rsatmalar haqida shifokor ko‘rik paytida aytib beradi. Qon topshirishdan ikki kun oldin qonni suyultiradigan dorilarni, masalan, aspirin qabul qilish va spirtli ichimliklar ichish taqiqlanadi.
Qon topshirish miqdori va muntazamligi
Qon quyish punktida ko‘pi bilan 500 ml yaxlit qon va 600 ml plazma olishlari mumkin. Odatda 350 dan 450 ml gacha olinadi — bu, jins, vazn va sog’liqqa bog’liq.
Qon topshirishlar orasida tanaffus bo‘lishi kerak. Masalan, jinsga qarab yiliga ko‘pi bilan 4-5 marta yaxlit qon topshiriladi. Organizmga temir zaxirasini tiklash uchun vaqt kerak: erkaklar uchun kamida uch oy, ayollar uchun ikki oy. Plazmani 7-14 kunda bir marta topshirish mumkin, lekin yiliga 20 maradan oshmasligi kerak. Bu zararsiz, chunki muolaja paytida qon hujayralari donor organizmiga qaytariladi va suyuqlik darajasi bir necha kun ichida tiklanadi.
Donatsiya turlari o‘rtasidagi tanaffus kamida bir oy bo‘lishi kerak.

Qon donatsiyasi qanday bo‘ladi
Ro‘yxatdan o‘tish. ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Qon topshirish punktida salomatlik va turmush tarzi haqidagi savollar bo‘lgan anketani to‘ldirish kerak. Keyin anketa donorlarning Yagona reyestriga yuboriladi, u yerga donorlik qilish taqiqlanganlar ham kiritiladi.
Tekshiruv va tahlillar. Shifokor sizni ko‘rikdan o‘tkazadi, qon bosimingizni, tana haroratingizni o‘lchaydi va barmog’ingizdan tahlil uchun qon oladi. Bu tahlil gemoglobin darajasi va qon guruhini aniqlaydi. Ba’zan boshqa ko‘rsatkichlarni ham ko‘rib chiqishadi.
Yaxlit qon hamda plazma donorlari uchun barcha tekshiruvlar va tahlillar bepul. Istisno holatlar bor: siz faqat qon hujayralarini topshirmoqchisiz, masalan, qarindoshingiz yoki tanishingiz leykotsitlar yoki trombotsitlarga muhtoj. Buning uchun qo‘shimcha tahlillar kerak va ular qon quyish stansiyalarida pullik bo‘ladi.
Tayyorgarlik. Muolajadan oldin bir necha daqiqa dam beriladi va shirin choy yoki boshqa ichimlik, ba’zan pechenye yoki bulochka bilan birga beriladi. Qon, tekshiruvdan keyin yoki ertangi kun olinishi mumkin.
Qon topshirish. Qon venadan, qulay kresloda olinadi. Muolajadan oldin hamshira qon topshirishga tayyorligingizni yana bir bor so‘raydi. Butun muolaja uzog’i bilan bir yarim-ikki soat davom etadi.
Qon topshirgandan keyin. Sizga ikki kun dam olish kerakligi haqida ma’lumotnoma beriladi hamda tushlik taklif qilishadi yoki ovqatlanish uchun pul kompensatsiya to‘lashadi.
Tekshiruv. Laboratoriyada har bir donatsiya infeksiyaga tekshiriladi va faqat xavfsiz qon kasakxonaga yuboriladi. U yerda plazma ikki-uch yilgacha, qonning boshqa tarkibiy qismlari esa bir necha kundan ikki oygacha saqlanadi.
Qon donorligi uchun nimalar belgilangan: imtiyozlar va to‘lovlar
Donorlik ixtiyoriy bo‘lib, ko‘p hollarda pul to‘lanmaydi. Lekin, qon topshirgandan keyin tushlik berishlari yoki BHM ning 3% ya’ni 12 360 so‘m miqdorida pul kompensatsiyasini to‘lashlari kerak. Donorlarda haq to‘lanadigan dam olish kunlari ham bor. 3 kun — bu, tibbiy ko‘rik va qon topshirish va tiklanish kuni. Ohirgi kunni ish ta’tiliga qo‘shib olsa ham bo’ladi.
Yiliga kamida uch marta qon topshiradiganlar va ularning yaqin qarindoshlariga, ya’ni: ota-ona, er yoki xotin, farzandlar, aka-ukalar va opa-singillar uchun statsionarda davolanish paytida qon quyish kerak bo‘lsa, bepul amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston Respublikasining faxriy donori” mukofotini olish ham mumkin. Bunday unvon kamida 40 marta qon yoki uning tarkibiy qismlarini kamida 60 marta topshirganlarga beriladi. Faxriy donorlarga BHM ning 15 baravari yoki 6 180 000 so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bundan tashqari, ular jamoat transportida bepul yurishi, sanatoriylarga navbatdan tashqari yo‘llanma olishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistonda donorlarga pul kompensatsiyasi to‘lashga ruxsat berilgan. Masalan, Toshkentda plazmadan dori ishlab chiqaruvchi Haemalogic farmatsevtika kompaniyasi punktlarida qon topshirish mumkin. Har bir donatsiyadan keyin donor karta hisobiga 100 000 so‘mdan 400 000 so‘mgacha oladi. Lekin bu, kasalxonalarda qon topshirishning o‘rnini bosa olmaydi, chunki u yerda qon faqat dorilar ishlab chiqarishga emas, zudlik bilan qon quyishga muhtoj bo‘lgan bemorlar uchun ham ishlatiladi. Ular uchun plazma va qon tarkibiy qismlari doimo yetishmaydi.

O‘zbekistondagi donorlik punktlari
Jadvalda Toshkentdagi qon quyish stansiyalarini to‘pladik, ularga donor bo‘lish uchun murojaat qilishingiz mumkin. Hududlarda qayerga borishni Respublika qon quyish Markazi saytidan bilib olsa bo‘ladi. Saytda donatsiya uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin, bu qulay, chunki sana va vaqtni o‘zingiz tanlaysiz.
Qon topshirish punktlariga nafaqat donorlar, balki qon tahlillarini topshirishi kerak bo‘lganlar ham murojaat qilishadi, chunki tahlillar xususiy klinikalar va laboratoriyalarga qaraganda arzonroq.


