Samolyotlar salonlari qanday bo‘ladi?
Urganch yoki Olmaota kabi nisbatan yaqin shaharlarga ko‘pincha 3+3 sxemasidagi tor fyuzelyajli samolyotlar uchadi — uchta o‘rindiq, yo‘lak va yana uchta o‘rindiq. Masalan, Airbus A320 va Boeing 737 samolyotlari aynan shunday komplektatsiyaga ega.
Qisqa masofalarda kichikroq samolyotlar ishlaydi. Masalan, Toshkentdan Sariosiyoga yoki Nukusdan Mo‘ynoqqa 2+2 sxemasidagi ATR-72 uchadi. Uning salonida ikki yonda ikkitadan o‘rindiq va ularning o‘rtasida yo‘lak bor.
Zomin yoki Shahrisabzga esa 1+2 sxemasidagi L-410 samolyotlari uchadi. Yoningizda uchinchi yoki ikkinchi o‘rindiqning yo‘qligi parvozni ancha qulay qiladi.
Rossiya, AQSH yoki Koreyaga uchadigan reyslarga ko‘pincha Boeing 787 yoki Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlar qo‘yiladi. Ularning ichida yo‘laklar bilan ajratilgan uchta o‘rindiqlar bloki bor. Salonlar kengroq, lekin yo‘lovchilar soni ham ko‘proq.
Ortiqcha byurokratiyasiz qayerlarga uchishlari mumkinligini “2026-yilda o‘zbekistonliklar vizasiz qayerlarga borishi mumkin - to‘liq ro‘yxat” da o‘qing. O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchilar esa xarajatlarning bir qismini qanday qaytarib olishni “O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun keshbek olish mumkinmi?” maqolasidan bilib olishlari mumkin.

Samoytoda qanday joylar bor?
Bortga chiqish talonida siz qator raqami va harfni ko‘rasiz — masalan, 12A yoki 18E. Harflar aniq bir qatordagi o‘rindiqni ko‘rsatadi va ingliz alifbosi tartibida boradi: A, B, C, D, E, F va h.k.. 3+3 sxemasidagi samolyotlarda A va F o‘rindiqlari oyna yonida, C va D o‘rindiqlari esa yo‘lakda bo‘ladi.
Oyna yonidagi joy. Bu yerda suyanib olish, illyuminatordan tashqarini tomosha qilish yoki uxlash mumkin. Tungi reyslar uchun yaxshi variant. Lekin kamchiligi ham bor: hojatxonaga chiqish yoki oyoq chigalini yozish uchun yoningizdagi odamni turg‘zishga to‘g‘ri keladi. Chetdagi o‘rindiqlarning hammasi ham illyuminator ro‘parasida joylashmagan. Ayrimlari ikkita illyuminator orasida joylashgan. Ba’zan salon sxemasida bu joylar ko‘rsatiladi, lekin har doim ham emas.
Yo‘lakdagi joy. Xohlagan vaqtda o‘rindan turish, bort ovqatini birinchi bo‘lib olish, atrofdagilarga xalaqit bermasdan harakatlanish yoki hojatxonaga chiqish mumkin. Evaziga salondagi doimiy harakatga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi. Oldingizdan yo‘lovchilar va bort kuzatuvchilari o‘tishadi, kimdir tegib ketishi ham aniq.
O‘rtadagi joy. Oynaga ham tuzukroq qaray olmaysiz, o‘rningizdan ham bemalol turishning iloji yo‘q. Lekin bitta yozilmagan qoida bor: ikkala tirsakqo‘ygich ham o‘rtadagi o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchiga tegishli.
Avariya chiqish yo‘lidagi joy. Oyoqlar uchun joy ko‘p. Ayniqsa baland bo‘yli yo‘lovchilar uchun juda qulay. Oldindagi o‘rindiqlarning suyanchig‘i esa orqaga qayrilmaydi, chunki evakuatsiya paytida hech narsa xalaqit bermasligi kerak.
Lekin, bunday joylarda hamma ham o‘tira olmaydi. Aviakompaniyalar, masalan, Uzbekistan Airways qoidalariga ko‘ra, bu yerda yosh bolalar va hayvonlar bilan uchish taqiqlanadi. Bu joylarga sog‘lig‘ida jiddiy cheklovlari bo‘lgan masalan, ko‘rish yoki eshitish qobiliyati past shaxslar o‘tqazilmaydi. Favqulodda vaziyatda odamning o‘zi yordamga muhtoj bo‘lmasdan, ekipajga avariya eshigini ochishga yordam bera olishi kerak.
Samolyotning qaysi qismida o‘tirgan yaxshi?
Old qism. Bu yerda ovqat va ichimliklarni tezroq olasiz, chunki odatda xizmat ko‘rsatish salon boshidan boshlanadi. Qo‘ngandan so‘ng esa birinchilardan bo‘lib chiqasiz. Boshqa reysga shoshilayotgan bo‘lsangiz bu juda muhim. Birinchi qatorda oyoqlar uchun joy ham ko‘proq. Lekin, salon boshidagi joylar boshqalariga qaraganda qimmatroq turadi.
Salon o‘rtasi. Bu yerning ham o‘z afzalliklari bor: siz turbulentlikni kamroq his qilasiz, chunki bu yerda samolyotning og‘irlik markazi joylashgan bo‘ladi.
Orqa qism. Orqa qismga xizmat ko‘rsatish eng oxirida yetib boradi. Agar parvozda ovqatlanish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, sizgacha yetib kelgan taom orasidan tanlashga to‘g‘ri keladi. Agar orqa eshikka trap qo‘yilmasa, samolyotdan chiqish ham ancha vaqt oladi. Bundan tashqari, hojatxonalar yaqinida yo‘lovchilar to‘planib turadi. Lekin, aynan salonning orqa qismidan eng arzon joylarni topish mumkin.
Samolyotning eng xavfsiz joylari qayerda. Samolyotning orqa qismida aviahalokatdan omon qolish imkoniyati yuqoriroq degan ommabop fikr bor. Aslida "eng xavfsiz" universal joy mavjud emas. Halokat natijasi ko‘plab omillarga bog‘liq, bir hodisa boshqasiga kamdan-kam holatlarda o‘xshash bo‘ladi.
Samolyotlar hamon eng xavfsiz transport turi bo‘lib qolmoqda: parvoz paytida vafot etish ehtimoli bor-yo‘g‘i qariyb 14 milliondan 1 ga teng.
Samolyotda qachon joy tanlash va to‘lash kerak?
Hammasi aviakompaniyaga bog‘liq: ba’zilari chipta sotib olish vaqtida joy tanlashni taklif qilsa, boshqalari keyinroq, ya’ni qo‘shimcha xizmatlar bo‘limida, uchinchilari esa onlayn ro‘yxatdan o‘tish paytida joy tanlashni taklif qiladi. Ba’zi aviakompaniyalarda avariya chiqish yo‘lidagi joylarni faqat aeroportda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida olish mumkin.
Joylar narxi ham tashuvchi tomonidan belgilanadi. Parvoz vaqtida uxlashni, oyoqlarni cho‘zib olishni yoki samolyotdan tezroq chiqishni xohlasangiz qo‘shimcha pul to‘lash o'zini oqlashi mumkin. Ba’zida esa qulay joyni bepul tanlasa bo‘ladi. Yana nimalarda tejash mumkinligini “Yolg‘iz sayohat qilish va ortiqcha to‘lamaslik haqida”gi maqolada o‘qing.
Loukosterlarda aniq bir joyni tanlash uchun deyarli har doim qo‘shimcha pul to‘lanadi. Masalan, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondan Turkiyaga uchadigan “Pegasus Airlines” aviakompaniyasida eng qimmat joylar — birinchi qatorda va salon o‘rtasidagi avariya chiqish yo‘llarida joylashgan.
Joy narxiga yo‘nalish ham ta’sir qiladi. Parvoz qanchalik uzoq bo‘lsa, tanlov narxi ham shunchalik baland. Qisqa ichki reyslarda qo‘shimcha to‘lov ramziy ma’noda, uzoq xalqaro reyslarda esa sezilarli darajada bo‘lishi mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida joyni bepul olish ham mumkin — bu holatda bazaviy tariflarda aviakompaniya joyni tasodifiy tartibda o‘zi belgilaydi. Agar siz oilangiz yoki do‘stlar bilan uchayotgan bo‘lsangiz, bu noqulay. Katta ehtimol bilan tizim sizni salonning turli joylariga o‘tqazib qo‘yadi.
Qimmatroq chiptaga joylarning bir qismini bepul tanlash imkoniyati kiritilgan bo‘lishi mumkin. Eng qimmat tariflarda esa ko‘pincha salondagi istalgan joyni qo‘shimcha to‘lovsiz tanlash mumkin.

Odatiy aviakompaniyalarda, masalan, Uzbekistan Airways’da joy tanlash yengilroq. Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda bepul joyni hatto bazaviy tarifdagi chiptalar bilan ham tanlasa bo‘ladi. Lekin ba’zi o‘rindiqlar pullik bo‘lishi mumkin. Bunday aviakompaniyalarning chiptalari narxi nisbatan qimmatroq turadi.
Agar onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida bepul va qulay joylar qolmagan bo‘lsa, aeroportdagi ro‘yxatdan o‘tish jarayonida qulayroq joyni so‘rash mumkin.Agar joy band bo‘lmasa, katta ehtimol bilan sizga yordam berishadi. Loukosterlarda esa bunday usul ishlamaydi. Bundan tashqari, aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish ham pullik bo‘lishi mumkin.

Samolyotda boshqa joyga o‘tib olish yoki o‘rin almashish mumkinmi?
Rasman yo‘lovchi bortga chiqish talonida ko‘rsatilgan joyda o‘tirishi shart. Salonda bo‘sh joylar bo‘lsa ham, bort kuzatuvchilari bilan kelishmasdan boshqa joyga o‘tirib olish mumkin emas. Ayniqsa, avariya chiqish yo‘lidagi joylarga juda qat’iy talablar qo‘yiladi.
Aviakompaniyalarga yoqmasligining asosiy sababi — tartibsizlik. Aviatsiya — barcha narsa oldindan hisob-kitob qilinadigan va ekipaj nazorati ostida bo‘ladigan soha. Samolyot vazni bir tekis taqsimlanishi uchun yo‘lovchilar va qo‘l yuki ma’lum tartibda joylashtiriladi. Bu samolyotning parvoz paytidagi xavfsizligi uchun juda muhim. Bundan tashqari, joylashuv va yuk taqsimoti haqidagi ma’lumotlar havo kemasining og‘irlik markazini hisoblash uchun ishlatiladi — bu uchish va qo‘nish uchun zarur. Muvozanatni saqlash, ayniqsa, kichik samolyotlar uchun muhim. Agar odamlar xohlagan joyiga o‘tirib olsa, bu jarayonlarning barchasi buzilishi mumkin.
Agar jiddiy sabab bo‘lsa boshqa joyga o‘tsa bo‘ladi. Masalan, o‘rindiq nosoz bo‘lsa. Bir yo‘lovchining joyi o‘zgarishi parvoz xavfsizligiga kam ta’sir qiladi. Bunday muammolar bort kuzatuvchilari orqali hal qilinadi. Aviakompaniya ham, o‘z navbatida, xavfsizlik nuqtayi nazaridan yo‘lovchilarning joylashuvini o‘zgartirishi mumkin.
Qisqacha: samolyotda eng yaxshi joyni qanday tanlash mumkin?
Joyni oldindan band qilish. Ayniqsa, guruh bo‘lib uchayotgan bo‘lsangiz yoki parvoz uzoq davom etsa. Parvoz vaqti yaqinlashgan sari unchalik qulay bo‘lmagan joylar qolishi mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishdan foydalanish yoki aeroportga vaqtliroq kelish. Shunda qo‘shimcha to‘lovsiz ham qulay joyni tanlash mumkin.
Kelishib ko‘rishga harakat qilish. Agar joyingiz ma’qul kelmasa va salonda bo‘sh o‘rinlar bo‘lsa, boshqa joyga o‘tish imkoniyatini bort kuzatuvchilaridan so‘rab bilsa bo‘ladi.

.webp)
