Qonunda ta’til haqida nima deyilgan?
Qonunga ko‘ra, rasman ishga joylashgan har bir xodimga haq to‘lanadigan ta’til berilishi kerak — yiliga kamida 21 kalendar kun. Bu, mehnat shartnomasi asosida ishlaydiganlarga tegishli. Fuqarolik-huquqiy shartnoma — FHSH bo‘yicha ishlaydiganlar uchun esa ta’til nazarda tutilmagan.
Ayrim toifadagi ishchilarning ta’tili uzoqroq bo‘ladi. Masalan, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan ishchilar 30 kun, davlat organlari xodimlari 27 kun, o‘qituvchilar esa 56 kun dam olishi mumkin.
Ta’tilni bo‘lib-bo‘lib olish mumkinmi? Ha, mumkin. Biroq bir sharti bor: ta’tilning hech bo‘lmaganda bir bo‘lagi 14 kundan kam bo‘lmasligi kerak. Qolgan kunlarini esa kelishuv asosida keyinroq, xoh shu yili, xoh keyingi yili olishingiz mumkin.
Ta’til olish huquqi qachon paydo bo‘ladi?
Odatda, bir ish joyida 6 oy to‘liq ishlaganingizdan keyin sizda yillik pullik ta’til olish huquqi paydo bo‘ladi.
Lekin ayrimlar bu muddatni kutmay ham ta’tilga chiqishi mumkin. Masalan: sirtqi talabalar, 18 yoshga to‘lmaganlar. Agar siz bu imtiyozli toifaga kirmasangiz ham, baribir ta’tilni oldindan olish mumkin — agar ish beruvchi rozi bo‘lsa. Qonun bunga ruxsat beradi.
Ta’til kunini o‘zingiz tanlaysizmi?
Davlat ishida bu ish tartibliroq: ta’til oldindan rejalashtiriladi. Yil oxirida xodimlardan qachon ta’tilga chiqmoqchi ekanliklari so‘raladi va taqvim tuziladi. Sizni ta’tildan kamida 15 kun oldin ogohlantirishlari kerak.
Xususiy sektorda esa odatda yengilroq: rahbar bilan kelishib, o‘zingizga qulay vaqtni tanlashingiz mumkin.
Lekin ayrim xodimlar ta’til vaqtini o‘zlari belgilash huquqiga ega — hatto jadvalda boshqa sana ko‘rsatilgan bo‘lsa ham. Masalan: nogironligi bor shaxslar, 14 yoshgacha farzandi bor yolg‘iz ota yoki onalar.
Kim yarim yildan oldin ta’tilga chiqishi va qulay vaqtni tanlashi mumkin?

Ta’til puli qanday hisoblanadi?
Agar siz rasmiy ishlayotgan bo‘lsangiz, ta’tilga chiqqaningizda sizga o‘rtacha ish haqi asosida pul to‘lanadi. Bu pul, odatda, oxirgi 12 oy ichidagi maoshlaringiz asosida hisoblanadi. Agar siz bir yildan kam ishlagan bo‘lsangiz, faqat ishlagan oylaringiz inobatga olinadi. Shu yerda bitta oddiy qoida bor: oxirgi oydagi ish kunlari 15 kundan oshsa, u to‘liq oy deb olinadi. Agar kam bo‘lsa — hisobga olinmaydi.
Ya’ni 7 oy-u 9 kun ishlagan bo‘lsangiz — 7 oy, 7 oy-u 17 kun ishlagan bo‘lsangiz — 8 oy deb olinadi. Shu sababli, agar bir yildan kam ishlagan bo‘lsangiz, ta’tilga oyning 15-kunidan keyin chiqish foydaliroq bo‘ladi — dam olish kunlari ham, pul miqdori ham ortadi.
Shuningdek, ayrim davrlar ta’til hisobiga kirmaydi. Masalan, kasallik varaqasi asosidagi ta’til, tug‘ruq ta’tili, to‘lovsiz ta’til yoki ilgari olingan ta’til kunlari hisoblanmaydi.
Muhim: O‘zbekistonda ta’til kunlari kalendar kunlarda beriladi. Lekin ta’til puli hisoblanganda yakshanba va bayram kunlari hisobga olinmaydi. Shuning uchun, masalan, ta’tilingiz 20 kalendar kun bo‘lsa, pul barcha 20 kun uchun emas, kamroq kunlar uchun to‘lanadi.
Ta’til pulini qanday hisoblash mumkin:
- Soliqdan oldingi barcha daromadlaringizni qo‘shing: maosh, mukofotlar, ustamalar va boshqa tushumlar. Shu summani 12 ga bo‘ling — bu sizning o‘rtacha oylik daromadingiz bo‘ladi. Agar siz bir yildan kam ishlagan bo‘lsangiz, faqat ishlagan oylaringiz hisobga olinadi.
Agar daromadingizga nimalar kirishini aniq bilmasangiz, buxgalteriyadan so‘rang — ular hisob-kitobni tushuntirib berishga majbur. - Keyin o‘rtacha oylik daromadni 25,3 ga bo‘ling — bu oydagi o‘rtacha ish kunlari soni.
- Hosil bo‘lgan sonni ta’til kunlariga ko‘paytiring (yakshanba va bayram kunlarisiz). Shunda taxminiy ta’til puli chiqadi.
Misol. Faraz qilaylik, siz 21 kun ta’til olmoqchisiz. Amalda bu taxminan 16–17 to‘lanadigan kun bo‘ladi (yakshanba va bayramlarga qarab). Sizning oyligingiz — 8 000 000 so‘m, har oy ustama — 500 000 so‘m, yiliga mukofotlar — 24 000 000 so‘m (oyiga o‘rtacha 2 mln), qo‘shimcha bonuslar — 6 000 000 so‘m
- Yillik daromad:
(8 000 000 + 2 000 000 + 500 000) × 12 + 6 000 000 = 132 000 000 so‘m - O‘rtacha oylik daromad:
132 000 000 / 12 = 11 000 000 so‘m - Kunlik o‘rtacha daromad:
11 000 000 / 25,3 ≈ 435 000 so‘m - Ta’til puli:
435 000 × 17 ≈ 7 395 000 so‘m
Qaysi oylarda ta’til olish foydaliroq?
Avvalo o‘zingizga savol bering: sizga ko‘proq dam olish muhimmi yoki ko‘proq pul olishmi? Javobga qarab, ta’tilingizni to‘g‘ri rejalashtirish mumkin.
Agar ko‘proq dam olmoqchi bo‘lsangiz, ta’tilni davlat bayramlariga yaqin kunga belgilang. Chunki bu bayramlar ta’til kunlariga qo‘shilmaydi — alohida hisoblanadi. Natijada siz rasman kamroq ta’til ishlatgan holda ko‘proq dam olasiz. Masalan, agar ta’tilingiz 20-avgustda boshlansa va orada 1-sentyabr bo‘lsa, sizga yana bitta kun ortadi.
Davlat bayramlari sanalari:
- 1-yanvar;
- 8-mart;
- 21-mart;
- 9-may;
- 1-sentyabr;
- 1-oktyabr;
- 8-dekabr;
- Ramazon hayitining birinchi kuni;
- Qurbon hayitining birinchi kuni.
Faqat ushbu bayramlar dam olishga qo‘shimcha bir kun qo‘shadi. Qolgan dam olish kunlari odatiy hisoblanadi. Ya’ni prezident uzoq dam olish kunlari haqida e’lon qilsa ham, qo‘shimcha kunlar ta’til kunlari deb hisoblanadi.
Endi, agar siz ko‘proq ta’til puli olishni xohlasangiz, ish kunlari kam bo‘lgan oylarda ta’tilga chiqmaslik kerak.
Ta’til puli oxirgi 12 oy uchun o‘rtacha kunlik daromad asosida hisoblanadi. Va ta’tilga chiqqan oyda siz odatdagi maoshni emas, aynan ta’til pulini olasiz.
Agar oyda ish kunlari kam bo‘lsa, har bir ish kunining “narxi” yuqoriroq bo‘ladi — ya’ni o‘rtacha yillik stavkadan ham qimmat chiqadi. Agar shunday oyda ta’tilga chiqsangiz, ta’til kunlari uchun shu kunlarda ishlaganingizdan kamroq maosh olasiz. Natijada umumiy daromad (maosh + ta’til puli) odatdagidan past chiqadi.
Agar ta’tilni ish kunlari ko‘p bo‘lgan oyda olsangiz, siz o‘rtacha stavka bo‘yicha ta’til pulini olasiz, oylikdan esa bu kunlar kamroq miqdorda ushlab qolinadi. Natijada summa ko‘proq bo‘ladi.
Masalan, 2026-yil mart oyida 19 ish kuni bor, oktyabrda esa 22. Demak, oktyabrda ta’til olish foydaliroq.
Qachon ta’til olish foydali emas: mart, may — ish kunlari kamroq
Qachon ta’til olish foydaliroq: aprel, iyun, iyul, avgust, oktyabr — bu oylarda 20 dan ortiq ish kuni bor
Ish kalendarini tekshirib turing — unda yil davomida nechta ish kuni va qachon dam olish kunlari borligi ko‘rsatiladi.
Ishdan bo‘shaganda ta’til kunlari nima bo‘ladi?
Agar siz ishdan bo‘shayotgan bo‘lsangiz, foydalanilmay qolgan ta’til kunlari uchun pul to‘lanishi kerak. Bu kompensatsiya nafaqat shu yildagi, balki avvalgi yillardan qolgan barcha ta’til kunlariga ham tegishli bo‘ladi.
Kompensatsiya ta’til to‘lovlari kabi hisoblanadi: kunlik o‘rtacha ish haqi × foydalanilmagan ta’til kunlari soni.
Misol:
Sizda foydalanilmagan 10 kunlik ta’til qoldi. Sizning kunlik o‘rtacha ish haqingiz - 300 000 so‘m. Kompensatsiya:
300 000 × 10 = 3 000 000 so‘m —ushbu summa ishdan bo‘shash chog‘idagi hisob-kitobga kiritilishi kerak.
Ammo ba’zida ta’tilni avans tarzida, ya’ni oldindan berishadi. Masalan, siz olti oy ishlagansiz-u, to‘liq 21 kunlik ta’tilni olib bo‘lgansiz. Agar keyinroq, to‘qqiz oy to‘liq bo‘lishidan oldin ishdan ketsangiz, demak, siz “ishlab ulgurmagan” kunlar uchun ish beruvchi o‘sha summani hisob-kitob paytida ushlab qolishi mumkin.
Lekin bu faqat siz o‘z xohishingiz bilan yoki o‘zaro kelishuv asosida ishdan bo‘shasangiz amal qiladi. Agar ishdan bo‘shashingiz majburiy bo‘lsa (masalan, shtatlar qisqartirilyapti yoki korxona yopilyapti), bu holda hech qanday pul ushlab qolishga haqqi yo‘q.
Ta’til berilmasa nima qilish kerak
Qonun bo‘yicha siz har yili pullik ta’til olish huquqiga egasiz. Ish beruvchi bu ta’tilni bermasdan, sizni ishlatishda davom etishi mumkin emas.
Agar sizga ta’til berilmayotgan bo‘lsa, quyidagicha harakat qiling:
Avval ariza yozing. Qayerdan boshlash kerak? Albatta, ariza bilan. Qachon va necha kun ta’tilga chiqmoqchi ekaningizni aniq yozing. Bu muhim: agar keyin shikoyat qilmoqchi bo‘lsangiz, sizdan so‘rashlari mumkin — “O‘zi ariza berganmiding?” deb.
Keyin javobni kuting. Ish beruvchi sizni darrov ta’tilga chiqarishga majbur emas, lekin rad etsa, bunga asos bo‘lishi kerak. Masalan, siz ayni paytda ishdan ketolmaysiz, chunki muhim loyihalar bor. Biroq bu faqat vaqtincha — ta’tilingiz baribir keyinroq berilishi shart.
Agar rad etish asossiz bo‘lsa, siz mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishingiz mumkin. Shikoyatga arizangiz nusxasini va ish beruvchining javobini (agar bo‘lsa) ilova qiling. Bu sizning qonuniy harakat qilganingizni isbotlaydi. Odatda murojaatlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi, ba’zida bu muddat 30 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Qisqacha: ta’tilni qachon va qanday olish mumkin?
Agar siz mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan bo‘lsangiz, yilda kamida 21 kun pullik ta’tilga haqlisiz. Bu minimal muddat. Ayrimlarga esa ko‘proq ta’til to‘g‘ri keladi — nogironligi borlar, o‘qituvchilar, davlat xizmatchilari, talabalar yoki og‘ir sharoitda ishlovchilar, masalan.
Ta’tilni bo‘lib-bo‘lib olish mumkin. Faqat bir sharti bor: hech bo‘lmasa bir martalik ta’til 14 kun ketma-ket bo‘lishi kerak.
Odatiy holatda ta’til huquqi sizda olti oy ishlagandan keyin paydo bo‘ladi. Lekin istisnolar bor — homilador ayollar, tug‘ruq ta’tiliga chiqayotganlar, sirtqi talabalar yoki voyaga yetmaganlar uchun bu muddat kutilmaydi.
Davlat bayramlari ta’tilga qo‘shiladi. Ya’ni ta’til paytida bayram tushsa, yana bir kun dam olish huquqiga egasiz.
Ta’til puli ham muhim: qaysi oyda ta’til olganingizga qarab sizga to‘lanadigan summa farq qilishi mumkin. Ish kuni ko‘p bo‘lgan oyda ta’tilga chiqsangiz, ko‘proq pul olasiz — ham ta’til puli, ham ishlagan kunlaringiz uchun.
Agar sizga umuman ta’til bermasalar — bu qonunga zid. Avval ariza yozing, keyin mehnat inspeksiyasiga shikoyat qiling. Odatda murojaatlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

