Armanistonga qachon borgan yaxshi

Yerevanga may–iyun yoki sentyabr–oktyabrda borgan yaxshi. Iyul va avgustda juda issiq bo‘ladi, kun bo‘yi piyoda aylanib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonliklarga Armanistonga borish uchun viza kerak emas. Yiliga 180 kungacha qolish mumkin. Muhimi, xorijga chiqish pasportingiz safar davomida amal qilishi kerak.

Yerevanga uchish qancha turadi

Toshkent — Yerevan yo‘nalishidagi reyslar faqat 2026-yil yozida paydo bo‘ldi. Bungacha Armanistonga borishni istaganlar Gruziya yoki Rossiyada transfer bilan uchishgan. Hozir Toshkentdan Yerevanga va Yerevandan Toshkentga Shirak Avia hamda Flyone Armenia samolyotlari haftasiga bir necha marta uchadi.

Bir kishiga qaytarilmaydigan borib-kelish chiptasi 3,6–4,2 mln so‘m, qaytariladigan chipta esa 7,2–7,8 mln so‘m bo‘ladi. Qancha ertaroq chipta olsangiz, shuncha arzon tushadi. Biz sayyohlar ko‘p boradigan mavsumda, ya’ni iyulda uchdik. Chiptalarni oldindan olmaganimiz uchun bir kishiga 7,8 mln so‘mdan to‘ladik.

Aviachiptalarni payme travel’da olish foydaliroq

TBC Salom kartasi bilan to‘lasangiz, сhiptadan 15% gacha keshbek qaytariladi. Hamkorlarimiz orasida 800 dan ortiq aviakompaniya bor. Dunyoning deyarli istalgan nuqtasiga chipta topishingiz mumkin.

Aviachiptalarni qidirish

Yashash joyi

Yerevanda uy-joyni band qilish uchun Booking va Airbnb platformalari bor. Narxlari har xil. Xostel bir kecha uchun joy 15–30 dollar, ya’ni 180 000–360 000 so‘m turadi. Ikki kishilik mehmonxona xonasi 50 dollar yoki 600 000 so‘mdan boshlanadi.

Turar joyni oldindan band qilmagandik. Mavsumda arzonroq mehmonxonalarning hammasi band edi. Booking’dan kuniga 200 dollarlik (2,4 mln so‘m) xona topishga to‘g‘ri keldi. Mehmonxona Yerevan markazida, mashhur “Vernisaj” bozori yonida edi.

Ararat tog‘i va tungi Yerevan

Taomlar

Arman taomlari o‘zbek oshxonasidan farq qiladi, lekin bizga begona emas. MDH mamlakatlari oshxonalariga o‘xshaydi. Kafeda bir kishiga 15–20 dollar ketadi. Deyarli hamma joyda mazali taom topish mumkin.

Armanistonda cho‘chqa go‘shti mol va qo‘y go‘shtidan ko‘proq ishlatilarkan. Menyuda “go‘sht” deb yozilgan joyini ofitsiantdan aniqlashtiring. Chunki bu cho‘chqa go‘shti bo‘lishimumkin. Borganingizda shu taomlarni tatib ko‘ring:

Chalagach — mangalda pishiriladigan, marinadlangan suyakli go‘sht. Go‘shtni anor sharbati yoki vino, piyoz, tuz va murch bilan marinad qilishadi. Lavash, pechda pishirilgan sabzavotlar, ko‘katlar va souslar bilan berishadi.

Xorovats — sixga terib, olovda pishiriladigan kabob. Sevan ko‘lida uni mahalliy Ishxan forel balig‘idan tayyorlashadi.

Xorovats uchun go‘shtni ko‘pincha marinad qilishmaydi, faqat tuz va murch sepishadi. Manba: wikipedia.org

Do‘lma. Guruch va qiyma uzum barglariga o‘raladi, dimlab pishiriladi, yogurt va sarimsoq qo‘shib dasturxonga tortiladi. Do‘lmaning yozgi varianti ham bori. Uzum barglar o‘rniga baqlajon, qalampir, pomidor yoki qovoqchadan foydalanishadi.

Anor vinosi — armanlarning an’anaviy ichimligi. Vino nordon-shirin, rezavor ta’mi bor.

Lavash. Un, suv va tuzdan tayyorlanadigan yupqa nonlar Tonir nomli mahalliy tandirda pishiriladi. Qiziq fakt: arman lavashi 2014-yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Gata — armanlarning shirin pishirig‘i. Qatlamali yoki quymoq xamirdan tayyorlanadi. Ichiga sariyog‘ va shakar solinadi. Ustiga tuxum sarig‘i surtilib, vilka yoki maxsus qolip bilan naqsh tushirishadi.

Gataga yong‘oq va ziravorlar qo‘shiladi. Manba: wikipedia.org

Yerevanda nimalarni ko‘rish kerak

Yerevan haqida gap ketganda, hamma birinchi bo‘lin Ararat tog‘ini eslaydi. Lekin bu tog‘ga chiqib bo‘lmaydi. Ararat Turkiyada joylashgan, lekin ma’naviy va tarixiy jihatdan Armaniston ramzi hisoblanadi va Yerevandan juda yaxshi ko‘rinadi. Bunga qaramay Yerevanda ko‘rishga arziydigan chiroyli va qiziqarli joylar juda ko‘p.

Kaskad — favvoralar, haykallar va muzeylar joylashgan mashhur majmua. Jami beshta terrasa bor, har biriga uzun zinapoyalardan chiqasiz. Eng baland nuqtadan “pushti shahar”ning go‘zal manzarasi ochiladi. Yerevanning binolari pushti tuffdan, ya’ni yengil va mustahkam tabiiy toshdan qurilgan. Pushti tuff Armanistonda qurilishda ko‘p ishlatiladigan tog‘ jinsi.

Majmuadagi Gafeschyan bog‘ida haykallar ko‘p. Manba: visityerevan.am

Ko‘k masjid. 1766-yilda qurilgan bu masjid sovet davrini ham yashab o‘tgan. O‘sha paytda bu yerda Yerevan tarixi muzeyi bo‘lgan. Hozir masjid hamma uchun ochiq. Ish vaqti: har kuni 10:00 dan 13:00 gacha va 15:00 dan 18:00 gacha. Kirish bepul.

Armaniston onasi — SSSRning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik. Poydevor ichida Harbiy-tarixiy muzey joylashgan. Bu yerda arman xalqining Ikkinchi jahon urushi va Artsax ozodlik urushlaridagi ishtiroki bilan bog‘liq hujjatlar va turli buyumlarni ko‘rish mumkin.

Muzeyning ish vaqti: seshanba–shanba 10:00 dan 17:00 gacha, yakshanba 10:00 dan 16:00 gacha. Kirish bepul.

Haykalni yaratishda Ara Arutyunyanga 17 yoshli Yevgeniya Muradyan modellik qilgan

“Vernisaj” — Yerevan markazidagi bozor. Bu yerda rasmlar, qo‘lda yasalgan suvenirlar, keramika, ipak sharflar, antiqa buyumlar, gilamlar va yana ko‘plab narsalarni topasiz. Bozor har kuni 10:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Ertaroq keling, chunki soat 16:00larda savdogarlar rastalarini yopishadi.

Avliyo Grigoriy ibodatxonasi — Yerevandagi asosiy sobor. U 2001-yilda Armanistonda xristianlik davlat dini sifatida e’lon qilinganining 1700 yilligi munosabati bilan ochilgan. Soborda Avliyo Grigoriyning Neapoldan olib kelingan qoldiqlari saqlanadi.

Gilam fabrikasi. Armanistonda, xuddi O‘zbekistondagidek, gilam to‘qish an’anaviy hunar hisoblanadi. Hunar bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, “Megeryan Karpet” fabrikasiga borishingiz mumkin. Ekskursiya narxi 3 000 AMD (98 000 so‘m). Rus va ingliz tilidagi guruhlarga qo‘shilsa bo‘ladi.

Yerevan markazida gilamga o‘xshash piyodalar o‘tish joyi bor

Yana qayerga borish mumkin

Biz Yerevanda besh kun bo‘ldik, yana ikki kun boshqa shaharlarga bordik. Boshida sayohatlar uchun Yandex Go’dan taksi chaqirdik, keyin mahalliy haydovchi bilan kelishib  oldik. U bizni Yandex tarifida olib yurdi. Shahar tashqarisiga borish o‘rtacha 30 $ (361 000 so‘m) bo‘ldi. Ko‘chada taksi to‘xtatish ancha qimmat.

Ikki kunda Yerevan yaqinidagi bir nechta joyga bordik.

Sevan ko‘li — Armanistondagi eng katta ko‘l. Yerevandan taxminan 70 km uzoqlikda. Bu yerga tiniq, feruza rangli suvda cho‘milish va mahalliy forel balig‘ini tatib ko‘rish uchun kelishadi. Ko‘l dengiz sathidan 1900 metr balandlikda joylashgan. Havo issiq bo‘lsa ham, kechqurun bu yerda salqin bo‘ladi. O‘zingiz bilan issiqroq kiyim oling.

Sevan ko‘liga 28 ta daryo quyiladi, undan esa faqat Razdan daryosi oqib chiqadi. Manba: extraguide.ru

Gyumri — Armanistondagi ikkinchi yirik shahar. Turkiya chegarasi yaqinida joylashgan. Uni mamlakatning madaniy poytaxti deb atashadi.

Yerevandan Gyumriga elektrichka yoki “Kilikia” avtovokzalidan avtobusda borish mumkin. Biz taksida bordik. Shaharda Markaziy bog‘ , Qora qal’a, Aslamazyan opa-singillar galereyasi va Vardanants maydonini ko‘rish mumkin. Yana Surb Astvatsatsin va Surb Amenaprkich cherkovlari hamda Xalq me’morchiligi va shahar turmushi muzeyi bor.

Gyumriga borganimiz Vardavar bayramiga to‘g‘ri keldi. Bu kuni odamlar chelak, tog‘ora va suv purkagichlar bilan bir-birlariga suv sepishadi. Suvdan quruq chiqishning iloji bo‘lmadi.

Surb Amenaprkich cherkovi XIX asrda qurilgan.1988-yilgi zilzila tufayli cherkov qattiq zarar ko‘rgan, lekinrestavratsiyadan keyin yana shaharning asosiy ramzlaridan biriga aylangan. Manba: extraguide.ru

Dilijan — Yerevandan bir necha soatda yetib borish mumkin bo‘lgan chiroyli shahar. Atrofidal tabiat va mineral buloqlar bor. Uni “kichik Shveytsariya” deb ham atashadi.

Dilijandagi eng mashhur mashg‘ulot — piyoda sayr qilish. Mahalliy turistik axborot markazida 20 dan ortiq yo‘nalish ko‘rsatilgan xaritani olish mumkin. Yo'nalishlar masofasi va qiyinlik darajasiga qarab farq qiladi. Shahar yaqinida bir nechta qadimiy monastirlar bor, eng mashhurlari — Goshavank va Agartsin. Yana Dilijan milliy bog‘iga ham borish mumkin. Bu yerda 977 turdagi o‘simlik o‘sadi. Ularning 29 tasi Armaniston Qizil kitobiga kiritilgan.

Shahar Aghstev daryosi darasida, dengiz sathidan 1 100–1 500 metr balandlikda joylashgan. Manba: utrecht.ilovesupersport.ru

Qancha pul olish kerak

Yerevan Tbilisidan ancha qimmat, narxlari esa Toshkentdagidek. Men onam bilan sayohat qildim. Yetti kunlik sayohatga taxminan 3 000 $ — 36 mln so‘m sarfladim.

Sotuvchilar ko‘proq naqd pul olishadi, lekin “naqd yo‘q” desangiz, darrov terminal chiqarishadi. Armanistonda Uzcard va Humo ishlamaydi — Visa yoki Mastercard kerak.

Sayohat uchun Visa TBC Salom kartasini ochish mumkin. Kartani bepul chiqarib, uch kun ichida uyingizgacha olib kelishadi.

Yerevan menga juda yoqdi. Armanistonga yana borgan bo‘lardim.

Yana qayerga borish mumkin:

  1. Plyajda dam olish uchun Vyetnamga boring.
  2. Uzoq yo‘ldan qo‘rqmasangiz Xitoyni tanlang.
  3. Yana variantlar kerak bo‘lsa vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishing.