Dekret puli o‘zi nima
Dekret pullari deganda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tushuniladi. 2026-yildan boshlab uni Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘laydi. Endi nafaqa avtomatik tayinlanadi, uni olish uchun hujjat yig‘ish va ariza yozish shart emas.
Dekret ta’tilining muddati o‘zgarishsiz qoldi. Tug‘ruqqacha 70 kun va tug‘ruqdan keyin 56 kun — jami 126 kun. Tug‘ruq qiyin kechsa yoki egizaklar tug‘ilsa bu muddat 140 kalendar kunigacha uzaytiriladi.
126 kunlik dekret ta’tilidan keyin bolani parvarishlash ta’tili boshlanadi. U yerda esa qoidalar boshqacha. Bu ta’tilga faqat ayol kishi emas, uning eri yoki boshqa yaqin qarindoshlari ham chiqishi mumkin. Ta’tilga bola uch yoshga to‘lguncha chiqiladi. Lekin bolani parvarishlash nafaqasi faqat bola ikki yoshga to‘lguncha to‘lanadi va buni ish beruvchi qiladi. Bu to‘lov avtomatik hisoblanmaydi, u uchun ish joyiga ariza yozish kerak.
Kimlarga beriladi
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi — bu sug‘urta to‘lovi. Uni Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga kamida 10 oy davomida badal to‘lagan shaxslar oladi. Agar sug‘urta staji kamroq bo‘lsa nafaqa tayinlanmaydi.
Sug‘urta stajini ikki xil usulda “to‘plash” mumkin:
- Agar rasman ishga joylashgan bo‘lsangiz yoki kimdir bilan fuqarolik-huquqiy shartnomasi asosida hamkorlik qilsangiz, badallarni siz uchun ish beruvchi to‘laydi.
- Agar rasmiy ish bo‘lmasa, badallarni ixtiyoriy ravishda — o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki jismoniy shaxs sifatida to‘lasa bo‘ladi. Ishlamaydigan ayol uchun badallarni uning turmush o‘rtog‘i to‘lashi ham mumkin.
Ixtiyoriy badallar bank, “Ijtimoiy karta” tizimi yoki “Baraka” mobil ilovasi orqali to‘lanadi. Buning uchun my.gov.uz portali yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida ijtimoiy sug‘urta tizimidan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Ixtiyoriy oylik badal miqdori — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan 5 foiz. 2026-yilda bu 63 550 so‘m. Xohishga ko‘ra undan ko‘proq ham to‘lash mumkin.
Siz uchun badallar to‘lanmagan bo‘lsa va ularni o‘zingiz ham to‘lamagan bo‘lsangiz, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha sug‘urta nafaqasi tayinlanmaydi. Bu holatda faqat mahalla orqali manzilli ijtimoiy yordamga umid qilish mumkin — agar “Ayollar”, “Yoshlar” yoki “Temir” daftarlariga kiritilgan bo‘lsangiz. Bu reyestrlar og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.
Dekret pullarini tayinlash va to‘lash tartibi
Dekret pullarini olish uchun ma’lumotnomalar yig‘ish yoki ariza topshirish shart emas. Hammasi davlat tizimlari orqali qilinadi.
Shifokorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining elektron tizimida mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochadii. Odatda buni akusher-ginekolog qiladi. Hujjat bir ish kuni ichida ijtimoiy sug‘urta tizimiga yuboriladi. Tizim Yagona milliy mehnat tizimi hamda soliq organlaridan olingan daromadlar va sug‘urta badallari haqidagi barcha ma’lumotlarni qayta ishlaydi.
Shu asosda nafaqani to‘lash tasdiqlanadi, uning miqdori hisoblanadi va to‘lov qaydnomalari shakllantiriladi. Sizga to‘lov miqdori yoki rad etish sabablari ko‘rsatilgan SMS keladi.
Keyin jamg‘arma pullarni o‘tkazib beradi. Pullar ijtimoiy yoki oddiy bank kartangizga to‘liq tushadi. To‘lov oyning 15-sanasigacha shakllantirilgan bo‘lsa, pullar o‘sha oyning oxirigacha, agar 15-sanadan keyin bo‘lsa — keyingi oyning o‘rtalarigacha o‘tkaziladi.
Ishlayotganlar uchun dekret pullarini hisoblaymiz
Dekret pullari — bu shunchaki ish haqining ma’lum bir foizi emas. Ular maxsus formula bo‘yicha hisoblanadi:
dekret to‘lovi = o‘rtacha oylik ish haqi ÷ 25,3 х staj koeffitsiyenti х dekret ta’tilidagi haqiqiy ish kunlari soni.
25,3 — bu bir oydagi ish kunlarining o‘rtacha soni. Qolgan ko‘rsatkichlar qancha vaqt ishlaganingizga va qachon ta’tilga chiqishingizga bog‘liq.
Formuladagi staj koeffitsiyenti sug‘urta badallari to‘langan vaqtga qarab belgilanadi. Bunga ijtimoiy soliq yoki yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan davrlar, ya’ni 2026-yil yanvarigacha bo‘lgan vaqtlar ham kiradi.
Agar sug‘urta staji:
- 10—24 oy bo‘lsa — koeffitsiyent 75%;
- 25—60 oy bo‘lsa — 85%;
- 61 oy va undan ko‘p bo‘lsa — 100%.
O‘rtacha ish haqi oxirgi 12 oy uchun hisoblanadi. Shu vaqt ichida ishlangan barcha daromadlarni qo‘shib, 12 ga bo‘lish kerak. Agar staj 10 yoki 11 oyni tashkil etsa, summa mos ravishda 10 yoki 11 ga bo‘linadi.
Lekin, hisob-kitobda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravaridan yuqori bo‘lmagan ish haqi hisobga olinadi. 2026-yil uchun u 1 271 000 so‘m. Formulaga qo‘yish mumkin bo‘lgan maksimal miqdor — 12 710 000 so‘m.
Dekret ta’tiliga to‘g‘ri kelgan ish kunlari soni ham har xil. Mart yoki may oylarida davlat bayramlari hisobiga ular kamroq bo‘ladi. Formulaga qonun bo‘yicha belgilangan 126 kalendar kunini emas, balki ularning ichidan faqat ish kuni bo‘lganlarini qo‘yish kerak. Barcha dam olish va bayram kunlari ayirib tashlanadi.
Misol uchun:
- Ayolning oxirgi 12 oylik o‘rtacha ish haqi — 8 000 000 so‘m, staji — 4 yil, dekret ta’tiliga esa 100 ta ish kuni to‘g‘ri keldi: dekret pullari = 8 000 000 ÷ 25,3 × 0,85 × 100 ≈ 26,9 mln so‘m.
- Agar staj 61 oydan ko‘p bo‘lsa, koeffitsiyent va summa ko‘payadi: dekret pullari = 8 000 000 ÷ 25,3 × 1 × 100 ≈ 31,6 mln so‘m.
Sug‘urta badallarini ixtiyoriy to‘laganlar uchun dekret pullari
Bu yerda hisob-kitob boshqacha.
O‘rtacha oylikni hisoblaymiz. U alohida formula bo‘yicha aniqlanadi. To‘langan badallar summasi oylik ish haqiga o‘tkaziladi: badal miqdori to‘lov vaqtidagi sug‘urta to‘lovlari stavkasiga bo‘linadi va 100% ga ko‘paytiriladi. 2026-yilda sug‘urta to‘lovlari stavkasi — 5%.
Masalan, siz yanvar oyida 63 550 so‘m miqdorida minimal sug‘urta badalini to‘lagan bo‘lsangiz:
yanvar oyi uchun oylik ish haqingiz = 63 550 ÷ 0,05 х 1 = 1 271 000 so‘m.
Agar har oy bir xil miqdorda badal to‘lasangiz, shu raqam o‘rtacha oylik ish haqi hisoblanadi.
Ba'zi oylarda ko‘proq to‘lagan bo‘lsangiz, unda stajning oxirgi 12 oyi uchun oylik ish haqini hisoblab chiqish, ularni qo‘shish va 12 ga bo‘lish kerak. Agar sug‘urta staji 11 yoki 10 oy bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi shu davr uchun hisoblanadi.
Bu yerda ham maksimal darajada MHTEKMning o‘n baravarigacha bo‘lgan summa — 12 710 000 so‘mni hisobga olinadi.
Dekret pullarini hisoblaymiz. Ishlayotganlar uchun qo‘llaniladigan formuladan foydalanamiz.
Misol uchun, dekretgacha siz yil davomida minimal sug‘urta badallarini to‘lagansiz — staj koeffitsiyenti 75%, dekret ta’tiliga esa 100 ta ish kuni to‘g‘ri keldi:
dekret pullari = 1 271 000 ÷ 25,3 × 0,75 × 100 ≈ 3,8 mln so‘m.
Dekret pullari haqida qisqacha
- Dekret pullari faqat kamida 10 oy davomida sug‘urta badallarini to‘laganlarga beriladi.
- Mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘yicha ishlaydiganlar uchun badallarni ish beruvchi to‘laydi. Qolganlar ularni o‘zlari to‘lashlari mumkin.
- Dekret pullarini olish uchun avvalgidek ariza yozish va hujjat yig‘ish shart emas. Hozir hammasi avtomatik qilinadi.
- Dekret puli ish haqi yoki to‘langan badallar miqdoriga va sug‘urta stajiga bog‘liq.
- Pullar dekret ta’tili boshlangandan keyin ikki-uch hafta ichida tushadi.
