Nega uyda kimlar ro‘yxatdan o‘tganini bilish kerak


Uy sotib olayotganda kvartirada kimlar ro‘yxatdan o‘tganini oldindan bilib qo‘yish kerak. Chunki keyinchalik siz bilmagan, lekin ro‘yxatda turgan odamlar muammo keltirishi mumkin. Ro‘yxatda turganlar soni ayrim kommunal to‘lovlarga ham ta’sir qiladi. Ro‘yxatni onlayn bir necha daqiqada bilib olish mumkin. Begona odamlarni ko‘pincha sudga bormasdan ham ro‘yxatdan chiqarsa bo‘ladi.

Uy egasining roziligisiz boshqa odamni ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. Buning uchun uy egasi ro‘yxatdan o‘tkazishni tasdiqlashi kerak. Ya’ni, roziliksiz ro‘yxatda yangi odam paydo bo‘lmaydi. Lekin ro‘yxatda notanish odamlar borligi aniqlansa, bu eski ma’lumotlarning bazaga kiritilishi yoki tizimdagi xato bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ba’zan soxta hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tish holatlari ham bo‘lib turadi. Ammo bunday holatlar kam uchraydi.

“Propiska”ni onlayn tekshirish

Buni aniqlashning eng oson yo‘li my.gov.uz. Uy egasi shaxsiy kabinetiga kirib, ro‘yxatda turganlar haqidagi ma’lumotni bepul ko‘radi.

OneID orqali portalga kiring va “Fuqarolik” bo‘limidan “Doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar to‘g‘risida ma’lumotnoma” xizmatini tanlang. Uyning kadastr raqamini kiritilgach, uyda nechta odam ro‘yxatdan o‘tgani ko‘rinadi. Ma’lumotnoma avtomatik shakllangandan keyin uni yuklab olish mumkin. Uning huquqiy kuchi qog‘ozdagi ma’lumotnoma bilan bir xil.

Portalda kadastr raqami kiritilgach, ro‘yxatda turgan shaxslar ma’lumotlari chiqadi
Ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar ma’lumotnomasini yuklab olish mumkin

“Propiska”ni oflayn tekshirish

Buning uchun istalgan Davlat xizmatlari markazi yoki IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga boring.

Ro‘yxatda turgan odamlar haqidagi ma’lumotni uy egasi yoki bunga qonuniy asosi bor odam, masalan, notarial ishonchnomasi bor vakil olishi mumkin. Begona kvartirada kimlar ro‘yxatdan o‘tganini shunchaki so‘rab bilib bo‘lmaydi. Xizmatdan foydalanish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat kerak. Uy egasi bo‘lmasangiz, ishonchnomani ham ko‘rsatishingiz kerak.

Ro‘yxatdagi ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lsa-chi

Ba’zan ro‘yxatda turgan odamlar to‘g‘ri ko‘rsatiladi, lekin ularning ma’lumotlarida xato bo‘ladi. Masalan, familiyada xato yozilgan yoki tug‘ilgan sana noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bunday xatolarni onlayn yoki Davlat xizmatlari markazida tuzatish mumkin.

Buni my.gov.uz orqali ham tuzatish mumkin. OneID orqali tizimga kiring va  “Yashash manzili hamda shu manzilda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni tahrirlash” xizmatini tanlang. So‘rovni shaxsiy kabinet orqali yuboring. Hujjat biriktirish shart emas. Xizmat bepul, ariza esa 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Bu xizmat faqat bazadagi ma’lumotlarni tuzatadi. Agar xato pasport yoki ID-kartaning o‘zida bo‘lsa, hujjatni o‘zini almashtirish kerak. Buni qanday qilish haqida “ID-kartani qanday olish mumkin” maqolasida yozganmiz.

Ro‘yxatda turganlarni qanday chiqarish mumkin

Odamni roziligisiz ro‘yxatdan chiqarish mumkinmi? Ha, mumkin. Shaxs ro‘yxatda sizga qarindosh bo‘lmasa, uyning egasi hisoblanmasa va ro‘yxatda turishiga hech qanday qonuniy sabab, masalan, sud qarori bo‘lmasa, uni ro‘yxatdan chiqarib tashlasa bo‘ladi.
‍
Bunday vaziyatlarda my.gov.uz orqali ma’lumotlarni to‘g‘rilashga ariza yuborish mumkin. Muammoni onlayn hal qilib bo‘lmasa, Migratsiya bo‘limi yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilasiz. Arizaga asosida ortiqcha odamlar “propiska”dan chiqadi. Ular bilan birga ro‘yxatda turgan bolalarning ro‘yxati ham ota-onasiniki bilan birga bekor qilinadi.

Begona odamni ro‘yxatdan chiqarish uchun uni qanday ro‘yxatga kiritilganining ahamiyati yo‘q. Har ikkala holatda ham uning roziligini olish shart emas.

Ro‘yxatdan chiqarish uchun qachon rozilik kerak? Ba’zi holatlarda odamni roziligisiz ro‘yxatdan chiqarish uchun sudga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatda turgan odam qarindoshingiz bo‘lsa, uy ulushiga egalik qilsa yoki sud qarori bilan yashash huquqiga ega bo‘lsa, uni shunchaki ro‘yxatdan chiqarib bo‘lmaydi. Masalan, uy unga umrbod yashash sharti bilan berilgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda ro‘yxatdan chiqarish uchun sudga borish kerak.

Uy sotilganda unda ro‘yxatda turgan eski egalariga nima bo‘ladi? Uy sotilganda yoki ko‘chib ketganda oldingi egalari ro‘yxatdan avtomatik chiqarilmaydi. Ular yangi manzilga ro‘yxatdan o‘tguncha yoki yangi uy egasi ularni ro‘yxatdan chiqarish uchun ariza berguncha shu manzilda ro‘yxatda turadi. Uy sotilgach, avvalgi egalar endi uning ulushiga egalik qilmaydi. Shuning uchun arizaga ko‘ra ularni ro‘yxatdan chiqarish muammo bo‘lmaydi.

Ammo sud qarori yoki maxsus shartnoma asosida yashayotgan odamlarni oddiy ariza bilan ro‘yxatdan chiqarib bo‘lmaydi. Buni faqat sud orqali qilish mumkin. Qonun bo‘yicha bunday shaxslar oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilishi shart.

Odamning o‘zi ro‘yxatdan chiqmoqchi bo‘lsa-chi? U DXMga yoki migratsiya bo‘limiga borib ariza topshiradi. Buning uchun uy egasining roziligi kerak emas. Yangi uyga ko‘chib o‘tib, o‘sha yerda ro‘yxatga tursangiz, eski ro‘yxatingiz o‘z-o‘zidan bekor bo‘ladi. Oldindan borib ro‘yxatdan chiqish shart emas. Uyga ro‘yxatga o‘tish haqida “Doimiy yoki vaqtincha “propiska”dan qanday o‘tiladi” maqolasida yozganmiz.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa muhim yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring. Biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini yaxshi bilamiz.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa muhim yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring. Biz O‘zbekistonda nima, qayerda va qancha turishini yaxshi bilamiz.