JShDS nima va qanday ishlaydi?
JShDS — bu jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq. O‘zbekistonda u 12% ni tashkil etadi va barcha ishlovchi fuqarolar o‘z ish haqidan ushbu soliqni to‘laydilar.
Odatda, ushbu soliq bo‘yicha hisob-kitoblarni siz ishlayotgan kompaniya bajaradi. Ish beruvchi soliqni ish haqidan ushlab qoladi: uni hisoblangan summadan ayiradi va soliq idorasiga, qolganini esa sizga tushiradi. Sizning qo‘lingizga soliq olingan ish haqi kelib tushadi.
Masalan, siz 4,4 mln so‘m oylik olayotgan bo‘lsangiz, demak, sizga jami 5 mln so‘m hisoblangan. 600 ming so‘m esa soliqqa ketgan.
Ushbu soliqni to‘lamaslikning iloji yo‘q, lekin kamroq to‘lash mumkin. JShDS bo‘yicha imtiyozlar aynan shunga kerak. Agar sizda imtiyoz huquqi bo‘lsa, soliq jami oylik summasidan hisoblanmaydi va siz qo‘lingizga ko‘proq pul olasiz.
Imtiyozlar kimlarga beriladi?
Imtiyozlar hamma uchun ham emas. Uni olish uchun asos bo‘lishi kerak. Masalan, nogironlik yoki oilaviy sharoitlar. Yoki aniq bir to‘lov yoki xarajat - sanatoriyga yo‘llanma yoki farzandining o‘qishi uchun to‘lov. Imtiyoz miqdori shu asoslarga bog‘liq.
Agar sizda maxsus maqom bo‘lsa
Agar imtiyozli toifaga kirsangiz, JShDSni kamroq to‘lash mumkin. Odatda bu nogironlik, urush ishtirokchisi, davlat mukofotlari yoki ba’zi oilaviy sharoitlar bilan bog‘liq. Masalan, ona ikki yoki undan ortiq bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan bo‘lsa.
Bunday shaxslar uchun soliq butun ish haqidan emas, balki imtiyoz chegirib tashlanganidan keyingi summadan hisoblanadi.
Imtiyoz miqdori toifaga bog‘liq va u mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga (MHEKM) bog‘langan. Ko‘pincha u oyiga MHEKMning 1,41 baravariga teng. Bunday imtiyoz, masalan, urush ishtirokchilari va nogironlari, ikki va undan ortiq farzandi bor yolg‘iz onalar, shuningdek, o‘zi bilan birga yashayotgan bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxsni parvarish qilayotgan ota-onadan biriga beriladi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironlari uchun imtiyoz ko‘proq — oyiga MHEKMning 3 baravari. Lekin, Chernobil AESidagi falokat oqibatida I va II guruh nogironligi bo‘lganlar uchun alohida soliq imtiyozi bor.
2026-yil mart holatiga ko‘ra, 1 MHEKM 1 271 000 so‘mga teng. Shunda 1,41 MHEKM imtiyoz taxminan 1,8 mln so‘mni, 3 MHEKM esa 3,8 mln so‘mni tashkil qiladi.
Agar oyligingiz imtiyoz miqdoridan kam yoki unga teng bo‘lsa siz JShDSni to‘lamaysiz. Masalan, oyligingiz 3 813 000 so‘m va 3 MHEKM miqdorida imtiyozga egasiz. Bu degani sizdan daromad solig‘i umuman ushlab qolinmaydi.
Agar siz moddiy yordam olsangiz
Yordam miqdori MHEKMning 4,22 baravaridan oshmasa, JShDS ushlab qolinmaydi. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, bu 5 362 620 so‘mga teng. Agar yordam summasi ko‘roq bo‘lsa, 12% soliq faqat oshgan summadan hisoblanadi.
Imtiyoz har qanday moddiy yordamga emas, balki aniq ko‘rsatilgan holatlarda qo‘llaniladi. Masalan, moddiy yordam oila a’zosining vafoti, kasallik, farzand tug‘ilishi, nikoh yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun to‘langan bo‘lsa.
Ba’zan moddiy yordam pul shaklida emas, balki sabzavotlar, mevalar yoki boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatida beriladi. Soliq idorasi uchun bu ham xodimning daromadi hisoblanadi, shuning uchun bunday yordam ham imtiyozga tushadi.
Agar ish beruvchi sog‘lomlashtirish yo‘llanmasi yoki davolanish uchun yordam bersa
Ba’zida ish beruvchi yo‘llanma yoki davolanish xarajatlarini to‘lashda yordam berishi mumkin. Bunday summalardan JShDS ushlab qolinmaydi.
Lekin, buning shartlari mavjud:
- Yo‘llanma turistik xarakterida bo‘lmasligi, balki O‘zbekiston hududidagi sanatoriy, oromgoh yoki boshqa sog‘lomlashtirish markaziga bo‘lishi kerak. Imtiyoz nogironligi bo‘lgan xodimning o‘zi yoki xodimning 16 yoshgacha (agar bola o‘qiyotgan bo‘lsa — 18 yoshgacha) bo‘lgan farzandlari uchun amal qiladi.
- Ish beruvchi davolanish bo‘yicha xarajatlarni xodimning o‘zi yoki uning farzandlari uchun to‘lab berishi mumkin. Moddiy yordam to‘g‘ridan-to‘g‘ri klinikaga o‘kazilishi, tibbiy hujjatlar asosida xodimning o‘ziga berilishi yoki uning bank hisob raqamiga o‘tkazilishi mumkin — barcha holatlarda soliq ushlab qolinmaydi.
O‘qish yoki xususiy bog‘cha uchun to‘lov qilsangiz
Oyligingizning bir qismi o‘qish uchun ketayotgan bo‘lsa, ushbu mablag‘lardan JShDS to‘lamaslik mumkin. Bu sizning o‘z o‘qishingiz, shuningdek, farzandlaringizning yoki 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ingizning O‘zbekistondagi kollej, texnikum yoki oliy o‘quv yurtlaridagi ta’limi uchun amal qiladi.
O‘qish pulini ta’lim krediti orqali to‘layotgan bo‘lsangiz ham imtiyoz o‘z kuchida qoladi. Kredit va foizlarini qaytarishga ketgan mablag‘lardan soliq ushlab qolinmaydi.
Farzandi uchun xususiy bog‘cha yoki maktabga to‘lov qiladigan ota-onalar ham soliq to‘lamaydilar. Lekin, bu yerda cheklov bor — har bir bola uchun oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorga soliq solinmaydi.
Agar o‘qish yoki bog‘cha uchun soliqni to‘lab bo‘lgan bo‘lsangiz — uni qaytarib olish mumkin. “Kontrakt to‘lovidan 12% qanday qaytarib olish mumkin?” maqolamizda shu haqida ma’lumot berganmiz.
Imtiyozli ipoteka to‘lovlarini to‘layotgan bo‘lsangiz
Imtiyoz faqat boshlang‘ich to‘lovning bir qismi va kredit foizlari uchun davlat subsidiyasi ajratilgan ipoteka turlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda yiliga MHEKMning 80 baravarigacha bo‘lgan summadan soliq ushlab qolinmaydi. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, bu 101 680 000 so‘mni tashkil etadi.
Agar bunday uy-joy mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin 36 oy ichida sotilsa, imtiyoz bekor qilinadi va soliqni qayta to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Boshqa holatlar ham mavjud
Biz barcha imtiyozlarni ko‘rib chiqmadik — Soliq kodeksida ularning turi ko‘p. Masalan, mahalla, kasaba uyushmalari, xayriya va ekologik jamg‘armalar tomonidan beriladigan yordamning ayrim turlaridan, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlaridan olingan daromadlardan hamda bandlik markazlari orqali bajarilgan vaqtinchalik bir martalik ishlar uchun to‘lovlardan soliq ushlab qolinmaydi.
Imtiyozni qanday olish mumkin?
Imtiyoz avtomatik ravishda berilmaydi. Siz o‘z huquqingizni hujjatlar bilan tasdiqlashingiz va kompaniyaning buxgalteriyasiga ariza yozishingiz kerak. Agar siz bir vaqtning o‘zida bir nechta imtiyozli toifaga kirsangiz ham, faqat bitta imtiyozdan foydalanishga ruxsat beriladi.
- Hujjatlarni to‘plang. Kerakli hujjatlar ro‘yxati vaziyatga qarab o‘zgaradi. Masalan, bular nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari, davlat mukofotlari hujjatlari, ipoteka shartnomasi va to‘lov kvitansiyalari bo‘lishi mumkin. Agar sizda imtiyoz huquqi bo‘lsa, aynan qaysi hujjatlarni taqdim etishingiz kerakligini buxgalteriyadan so‘rang.
- Ariza yozing. Buxgalteriyaga ariza topshirib, unga hujjatlarni ilova qiling. Shundan so‘ng, ish haqi yoki boshqa to‘lovlarni hisoblashda imtiyoz hisobga olinadi.
Agar imtiyoz huquqingiz bo‘lsa-yu, soliqni to‘liq to‘lagan bo‘lsangiz nima qilish kerak?
Agar sizda imtiyoz huquqi bo‘la turib, ish beruvchi uni qo‘llamasdan JShDSni to‘liq ushlab qolgan bo‘lsa, qayta hisob-kitob qilishni va ortiqcha to‘langan pulni qaytarishni talab qilishingiz mumkin.
Lekin, soliq bo‘yicha ortiqcha to‘lov faqat oxirgi 3 yil uchun qaytariladi. Agar soliq to‘langaniga uch yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, pul qaytarilmaydi. Masalan, 2026-yilda imtiyoz huquqiga ega bo‘lganingizni va soliq noto‘g‘ri ushlab qolinganini bilib qolsangiz, 2023, 2024 va 2025-yillar uchun to‘langan pullarni qaytarib olishingiz mumkin.
Ortiqcha to‘langan soliqni qanday qaytarish mumkin?
Ortiqcha to‘langan soliq ariza asosida qaytariladi. Arizani shaxsan yashash joyingizdagi soliq inspeksiyasiga borib yoki onlayn tarzda — my.soliq.uz sayti yoyoki Soliq mobil ilovasidagi “Ortiqcha to‘langan soliq summasini qaytarish” xizmati orqali topshirishingiz mumkin.
Kerakli hujjatlar:
- Pasport yoki ID-karta
- Elektron raqamli imzo (ERI) — agar arizani onlayn topshirmoqchi bo‘lsangiz. Soliq idorasiga shaxsan borilganda ERI talab qilinmaydi
- Daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya — buni oldindan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki mobil ilova orqali rasmiylashtirish kerak
- Ish joyidan soliqni qaytarishni so‘rayotgan yillaringiz uchun daromadlaringiz va ushlab qolingan soliq miqdori ko‘rsatilgan ma’lumotnoma
- Imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatlar
Agar soliq idorasiga shaxsan borsangiz, hujjatlarning nusxalarini oling. Onlayn topshirishda esa ularning skaner qilingan varianti yoki sifatli fotosurati kerak bo‘ladi.
Ariza topshirish uchun hujjatlar paketini inspeksiyaga topshirasiz yoki onlayn yuklaysiz.
Arizangizga ijobiy xulosa berilgach, ortiqcha to‘langan soliq summasi 15 kun ichida bank kartangizga qaytariladi.
Imtiyozlar haqida qisqacha
Imtiyozlar turlicha bo‘ladi. Ayrim hollarda soliq butun ish haqidan emas, balki uning bir qismidan hisoblanadi. Moddiy yordam, davolanish, sog‘lomlashtirish yo‘llanmasi yoki o‘qish uchun qilingan to‘lovlardan esa daromad solig‘i umuman ushlab qolinmaydi.
Imtiyoz deyarli har doim butun summaga nisbatan qo‘llanilmaydi. Odatda daromadning faqat bir qismi yoki belgilangan miqdor doirasidagi to‘lovlar soliqdan ozod qilinadi.
Avtomatik tarzda berilmaydi. Imtiyozni qo‘llash uchun unga bo‘lgan huquqni hujjatlar bilan tasdiqlash va ularni ish beruvchiga taqdim etish lozim.
Soliqni qaytarish imkoniyati. Agar imtiyoz o‘z vaqtida qo‘llanilmagan bo‘lsa, ortiqcha to‘langan soliqni qaytarib olish mumkin. Biroq bu faqat oxirgi uch yil uchun amal qiladi. Buning uchun tasdiqlovchi hujjatlarni to‘plab, soliq idorasiga ariza topshirish kerak.

